Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » 16+. «Liverpul» yanada uzoqlashdi va haftaning boshqa voqealari

16+. «Liverpul» yanada uzoqlashdi va haftaning boshqa voqealari

Автор: admin


Premer-liganing 23-turida «Liverpul» ortiqcha qiyinchiliksiz «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etdi (2:0) va turnir jadvalida asosiy ta’qibchisi «Manchester Siti» bilan oradagi farqni 16 ochkoga yetkazib, chempionlik uchun yana bir katta qadam tashladi. O‘tgan haftaning dam olish kunlarida Yevropa yashil maydonlarida yana bir qator e’tiborli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
1. «Liverpul» rekord qo‘yishda davom etadi

Angliyaning eng katta ikki klubi bu turda o‘zaro ro‘baru keldi. Turnir jadvali, jamoalar holatidan qat’i nazar, bu jamoalarning o‘yini APLda eng katta voqea sifatida qayd etilaveradi.
«Liverpul» ajoyib g‘alabaga erishdi va bir qator ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etdi. Jamoa 22 o‘yindan keyin 64 ochko jamg‘arib, kuchli beshlik rekordini o‘rnatdi. Muhammad Saloh nihoyat o‘zining yettinchi urinishida «Manchester Yunayted» darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqdi. U shu paytgacha APLda o‘zi qarshi o‘ynagan 25 jamoadan 23tasiga gol urgan. Salohga golni urishda darvozabon Alisson Beker ko‘maklashdi. Bu ham so‘nggi o‘n yillikda «Liverpul» darvozaboni tomonidan amalga oshirilgan dastlabki assist bo‘ldi. O‘n yil oldin «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda Pepe Reynaning uzatmasidan so‘ng Fernando Torres raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi.
«Manchester Yunayted»chi? Aytish mumkinki, bugungi imkoniyatlardan kelib chiqib, tarkibdagi Pogba, Maktomini, Reshford kabi asosiy futbolchilarsiz harakat qilishiga to‘g‘ri kelgan Sulsher «Enfild»da munosib turib bera oldi deyish mumkin. Har holda uchrashuv oxiriga qadar durang uchun imkoniyat saqlanib qoldi, bir qator vaziyatlarga ham ega bo‘lindi. Futbolchilar mahorati o‘z yo‘liga, lekin «MYU» bu o‘yinda sochilib ketmagani, butun uchrashuv mobaynida murabbiy rejasidan chetga chiqmay, tartibli o‘yin ko‘rsatganini qayd etish mumkin. Bundan ortig‘iga «Enfild»da hech bir jamoa qodir emas ayni damda. 
2. APLda grandlar muvaffaqiyatsizligi

«Manchester Yunayted» bu mag‘lubiyatdan unchalik xafa bo‘lmasligi ham mumkin, chunki turnir jadvalining yuqori qismidagi klublar uchun ham bu tur og‘ir keldi.
«Chelsi» bilan o‘rtadagi farq kattalashmadi. Londonliklar so‘nggi daqiqalarda o‘tkazilgan gol tufayli «Nyukasl»dan mag‘lub bo‘lishdi (0:1). «Arsenal» o‘z maydonida «Sheffild» qarshiligini yenga olmadi (1:1). «Tottenhem»ning «Uotford»ga qarshi o‘yini golsiz yakunlandi (0:0). «Manchester Siti» o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda Agueroning dublidan so‘ng burilish yasagan bo‘lsa-da,  bu o‘yin ham durang bilan yakunlandi (2:2).
«Lester» esa hisobda oldinda borgan, Vardi penaltini urolmagan o‘yinda «Byornli»ga imkoniyatni boy berdi. Grandlar uchun bu qadar omadsiz tur ushbu mavsumda hali bo‘lmagandi.
20-tur natijalariga ko‘ra turnir jadvalidagi holat:

3. «Sivasspor» yangi «Bursaspor» bo‘la oladimi?

Turkiyada anchadan beri Istanbulning uch grandiga qarshilik qila oladigan jamoa sifatida «Istanbul Boshoqshehir»ni kutishmoqda, turklar 2009 yilgi «Bursaspor»ning mo‘’jizasidan keyin yangi chempionni sog‘inishgan. Ammo kutilmaganda, bu jamoa Sivas tomonlardan chiqadigan bo‘lib turibdi. «Sivasspor»ni yozda qabul qilib olgan Rizo Chalimbay nafaqat Yevropa, balki Turkiya miqyosda ham yulduz bo‘lmagan futbolchilardan kuchli jamoa shakllantirdi. Tarkibda faqat Aruna Kone muxlislarga tanish bo‘lishi mumkin, xolos
Ayni vaqtda sivasliklar klubi 4 ochkolik farq bilan Superligada yetakchilik qilmoqda. Jamoa dam olish kunlarida o‘tkazilgan turda «Beshiktosh»ga qarshi kechgan safar o‘yinida 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ungacha «Sivasspor» «Fenerbahche»ni ham, «Trabzonspor»ni ham yengishga muvaffaq bo‘lgandi. «Beshiktosh»ga qarshi o‘yinning qariyb so‘nggi yarim soatida mehmonlar bir kishi kam bo‘lib harakatlanib ham g‘alabani saqlab qolishdi.
4. Kike Setendan kutilgan debyut

«Barselona» nihoyat yangi murabbiy Kike Seten boshqaruvidagi debyut o‘yinini o‘tkazdi. Murabbiy imzosi bunchalik tez sezilishini ko‘pchilik kutmagandi, lekin bir qarashda jamoada qadriyatlar o‘zgarganini ko‘rish qiyin emasdi. Umumiy hisobda 82 foizdan ortiq to‘p nazorati, 92 foiz aniqlikdagi 1002ta pas (raqibdan yetti barobar ko‘p) go‘yoki Gvardiola jamoalarini eslatib turibdi.
Faqat bir narsa hamon o‘zgarmas, uchrashuvdagi yagona va hal qiluvchi golni Leo Messi urdi va «Barselona»ga navbatdagi g‘alabani olib keldi.
5. Krishtianu, hamon o‘sha Krishtianu

Turinda esa Krishtianu Ronaldu porlashda davom etmoqda. O‘tgan yilning 11 noyabrida Krishtianu «Milan»ga qarshi o‘yinda 55 daqiqa harakat qilgan, lekin maydonni golsiz tark etgandi. Shundan beri Ronaldu A Seriyada yettinchi o‘yinda maydonga tushib, o‘zining 11-golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu safar uning dubli turinliklarning «Parma» ustidan g‘alaba qozonishi va shu tariqa «Inter» bilan o‘rtadagi farqni oshirishiga yordam berdi.
Transferlar bozori bilan andarmon bo‘lib qolgan «Inter» safarda «Lechche»ni mag‘lub etolmadi va endi Konte shogirdlarining «Yuventus» bilan oradagi farqi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. Agar yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblasak, endi haqiqiy 2-o‘rin sohibi «Inter» emas, «Latsio» bo‘lib qolmoqda. Rimliklar «Inter»dan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda, 2 ochko oz jamg‘arishgan. 
6. Chiranayotgan Chiro

«Latsio» yurishining asosiy sababchisi esa, shubhasiz – Chiro Immobiledir. U «Sampdoriya» darvozasiga het-trik qayd etdi va A Seriyadagi gollari sonini 23taga yetkazdi. Bu endi nafaqat Italiyadagi, balki butun Yevropa o‘lchovida ham eng yaxshi ko‘rsatkichdir. U har bir golga sarflangan daqiqalar (67) e’tibori bilan ham kuchli beshlik yetakchisiga aylandi. Eng ko‘p gol urgan ham, «gol+pas» o‘lchovida eng ko‘p ball (28) sohibi ham aynan Chiro Immobile bo‘lib turibdi. Qoyil qolmasdan iloji yo‘q.
«Latsio» Italiya chempionatida qatorasiga 11 o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Bu orada Italiya kubogida yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Superkubok uchun bahsda «Yuventus» dog‘da qoldirildi. Umuman, rimliklarning Italiyada so‘nggi bor mag‘lubiyatga uchraganliklariga yaqinda 4 oy bo‘ladi.
7. «Augsburg» effekti

O‘tgan haftada yana bir het-trik sohibi Erik Braut Holandga uchta gol urish uchun o‘zining yangi jamoasida 20 daqiqa kifoya qildi. «Borussiya» safarda «Augsburg»dan 1:3 hisobida mag‘lubiyaga uchrayotgan o‘yinning 59 daqiqasida maydonga tushgan 19 yoshli hujumchi avvaliga hisobni tenglashtirdi. O‘n daqiqa o‘tgach, hisobni 4:3 ko‘rinishiga o‘zgartirdi. 79-daqiqada esa uning goli uchrashuvga nuqta qo‘ydi. Ajoyib debyut.
Judayam qiziq fakt – «Augsburg» effekti. O‘z vaqtida Dortmundda yetakchi hujumchi bo‘lgan Robert Levandovski va Per Emerik-Obemayang, shuningdek, Pako Alkaser ham «Borussiya»dagi debyut o‘yinlarini aynan «Augsburg»ga qarshi o‘tkazib, bu klub darvozasiga uchtadan gol urgan.
8. «Atletiko» va «Napoli» mag‘lubiyatga uchradi

Superkubok bahslarida «Barselona»ga ham, «Real»ga ham o‘yindan mag‘lub bo‘lmagan «Atletiko» kutilmaganda «Eybar»ga yutqazib qo‘ydi. Turnir jadvalida 16-o‘rinni egallab turgan «Eybar»ga. Natijada madridriklarning peshqadamlardan farqi 8 ochkoga yetdi. Aksincha, endi Simeone shogirdlari ko‘proq beshinchi o‘rindagi «Xetafe»ga qarashga majbur. Bu ikki klubni atigi 2 ochko ajratib turibdi, xolos.
Italiyada esa «Napoli» inqirozni boshdan kechirishda davom etmoqda. Qatorasiga uchinchi mag‘lubiyat. Mayli, avvalgi mag‘lubiyatlar «Inter» va «Latsio»dan edi, buni to‘g‘ri tushunish mumkin, lekin «Napoli» so‘nggi 13 o‘yinda atigi 1 marta g‘alaba qozongani vaziyat ancha jiddiy ekanidan dalolat berib turibdi. Mavsum boshida chempionlik uchun kurashishi kutilgan «Napoli» hozirda atigi 24 ochko to‘plagan va peshqadamdan 27 ochkoga ortda qolmoqda - 11-o‘rin .
Chempionlar Ligasida nimchorak finallarida Yevropaning eng kuchli ikki jamoasiga qarshi o‘ynashi kerak bo‘lgan bu ikki jamoaning bugungi ahvoli mana shunday.
9. Bruno Fernandesh Portugaliya bilan xayrlashmoqdami?

Qishki tranfer oynasida sodir bo‘lishi kutilayotgan eng yirik transferlardan biri «Sporting» pleymeykeri Bruno Fernandeshning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirda transfer qiymati bo‘yicha munozara qilayotgan «Sporting» rahbarlari futbolchi «Benfika»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi, ana undan keyin transfer ro‘y berishi mumkinligini aytgandi. Bruno ushbu o‘yinda maydonga tushdi va aytish mumkinki, katta ehtimol bilan bu o‘yin uning Portugaliyadagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi.
Italiyada omadi chopmagan futbolchi («Novara», «Udineze», «Sampdoriya») Portugaliyada chinakamiga porladi va Yevropaning bir qator top-klublari e’tiboriga tushdi. Ikki yarim yilda 39 gol va 28 assist, ajoyib ko‘rsatkich. Faqat bunday futbolchiga «Manchester Yunayted»ning nisbatan ko‘proq ehtiyoj sezayotgani ingliz klubini Bruno uchun kurashda favoritga aylantirdi.
135     
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *