Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Messi «Barselona»da qolishini e’lon qildi: «Ketishimga yo‘l qo‘yishmadi»

Messi «Barselona»da qolishini e’lon qildi: «Ketishimga yo‘l qo‘yishmadi»

Автор: admin

Lionel Messi «Barselona»da qoladi. Bu haqda argentinalik futbolchi rasmiy bayonoti orqali ma’lum qildi. Kataloniyalik muxlislar yengil tin olishdi, lekin 33 yoshli forvard hali ko‘k-anorranglilarning yangi bosh murabbiyi Ronald Kuman bilan chiqishib keta olmagan.
Messi o‘z bayonotida nima dedi
«Men baxtsiz edim va ketishni xohlagandim, ammo bunga imkon berishmadi. Shunday ekan men qolishga majbur bo‘ldim. Bartomeu boshchiligidagi rahbariyat «Barselona»ga rahbarlik qilishi bu — falokat», – deya Messining so‘zlarini keltiradi Goal.
Messi ketishi ehtimoli bilan bog‘liq voqealar rivoji qanday rivojlandi
So‘nggi uch haftada Messi atrofidagi voqealar o‘tkir syujetli filmdagi kabi rivojlandi. Bir-biriga zid bo‘lgan turli xabarlar tarqaldi, bunday xabarlardan futbol muxlislarining boshi aylandi. Ammo bir gap aniq edi – Leo Kataloniya poytaxtidan ketishga qat’iy ahd qilgandi.
Chempionlar ligasi chorak finalida «Barselona» «Bavariya»dan 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgach, ispaniyalik jurnalistlar Messi klub rahbariyatiga 2021 yil yozini - shartnomasi muddati tugashini kutmasdan ketmoqchiligini aytgani haqida yoza boshlashdi. Ko‘p o‘tmay, 20 avgust kuni Leo jamoaning yangi bosh murabbiyi Kuman bilan uchrashdi. Aftidan, yangi bosh murabbiy bilan suhbat unga ma’qul bo‘lmagan va bu uchrashuv uning ketish qarorini yanada mustahkamlagan. Deportes Cuatro ma’lumotiga ko‘ra, Kuman o‘zini qattiqqo‘l tutgan va u hech kimga alohida qaramasligini bildirgan.
Niderlandiyalik mutaxassis esa intervyularidan birida Messi haqida iliq fikrlar bildirdi: u jamoani Leo atrofida qurmoqchiligini aytgandi.
Argentinalik futbolchi uchun birinchi navbatdagi da’vogar – «Manchester Siti» bo‘ldi. Messi sobiq ustozi Xosep Gvardiola bilan yana birga ishlashga qarshi emasdi. Angliya klubi ushbu yulduz futbolchi uchun ko‘k-anorranglilar jamoasiga 100 mln yevro berishga tayyorligi, ushbu transfer doirasida – Erik Garsiya, Bernardu Silva va Gabriel Jezus kabi futbolchilar ham Kataloniyaga yo‘l olishi mumkinligi haqida yozishdi. Leoning ketish istagi bildirilgan byurofaks olgan «Barselona» 25 avgust kuni direktorlar kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Yig‘ilishda kengash a’zolarining ayrimlari klub prezidenti Jozep Bartomeuga ishonchsizlik bildirishga chaqirishdi. «Barsa» ofisi atrofida klub muxlislari to‘plana boshlashdi va Bartomeuning iste’fosini talab qilishdi.
Ammo ko‘k-anorranglilar klubi rahbari ketishga ham, Messini qo‘yib yuborishga ham rozi bo‘lmadi. Klub argentinalik futbolchining vakillariga u faqat shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million yevrolik badal puli to‘langan taqdirda «Barselona»dan ketishi mumkinligini bildirdi. Rahbariyat shartnomada futbolchi istalgan mavsum yakunida erkin agent maqomida ketishi mumkinligi ko‘rsatilgan punktdan foydalanish muddati 10 iyunda yakunlanganini ma’lum qildi.
Lekin, Messi isyon qilishda davom etdi: 30 avgust kuni u «Barselona» bazasiga koronavirusga majburiy test topshirishga kelmadi. U keyin Kuman boshchiligidagi ilk mashg‘ulotlarni ham o‘tkazib yubordi. Ispan nashrlari klub argentinalik futbolchini bu harakati uchun jazolamasligini bildirdi. Bu orada Leo va Gvardiola o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgani hamda «Manchester Siti» forvardning taqdimotiga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ammo sentyabr oyi boshida vaziyat o‘zgara boshladi. Shu haftaning chorshanba kuni Messining ishlarini yurituvchi otasi Xorxe Argentinadan Kataloniyaga uchib keldi. Avvaliga u o‘g‘li «Barselona»da qolmasligini aytdi, ammo keyingi kuni Leo baribir shartnomasi muddati yakunigacha Barselonada qolishini ma’lum qildi. Chindan ham argentinalik futbolchi o‘zining jonajon klubi bilan sudlashishni istamadi. Kamida 2021 yil yozigacha Messi «Barsa» uchun o‘ynashda davom etadi. U bu vaqt ichida fikrini o‘zgartirib, yangi shartnomaga imzo chekishi ham mumkin.
58   
Добавить комментарий
Ваше имя: *