Goal24.uz » Transfer » Nouneym uchun 40 mln. Yevropada o‘tgan haftaning asosiy transferlari

Nouneym uchun 40 mln. Yevropada o‘tgan haftaning asosiy transferlari

Автор: admin

O‘tgan haftada bir qator qiziqarli transferlar amalga oshdi. Italiyada «Roma» uch futbolchisi bilan xayrlashdi, Angliyaning «Aston Villa» va «Vulverhempton» klublari esa transfer rekordlarini yangilashdi. Bu vaqtda Gonsalo Iguain MLS chempionatiga, Mayamidagi «Inter» klubiga yo‘l olgan, «Vest Bromvich» bosh murabbiyi Slaven Bilich «Chelsi» va «Zenit»ning sobiq himoyachisi Branislav Ivanovichni kutmoqda. Quyida o‘tgan haftada amalga oshgan asosiy transferlar keltiriladi.
Xames Rodriges («Real»dan «Everton»ga)

Kolumbiyalik futbolchi nihoyat «Real»dan butunlay ketdi. U o‘tgan mavsumda La Liga o‘yinlarida atigi 8 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urdi va bir golga uzatma berdi. «Qaymoqranglilar»ning o‘zi ham Karlo Anchelotti tomonidan qiziqish bildirilayotgan Xamesdan qutulishga tayyor ekanliklarini bildirishgandi. Italiyalik murabbiy 29 yoshli futbolchi bilan o‘z vaqtida «Real»da birga ishlagan, keyinroq uni «Bavariya»ga ham chaqirgandi. O‘tgan hafta boshida «Everton» Xamesning transferi haqida rasman e’lon qildi. Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, «irislar» futbolchi transferi uchun 24,5 mln yevro to‘lashgan. Kolumbiyalik futbolchi keyinroq yana bir yilga uzaytirish sharti bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Xames Karlo Anchelotti va uning yordamchilari bilan mo‘’jizalar yaratishga tayyorligini aytib o‘tgan. U APLda debyut qilishga ham ulgurdi - birinchi turda «Everton» «Tottenhem»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.  
Aleksandar Kolarov («Roma»dan «Inter»ga)

34 yoshli serb hamon yuqori sport formasini saqlab qolmoqda. Yil boshida «Roma» futbolchi bilan shartnomani uzaytirgandi, yozda esa Milanning «Inter» klubi uning transferi bo‘yicha aloqaga chiqdi. Jurnalist Janluka Di Marsioning ma’lumotiga ko‘ra, «neradzurri» Kolarov uchun 1,5 mln yevro va qo‘shimcha bonuslar (jumladan, futbolchi bilan shartnoma uzaytirilishi evaziga) taklif etgan. Bu taklif nafaqat «Roma»ni, balki futbolchining o‘zini ham qanoatlantirgan, u yangi klubida yiliga 3,5 mln yevro miqdorida maosh oladi. «Inter» bosh murabbiyi Antonio Konte himoyadagi bir qancha pozitsiyalarda hamda yarimhimoyada ham o‘ynay oladigan Kolarovni tarkibda ko‘rishni juda istagandi. Serb uchun «Inter» faoliyatida uchinchi italyan klubi bo‘ldi - u «Manchester Siti»ga o‘tishdan oldin «Latsio»da o‘ynagan, 2017 yilda Angliyadan «Roma»ga kelgandi.
Yannik Ferreyra Karrasko («Dalyan Pro»dan «Atletiko»ga)

Ikki yarim yil davomida xitoyliklar klubiga tegishli bo‘lgan belgiyalik yarimhimoyachi Madridning «Atletiko»siga doimiy asosda qaytdi. So‘nggi yarim mavsumni u Diyego Simeone jamoasida ijarada o‘tkazgandi. Bu davrda Karrasko La Liganing 15 o‘yinida maydonga tushib, bir gol urdi va to‘rt golga uzatma berdi. «Matraschilar» bilan belgiyalik vinger 2024 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzgan. «Atletiko» «Dalyan Pro»ga to‘lashi kerak bo‘lgan transfer summasi aniq aytilmagan. Karrasko Xitoyga ketishidan oldin ham madridliklar safida uch mavsum o‘tkazgan, 2018 yil fevralida esa xitoyliklar klubiga 10,5 mln yevroga transfer qilingandi.
Alessandro Florensi («Roma»dan «PSJ»ga)

Ushbu italiyalik futbolchi «Roma» bosh murabbiyi Paulu Fonsekaning rejalaridan o‘rin olmadi va «PSJ»ga ijaraga yuborildi. Parijliklar Florensini keyinroq 9 mln yevroga sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga olishdi. Avvalroq, «PSJ» ushbu 29 yoshli futbolchi ijarasi uchun 500 ming yevro to‘lashi xabar qilingandi. «PSJ» avvaliga «Arsenal»dan Ektor Belerinni tarkibga qo‘shib olishga uringandi, londonliklar rad javobini berishgach, Florensiga e’tibor qaratildi. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Florensi ijara asosida «Valensiya»da o‘tkazgandi, u La Liganing 12 o‘yinida ishtirok etdi. «PSJ» uni dam olish kunlarida «Marsel»ga qarshi kechgan derbida maydonga tushirdi.
Patrik Shik («Roma»dan «Bayer»ga)

«Roma»ning yana bir futbolchisi mavsumlar oralig‘ida klubni tark etdi. Shik yanvarda «RB Leypsig»ga ijaraga berilgandi va u yarim mavsumni ajoyib o‘tkazdi: barcha turnirlar doirasida 28 o‘yin, Bundesligada 10 gol va 3 golli uzatma. Chempionlar ligasi yarim finalchisi chexiyalik futbolchini sotib olishni istamadi, «Bayer» esa u bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, rimliklar hujumchi uchun bonuslarni hisoblamaganda 27 mln yevro olishadi. Shu bilan birga, «Roma» 20 mln yevroni Shikning avvalgi klubi «Sampdoriya»ga tshlaydi. Chunki 2017 yilda rimliklar genuyaliklar jamoasidan ushbu futbolchi transferini bo‘lib bo‘lib to‘lash sharti bilan amalga oshirgandi.
Andre Silva («Milan»dan «Ayntraxt»ga)

2017 yilda «Portu»dan Milanga kelgan portugaliyalik futbolchining Italiyada ishi yurishmadi. «Rossoneri» Silvani avvaliga «Sevilya»ga ijaraga yubordi, o‘tgan mavsumda esa 24 yoshli hujumchi Bundesligada Frankfurtning «Ayntraxt» klubida o‘ynadi. U Germaniyada yorqin mavsum o‘tkazdi: barcha turnirlar doirasida 38 o‘yinda 17 gol. Mavsumlar oralig‘ida nemislar klubi bosh murabbiyi Adi Hyutter portugaliyalik futbolchiga klubda qolishni taklif etdi. Silva «Ayntraxt» bilan uch yillik shartnoma tuzdi, qarama-qarshi yo‘nalishda Milanga xorvatiyalik hujumchi Ante Rebich yo‘l oldi.
Olli Uotkins («Brentford»dan «Aston Villa»ga)

«Aston Villa» «Brentford»ning eng yaxshi futbolchisiga o‘zi uchun rekord darajadagi mablag‘ni sarfladi - 28 mln funt. Birmingemliklar bonus sifatida yana 5 million funt to‘lashi mumkin. Pley-off o‘yinlari bilan qo‘shib hisoblaganda, angliyalik 24 yoshli futbolchi Chempionshipda 49 o‘yinda 26 gol urgan va to‘purarlar poygasida faqatgina «Fulhem» hujumchisi Aleksandr Mitrovichdan ortda qolgan. Birmingem klubi Uotkins bilan besh yillik shartnoma imzoladi, futbolchining o‘zi APLda ikkinchi tur doirasida «Sheffild Yunayted»ga qarshi kechadigan o‘yinda debyut qilishi mumkin.
Fabiu Silva («Portu»dan «Vulverhempton»ga)

«Vulverhempton» tarkibni portugaliyaliklar bilan to‘ldirishda davom etadi… «bo‘rilar»ning bu transferlar oynasidagi navbatdagi xaridi «Portu»ning 18 yoshli hujumchisi Fabiu Silva bo‘ldi, uning uchun inglizlar klubi 40 mln yevro to‘ladi. Bu transfer «Vulverhempton» tarixidagi eng qimmatbaho transferga aylandi. Portugaliyalik vunderkind «Portu» tarkibida jami 21 o‘yin (asosan zaxiradan tushgan) o‘tkazib, uch gol urgan va ikki golga hammualliflik qilgan. Ammo shuning o‘zi katta pul sarflanishiga yetarli bo‘ldi, chunki uning agenti - Jorje Mendesh. Fabiu Silva «bo‘rilar» jamoasidagi o‘ninchi portugaliyalik futbolchiga aylandi.
Ante Rebich («Ayntraxt»dan «Milan»ga)

Xorvatiyalik futbolchi «Milan»da bir yil ijara asosida o‘ynab, o‘zini ko‘rsatdi (barcha turnirlar doirasida 30 o‘yin va 12 gol), «rossoneri» uning transfer huquqini «Ayntraxt»dan sotib olishga qaror qildi. Rebich evaziga frankfurtlar klubi portugaliyalik forvard Andre Silvani o‘z safiga qo‘shib oldi. Ante milanliklar klubida 5 yil davomida 12-raqamli futbolkada to‘p surishi mumkin. Ushbu futbolchining transferida bosh murabbiy Stefano Pioli katta rol o‘ynagan, futbolchi murabbiyni unda o‘ziga ishonch paydo bo‘lishida sababchi sifatida aytgan.
Rikardu Kuarejma (erkin agent sifatida «Vitoriya»ga)

Portugaliyalik futbolchi o‘z avlodining eng muvaffaqiyatli futbolchilaridan biriga aylanishi mumkin edi, ammo u katta klublarda to‘p surishga muvaffaq bo‘la olmadi va 36 yoshida Turkiyaning «Qosimposho» klubini erkin agent sifatida tark etib, Gimaraynshning «Vitoriya» klubiga o‘tdi. Kuarejma yangi klubi bilan ikki mavsum uchun shartnoma tuzgan. «Vitoriya»da Rikardu o‘ninchi raqamli futbolkada to‘psuradi. Klub videorolikda ushbu yangi futbolchisini qirol qiyofasida namoyish etdi.
125   
Добавить комментарий
Ваше имя: *