Goal24.uz » Transfer » Kavani «MYU»da, Suares «Atletiko»da, «Arsenal» dinozavrsiz. Yoz va kuzning asosiy transferlari

Kavani «MYU»da, Suares «Atletiko»da, «Arsenal» dinozavrsiz. Yoz va kuzning asosiy transferlari

Автор: admin

6 oktyabrga o‘tar kechasi Yevropada transferlar oynasi yopildi.
Artur
Qayerdan: «Barselona»
Qayerga: «Yuventus»
Bahosi: 72 million yevro (bu va keyingi boshqa ma’lumotlar — transfermarkt.de bo‘yicha)

Braziliyalik futbolchini Xavining merosxo‘ri deb atashayotgandi, ammo «Barselona» uni sotib yuborishga qaror qildi. Unga talab avvaldan mavjud edi, Kike Seten davrida esa Artur asosiy tarkib futbolchisi bo‘lolmadi. Natijada u iyuldan oldinroq ta’tilga ketib qoldi va u bundan xursand bo‘lsa ham kerak — u Chempionlar ligasida «Bavariya»dan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatda ishtirok etmadi. Uning transferi doirasida qarama-qarshi yo‘nalishda Miralem Pyanich 60 million yevro evaziga transfer bo‘ldi, shunday ekan, «Barsa» 12 million yevro foyda qildi, ammo 24 yoshli havbek o‘rniga 30 yoshlisini oldi.
Tiagu Alkantara
Qayerdan: «Bavariya»
Qayerga: «Liverpul»
Bahosi: 22 million yevro

Kelib chiqishiga ko‘ra brazil bo‘lgan ispan futbolchisi ko‘p vaqtdan buyon premer-ligada to‘p surishni orzu qilardi, «Liverpul»da esa xuddi u kabi markaziy yarimhimoyachiga ehtiyoj sezilayotgandi. Shu yozda tomonlarning yulduzi yulduziga mos keldi va Tiagu Alkantara «Chelsi»ga qarshi kechgan birinchi o‘yinidayoq hammani qoyil qoldirib rekord o‘rnatdi: u bir bo‘limda 75ta uzatmani amalga oshirdi. Lekin ushbu 29 yoshli futbolchi tezda koronavirus yuqtirib oldi va keyingi o‘yinlarda ishtirok eta olmayapti, ammo havbek hali «Liverpul»ga ko‘p foyda keltirishi aniq. Alohida qayd etish kerakki, mersisaydliklar ushbu mahoratli futbolchini 22 million yevro evaziga o‘ziniki qildi.
Edinson Kavani
Qayerdan: «PSJ»
Qayerga: «Manchester Yunayted»
Bahosi: erkin agent

Ushbu 33 yoshli urugvayli yozdayoq Parijni tark etgandi, «PSJ» uning xizmatlarisiz ham Chempionlar ligasi finaliga chiqa oldi. Avvaliga Kavani «Benfika» safiga qo‘shilishi haqida kutilmagan xabarlar tarqalgandi, barchasi kelishib olingandek edi, ammo lissabonliklar ushbu forvard juda ko‘p miqdorda maosh talab qilgani uchun muzokaralarni to‘xtatdi. Shundan so‘ng agentlar Kavanining xizmatlarini deyarli barcha top-klublarga taklif qilib ko‘rishdi, faqat «MYU» futbolchining moliyaviy talablariga rozi bo‘ldi. Urugvaylik hujumchi yangi jamoasida 7 raqamini oldi, lekin ko‘pchilik u asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishiga ishonqiramayapti.
Kay Xavers, Timo Verner, Ben Chiluell, Hakim Ziyosh, Eduar Mendi, Malang Sarr, Tiagu Silva
Qayerga: «Chelsi»

Bu transferlarni bittama-bitta sanab, ushbu materialga kiritish imkonsiz. So‘nggi bir yil davomida taqiq tufayli yangi xaridlarni amalga oshira olmagan «Chelsi» yozgi transferlarning eng faol jamoasiga aylandi. Havers yozgi transferlardagi eng qimmatbaho xarid bo‘ldi (80 million yevro), Verner — oltinchi (53 million yevro). «Chelsi» hatto darvoza chizig‘ini yangiladi — endi klubda asosiy darvozabon «Renn»ning sobiq posboni Mendi bo‘ladi. Frenk Lemparddan bu futbolchilarni hamjihatlikda o‘ynata olish talab etiladi.
Luis Suares
Qayerdan: «Barselona»
Qayerga: «Atletiko»
Bahosi: erkin agent

«Barselona» Messi bilan xayrlashmadi, ammo boshqa bir faxriy yulduzini qo‘yib yubordi. Kataloniyaliklar olti yil muqaddam Suares uchun 80 million yevro to‘lashgandi, hozir esa tajribali futbolchini to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibga tekinga berib yubordi. Hali bir yillik shartnomasi bo‘lgan urugvaylik futbolchi bilan shartnoma bir tomonlama bekor qilindi — «Barsa» buning uchun futbolchiga tovon puli ham to‘lab berdi. Suares yangi jamoasidagi debyutini a’lo darajada o‘tkazdi: ikkinchi bo‘lim oxirida zaxiradan maydonga tushib, bir golli uzatma va ikki gol muallifi bo‘ldi.
Garet Beyl
Qayerdan: «Real»
Qayerga: «Tottenxem»
Bahosi: ijara

Beylning Zinedin Zidan va «Real» bilan munosabatlari kundan kunga yomonlashib boraverdi. Ish shunga borib yetdiki, ushbu uelslik yulduz futbolchi Chempionlar ligasi o‘yinlari uchun zayavka qilinmadi. Karantindan keyin Beyl atigi ikki o‘yinda ishtirok etdi, qolgan o‘yinlarni zaxira o‘rindig‘idan kuzatdi. U shu yozda ketishi aniq bo‘lgandi, ammo 31 yoshli bu forvardning maoshini to‘lashga rozi bo‘lgan jamoa chiqavermadi. Oxir-oqibat Beylni sobiq klubi «Tottenhem» o‘z safiga qo‘shib oldi. Lekin u hali «shporlar» safida maydonga tushmayapti — odatdagi kabi jarohatini davolamoqda.
Tomas Partey
Qayerdan: «Atletiko»
Qayerga: «Arsenal»
Bahosi: 50 million yevro

Primeraning eng kuchli tayanch yarimhimoyachilaridan biri «Yuventus»ga yoki «PSJ»ga ham o‘tishi mumkin edi, ammo «Arsenal» barchani dog‘da qoldirdi. Londonliklar 27 yoshli ganalik futbolchi transferi uchun oxirigacha harakat qilishdi, Diyego Simeone bu futbolchini sotishga qattiq qarshilik ko‘rsatgandi: ispan matbuotida yozilishicha, «Atletiko» bosh murabbiyi afrikalik futbolchi ketganidan xabar topgach, qattiq g‘azablangan. «Arsenal» transferlarning so‘nggi kunida madridliklarni aylanib o‘tib, La Liga rahbariyatiga Parteyning shartnomasida belgilangan badal pulini to‘lashlari haqida ma’lum qilgandi. Londonliklar klubi uchun ushbu transfer — muhim. «Kanonirlar»da tayanch yarimhimoya chizig‘ida Patrika Viyeyradan keyin munosib futbolchi o‘ynamadi, Partey esa bunday ishlarni bajarishda eng yaxshilardan biri. Madridga Londondan boshqa bir tayanch yarimhimoyachisi Lukas Torreyra yo‘l olgan.
Xames Rodriges
Qayerdan: «Real»
Qayerga: «Everton»
Bahosi: erkin agent (OAV ma’lumotiga ko‘ra, transfer inglizlarga 20 mln yevroga tushgan)

«Everton» premer-liga turnir jadvalining o‘rtasida yuraverishdan charchadi va tarkibni jiddiy ravishda kuchaytirishga qaror qildi. Karlo Anchelotti bosh murabbiy bo‘lganida bu ish osonroq kechadi: italiyalik mutaxassis «Napoli»dagi sobiq shogirdi Allanni (25 mln yevro), shuningdek, «Real» va «Bavariya»da o‘zi bilan birga hamkorlik qilgan Xames Rodrigesni Angliyaga kelishga ko‘ndirdi. «Everton» «Uotford»dan Abdullaye Dukureni ham sotib oldi (22 mln yevro), «Shalke»ga ijaraga berilgan Jonjo Kenni ham qaytdi. Kolumbiyalik futbolchi faoliyatida yangilik qilishi zarur ham edi — uning yulduzi so‘nggi yillarda so‘na boshlagandi. Xames o‘tgan mavsumni yoki zaxira o‘rindig‘ida yoki «Real» lazaretida o‘tkazdi, hozir esa «Everton»ni Angliya chempionatida birinchi o‘ringa olib chiqdi. To‘rt o‘yinda 3 gol va 4 golli uzatma — Xames uchun ajoyib start.
Leroy Sane
Qayerdan: «Manchester Siti»
Qayerga: «Bavariya»
Bahosi: 45 million yevro

Vaqt davom etadi, «Bavariya» esa Germaniya terma jamoasiga aylanishda davom etadi. Jamoa bu niyatini hech kimdan yashirib ham o‘tirmaydi. Klub boshqaruvi raisi Karl-Xayns Rummenigge ushbu futbolchi transferidan keyin shunday degandi: «Biz o‘z oldimizga eng yaxshi nemis futbolchilarini to‘plash maqsadini qo‘yganmiz — Sane bilan shartnoma imzolanishi ham shuning uchun». Leroy bir yil oldin ham «Manchester Siti»dan ketishi mumkin edi, ammo 2019 yil avgust oyi boshida tizzasidan og‘ir jarohat oldi va nemislar klubi transferni kechiktirishdi. Umuman olganda, hech narsa o‘zgarmadi, faqat «Bavariya» bir yil muqaddam Sanega 100 million yevrodan ortiq mablag‘ to‘lashga tayyor edi, bu yil esa u ikki baravar arzonroqqa tushdi.
Ruben Diash
Qayerdan: «Benfika»
Qayerga: «Manchester Siti»
Bahosi: 68 million yevro

«Manchester Siti» himoyachilar bilan shartnoma imzolashda davom etdi. Britaniya nashrlari hisobiga ko‘ra, Xosep Gvardiola davrida bu chiziq uchun sarflangan xarajatlar miqdori qariyb yarim milliard yevroga yetgan. Klub yozgi transferlar davomida «Napoli»dan Kalidu Kulibalini (30 yoshga chiqayotgan futbolchi uchun 80 mln yevro) yoki «Sevilya»dan Jyul Kundeni (21 yoshli futbolchiga 50 mln yevro) sotib olishga harakat qilgandi, yakunda 23 yoshli Ruben Diash 68 mln yevroga xarid qilindi. Diash birinchi pasda yaxshi - 88,6 foiz aniqlik (bu Gvardiola uchun eng muhimi), ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydi - bir o‘yinda o‘rtacha 2,6 marta yuqori qavatda to‘p uchun kurashda g‘olib chiqqan, shuningdek, mavsumdan mavsumga diagonal uzatmalar bo‘yicha o‘sib borgan - bir o‘yinda o‘rtacha 4,5ta aniq pas. U muammosiz to‘pni raqib jarima maydoni hududiga yetkazib berishi mumkin. Qisqasi, «shaharliklar» uchun mos futbolchi va uzoq vaqtlar davomida jamoada muvaffaqiyatli to‘p surishi mumkin. Uning transferi doirasida «Benfika»ga 15 mln yevro evaziga Nikolas Otamendi yo‘l oldi. 
Donni van de Bek
Qayerdan: «Ayaks»
Qayerga: «Manchester Yunayted»
Bahosi: 39 million yevro

Yozgi transferlar davomida «MYU» «Borussiya»dan Sanchoni yoki «Barselona»dan Usmon Dembeleni olib kelishi haqida tinimsiz xabarlar chiqib turdi, lekin jamoaning yozdagi asosiy xaridi «Ayaks»dan 23 yoshli Donni van de Bekni olib kelishi bo‘ldi. Ammo u qay maqsadda taklif qilingani hozircha aniq emas, uning pozitsiyasida o‘tgan mavsumda Brunu Fernandesh yorqin o‘yin ko‘rsatgan, mavsum startida ham shu ruhda davom etmoqda, shu pozitsiyada o‘ynovchi Pol Pogba ham hech qayerga ketmadi. Niderlandiyalik futbolchi esa zaxirada o‘tirib imkoniyatini kutmoqda. Sulsher uni Matich o‘rnida o‘ynatishga harakat qilmoqda, lekin raqib hujumlarini buzish bilan shug‘ullanish uchun ustun jihati emas. Ha, u Amsterdam jamoasida vaqti kelsa tayanch yarimhimoyasida ham o‘ynardi, ammo Erediviziya bilan APLni taqqoslab bo‘lmaydi. Kutamiz, norvegiyalik mutaxassis ushbu iste’dodli futbolchiga qanday vazifa topshirarkan.
Serjino Dest
Qayerdan: «Ayaks»
Qayerga: «Barselona»
Bahosi: 21 mln yevro

Kuman kelgach tarkibda «tozalash» o‘tkazgan «Barselona» rahbariyati (Rakitich, Vidal, Suares, Semedu, Todibo, Rafinya, Miranda) so‘nggi kunlargacha Depay va Garsiyani olib kelishga besamar urindi va transferlar darichasini muvaffaqiyatsiz yakunladi. Lekin jamoa «Vulverhempton»ga katta pul evaziga sotilgan Semedu o‘rniga «Ayaks»dan 21 mln yevro evaziga amerikalik 19 yoshli iste’dodli futbolchini olib keldi. U hozircha kataloniyaliklar klubiga moslashishda davom etmoqda, ushbu o‘ng qanot himoyachisi keyinchalik maydonda Serxio Robertoning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Uni Niderlandiyada bejiz «yangi Alvesh» deb atashmaganini tez orada bilib olamiz.
Bonus
Gunnerzavr
Qayerdan: «Arsenal»
Qayerga: Hech qayerga

Dushanba kuni Yevropada transferlar oynasi yopildi, ammo bu kundagi asosiy voqealardan futbolchi bo‘lmagan shaxsning klubni tark etayotgani bo‘ldi. Gap shundaki, «Arsenal» o‘z maskoti — Gannerzavr qisqartirishga tushganini ma’lum qildi. Bu yoqimli dinozavr 27 yildan buyon «kanonirlar»ning o‘yinlarida ishtirok etib kelardi. Lekin rahbariyat koronavirus pandemiyasi davrida unga ortiqcha xarajat qilishni istamadi.
Bu xabar butun Angliya va Yevropada keng muhokama qilindi, ko‘pchilik Parteyning transferi uchun 50 million yevroni ayamagan rahbariyatni aybladi. BBC telekanali tahliliy dasturining katta qismini shu mavzuga ajratdi, «Arsenal» muxlislari Gunnerzavrni qaytarish uchun xayriya boshlashdi va qisqa muddatda 11 ming funt yig‘ildi. Ayrim klublar maskot bilan shartnoma imzolashlari haqida xabar qilishdi. Masalan, «Sevilya» va «Spartak».
Ammo 6 oktyabr kuni ko‘pchilik futbol muxlislari yodidan chiqa boshlagan Mesut O‘zil sahnada paydo bo‘ldi. U «Arsenal» futbolchisi sifatida qolar ekan, Jerri Kining maoshini to‘lab borishini ma’lum qildi.
«Men «Arsenal» futbolchisi ekanman, klubning ulkan va sadoqatli maskotimiz uchun xarajatlarini qoplab beraman. Shunday ekan, Jerri o‘z ishini davom ettirishi mumkin», dedi u.
505   
Добавить комментарий
Ваше имя: *