Goal24.uz » O'zbekiston » PFL rahbariyatida o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?

PFL rahbariyatida o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?

Автор: admin

31 avgust kuni O‘zbekiston milliy jamoasining yig‘ini oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida norasmiy yig‘ilish o‘tkazilgan.
Goal24.uz manbasining xabar berishicha, yig‘ilishda Superliga so‘nggi turlaridagi hakamlik masalasi, O‘zbekiston milliy jamoasining 31 avgust kunidan boshlagan yig‘ini hamda 3 sentyabr kungi O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuviga qaramay, «Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvining 1 sentyabr kuniga belgilangani masalalari ko‘tarilgan.
Aytilishicha, O‘zbekiston milliy jamoasining uzoq tanaffusdan keyingi 3 sentyabr kungi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan Superliga ikkinchi davrasi 14-turidagi «Navbahor» - «Paxtakor» bahsi PFL tomonidan 1 sentyabr kuni o‘tkazilayotgani milliy jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramovning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bosh murabbiy legionerlar xizmatidan foydalana olmayotgan bir paytda milliy jamoaga chaqirilgan o‘yinchilar orasida «Paxtakor» va «Navbahor» futbolchilari talaygina ekanligi, ammo Namanganda o‘tadigan 1 sentyabr kungi bahs sababli ularning 31 avgust kungi yig‘inga kela olmasligini, tur doirasidagi markaziy o‘yindan keyin esa charchoq sabab ularning xizmatidan foydalana olmasligi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, yig‘ilishda hakamlik masalasi va yana bir qator muammolar ko‘tarilib, tomonlar o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan.
Yig‘ilishdan keyin PFL bosh direktori vazifasini bajarayotgan Diyor Imomxo‘jayev lavozimini tark etishi oydinlashgan. Uning o‘rniga esa shu kungacha Olmaliqning OKMK klubi rahbariyatida faoliyat yuritayotgan Murod Aliyev nomzodi PFL rahbarligiga tavsiya qilingan. Yaqin kunlarda Superliga va Pro liga klublari rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, PFLning yangi rahbari saylanishi mumkin. Imomxo‘jayev esa O‘zbekiston professional futbol ligasida avvalgi lavozimida faoliyatini davom ettirishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘FA Superliga doirasidagi bahslarda o‘yin natijasiga ta’sir qiluvchi qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani uchun 31 avgust kuni Vadim Agishev va Viktor Serazetdinovni Superliga bahslaridan vaqtinchalik chetlatgani haqida e’lon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishgan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiy Vadim Abramov tarkibga 26 nafar futbolchini chaqirdi. Sentyabr oyidagi FIFA kunlari 2022 yilning yanvar oyiga ko‘chirilganligi, pandemiya sharoitida parvozlarni amalga oshirishdagi qiyinchiliklar va boshqa cheklovlar tufayli o‘zbekistonlik legionerlar bu yig‘inga jalb qilinmagan. O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtoqlik bahsi 3 sentyabr kuni Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida soat 19:00da boshlanadi.
64   
Добавить комментарий
Ваше имя: *