Goal24.uz » Transfer » Sanedan Havertsgacha. Ushbu yozda amalga oshirilgan eng asosiy transferlar haqida

Sanedan Havertsgacha. Ushbu yozda amalga oshirilgan eng asosiy transferlar haqida

Автор: admin

Bu yil koronavirus pandemiyasi tufayli Yevropada yozgi transfer oynasi vaqti o‘zgartirildi. Misol uchun Angliyada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddati Premyer Liga bahslari tugashi bilan boshlandi (25-iyulda). Germaniyada yozgi transferlar oynasi 15-iyulda, Ispaniyada 4-avgustda ochildi, Italiyada esa yangi futbolchilarni xarid qilish 1-sentabrdan boshlandi. Ammo muddatidan oldin yakunlangan Fransiya chempionatida 8-iyuldan boshlab, mahalliy transferlar amalga oshira boshlangan. Yevropada yangi futbolchilar transferini amalga oshirish uchun so‘nggi muddat sifatida 5-oktabr sanasi keltirilmoqda. Shunday ekan, hozirgacha amalga oshirilgan eng yaxshi transferlarni sarhisob qilishning ayni vaqti.

Leroy Sane (“Manchester Siti”dan “Bavariya”ga)
Transfer qiymati: bonuslar bilan birga 60 million yevro
Tumanli Albiondagi to‘rt yillik faoliyatdan so‘ng Leroy Sane Germaniyaga qaytdi va “Bavariya” bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Transfer haqida e’lon qilinganidan bir kun oldin Myunxen saytining arab tilidagi versiyasida Sanening “Bavariya” libosidagi fotosuratlari paydo bo‘ldi, klub esa darhol buning uchun “Manchester Siti”dan kechirim so‘radi. 24 yoshli futbolchi Hans-Diter Flik bilan yaxshi munosabatlarga ega. Ular Sane Germaniya U-21 terma jamoasida o‘ynaganidan beri bir-birini yaxshi taniydi. Yaqinda Leroy “Shalke-04”da o‘ynab yurgan vaqtlaridayoq “Bavariya”ga o‘tishi mumkin bo‘lganligi haqida gapirdi. O‘sha davrda jamoada Frank Riberi va Aryen Robben bo‘lgani uchun vinger Myunxenga o‘tishni keyinroqqa qoldirishga qaror qilgan ekan. Sane yangi jamoasida 10-raqamni tanladi va keyingi mavsumda “Bavariya” bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishni orzu qilayotganini ma’lum qildi.

Timo Verner (“Leypsig”dan “Chelsi”ga)
Transfer qiymati: 53 million yevro
Timo Vernerning London klubiga o‘tishi borasidagi muzokaralar ancha uzoq davom etdi. “Liverpul” ham 24 yoshli futbolchi uchun asosiy da’vogar edi, ammo so‘nggi daqiqada ular koronavirus oqibatida kelib chiqqan inqiroz tufayli germaniyalik futbolchini sotib olish fikridan voz kechdi. Ammo “Chelsi” o‘z vaqtida Vernerga taklif bildirib, u besh yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Timo London klubiga o‘tishining asosiy sababi sifatida Frenk Lempardni ko‘rsatdi va “Chelsi” tarixidagi yangi davrning bir qismi bo‘lishni xohlayotganini ma’lum qildi.

Mauro Ikardi (“Inter”dan PSJga)
Transfer qiymati: bonuslar bilan birga 58 million yevro
Fransiya klubi Ikardi va Kavani o‘rtasida argentinalik hujumchi foydasiga tanlov qildi. Parijliklar Mauroni “Inter”dan bir yillik ijaradan so‘ng sotib olishga qaror qildi. U muddatidan oldin yakunlangan Liga 1 da 20 ta o‘yin o‘tkazib, 12 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Klub u bilan 8 million yevro maoshli to‘rt yillik shartnoma imzoladi. 27 yoshli argentinalik futbolchi PSJga o‘tishini sovrinlarni yutish uchun oldinga tashlangan qadam deb atadi. Futbolchi PSJda avval Edinson Kavani o‘ynagan to‘qqizinchi raqamni oldi.

Artur (“Barselona”dan “Yuventus”ga)
Transfer qiymati: bonuslar bilan birga 82 million
Braziliyalik futbolchi katalon klubini mojaro bilan tark etdi. Iyun oyi oxirida “Barselona” Arturning mavsum oxirida “Yuventus”ga o‘tishini tasdiqlagandi. Ammo ungacha futbolchi klub bilan Chempionlar Ligasida qatnashishi kerak edi, biroq u bunday qilmadi. Prezident Xosep Bartomeuning aytishicha, 24 yoshli Artur unga qo‘ng‘iroq qilib, Braziliyada qolishini aytgan. Shuningdek, Artur Turinga kelishidan avval ham yana bir ishkalga aralashib qoldi: u o‘zining Ferrari’sida mast holatda avtohalokatga uchradi. Mauritsio Sarrining ketgani va bir nechta mojarolarga aralashib qolganiga qaramay, “Yuve”ning yangi bosh murabbiyi Andrea Pirlo Artur haqida iliq fikrlar bildirdi va uning “Yuventus”ga foydasi tegishiga ishonishini bildirdi.

Miralem Pyanich (“Yuventus”dan “Barselona”ga) Transfer qiymati: bonuslar bilan birga 65 million yevro
“Yuventus” yarim himoyachisi Miralem Pyanich Kataloniya klubi bilan 400 million yevro tovon puli belgilangan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. Arturdan farqli o‘laroq, 30 yoshli futbolchi mavsumni oxirigacha yetkazib qo‘ydi va turinlik muxlislar bilan xayrlashishga ham vaqt topdi. Pyanich “Yuventus”dan faqat “Barselona”dek klubga ketishi mumkinligini aytdi. U hatto “Barselona”ga o‘tishiga atab, bayram kechasini ham uyushtirdi va otasining bag‘rida yig‘lab yubordi.

Villian (erkin agent sifatida “Arsenal”ga)
Braziliyalik futbolchi “Chelsi” bilan yangi shartnoma borasida hech kelisha olmadi. “Ko‘klar” rahbariyati ikki yillik shartnoma taklif qildi, ammo Villian jamoada uzoqroq qolishni xohladi. Avgust oyi boshida 32 yoshli yarim himoyachi Londonning boshqa bir klubi “Arsenal” bilan muzokaralarga kirishdi va “Chelsi”ni erkin agent sifatida tark etishga qaror qildi. Villian “to‘pchilar” bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Daily Mail xabariga ko‘ra, braziliyalik yangi jamoasida haftasiga 220 ming funt oladi. Futbolchining o‘zi “Arsenal” bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishni xohlayotganini bildirdi.

Ashraf Hakimi (“Real”dan “Inter”ga)
Transfer qiymati: 40 million yevro
“Real” tarbiyalanuvchisi o‘z klubida qadr topmadi (asosiy jamoada atigi 17 uchrashuv). Hakimi so‘nggi ikki mavsumni ijara asosida “Borussiya Dortmund”da o‘tkazdi. Aynan o‘sha yerda u futbolchi sifatida ochildi va boshqa klublar e’tiborini o‘ziga qaratishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq nemis klubi uni sotib olmaslikka qaror qildi, “Inter” esa uning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirdi va unga yiliga 5 million yevro maoshli besh yillik shartnoma taklif qildi. Bu esa Hakimiga ma’qul keldi. Milan klubiga o‘tganidan so‘ng futbolchining agenti mijozining nima uchun “Real”dan ketganiga izoh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Zidan hech qachon Hakimi bilan qiziqmagan va hatto u bilan telefon orqali ham gaplashmagan. Shu sababli marokashlik futbolchi tinchgina Italiyaga yo‘l olib, Antonio Konte jamoasiga qo‘shilgan.

Ferran Torres (“Valensiya”dan “Manchester Siti”) Transfer qiymati: 27 million yevro
“Siti” 20 yoshli ispaniyalik futbolchini “Bavariya”ga ketgan Leroy Sanening o‘rnini to‘ldirish uchun xarid qildi. Torres “shaharliklar” bilan besh yillik shartnoma imzoladi va Xosep Gvardiolaga maqtovlar yog‘dirdi. Yosh ispaniyalik futbolchi har doim Pepning jamoalarini kuzatib borganini bildirdi. Endilikda Ferran murabbiylar shtabiga haqiqatan ham Sanening o‘rnini egallashi mumkinligini isbotlashi kerak.

Tiago Silva (erkin agent sifatida “Chelsi”ga)
Uzoq yillar davomida PSJ sharafini himoya qilgan Tiago Silva arab shayxlariga kerak bo‘lmay qoldi va jamoa uning xizmatlaridan voz kechdi. Garchi Silva bir necha bor faoliyatini aynan Parijda tugatmoqchiligini ta’kidlagan bo‘lsa ham. Biroq u o‘zi uchun yangi jamoa topishda qiyinchiliklarga duch kelmadi. Lempard Silvaning ulkan va boy tajribasidan foydalanishga va uni yosh tarkib bilan uyg‘unlashtirishga qaror qildi. Silva yaqinda 36 yoshni qarshilashiga qaramay, hamon yuqori sport formasida, shubhasiz, u yana bir necha mavsum londonliklarga asqatadi.

Donni van de Bek (“Ayaks”dan “Manchester Yunayted”ga)
Transfer qiymati: 40 million yevro
“Ayaks” yulduzlarni tarbiyalaydi va sotadi. Keyinga yilga esa yana yulduzlar yetishib chiqaveradi. Van de Bek ham “Ayaks”ning boshqa bir sobiq futbolchisi Hakim Ziyosh singari APLga yo‘l oldi. Ta’kidlanishicha, uning “Manchester Yunayted”ga o‘tishida Sulsher muhim o‘rin tutgan. Darvoqe, u pandemiyadan oldin “Real” futbolchisiga aylanishga juda yaqin turgan, biroq koronavirus bunga to‘sqinlik qilgan. Ammo afsuslanishga hojat yo‘q, boisi “Yunayted”ning muxlislari Yevropa va dunyo bo‘yicha “Real”nikidan aslo kam emas. Shunchaki van de Bek qo‘shilgach, yangi mavsumda “qizil iblislar” yarim himoya markazi qanday bo‘lishini tasavvur qilishning o‘zi dahshatli.

Kay Haverts (“Bayer”dan “Chelsi”ga)
Transfer qiymati: 80 million yevro
“Chelsi” ushbu transfer oynasida giperfaollik ko‘rsatmoqda: Ziyosh va Vernerning ortidan yana bir nafaqat yosh va umidli, balki yetarlicha tajriba to‘plagan hamda talaygina o‘yinlar o‘tkazishga ulgurgan Kay Havertsni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Timo Verner bilan bo‘lgani kabi, Havertsning transfer jarayoni ham yetarlicha uzoq davom etdi. Bundan tashqari, unga Yevropaning bir qator nomdor klublari qiziqish bildirdi. Biroq Germaniya terma jamoasining 21 yoshli himoyachisi “Chelsi”ga o‘tishni ma’qul ko‘rdi va u buni quyidagicha izohladi: “Lempard ‘Chelsi’ga o‘tishimga katta ta’sir ko‘rsatdi. Menga uning uslubi juda yoqadi, doim uning o‘yinlarini kuzatib borardim. Lemparddan ko‘p narsa o‘rganishim mumkin. Uning qo‘l ostida ishlashni orziqib kutyapman”.
London klubi Haverts bilan 5 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Haverts transferi “Chelsi” tarixidagi eng qimmat xaridga aylandi. Endilikda Havers nafaqat asosiy tarkib uchun kurashishi, balki sarflangan mablag‘ni oqlash uchun ham ikki hissa mehnat qilishi lozim. Aks holda ingliz matbuoti unga tinchlik bermaydi.
178   
Добавить комментарий
Ваше имя: *