Goal24.uz » Transfer » Mandjukich o‘ziga yangi klub topdi, «Arsenal» «Chelsi»dan yana bir futbolchi olmoqchi. So‘nggi transfer xabarlari

Mandjukich o‘ziga yangi klub topdi, «Arsenal» «Chelsi»dan yana bir futbolchi olmoqchi. So‘nggi transfer xabarlari

Автор: admin

Erkin agentga aylangan Mario Mandjukich faoliyatini «Beshiktosh»da davom ettirishi mumkin, deb xabar berishmoqda turk manbalari. Jumladan, Safak Malatya nashri xabariga ko‘ra, istanbulliklar 34 yoshli futbolchi uchun yiliga 3 million yevro maosh, shuningdek, 4 million yevro «ko‘tarma puli» taklif qilishgan. Avvalroq, xorvatiyalik hujumchi Moskvaning «Lokomotiv» klubi bilan deyarli kelishib bo‘lgani xabar qilingandi, ammo ruslar maoshni yevroning bugungi kursi qat’iy belgilangan tartibda rublda to‘lab borishmoqchi, futbolchi bunga rozi bo‘lmagach, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
«Barselona»ning yosh yarimhimoyachisi Riki Puch uchun «Portu» va PSV da’vogarlik qilmoqda, deb xabar beradi Mundo Deportivo. Har ikki klub ham futbolchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olmoqchi. 21 yoshli havbek pandemiya bilan bog‘liq tanaffusdan keyin bir qator o‘yinlarda qatnashib, yaxshi taassurot qoldirgandi, ammo yangi murabbiy Ronald Kuman ushbu mavsumda uning xizmatidan foydalanmoqchi emasligini ma’lum qilib, uni ijaraga berishni tavsiya qildi.
«Nitssa» yarimhimoyachisi Vilan Sipriyen uchun «Aston Villa» va «Sampdoriya» raqobat qiladi. Jurnalist Nikolo Shiraning yozishicha, genuyaliklar 25 yoshli futbolchini yaqinda «Torino»ga sotib yuborilgan Karol Linettiga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Vilanning transfer qiymati 20 million yevro atrofida baholanmoqda.
«Arsenal» da’vogarlik qilayotgan Jorjino uchun «PSJ» ham kurashib ko‘radi. Saber Desfa nashri xabar berishicha, parijliklar ham xuddi «Arsenal» kabi futbolchini bir yilga ijaraga olmoqchi. Avvalroq, Tomas Tuxel klub rahbariyatidan maydon markaziga futbolchi olib berishni so‘ragan edi. «Chelsi» uchun Parij varianti yaxshiroq bo‘lishi mumkin, chunki, joriy transferlar doirasida klubning yana bir futbolchisi Villian «Arsenal» vakiliga aylangandi. Turnirdagi asosiy raqiblarga futbolchilarni berish yakunda «Chelsi»ning zarariga ishlashi mumkin.
Nikolo Shiraning yana bir xabariga ko‘ra, «Inter» himoyachisi Andrea Ranokkiya yaqin kunlarda «Jenoa» safiga borib qo‘shiladi. «Jenoa» futbolchi bilan 1,5 million yevro yillik maosh bilan uch yilga kelishuvga erishdi. Katta ehtimol bilan milanliklar 32 yoshli himoyachini tekinga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ladi, zero so‘nggi paytlarda u umuman asosiy tarkibga kira olmayapti.
«Lids Yunayted» «Bavariya» markaziy yarimhimoyachisi Mikael Kyuizans uchun 20 million yevro to‘lashga rozi, deb ma’lumot tarqatdi L'equipe. 21 yoshli fransiyalik futbolchi o‘tgan mavsumda Bundesligada 9 o‘yinda maydonga tushgan va 1 gol urib, 1 golga hammualliflik qilgan.
«Benfika» markaziy himoyachisi Ruben Diашning «Manchester Siti»ga o‘tganini rasman tasdiqladi. Portugaliyaliklar 23 yoshli futbolchi uchun 68 million yevro oldi. Shuningdek, turli bonuslar shaklida yana 3,6 million yevro kelishi mumkin. Nikolas Otamendi esa, kelishuvga ko‘ra, «Benfika» a’zosiga aylandi. 32 yoshli argentinalik himoyachi uchun «Manchester Siti» hisob-raqamiga 15 million yevro tushdi.
Grem Poter «Manchester Yunayted» vingeri Deniyel Жеймсni «Brayton»ga olib kelmoqchi, deb yozadi The Athletic. Murabbiy o‘z vaqtida «Suonsi»ni boshqargan va Jeymsga ustozlik qilgan. Manchesterliklar avvalroq, «Lids»ning ushbu futbolchi bo‘yicha ijara taklifini rad etgandi, ammo agar Jeydon Sancho transferi amalga oshadigan bo‘lsa, Jeymsning maydonga tushish imkoniyati yanada pasayib ketadi. Hozirda Sulsher o‘ng qanot vingeri sifatida Meyson Grinvudga ko‘proq ishonch bildirmoqda.
VVS, Corriere dello Sport kabi nashrlarning ortidan, endi Fabritsio Romano va Di Marsio ham Andreas Перейраning «Latsio»ga o‘tishi deyarli aniq bo‘lganini yozishmoqda. Xabarga ko‘ra, futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Rimga yo‘l olgan va yaqin vaqtda transfer rasman e’lon qilinadi. Kelishuv bir yillik ijara asosida bo‘lib, kelasi yozda futbolchini sotib olish huquqi «Latsio»da bo‘ladi.
Katta ehtimol bilan Luka Yovich bu mavsumda «Real»da qoladigan bo‘ldi. Marca nashri xabar berishicha, Zidan futbolchi bilan gaplashgan va asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan bo‘lsa-da, ko‘proq vaqt berishini ma’lum qilgan. Avvalroq Yovichning Italiya klublariga yoki «Ayntraxt»ga ijaraga berilishi haqida xabarlar chiqqandi. Hujumchining «Betis»ga qarshi o‘yindagi ishonchli harakatlari murabbiylar shtabining fikrini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin. Aynan Yovichga qarshi ishlatilgan qo‘pollik uchun raqib himoyachisi maydondan chetlatilgan va bu vaziyat uchrashuvning burilish nuqtasi bo‘lgandi.
SPORT nashrida yozilishicha, «Bavariya» rahbariyati «Ayaks» juda insofsizlik qildi, deb hisoblamoqda. Gap Serjino Дестning «Barselona»ga transferi ustida boryapti, zero nemislar futbolchi bilan deyarli shartnoma imzolashga yaqin turgandi.
«Lion» Memfis Депайning transferiga to‘lovning bir qismi sifatida Umtitini olishni istamayapti, deb yozadi Canal +. Ma’lumki, Ronald Kuman Niderlandiya milliy jamoasidagi shogirdini Barselonada ko‘rmoqchi va 30 million yevro atrofida transfer narxi belgilangandi. Shuningdek, klub fransiyalik himoyachi Umtitini sotish niyatida. O‘z vaqtida himoyachi aynan «Lion»dan sotib olingandi. Fransuzlar sobiq futbolchisi qaytishiga qarshi emas, ammo alohida kelishuv sifatida muzokara o‘tkazmoqchi bo‘lishyapti.
«Transfermarket» portali versiyasiga ko‘ra, Italiya chempionatining eng qimmatbaho futbolchilari reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Inter» hujumchisi Romelu Lukaku A Seriyaning eng qimmat futbolchisi ekan. Tabiiyki, ko‘rsatilgan narxlar amaliyotdan birmuncha farq qilishi mumkin, chunki ko‘rsatilgan summani bera oladigan klublar bilan aynan shu futbolchiga muhtoj klublar ko‘pincha farq qilishadi. Shuningdek, masalan, Kristian Eriksenning narxi 60 million yevro deb ko‘rsatilgan, ammo «Inter» uni 27 million yevroga ham sota olmayapti.
247   
Добавить комментарий
Ваше имя: *