Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Messi vs «Barselona». Ish sudgacha boradimi?

Messi vs «Barselona». Ish sudgacha boradimi?

Автор: admin

«Messigeyt» ishi tinch yo‘l bilan hal bo‘lishi imkoniyatlari kundan kunga pasaymoqda.
Lionel Messining «Barselona»dan ketishi tarixida dam olish kunlari yangi burilishlar ro‘y berdi. «Messigeyt» nomini olib ulgurgan bu ish tinchlik bilan tugamaydigan ko‘rinadi — barchasi og‘ir sud jarayonlariga qarab bormoqda. Tomonlardan birortasi yon berishni xayoliga keltirayotgani yo‘q.
30 avgust, yakshanba kuni «Barselona» futbolchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tish va mashg‘ulotlar arafasida koronavirusga test topshirish uchun klub bazasida to‘planishdi — mavsumlar oralig‘idagi ilk mashg‘ulot dushanba kuniga belgilangan. Ammo Messi bazada ko‘rinish bermadi. Ko‘rinib turibdiki, u klub mashg‘ulotlarida ham ishtirok etmoqchi emas.
Bu media-bomba sifatida qabul qilinmadi — argentinalik futbolchi bunday yo‘l tutishi oldindan kutilgandi. Avvalgi kunlarda klub va futbolchi byurofaks orqali bir necha bor xabar almashdi — endigi muloqotlar harakatlar vositasida kechmoqda. (Byurofaks 1990-yillardan qo‘llana boshlagan ofis agregati bo‘lmish faksga aloqador emas. Byurofaks — maxsus xizmat bo‘lib, bu xizmat Ispaniya pochta xizmati tomonidan ko‘rsatiladi. Bu xuddi xabarnoma yetkazib berishga o‘xshaydi. Hujjatlar texnik jihatdan elektron pochta orqali yuborilishi ham mumkin, xususan, Messi bilan bog‘liq holatda PDF formatida. Gap shundaki, qabul qiluvchi tomon jo‘natmani qabul qilganini rasman tasdiqlaydi. Bundan tashqari, byurofaks orqali yuborilgan qog‘ozlar sudda dalil sifatida qabul qilinishi mumkin).
Kataloniyadagi Sport nashrining yozishichav, shanba kuni Messi «Barselona» ofisiga byurofaks yuborgan, unda klubni tibbiy ko‘rikka va test topshirishga kelmasligi haqida ogohlantirgan, klub bilan shartnomani bekor qilish niyati borligi va kelishuvni buzish huquqiga egaligini ta’kidlagan. Shuningdek, klub prezidenti Jozep Bartomeu bilan uchrashish va shartnomani bekor qilish shartlarini muhokama qilish istagi haqida bildirgan. Ha, Messi endi o‘zini «Barsa» futbolchisi deb hisoblamayapti, ammo u chiroyli ketishni istamoqda.
Bunga javoban bir necha soat o‘tib yuborilgan byurofaksda klub argentinalik futbolchiga shunday degan: u hamon «Barselona» futbolchisi, uning amaldagi shartnomasi mavjud, demak u yakshanba kungi tibbiy ko‘rikka kelishi kerak.
Messi kelmagach, kataloniyaliklar unga nisbatan intizomiy sanksiyalar qo‘llash huquqiga ega hisoblanadi. Holbuki, bu futbolchini qo‘rqitishi dargumon, u o‘zining yuridik jihatdan haqligiga shubha qilmayapti.
Bu vaqtda Messining shartnomasidagi maxsus punkt bo‘yicha turli tafsilotlar paydo bo‘lmoqda. Shartnomadagi o‘sha bandga ko‘ra, futbolchi istalgan mavsum oxirida shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin, ammo bu haqda oldindan ogohlantirishi lozim. «Barselona» rahbarlari ogohlantirish kerak bo‘lgan X kun sifatida 10 iyunni ko‘rsatishmoqda, argentinalik futbolchi va uning huquqshunoslari esa bu kun faqat mavsum butunlay yakunlangach kelishini aytib, ogohlantirish kerak bo‘lgan so‘nggi kun sifatida 30 avgustni ko‘rsatishgan.
The Athletic nashri batafsil material e’lon qildi, unda sport va mehnat huquqi bo‘yicha yetakchi ispan huquqshunoslari shartnomaning ushbu bandini muhokama qilishgan. Ekspertlarning fikricha, bu vaziyatda qonun klub tomonida bo‘ladi, Messida esa klubni erkin agent sifatida tark etish imkoniyati yo‘q.
Ammo Cadena Ser radiostansiyasining El Larguero dasturi jurnalistlari yangi tafsilotlarni keltirdi, agar bu gaplarda asos bo‘lsa, ish taqdirini o‘zgartiradi. Ularning talqiniga ko‘ra, Messi 2017 yilda «Barselona» bilan «3+1» sxemasida shartnoma imzolagan va 2020/21 yilgi mavsum aynan «+1» bo‘ladi. Ammo 700 million yevrolik badal puli nazarda tutilgan punkt faqat dastlabki uch mavsum uchun taalluqli bo‘lgan, to‘rtinchi - «+1» mavsum uchun emas. Shunday ekan, Messi «Barsa» bilan shartnomani hech qanday tovon pulisiz bekor qilishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birgalikda, Sport nashri klubdagi manbasiga asoslanib, «Barselona»dagilarning 700 million yevrolik badal puli 2021 yil yoziga qadar amalda bo‘lishiga ishonchi komil. Cadena Ser jurnalisti Sike Rodrigesning yozishicha, «Barsa» xodimlariga qat’iy ko‘rsatma berilgan, unga ko‘ra Messi transferi haqida hech kim bilan hech qanday muzokaralar o‘tkazilmasligi, futbolchiga qiziqish bildirayotgan klublarning qo‘ng‘iroqlariga javob berilmasligi belgilangan. Shuningdek, taniqli jurnalist Gilem Balage Bartomeu argentinalik futbolchi va uning otasi bilan faqatgina yangi shartnoma bo‘yicha uchrashishi mumkinligini yozgan.
Ko‘rinib turibdiki, ikki tomon ham oxirigacha bormoqchi va aslo chekinmoqchi emas. Qiziq, ish Sport arbitraj sudigacha yetib borarmikin yoki tomonlar qandaydir murosaga kelisharmikin? Balagening fikricha, boshqa variant ham bo‘lishi mumkin — Messi shartnomani buzadi va yangi klub bilan shartnoma tuzadi, «Barselona» uni sudga beradi va ishni yutib chiqadi, ammo jarima miqdori 700 million yevrodan ancha kam bo‘ladi. Ammo bu o‘rinda haddan tashqari ko‘p yuridik nozikliklar bor va FIFA yoki sport arbitraj sudi masalaga qanday qarashi aniq emas.
Bu vaqtda La Liga Messining 2021 yilgacha tuzilgan shartnomasi hamon kuchda ekani va badal puli to‘lanmaguncha kuchini yo‘qotmasligini bildirdi.
«Shartnoma hamon amal qilmoqda, kelishuvda Messi bir tomonlama kelishuvni bekor qilib, klubdan ketishga qaror qiladigan holat uchun alohida tovon puli qancha bo‘lishi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan», – deyilgan La Liga bayonotida. 
Umuman, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
87   
Добавить комментарий
Ваше имя: *