Goal24.uz » Transfer » Yevropada qishki transferlarning so‘nggi haftasidagi 10ta asosiy intriga

Yevropada qishki transferlarning so‘nggi haftasidagi 10ta asosiy intriga

Автор: admin

Yevropada qishki transferlar yakuniga yetmoqda. 31 yanvar kuni kuchli beshlik chempionatlarida transferlar darichasi yopiladi.
Avvallari qanday bo‘lgan?
Qayd etish kerakki, Yevropada yanvar oyidagi transferlar — hamisha ham yodda qolarli transferlar bo‘la olmaydi. Qishda katta transferlar amalga oshirilishi — kam uchraydigan holat. Albatta, istisnolar ham bo‘ladi. Masalan, 2011 yil yanvarida «Chelsi» «Liverpul»dan Fernando Torresni 50 million funtga (58,5 million yevro) sotib olgandi — o‘shanda bu ingliz klublari uchun rekord bo‘lgan, futbol tarixida esa 6-o‘rinda qayd etilgandi.
Ammo, masalan, o‘tgan yilda APLda qishdagi eng yirik transfer Migel Almironning «Atlanta»dan (Italiyaning «Atalanta»si emas) «Nyukasl»ga 20 million funtga o‘tgani bo‘lgandi. Bu 8 yildagi inflyatsiya darajasi va ikkita ko‘pmilliardli teleshartnomalar tufayli Angliya klublarining daromadlari o‘sishi evaziga bo‘lgandi. Shuningdek, «Lester» «Monako»dan Yuri Tilemansni safiga qo‘shib olgan, «MYU» Marvon Fellaynini Xitoyga jo‘natgan edi.
2019 yil yanvarida APL klublari yangi xaridlar uchun jami 191 million yevro sarflashgan, bu pullar atigi 29 futbolchi uchun sarflangandi. Taqqoslash uchun, 2018 yil yozida ingliz klublarining transferlar uchun umumiy xarajati qariyb bir yarim milliard yevroga yetgandi — 1,421.
Shunga o‘xshash holat boshqa top-chempionatlarda ham kuzatiladi. Ispaniyadagi klublar 2019 yil yanvarida yangi futbolchilar uchun jami 72,8 million yevro (35 transfer sarflagan). Italiyada — 146 million yevro (29ta transfer), bu mablag‘larning yarmi «Milan» tomonidan sarflangan, klub Lukas Paketa va Kshishtof Pyontek uchun 38 million yevrodan to‘lagandi. Germaniyada — 73,6 million yevro (21ta transfer). Fransiyada — 86,7 million yevro (33ta transfer), ammo bu mablag‘ning qariyb yarmi — Leandro Paredesning «Zenit»dan «PSJ»ga transfer bo‘lishi uchun sarflangan, to‘rtdan bir qismi esa — ligani tark etishdan qutulib qolish uchun yangi tarkib yig‘ishga kirishgan «Monako» hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2020 yilgi qishki transferlar oynasida hozircha juda katta transferlar bo‘lmadi, ammo transferlarning so‘nggi kuniga qadar bunga umid saqlanib qoladi.
«Barselona» Eriksenni o‘ziga og‘dira oladimi?

Kristian Eriksen qishda «Tottenhem»ni tark etishiga shubha yo‘q. Daniyalik futbolchi o‘tgan yil yozidayoq klubdan ketishga harakat qilgan, ammo negadir klubdagilar uni olib qolishgandi. Ammo bundan hech bir naf bo‘lmadi – mavsumning birinchi qismida ushbu yarimhimoyachi klub uchun o‘ynashni istamayotganini bildirib qo‘ydi.
Ayni vaqtda Eriksenga asosiy da’vogar – Milanning «Inter» klubidir. Italiyadagi nufuzli La Gazzetta dello Sport nashri qora-ko‘klar daniyalik futbolchi transferini 27 yanvar kuni e’lon qilishi, uning transferi italyanlar klubiga 20 mln yevroga tushishi haqida xabar tarqatdi. Ammo Britaniyadagi yana bir ishonchli nashr bo‘lmish Sky Sports nashrining tasdiqlashicha, Eriksenni «Barselona» o‘z safiga qo‘shib oladi.
«PSJ» Kavanini qo‘yib yuboradimi?

Urugvaylik forvard hozircha «PSJ» «turmasida chirimoqda». Parijliklar klubi Kavanini zaxira o‘rindig‘iga o‘tirg‘izib qo‘yishgan va na uni sotishga rozi bo‘lishmoqda, na u bilan shartnomani uzaytirishmoqda. Holbuki futbolchining amaldagi shartnomasi muddati shu yilning yozida yakuniga yetadi.
«Ular futbolchiga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishmoqda, u «Pari Sen-Jermen» uchun nimalar qilganini hisobga olishmayapti… Men xafaman, ular juda yomon munosabatda», — deydi hujumchining onasi. 
Yanvar oyi boshida «Atletiko» forvard uchun 10 mln yevro taklif qilgandi, ammo «PSJ» rad etdi – fransuz klubi bosslari futbolchiga ko‘proq narx berilishini kutishmoqda. Bir hafta oldin Edison uchun kurashga «Chelsi» ham qo‘shildi. Bundan tashqari, «Atletiko» o‘z taklifini moliyaviy jihatdan yaxshiladi. Endi Kavani klubi rahbariyatining ochko‘zlik o‘rniga sog‘lom aql bilan qaror qabul qilishini kutmoqda.
Jiru qayoqqa yo‘l oladi?
Jahon chempioni bo‘lgan ushbu hujumchi Frenk Lempard jamoasida hatto ikkinchi emas, uchinchi forvard bo‘lib qoldi. London klubida Jiru deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti va ketishni istamoqda. Hozirda ushbu fransuz uchun «Bordo», «Aston Villa» va «Yuventus» klublari ham da’vogar bo‘lib turibdi. Ammo futbolchi uchun asosiy da’vogar «Inter» hisoblanadi. Lempard hujumchini qo‘yib yuborishga qarshi emas, ammo ma’lum shartlar evaziga. 
«Biz Olive bilan gaplashdik va bir xulosaga keldik, ammo kelishuvdan hamma rozi bo‘lishi kerak: futbolchining o‘zi ham, men ham, klub ham, jamoadagilar ham. Ko‘ramiz bundan nima chiqarkin», — deydi angliyalik murabbiy.
Transfer taqiqi yechilgan «Chelsi» Chalovni sotib oladimi?
O‘tgan yilning dekabr oyi boshida Sport arbitraj sudi (CAS) «Chelsi» uchun transfer taqiqini ikki transfer oynasidan bittaga tushirdi va endi bu qishda «ko‘klar» yangi futbolchilarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Lekin londonliklar hozircha faqat Norvegiya yoshlar jamoasining 16 yoshli forvardi Brayan Fyabemuni safga qo‘shib olgan. Ingliz klubi Lempard yarim yilda qurgan jamoaga zarar yetkazib qo‘ymaslik uchun transfer bozorida ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Jamoada pozitsiyalar bo‘yicha yaqqol muammolar yo‘q – faqat muayyan nuqtalarni kuchaytirishga zarurat bor.
Yuqorida «Chelsi»ning Kavaniga qiziqishi haqida yozildi. Londonliklar Sancho, Isko, Mertens, Dembele, Zaa, Poup va hatto rossiyalik hujumchi Fyodor Chalovga ham qiziqishmoqda. Ko‘ramiz, bu futbolchilarning qaysi biri ko‘klar safida paydo bo‘lar ekan.
«MYU»da yana transferlar barbod bo‘ladimi?
«Manchester Yunayted»ning «Byornli»dan mag‘lubiyatidan keyin mankunianliklarning sobiq futbolchilaridan biri Rio Ferdinand shunday dedi: «Jamoaga kelgan ba’zi futbolchilarga qarab shunday o‘y keladi: ular «MYU»ning haqiqiy futbolchilarimi? Ularni kim sotib olgan – murabbiy yoki klub? Bu tarkibni yig‘ish uchun 600 mln funt sarflandi, lekin mavsumdagi eng yaxshi futbolchilar klub tarbiyalanuvchilari bo‘lib chiqmoqda. Bu shuni anglatadiki, bu tarkibni yiqqan odam o‘z ishini to‘g‘ri bajarmagan».
Chindanam «MYU»ning so‘nggi besh yildagi omadli transferlari bir kaftdagi barmoqlar bilan sanagulik. «Qizil iblislar» tez-tez qimmatbaho futbolchilarni xarid qilishadi, lekin bu futbolchilar sarflangan mablag‘larni oqlashmaydi. Hozirda mankunianliklar nishonida «Sporting» yetakchisi Brunu Fernandesh, shuningdek jarohat olib safdan chiqqan Reshford o‘rniga Slimani («Monako») va Igalo (Xitoy chempionati) turibdi.
«Barselona» himoya chizig‘i qanday o‘zgaradi?
Qishda «Barsa» himoyasida jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Kataloniyaliklar bu mavsumda Primeroning atigi 5 o‘yinida maydonga tushgan Samuel Yumtitidan xalos bo‘lishmoqchi (fransuz himoyachiga «Arsenal», «MYU» va «Siti» kabi klublar da’vogar), uning o‘rniga yosh va istiqbolli markaziy himoyachi sotib olish rejalashtirilgan. Katalon klubi «Leypsig»dan 21 yoshli Dayo Upamekano va «Koritba»dan 17 yoshli Yan Koutoni sotib olishni rejalashtirishgan. Sport.es nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Barsa» brazil klubi bilan yosh futbolchi transfer masalasini hal qilgan. Ammo oldindagi hafta ichida klub himoyasini chindan kuchaytiradigan futbolchi ham keladimi?
Obameyang «Arsenal»dan ketadimi?

Yevropada qishki transferlar yakuniga 10 kun vaqt qolganida Mundo Deportivo nashri «Barselona»ning «Arsenal»ning gabonlik forvardiga qiziqishi mavjudligi haqidagi insaydni tarqatdi. Manba ma’lumotiga ko‘ra, katalonlar Obameyangni og‘ir jarohat tufayli uzoq vaqtga safdan chiqqa Suaresga o‘rinbosar sifatida ko‘rishmoqda. Keyinroq nashr yanada batafsil ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Obameyang go‘yoki katalonlar safiga o‘tishga rozilik bildirgan va transfer shu qishdayoq amalga oshadi. Bu ma’lumot qanchalik haqiqatga yaqinligini bir hafta ichida bilib olamiz.
«Siti» himoyasini kim kuchaytiradi?
APL turnir jadvalida «Liverpul» va «Siti» o‘rtasidagi ulkan farq — nafaqat Klopp jamoasining aqlbovar qilmas o‘yini tufayli, balki Manchester klubidagi jiddiy muammolar tufayli hamdir. Gvardiolaga markaziy himoyachilar saviyasi xalal bermoqda. Hozirda «Siti»da atigi 4 nafar nominal markaziy himoyachi bor. Lekin ularning ikkisi mavsumning asosiy qismida maydonga tusha olishmadi: Laport jarohatlangan, Garsiya esa top-klubning asosiy tarkibida o‘ynash uchun hali yoshlik qiladi. Bunday vaziyatda «shaharliklar» qishda birinchi navbatda himoya chizig‘ini kuchaytirishga harakat qilishini kutish mumkin. Hozirda «Manchester Siti» «Lester»dagi Jonni Evans va Chag‘lar Suyunchiga, «Barselona»dagi Samuel Yumtitiga, «Leypsig»dagi Dayo Upamekanoga hamda «Benfika»dagi Ruben Diashga qiziqmoqda.
Gyotse yozgacha «Borussiya» Dortmundda qoladimi?

Yozda Mario Gyotsening shartnomasi tugaydi – «Borussiya» yarimhimoyachiga yangi shartnomaga taklif qilmoqda, ammo maoshi kamaygani uchun futbolchi bu shartnomani rad etmoqda. Endi masala futbolchi klubni qachon tark etishida qolgan — qishda ma’lum miqdordagi mablag‘ evaziga yoki yozda erkin agent maqomida tekinga. Marioning xizmatlariga Bundesliganing «Herta» va «Kyoln» klublari qiziqmoqda.
«Milan» Pyontek bilan xayrlashadimi?
Ibrahimovich «Milan»ga qaytgunicha ham Kshishtof Pyontek doim ham boshlang‘ich tarkibda tushavermayotgandi, shved futbolchisi kelgach esa u maydonga tushishni to‘xtatdi. «Rossoneri»ning A Seriya doirasidagi uchta o‘yinda ham polyak hujumchi zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi. «Kshishtof shunchaki zaxira o‘rindig‘ida o‘tira olmaydi, u Yevropa chempionati arafasida yaxshi formada bo‘lishni istaydi. U doimo o‘yinlarda qatnashishni istaydi. Agar «Milan»da buning imkoni bo‘lmasa, klubni almashtirishga tayyor», — degan futbolchining otasi Vladislav Pyontek.
Hozirda forvardga qiziqish bildirgan «Manchester Yunayted», «Tottenhem» va «Atletiko» klublariga milanliklar klubi tomonidan rad javobi berilgan. «Barchasi transferlar oynasining so‘nggi haftasida hal bo‘ladi», — deya ishonch bildirgan futbolchining otasi.


522   
Добавить комментарий
Ваше имя: *