Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Yevropada qaysi klublar hammadan ko‘proq sarfladi?

Yevropada qaysi klublar hammadan ko‘proq sarfladi?

Автор: admin

6 oktyabrga o‘tar kechasi Yevropada yozgi transferlar oynasi yopildi. Bozorda odatdagidek APL vakillari faollik ko‘rsatishdi, eng saxiy jamoa esa rossiyalik milliarder Roman Abramovich egalik qiladigan «Chelsi» klubi bo‘ldi. Yetakchilar qatorida APL debyutanti ham bor, «Real» esa 40 yildan buyon ilk marta yozgi transferlar doirasida yangi futbolchi sotib olmadi. Quyida tarkibni kuchaytirish uchun eng ko‘p pul sarflagan 11 klub keltiriladi.
11. «Aston Villa», 82 mln yevro
O‘tgan mavsumda Angliya chempionatida bazo‘r «jon saqlab qolgan» ushbu klub transferlarga jiddiy e’tibor qaratdi va natijada APLning yangi mavsumi startini juda yorqin boshladi – uch o‘yinda uch g‘alaba. Jamoaning 1-turda «Siti»ga qarshi uchrashuvi qoldirilgandi, 4-turda esa amaldagi chempion ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonildi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, «Aston Villa» Olli Uotkins («Brentford», 30,8 mln), Bertran Traore («Lion», 18,4 mln), Emiliano Martines («Arsenal», 17,6 mln) va Metti Kesh («Nottingem Forest», 15,7 mln) kabi futbolchilar uchun jami 82 mln yevro sarflagan. Uotkins «Liverpul» darvozasiga het-trik yo‘lladi, bundan tashqari, chempion darvozasiga «Chelsi»dan ijarag olingan Ross Barkli ham gol urdi. Shu bilan birga, «Aston Villa» o‘z futbolchilari sotuvidan pul ishlamagan.
10. «Arsenal», 86 mln
Londonliklar klubi transferlarning so‘nggi kunida top-10ga kirishdi, dedlaynda «Atletiko»dan Tomas Parti 50 mln yevroga olindi. Yozgi transferlar davomida «Arsenal» Gabriel («Lill», 26 mln), Pablo Mari («Flamengo», 8 mln) va Runar Runarsson («Dijon», 2 mln) kabi futbolchilar transferi uchun ham pul sarfladi. Villian va Sedrik Soaresh esa «kanonirlar» bilan erkin agent maqomida shartnoma imzoladi. Mikel Arteta klubning transferlar bozoridagi faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak, lekin o‘tgan mavsum oxirida Bernd Leno jarohat olganida klubni ko‘p o‘yinlarda qutqargan Martines «Aston Villa»ga sotib yuborilgani xatodek ko‘rinmoqda. Argentinalik darvozabon sotuvi klubga 17,6 mln yevro keltirdi. Bundan tashqari, Lukas Torreyra «Atletiko»ga, Matteo Genduzi esa «Herta»ga ijaraga berildi.
9. «Atletiko», 90 mln
«Atletiko» bu safar prinsipial raqibi «Real»ni transferlarga pul sarflash borasida ortda qoldirdi. To‘g‘ri, madridliklar «Chelsi»ga Alvaro Morata uchun o‘tgan yildagi kelishuv bo‘yicha 56 mln yevro to‘ladi, ammo ushbu hujumchi Diyego Simeonega kerak bo‘lmadi. Forvard «Yuventus»ga bir mavsum uchun 10 mln yevro evaziga ijaraga berildi. Bundan tashqari, «Atletiko» Yannik Karraskoni «Dalyan Pro»dan 27 mln yevroga sotib oldi, Xorvatiyaning «Lokomotiv» klubidan darvozabon Ivo Grbich 7 mln yevro evaziga olib kelindi. «Barselona» hujumchisi Luis Suares esa klubga erkin agent maqomida kelib qo‘shildi. Boshqa tomondan, «Atletiko» futbolchilarini ijaraga berish va sotish evaziga 72,8 mln yevro ishladi.
8. «Inter», 97 mln
Antonio Konte o‘ziga qadrdor bo‘lgan «Yuventus»ni taxtdan tushirish uchun o‘z jamoasini qurishda davom etmoqda. Milanliklar klubi bu safargi transferlar oynasida Ashraf Hakimi («Real», 40 mln), Nikolo Barella («Kalyari», 25 mln), Stefano Sensi («Sassuolo», 20 mln), Andrea Pinamonti («Jenoa», 8 mln), Darian Males («Lyutsern», 2 mln) va Aleksandr Kolarovni («Roma», 1,5 mln) sotib oldi. Arturo Vidal va o‘tgan mavsumni klubda ijara asosida o‘tkazgan Aleksis Sanches erkin agent  maqomida «Inter» a’zosiga aylandi, shuningdek, «Parma»dan Matteo Darmian ijaraga olindi. Konte jamoasi A Seriya startidagi uch turda jami 10 gol urdi, ammo «Latsio»ga qarshi Rimdagi o‘yinda durang hisob qayd etilgan. «Inter» transferlar bozoridagi sotuvlardan 83,7 mln yevro ishladi.
6-7. «Tottenhem», 98 mln
«Tottenhem» xo‘jayini Deniel Levi pulga puxta, ammo Joze Mourino uni kerakli transferlarni amalga oshirishga ko‘ndirdi. «Shporlar» tarkibni kuchaytirish uchun qariyb 100 mln yevro sarflashdi! «Betis»dan Jovani Lo Chelsoning transfer huquqi sotib olindi (32 mln), klubga Serxio Regilon («Real», 30 mln), Mett Doerti («Vulverhempton», 16,8 mln) va Per-Emil Hyoyberg («Sauthempton», 16,6 mln) kabi futbolchilar kelishdi. Shuningdek, Jo Hart erkin agent maqomida tarkibga qo‘shib olindi, Garet Beyl va Karlos Vinisius ijaraga olindi. Ayniqsa, Beylning qaytishi katta qiziqish uyg‘otdi, ammo u jarohat tufayli hali maydonga tusha olmayapti. O‘z navbatida, «Tottenhem» sotuvlardan atigi 13,3 mln yevro ishladi.
6-7. «Benfika», 98 mln
Odatda boshqa klublarga futbolchi yetishtirib berishiga ko‘nikkanimiz «Benfika»ni bu ro‘yxatda ko‘rish kutilmagan holat. Ammo Jorje Jezushning qaytishi uchun portugallar klubi o‘z falsafasini o‘zgartirdi. «Burgutlar» Darvin Nunes («Almeriya», 24 mln), Everton («Gremio», 20 mln), Pedrino («Korintians», 18 mln), Luka Valdshmidt («Frayburg», 15 mln), Nikolas Otamendi («Manchester Siti», 15 mln), Jilberto («Fluminense», 3 mln), Jan-Kler Todibo («Barselona», 2 mln yevro evaziga ijaraga), Elton Leyte («Boavishta», 1,5 mln) va «Tottenhem»ning sobiq futbolchisi Yan Vertongenni (erkin agent) tarkibga qo‘shib oldi. Lekin «Benfika» sentyabr oyida YeCHL saralashida Gretsiyaning PAOK klubidan mag‘lub bo‘lib guruh bosqichiga chiqa olmadi. Klub futbolchilari sotuvidan nisbatan kamroq pul ishlagan – 76,4 mln yevro.
5. «Lids», 105 mln
Marselo Belsa «Lids» bilan shartnomasini bir shart bilan uzaytirdi - APLga qaytgan jamoa tarkibini yetarlicha kuchaytirib berish kerak edi. Klub rahbariyati argentinalik mutaxassisning istaklarini qondirish uchun pulni ayamadi. «Lids»ga Rodrigo Moreno («Valensiya», 30 mln), Diyego Lorente («Real Sosedad», 20 mln), Elder Koshta («Vulverhempton», 17,7 mln), Rafinya («Renn», 17 mln), Robin Kox («Frayburg», 13 mln), Illan Mesle («Loryan», 6,5 mln), va Jo Gelhardt («Uigan», 1 mln) kelishdi. «Tovuslar» jamoasi, xuddi «Aston Villa» kabi hech bir futbolchisini sotishmadi.
4. «Yuventus», 110 mln
«Yuventus» «Inter»dan farqli ravishda 100 mln yevrolik psixologik nuqtadan o‘tdi. Yangi bosh murabbiy Andrea Pirlo ixtiyoriga besh nafar yangi futbolchi kelib qo‘shildi – Artur («Barselona», 72 mln), Rolando Mandragor («Udineze», 10,7 mln), Alvaro Morata («Atletiko»dan 10 mln yevro evaziga ijaraga), Ueston Makkenni («Shalke»dan 4,5 mln yevroga ijaraga) va Stefano Gori («Piza», 3 mln). Eng qimmat xarid Artur bo‘ldi, lekin u asosiy tarkibdan o‘rin olmayapti. «Yuventus» o‘z futbolchilarini sotish orqali byudjetini 96,5 mln yevro bilan to‘ldirdi.
3. «Barselona», 124 mln
«Barselona» – ushbu ro‘yxatda yangi futbolchilar xaridi uchun xarajatlaridan kamroq sarflagan yagona klubdir. Katalonlar bozorda 124 mln yevro qoldirib, klub byujeti uchun 126,5 mln yevro ishlashdi. Ko‘k-anorranglilar Miralem Pyanich («Yuventus», 60 mln), Fransisku Trinkan («Braga», 31 mln), Serjino Dest («Ayaks», 21 mln), Mateus Fernandes («Palmeyras», 7 mln) va Pedrini («Las-Palmas», 5 mln) sotib olishdi. Lekin jamoaga natijani hamon Messi boshchiligidagi eski gvardiya keltirmoqda («Barsa» sotgan va qo‘yib yuborganlaridan qolganlari), yangi futbolchilar esa o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish bilan kifoyalanishmoqda.
2. «Manchester Siti», 156 mln
Kulishingiz mumkin, ammo «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pleyga amal qilgan holda bozorda katta pul sarflashda davom etmoqda. Yozgi transferlarga jamoa 156 mln yevro sarfladi -  Ruben Diash («Benfika», 68 mln), Natan Ake («Bornmut», 45,3 mln), Ferran Torres («Valensiya», 23 mln), Pablo Moreno («Yuventus», 10 mln), Yana Kouto («Kuritiba», 6 mln) va Issu Kabore («Mexelen», 4,5 mln) olib kelindi. Bu ro‘yxat oxiridagi uch futbolchi jamoa kelajagi uchun xarid qilingan yoshlardir. Moreno va Kouto «Jirona»ga ijaraga berib yuborildi. «Chiqish» yo‘nalishidagi transferlardan «Manchester Siti» 60 mln yevro ishlab oldi.
1. «Chelsi», 247 mln
Abramovich jamoasi – yozgi transferlarda katta farq bilan chempion bo‘ldi. «Chelsi» transferlarga taqiq tufayli uzoq vaqt davomida xaridlarni amalga oshirmasdan «pul yig‘di». Natijada, londonliklar Kay Havers («Bayer», 80 mln), Timo Verner («RB Leypsig», 53 mln), Ben Chilluel («Lester», 50,2 mln), Hakim Ziyosh («Ayaks», 40 mln), Eduarda Mendi («Renn», 24 mln) kabi yulduz futbolchilar uchun katta pullar sarflay oldi, shuningdek, «PSJ» safida Chempionlar ligasi finalchisi bo‘lgan Tyago Silva erkin agent sifatida klubga kelib qo‘shildi. Ammo yangi futbolchilar tarkibga moslashishi uchun vaqt kerak bo‘lmoqda, «Chelsi» mavsum startidagi 4 o‘yindan 2tasida g‘alaba qozondi («Brayton», 2:1 va «Kristal Pelas», 4:0), 1 o‘yinda mag‘lub bo‘ldi («Liverpul», 0:2) va 1 o‘yinda durang o‘ynadi («Vest Bromvich», 3:3). London klubi futbolchilar sotuvidan 76 mln yevro ishladi.
402   
Добавить комментарий
Ваше имя: *