Goal24.uz » Transfer » Eriksenga xaridor topildi, Pogba Dembeleni ko‘ndirdi. So‘nggi transfer xabarlari

Eriksenga xaridor topildi, Pogba Dembeleni ko‘ndirdi. So‘nggi transfer xabarlari

Автор: admin

«Inter» yarimhimoyachisi Kristian Eriksen klubini almashtirishi mumkin. Jurnalist Nikolo Shiraning yozishicha «PSJ» ushbu daniyalik futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Parijliklar klubi sport direktori Leonardo 28 yoshli havbeknng agenti bilan transfer borasida gaplashgan. Avvalroq «Inter» shu yil qishida «Tottenhem»dan 27 million yevro evaziga sotib olingan futbolchisini shu narxga sotishga tayyorligi, jamoa bosh murabbiyi Antonio Konte uni rejalariga kiritmayotgani, futbolchining agenti uning xizmatlarini ingliz klublariga taklif qilgani, ammo hech bir klubdan qiziqish bildirilmagani xabar qilingandi.
ESPN xabariga ko‘ra, «agent» Pol Pogba nihoyat Usmon Dembeleni Manchesterga o‘tishga ko‘ndirgan. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar tezlashgan. «Manchester Yunayted» Jeydon Sanchoga muqobil sifatida Dembele variantiga to‘xtalgan, ammo futbolchining Barselonani tark etishni istamayotgani asosiy to‘siq bo‘layotgandi. Ushbu fransuz futbolchisi yozda «Liverpul» va «Yuventus» variantlarini ham rad qilgandi. Yana bir to‘siq esa «Manchester Yunayted» hujumchini ijaraga olmoqchi yoki 50 million yevrodan ortiq to‘lamoqchi emas. «Barselona» esa, «iblislar»ning vingerga muhtojligini bilgani uchun ijaraga rozi emas, to‘laqonli transfer va kattaroq summa o‘tkazib berilishini xohlamoqda. Manbada «MYU» Okampos variantini ko‘rib chiqayotgani ham tilga olingan. «Sevilya» ushbu argentinalik hujumkor yarimhimoyachisini 40 million yevroga qo‘yib yuborishga rozi. 
«Tottenhem» markaziy himoyachisi Xuan Foyt katta ehtimol bilan «Vilyarreal»da o‘z faoliyatini davom ettiradi. Ispanlar klubi 22 yoshli futbolchini keyin sotib olish sharti bilan ijaraga olmoqchi, deb yozdi Nikolo Shira. Argentinalik himoyachi bilan «Valensiya» ham qiziqayotgandi.
«Manchester Yunayted» «Atalanta»dan Amada Traoreni sotib olmoqchi, deb xabar beradi MEN. O‘tgan mavsumda afrikalik 18 yoshli vinger 3 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol muallifi bo‘lgandi. Ammo bu variant kutilayotgan Sancho yoki Dembele transferiga bog‘liq emas, deyishmoqda «MYU»ga yaqin bo‘lgan manbalar.
«RB Leypsig» «Atletiko» bilan Toma Lemarning ijarasi bo‘yicha kelishib oldi. Marca xabariga qaraganda, 24 yoshli futbolchi keyingi yil sotib olish huquqi bilan bir yillik ijaraga olinadi. Oldinroq Lemarga «Bavariya» klubi qiziqayotgani haqida ham xabarlar tarqalgandi.
«Manchester Siti» himoyachilarga «to‘ymayapti» keyingi nishon – «Ayaks» chap qanot himoyachisi Nikolas Talyafiko. Ushbu transfer uchun «Siti» 22 million funt to‘lashga tayyor. Shaxsan Pep Gvardiola ushbu argentinalik futbolchi transferiga qiziqmoqda. Nikolas jamoani tark etishi aytilayotgan Zinchenkoning o‘rniga sotib olinayotgani aytilmoqda, ammo aslida ukrainalik futbolchining maydonda o‘rni ham qolmagandek. Pep ushbu pozitsiyada Mendi va Kanseluga ko‘proq imkoniyat berib kelyapti. «Shaharliklar» ushbu transfer amalga oshmasa, David Alaba variantini ham ko‘rib chiqishadi. Ma’lumki, avstriyalik futbolchi «Bavariya» bilan yangi shartnoma tuzishdan bosh tortdi.
«Volfsburg» Moskvaning «Dinamo» klubi hujumkor yarimhimoyachisi Maksimilian Filippni bir yil muddatga ijaraga olmoqda, deb xabar berdi «Sport Ekspress». Joriy mavsumda 26 yoshli nemis futbolchisi RPLda 7 o‘yinda maydonga tushdi va 1 gol muallifiga aylandi. Filipp bir yil oldin Dortmundning «Borussiya» klubidan 20 million yevroga xarid qilingandi.
Di Marsioning yozishicha, «Fiorentina» «Napoli»ning sobiq vingeri Xose Kalexonga o‘z e’tiborini qaratgan. Florensiyaliklar 33 yoshli futbolchini «Yuventus»ga o‘tishga yaqin turgan Federiko Kezaga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Yangi mavsum avvalida 7 mavsum davomida «Napoli» sharafini himoya qilgan Kalexon klubni erkin agent sifatida tark etgandi.
«Parma» o‘ng qanot himoyachisi Matteo Darmiyan yaqin vaqtlar ichida Milanda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Calciomercato xabariga ko‘ra, «Inter» ushbu 30 yoshli futbolchini 2,5 million yevroga sotib olmoqda. O‘tgan mavsumda Darmiyan 33 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urgan va 1 golga hammualliflik qilgan.
«Barselona» «Manchester Siti» markaziy himoyachisi Erik Garsiyani transfer oynasi yakuniga qadar qo‘lga kiritmoqchi, deb yozmoqda RAC1. Kataloniyaliklar Garsiya uchun 8 million yevro naqd, 2 million yevro bonuslar ko‘rinishida, shuningdek, yarimhimoyachi Rafinyani berishmoqchi. «Manchester Siti» himoyachi uchun 20 million yevro olmoqchi, «Barselona» taklif qilayotgan Rafinya esa klubga kerak emas.
Chempionlar Ligasi guruh bosqichida qatnashadigan «Renn» himoyachi Vilyam Saliba bo‘yicha «Arsenal» bilan muzokaralar olib boryapti. Bretonliklar 19 yoshli futbolchini 1 mavsumga ijaraga olishmoqchi. London klubi Salibani bir yil oldin «Sent Eten»dan 30 million yevroga sotib olgan, ammo bir yil Fransiyada ijarada qoldirilgandi. Yangi mavsumda «Arsenal» tarkibiga qo‘shilgan futbolchi asosiy tarkibga kira olmayapti.
«Kristal Pelas» vingeri Uilfrid Zaa uchun talabgor sifatida «Manchester Yunayted» va «Atletiko» kurash olib borishadi, deb yozmoqda The Guardian. 27 yoshli futbolchining transfer qiymati 45 million yevro atrofida bo‘lishi mumkin. Qizig‘i, Zaa «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo Moyes davrida iqtidorli futbolchi sotib yuborilgandi. Ba’zi manbalar buning sababi sifatida Zaaning Moyesning qizi bilan munosabatlarga kirishganini tilga olishgandi.
Luis Suaresning adashi, «Uotford» hujumchisi Luis Suares rasman «Granada» klubi a’zosiga aylandi. Ispan klubi ushbu 22 yoshli futbolchi bilan 5 yilga shartnoma imzolandi. 
373   
Добавить комментарий
Ваше имя: *