Goal24.uz » Jahon » Qari bilganni pari bilmas. Qarishni bilmaydigan dunyoning ayni damdagi eng yaxshi 8 futbolchisi haqida

Qari bilganni pari bilmas. Qarishni bilmaydigan dunyoning ayni damdagi eng yaxshi 8 futbolchisi haqida

Автор: admin

Aksariyat futbolchilar 35 yoshida faoliyatini yakunlash taraddudini ko‘ra boshlaydi. Va ular ko‘pincha Osiyo yoki Amerika qit’asiga yo‘l olib, o‘sha yerda katta sport bilan xayrlashib, o‘z uyiga qaytadi.
Ammo millionlar o‘yinida shunday toifa borki, ularning o‘yiniga hatto yillar ham to‘siq bo‘la olmaydi. Bunga yaqqol misol qilib, 42 yoshli Buffonni keltirish mumkin. Ehtimol, futbol boshqa u kabi posbonni ko‘rmasa ham kerak. Nima bo‘lganda ham Jijji bundaylar orasida yagona emas. Shunday ekan quyida 35 yoshdan oshgan top darajadagi futbolchilar haqida so‘z yuritiladi.
Pepe
37 yosh

Pepe – hujumchilar uchun tom ma’nodagi yomon tushdir. Hech qaysi futbolchi uning “podkat” va qasddan (hakamlarga sezdirmasdan) beriladigan zarbalariga duch kelishni istamasa kerak. Futbolchi chet eldagi faoliyatiga yakun yasab, o‘z vataniga qaytishga qaror qildi va jonajon “Portu” klubi futbolchisiga aylandi.
O‘tgan yillar davomida himoyachi “o‘zligini” yo‘qotmagan, u hamon o‘sha janjalkash va mag‘lubiyatni yoqtirmaydigan Pepe. Shuningdek, Pepe haligacha milliy jamoaga chaqirilmoqda va u bilan o‘tgan yili Millatlar Ligasida g‘olib chiqdi.
Jorjio Kyellini
36 yosh

Kyellini 15 yildan oshiq vaqt davomida Italiya va “Yuventus” sharafini himoya qilib kelmoqda. Yoshi o‘tgan sayin uning o‘yini faqat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. O‘zining ajoyib jismoniy imkoniyatlari bilan u hamon texnikasi yuqori bo‘lgan hujumchilarga katta muammolarni keltirib chiqarmoqda.
“Keksa sinyora” sardori doimo kurashga tashna bo‘lib, haqiqiy professional uchun yosh to‘siq bo‘la olmasligini isbotlab kelmoqda.
Dani Alves
36 yosh

Sayyoraning eng sovrindor himoyachilaridan biri joriy transfer oynasida Yevropaga qaytishi mumkin. Uning xizmatlariga qator nomdor klublar qiziqish bildirayotgani ta’kidlanmoqda.
Alvesning yoshi o‘tayotgan bo‘lishiga qaramay, u hamon ajoyib jismoniy holatda. 2019/20-yilgi mavsumda u Braziliya chempionatida (“San-Paulu” klubi safida) 20 ta o‘yin o‘tkazib, gol+pas tizimida 5 ochko to‘plashga ham ulgurdi. Himoya uchun bu yomon natija emas.
Santi Kasorla
35 yosh

Ketma-ket jarohatlar Santini sindira olmadi. Ikki yil oldin u “Vilyarreal” safiga o‘tdi va faoliyati yangi ranglar bilan bo‘yay boshladi: Ispaniyadagi bir necha mavsumda futbolchi jamoaning eng yaxshi o‘yinchisiga aylanib keldi.
Biroq asosiy maqsad – “sariq suvosti kemasi”ni Chempionlar Ligasiga olib chiqa olmagach, klubni tark etishga qaror qildi. Hozirda u Xavi boshqaruvidagi “As-Sadd”ga borib qo‘shildi, ajabmas u yerda Santi ikkinchi yoshligini o‘tkazsa. Ha aytgancha, u Xavi jamoasi safida ilk golini ham o‘ziga xos uslubda urishga ulgurdi.
Andres Inyesta
36 yosh

Yaqinda Andres Yaponiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, yarim himoyachining “Barselona”ga qaytishi mumkinligi haqida aqlbovar qilmas mish-mishlar tarqalmoqda, uning tajribasi, maydonni ko‘ra olish qobiliyati va ajoyib uzatmalari hozirgi “Barselona” uchun har qachongidan ham foydaliroq bo‘lardi. Uning kiyinish xonasidagi obro‘si esa yosh futbolchilarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq.
Albatta, bular barchasi uydirma bo‘lishi ham mumkin, lekin shu narsa aniqki, bunga Kataloniya klubi muxlislari qarshi chiqmagan bo‘lardi.
Frank Riberi
36 yosh

Riberi “Fiorentina” futbolchisiga aylangani haqidagi xabar o‘tgan yozda butun futbol jamoatchiligini larzaga keltirgandi. 36 yoshli yarim himoyachi A Seriyaga faoliyatini yakunlash uchun kelgandek tuyulgandi, ammo yakunda bunday bo‘lib chiqmadi.
Fransiyalik futbolchi “Fiorentina”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi va chempionat bahslarida a’lo darajada harakat qilib, jamoaning 2019/20 yilgi mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi.
Hozirda Riberi ajoyib jismoniy formada, bu esa unga yana bir necha mana shu darajada o‘ynash imkonini beradi.
Zlatan Ibragimovich
38 yosh

Ibragimovich xuddi yaxshi sharob kabidir, vaqt o‘tgani sayin uning sifati faqat oshib boraveradi.
Ushbu so‘zlarni Zlatan ortda qolgan mavsumda ham o‘z o‘yini va gollari bilan isbotladi. “Milan” hozirda u bilan shartnomani uzaytirish haqida bosh qotirmoqda. 38 yoshli Ibra hozircha butsalarini mixga ilish haqida o‘ylayotganicha yo‘q. Ochig‘i, buni unga muxlis bo‘lmaganlar ham xohlamasa kerak.
Krishtianu Ronaldu
35 yosh

Ishonish qiyin, ammo Krish ham allaqachon 35 yoshlik dovondan o‘tdi. Biroq u hamon maydondagi eng yaxshisi bo‘lishga intilishdan to‘xtamayapti va bunga erishmoqda ham. Uning statistikasi va harakatlariga nazar tashlanar ekan, u erishib bo‘lmaydigan natija yo‘qdek go‘yo. Ronaldu, uning murakkab hayoti va shaxsiy sovrinlari haqida soatlab hatto kunlab yozish mumkin. Va bundan keyin ham yozilishiga hech qanday shubha yo‘q.
Shunday ekan, millionlar o‘yinlari muxlislari shunchaki u bilan zamondosh ekanligidan xursand bo‘lishi kerak.
87   
Добавить комментарий
Ваше имя: *