Goal24.uz » O'zbekiston » Cherandan Masharipovgacha. Superliganing eng qimmat futbolchilari haqida

Cherandan Masharipovgacha. Superliganing eng qimmat futbolchilari haqida

Автор: admin

Yevropada har bir mavsum yakunida, klublar o‘z safini kuchaytirish, kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan futbolchilarni esa sotish yoki ijaraga berib yuborish haqida bosh qotiradi. Klublar bir futbolchining transferi ustida oylab, hatto yillab ishlashi mumkin. Tabiiyki, bu transferlar keng ko‘lamdagi shov-shuvlarga sabab bo‘ladi va jamiki, sportga, xususan futbolga ixtisoslashgan nashrlarda bu haqida bong uriladi. Taassufki, o‘zbek klublari bu masalada ancha kamtar, imkoni bo‘lsa, ularning “transfer”lari haqida hech kim xabar topmasa. Yakunda shunday ham bo‘ladi, qaysidir futbolchining bir klubdan ikkinchisiga o‘tganini muxlislar u yoqda tursin, jurnalistlar ham mavsum boshlanib, o‘yinchi yang jamoasi libosini kiyib maydonga chiqqanidagina biladi. Qachon o‘tgan, qancha yillik shartnoma imzolangan, tovon puli qanchani tashkil qilgan yoki erkin agent sifatidami?! Bularning barchasi ochiq qolaveradi. Afsuski, bu gaplar yangilik emas, bundan oldin ham ko‘p marotaba aytilgan. Shunday ekan, uni yana qayta qo‘zg‘ashdan va nimadandir umid qilishdan ma’ni yo‘q.
Shuning keling, yaxshisi sizni O‘zbekiston Superligasining eng qimmat (Transfermarkt portaliga ko‘ra) futbolchilari bilan tanishtira qolamiz.
Temurxo‘ja Abduxoliqov — 700 ming yevro

“Bunyodkor” klubida katta futbolga qadam qo‘ygan Abduxoliqov faoliyati davomida bir qator klublarda harakat qilishga ulgurgan. Biroq ularning hammasini ham muvaffaqiyatli o‘tgan deyish biroz mushkul. Abduxoliqovga Vadim Abramov boshchiligidagi Olimpiya terma jamoasidagi yorqin o‘yinlari tufayli o‘zbek futbolining kelajagi deb nom berilgandi. Ammo futbolchining o‘zi va uning o‘yiniga to‘liq hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, Abduxoliqov kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Temurxo‘ja “Lokomotiv”dan tashqari, “Paxtakor” va Xorvatiya chempionatida ham to‘p surgan. Hozirda 29 yoshga to‘lgan futbolchi “temiryo‘lchilar”ning asosiy hujumchilaridan biri sanaladi.
Hojiakbar Alijonov — 700 ming yevro

Hojiakbar “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2016-yildan beri asosiy jamoaga jalb etib kelinadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, “Paxtakor”dagi kuchli raqobatni yengib o‘tib, hozirda asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi. Alijonov tezkor va muntazam ravishda hujumlarga qo‘shiladi va o‘yinni o‘ziga olishdan cho‘chimaydi. Jahon futbolida esa hozirda shunday o‘yinchilarga talab katta. Bundan tashqari, Alijonov Xitoyda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidagi g‘alabaga ham katta hissa qo‘shgan. Agar Alijonov shu tarzda davom etsa va yulduzlik kasaliga chalinmasa, yaqin orada O‘zbekiston terma jamoasi uchun foydali o‘yinchi bo‘lib yetishadi.
Sardor Sobirxo‘jayev — 700 ming yevro

Sardor Sobirxo‘jayev 2010-yilda Toshkent, 2011-yilda esa Meksika yashil maydonlarida porlagan, tarkibida Abbos Maxsitaliyev, Timur Hakimov bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasining o‘rtamiyona futbolchisi edi. Biroq Sardor o‘sha tarkibdan hozir Superligada o‘ynayotgan kam sonli (deyarli yo‘q) futbolchilardan biridir. Alijonov kabi u ham “Paxtakor”dagi kuchli raqobatda yo‘qolib qolmadi. Arveladze Sardorni asosan, maydondagi “qora ishlar”ga jalb qiladi. U Masharipov singari uch-to‘rttasini aldab o‘tmasligi yoki Cheran kabi har o‘yinda gol urmasligi mumkin, biroq ziyrak muxlislar biladiki, jamoaning o‘yinini aynan tayan zonasidagilar belgilab beradi. Yana shuni alohida ta’kidlash joiz, unda intizom borasida hech qanday muammo yo‘q, odatda uning pozitsiyasida o‘ynaydigan futbolchilarda kartochkalar soni ko‘payib ketadi, biroq Sobirxo‘jayev kamdan kam holatlarda qo‘pol harakatlari bilan yodda qoladi.
Yegor Krimets — 700 ming yevro

Yegor futbolchilik faoliyatini “Paxtakor”da boshlagan va bugungi kunga kelib, qadrdon jamoasining sardoriga aylangan. Bu orada u bir muddat Xitoy chempionatida ham bo‘lib qaytdi. Bundan tashqari, 28 yoshli futbolchi O‘zbekistonning barcha yosh toifadagi terma jamoalarida to‘p surib chiqqan. Toshkentliklarning o‘tgan yilgi chempionligi va bu yilgi peshqadamligida Krimetsning xizmatlari beqiyosdir.
Farruh Sayfiyev — 750 ming yevro

“Nasaf”da Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostida futbolchi sifatida porlagach, Sayfiyevni “Paxtakor” o‘z safiga qo‘shib oldi. Ko‘pchilik Farruhning Toshkentda “yo‘qolib” qolishini taxmin qilgandi, biroq yakunda unday bo‘lib chiqmadi va u bugunga kelib, u “sherlar”ning asosiy figuralaridan biri sanaladi. Aynan shu tufayli Vadim Abramov ham uni milliy jamoa yig‘inlariga jalb eta boshladi.
Odiljon Hamrobekov — 750 ming yevro

Odiljon ham futbol sir-asrorlarini “Nasaf” akademiyasida o‘rganib, 2013-yildan boshlab asosiy jamoaga jalb etila boshlagan. Shuningdek, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalaridagi o‘yinlari orqali ham muxlis va mutaxassislarning e’tiborini o‘ziga jalb etib kelgan. Hatto Ektor Kuper ham uning iqtidoriga yuqori baho berib, uni Osiyo Kubogi—2019 musobaqasi yakuniy tarkibiga kirgizgandi. Hamrobekov hozirda “Paxtakor” safida Sobirxo‘jayev bilan birgalikda raqib hujumini buzish va jamoaning yangi hujumini boshlab berish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, u 23 yoshgacha bo‘lgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan tarkibning yetakchi o‘yinchilaridan edi. Hamrobekov maydonni yaxshi ko‘roladi va raqib o‘yinini sovuqqonlik bilan o‘qiydi.
Dragan Cheran — 850 ming yevro

Dragan Cheran — shubhasiz, Superliganing yaqin o‘n yillikdagi (Rivaldoni inobatga olmaganda, albatta) eng yaxshi legioneri. O‘zbekiston chempionatidagi faoliyatini Qarshida boshlagan serbiyalik 32 yoshli hujumchining o‘yini o‘zbek hamkasblaridan tubdan farq qiladi. Undagi sovuq aql va texnikaning uyg‘unligi maydonda boshqalardan yaqqol ajralib turishini ta’minlaydi. Uning maydondagi harakatlari kuzatilar ekan, yana ikki-uch yil davomida yuqori formada o‘ynay olishiga hech kimda shubha uyg‘onmaydi. Shunday ekan yosh futbolchilar uning harakatlaridan nimadir o‘rganib qolishi kerak.
Dostonbek Hamdamov — 900 ming yevro

Doston professional faoliyatini “Bunyodkor” safida boshlab (2014-yilda), qisqa vaqt ichida asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va yorqin o‘yinlar ko‘rsata boshladi. Aynan shu sabab u 2015-yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi mukofotini qo‘lga kiritgandi. 2018-yilda esa u Rossiyaning “Anji” klubiga o‘tdi. Afsuski, Maxachqal’ada uning omadi yurishmadi, shundan so‘ng (2019-yilning yanvar oyida) Toshkentning boshqa bir klubi “Paxtakor” safiga kelib qo‘shildi. Hamdamov ma’lum vaqt “sherlar” safida zaxirada qolib ketdi. Biroq joriy mavsumdan boshlab, o‘z o‘yinini topib oldi va sekin asta avvalgi formasiga qaytib bormoqda.
Igor Sergeyev — 1,5 million yevro

Igor Sergeyev — “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2011-yildan beri asosiy jamoada harakat qilib keladi. U maydonda o‘zining tezkorligi, bosh bilan yaxshi o‘ynay olishi va pressinglarda faolligi bilan ajralib turadi. U hujumchi uchun kerak bo‘lgan barcha jihatlarga ega. To‘g‘ri, orada uning o‘yinida pasayish bo‘ldi, biroq 2019/20-yilgi mavsumda o‘ziga keldi va to‘purarlar poygasida faqatgina jamoadoshi Cherandan ortda qolmoqda.
Jaloliddin Masharipov — 1,8 million yevro

Jaloliddin futbol bilan shug‘ullanishni Xorazmda boshlagan bo‘lsa-da, aynan “Paxtakor”da futbolchi sifatida shakllangan. Superliganing eng qimmat futbolchisi bugunga kelib, tom ma’noda yulduz darajasiga chiqdi. Uning maydonni yaxshi ko‘rishi, to‘p muomalasi va uch-to‘rt futbolchini qiyinchiliksiz aldab o‘tishi tahsinga loyiq. Ayni damda Jalol nafaqat “Paxtakor”ning balki, O‘zbekiston terma jamoasining ham asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. Agar u faoliyatini chetda davom ettiradigan bo‘lsa, uning o‘zi va o‘zbek futboli uchun aslo foydadan xoli bo‘lmasdi. Unga takliflar ham bo‘lgan, ammo “Paxtakor” uni qo‘yib yuborishni xohlamadi. Nachora, Masharipov professional futbolchi sifatida klubi qarorini hurmat qilishga va kelishuv shartlariga rioya qilishga majbur.
128   
Добавить комментарий
Ваше имя: *