×

Goal24.uz » Jahon » Mourinyo va Gvardiola milliarder, boshqalar esa millioner. So‘nggi 10 yillikda top-murabbiylar transferlar uchun qancha sarflagan?

Mourinyo va Gvardiola milliarder, boshqalar esa millioner. So‘nggi 10 yillikda top-murabbiylar transferlar uchun qancha sarflagan?

Автор: admin

XXI asrning ikkinchi o‘n yilligi haddan ziyod qimmat transferlarga boy bo‘ldi. Tabiiyki, bunda murabbiylarning o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Axir eng yaxshi murabbiy o‘z jamoasida eng yaxshi futbolchilarni ko‘rishni istaydi. Demak, quyida so‘nggi 10 yil ichida transferlar uchun kosmik mablag‘lar sarflagan (barcha jamoalardagi faoliyati) top-darajadagi murabbiylar haqida so‘z boradi.
Ernesto Valverde — 808,26 million yevro

Ro‘yxatni “Barselona” sobiq bosh murabbiyi Ernesto Valverde ochib beradi. U ikki yarim yillik faoliyati davomida uchta yirik transferni amalga oshirgan. 2017-yil avgust oyida Usmon Dembele (138 million yevroga), 2018- yil yanvarda Filippe Koutinyo (145 million yevroga), 2019-yil iyulda esa Antuan Grizmann (120 million yevroga). So‘nggi o‘n yil ichida murabbiyga 36 nafar futbolchi sotib olib berilgan, ulardan 33 nafari esa jami 405,26 million yevroga tushgan (har bir transfer uchun o‘rtacha 12,28 million yevro).
Bu vaqt ichida Ernesto “Barselona” bilan to‘rtta, “Olimpiakos” bilan uchta, “Atletik” bilan esa bitta sovringa ega chiqqan.
Antonio Konte — 855,2 million yevro

Italiyalik murabbiy Ernesto Valverdega qaraganda, biroz ko‘proq mablag‘ sarflagan va ikki baravar ko‘p futbolchilarni yig‘gan (73). Kontening 40 million yevrodan qimmatroq faqat ikki nafar o‘yinchisi bor — Morata (66 million yevro) va Lukaku (74 million yevro). Konte “Yuventus” bilan beshta, “Chelsi” bilan ikkita sovrin qo‘lga kiritgan. “Inter” bilan esa o‘tgan mavsumda muvaffaqiyatga yaqin edi, ammo yakunda baribir marraga yetib bora olmadi.
Karlo Anchelotti — 969 million yevro

Anchelotti xaridlarining aksariyati 25–40 million yevro narx oralig‘ida bo‘lib, uning eng qimmat transferlar uchligiga quyidagilar kiradi: Garet Beyl (101 million yevro), Xames Rodriges (75 million yevro), Fernando Torres (58,5 million yevro). 10 yil ichida Anchelottiga 44 nafar futbolchini olib berishgan. U faqatgina “Napoli” va “Everton” (hozircha) bilan sovrin yuta olmagan. “Chelsi”, PSJ, “Real” va “Bavariya” bilan esa kamida bittadan kubok qo‘lga kiritgan.
Diyego Simeone — 981,83 million yevro

Argentinalik mutaxassis “Atletiko”ni 2011-yildan beri boshqaradi, shu bois uning ushbu yillikdagi deyarli barcha transferlari (979,06 million yevro) Madrid klubida amalga oshirilgan. Simeone umumiy hisobda 57 futbolchini sotib olgan, biroq ularning faqat bir nafarigina 100 million yevrodan oshgan – Joau Feliks (126 million yevro). “Matraschilar” bosh murabbiyi Ispaniyada qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarga ega chiqqan. Ammo unga hamon Chempionlar Ligasi bosh sovrini nasib etmayapti.
Massimiliano Allegri — 1,03 milliard yevro

Allegri ushbu asrning ikkinchi o‘n yilligida o‘z tarkibini kuchaytirish uchun bir milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflagan dunyodagi uch murabbiydan biri. Italiyalik mutaxassis sotib olingan futbolchilar soni bo‘yicha ham yetakchi hisoblanadi (84). Allegri uchun eng katta transferlar “Yuventus”da amalga oshirilgan: Ronaldu (117 million yevro) va Iguain (90 million yevro). Uning “Milan”dagi eng katta xaridi Ibragimovich bo‘lgan. “Rossoneri” Ibrani Allegriga olib berish uchun “atigi” 24 million yevroga sarflagan.
Allegri ham Simeone singari Chempionlar Ligasida g‘olib chiqmagan, biroq “Yuventus” bilan 11 ta, “Milan” bilan esa 2 ta sovringa ega chiqqan.
Joze Mourinyo — 1,07 milliard yevro

Mourinyoning beshta eng katta transferi “Manchester Yunayted”da amalga oshgan. Bular: Pogba (105 million yevro), Lukaku (84,7 million yevro), Fred (59 million yevro), Matich (44,7 million yevro), Mxitaryan (42 million evro). Ammo har doim ham qimmat transferlar va sovrinlar o‘rtasida muvozanat bo‘lavermaydi. Ajoyib moliyaviy imkoniyatlarga qaramay, Mourinyo Manchesterda faqat Angliya Superkubogi, Liga Kubogi va Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, portugaliyalik mutaxassisning hisobida “Chelsi” bilan ikkita, “Real” bilan uchta sovrin bor.
Xosep Gvardiola — 1,12 milliard yevro

“Manchester Siti”dagi to‘rt yili davomida Gvardiola yangi futbolchilar uchun 781,41 million yevro sarflagan, ammo uning biron bir xaridi 100 million yevrodan oshmagan. Uning eng qimmat transferi 70 million yevroga xarid qilingan Rodri hisoblanadi.
Sovrinlar borasida esa Gvardiolada hammasi joyida. U 2010/2011-yilgi mavsumdan boshlab “Barselona” va “Bavariya”da yettitadan, “Manchester Siti”da esa sakkizta kubokka ega chiqqan.
92   
Добавить комментарий
Ваше имя: *