Goal24.uz » Transfer » Messi, Saloh, Neymar va Azar. Transfer narxi keskin pasayib ketgan mashhur futbolchilar haqida

Messi, Saloh, Neymar va Azar. Transfer narxi keskin pasayib ketgan mashhur futbolchilar haqida

Автор: admin

Yevropada transferlar mavsumi yakunlanganiga ham ma’lum vaqt bo‘ldi. Mustaqil Transfermarkt portali esa ko‘hna qit’aning eng yaxshi futbolchilari qiymatini yangiladi. Ansu Fati singari 17–20 yoshli bolakaylar qimmatlashayotgan bo‘lsa, anchayin nomdor futbolchilar sezilarli darajada arzonladi. Demak, quyida turli sabablarga ko‘ra narxi pasaygan mashhur futbolchilar haqida fikr yuritiladi.
Sadio Mane “Liverpul”
30 million yevro (150 mlndan 120 mlnga)

Senegallik futbolchi 2019/2020-yilgi mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi: u “qizillar” tarkibida 47 uchrashuv o‘tkazib, 22 ta gol va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Nima uchun unda uning narxi tushdi dersiz? Sababi koronavirus pandemiyasi! 2020-yilning bahorida Transfermarkt o‘yinchilarning narxlari ularning yoshiga qarab 10-20 foizgacha pasayishi mumkinligini e’lon qilgandi. Sadio  o‘z qiymatining atigi beshdan bir qismini yo‘qotdi. Buning ustiga mavsum qayta tiklanganidan so‘ng uning samaradorlik ko‘rsatkichlari pasayib ketdi – 9 uchrashuvda atigi 4 ta gol. Tanaffusdan oldin Mane shunchaki  dahshatli o‘yin namoyish etayotgandi.
Harri Keyn “Tottenhem”
30 million yevro (150 mlndan 120 mlnga)

Xuddi Maneda bo‘lgan vaziyat Keynda ham kuzatildi. Uning qiymati transfer bozoridagi inqiroz sabab pasaydi. Bundan tashqari, “Tottenhem” yetakchisi yanvar oyida jarohat tufayli safdan chiqib, faqat iyun oyiga kelibgina maydonga qaytgandi. Harri 2020/2021-yilgi mavsumda esa ajoyib statistika qayd etmoqda: 8 o‘yin, 8 ta gol va 7 ta golli pas. Agar u butun mavsum davomida shu samaradorlikni saqlab qolsa, yana qiymatini ko‘tarib olishi hech gap emas.
Muhammad Saloh “Liverpul”
30 million yevro (150 mlndan 120 mlnga)

Tan olish lozim 2017/2018-yilgi ajoyib mavsumdan keyin Saloh biroz sekinlashdi. O‘shanda u 52 uchrashuvda 44 gol urgandi, shuningdek, 16 ta assistni ham o‘z nomiga rasmiylashtirib qo‘ygandi. Misrlik oxirgi vaqtlarda 150 million yevrolik o‘yin ko‘rsata olmayotgani kabi, hozircha o‘sha aqlbovar statistikaga ham yeta olmayapti.
Kevin de Bryuyne “Manchester Siti”
30 million yevro (150 mlndan 120 mlnga)

Kevin de Bryuynening yangi narxi ko‘pchilikni hayratlantirdi. Boisi yarim himoyachining o‘tgan yilgi muvaffaqiyatli o‘yiniga qaramay, uning ko‘tarilish o‘rniga pasaygan. Kevin yuqorida nomlari zikr etilgan  o‘yinchilardan farqli o‘laroq, katta o‘sishni namoyish etgandi. De Bryuyne 13 gol va 20 golli uzatma bilan “gol+pas” tizimi bo‘yicha APLning 2019/2020-yilgi mavsumdagi eng yaxshisi bo‘lgandi. Ushbu masala yuzasidan Transfermarkt vakillaridan izoh so‘ralganida, ular narxi 100 million yevro va undan yuqori bo‘lgan yetakchi futbolchilarning qiymati bir muncha vaqt davomida o‘zgarmay qolishini ma’lum qildi. Bu transfer bozorining koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qanday javob bergani bilan bog‘liqligi qo‘shimcha qilindi. Shuning uchun hatto de Bryuyne mavsumni ajoyib o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning narxi ko‘tarilmagan. Yana bunga yozgi transfer oynasi ham bilvosita ta’sir ko‘rsatdi – 5 yil ichida ilk bor 100 million yevro va undan yuqori bo‘lgan transfer amalga oshmadi. Hatto top-klublar ham moliyaviy yo‘qotishlarga duch keldi: ular uchun ham bunday hajmdagi transferlarni amalga oshirish katta muammoga aylanib qoldi.
Rahim Sterling “Manchester Siti”
32 million (160 mlndan 128 mlnga)

So‘nggi uch yil ichida Sterling bir xil, ya’ni yuqori darajadagi o‘yinni namoyish etmoqda va har mavsumda kamida 40 tadan samarali harakatni amalga oshirmoqda. Ko‘rinib turibdiki, Transfermarkt’ga bu yetarli bo‘lmagan. “Futbolchining narxiga nafaqat uning o‘yin sifati ta’sir qiladi. Balki narxlar ro‘yxati boshqa narsalar qatori, futbolchiga bo‘lgan talabga qarab tuzilgan”, – deya izoh beradi portal vakillari Rahim borasidagi savolga. Hozircha unga faqat “Real” qiziqish bildirmoqda, ammo “Manchester Siti” o‘z yetakchilaridan birini “qandaydir” 128 millionga qo‘yib yuborishi amri mahol.
Neymar PSJ
32 million (160 mlndan 128 mlnga)

Neymarning ham narxi pasayishda davom etmoqda. Buning eng asosiy sabablaridan biri uning boshqa yetakchi chempionatlardan quyida keltiriladigan Liga 1 da o‘ynayotganidir. Bundan tashqari, Neymarning samaradorligi ham avvalgidek emas. So‘nggi vaqtlarda Neymar jarohatlar bilan ham “chiqishib” qolgani ham rost: uch yil ichida (Fransiyada) u deyarli 400 kunni maydon tashqarisida o‘tkazdi. Taqqoslash uchun “Barselona”da bu raqam ikki baravar kam edi.
Antuan Grizmann “Barselona”
40 million (120 mlndan 80 mlnga)

Grizmanning “Atletiko”dan “Barselona”ga o‘tishi faoliyatidagi eng katta xatoga o‘xshaydi. Har xolda hozircha shunday bo‘lib turibdi. Grizmann birinchi mavsumda kataloniyalik muxlislar tomonidan unga bildirilgan umidlarning hech birini oqlamadi. Ikkinchi mavsum Grizmann o‘zini tiklab olishi uchun yordam berishi mumkin. Biroq Antuan uni ham muvaffaqiyatsiz boshladi: La Liganing dastlabki 3 ta uchrashuvida na gol urdi va na assist berdi. Buyog‘iga nima bo‘lishini esa faqat vaqt ko‘rsatadi.
Lionel Messi “Barselona”
40 million (140 mlndan 100 mlnga)

Allaqachon 33 yoshni urib qo‘ygan Messining harakatlari hamon hurmat va tahsinga sazovor. Biroq aynan mana shu yosh uning narxi pasayishiga sabab bo‘ldi. Taqqoslash uchun Krishtianu Ronalduning transfer yorlig‘i allaqachon 60 million yevroga teng, garchi u Leodan atigi ikki yosh katta bo‘lsa ham. O‘tgan yozda Transfermarkt portugaliyalikni 90 million yevroga baholagandi. Messini ham, taxminan, shunday kelajak kutmoqda.
Kepa Arrisabalaga “Chelsi”
42 million (60 mlndan 18 mlnga)

Ispaniyalik “Chelsi”da tom ma’noda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. “Aristokratlar” Kepa uchun sarflagan samoviy 80 million yevro havoga uchgan pufak misoli yo‘q bo‘lib ketdi. Kepaning xatolari esa allaqachon tizimli xarakter kasb etib bo‘lgan: u deyarli har bir uchrashuvda gol olib keladigan qo‘pol xatolari bilan yodda qoldi. “Chelsi” uning o‘rniga Eduard Mendi ismli yangi darvozabon topib keldi. Hozir ko‘pchilikni faqat bir savol o‘ylantirmoqda – Kepaning taqdiri nima bo‘ladi?
Eden Azar “Real”
60 million yevro (120 mlndan 60 mlnga)

Ronaldu Turinga ketib qolgach, Florentino Peres uning o‘rnini har tomonlama bosa oladigan yulduz olib kelishi kerak edi, shunday bo‘ldi ham, yulduz olib kelindi. Eden Azar “Real”ga o‘z pozitsiyasida dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri sifatida kelgandi. Biroq kelishi bilan u jarohat orttirib oldi. Keyin esa yana boshqasi. Shu tariqa Azar “qaymoqranglilar” lageridagi to‘liq bo‘lmagan olti oy ichida to‘rt marta jarohat oldi. Ispan matbuotining yozishicha, Eden hozirda yana jarohat olishdan qo‘rqib qolgan, bu esa uning tiklanish jarayonini kechiktirmoqda. “Real” hattoki, unga bu qo‘rquvdan xalos bo‘lishi uchun ruhshunos ham yollagan. Bu unga qanchalik yordam berishi tez orada ma’lum bo‘ladi. Biroq nima bo‘lganda ham belgiyalikning avvalgi darajasiga qaytishi juda juda qiyin masala.
512   
Добавить комментарий
Ваше имя: *