Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » O‘zil, Obameyang , Sanches va boshqalar. “Arsenal” tarixidagi eng qimmat transferlar haqida

O‘zil, Obameyang , Sanches va boshqalar. “Arsenal” tarixidagi eng qimmat transferlar haqida

Автор: admin

Londonning “Arsenal” klubi har doim ham transfer bozorida faol harakat qilavermaydi. Odatda “to‘pchilar” potensial yangi futbolchilarni imzolashda o‘ta ehtiyotkor bo‘ladi. To‘g‘ri, har transfer oynasida “kanonirlar” ko‘plab o‘yinchilarni kuzatadi, muzokara o‘tkazadi, biroq ularning barchasi ham yakunda Londonga qadar yetib kela olmaydi. Ammo agar ingliz klubiga haqiqatan ham u yoki bu futbolchi kerak bo‘lsa, ular pul yoki kuchlarni ayab o‘tirmaydi.  Demak, quyida “Arsenal” tarixidagi eng qimmat transferlar haqida batafsil hikoya qilinadi.
Vilyam Saliba (27 million funt)

“Sent-Etyenn” tarbiyalanuvchisi 2019-yilning yozida “Arsenal” safiga qo‘shiladi. Tomonlar besh yillik shartnoma imzolanishi bilan “to‘pchilar” Salibani o‘z klubiga ijaraga qaytarib yuboradi. 2020/21-yilgi mavsumda to‘laqonli ravishda Londonga qaytgan 19 yoshli markaziy himoyachi hali asosiy jamoada debyut qilganicha yo‘q. Bundan tashqari, futbolchi Yevropa Ligasi qaydnomasiga ham kiritilmadi. Shunga qaramay, “kanonirlar” fransuzdan forig‘ bo‘lish haqida o‘ylamayapti. Mikel Arteta hamon yosh himoyachining tarkibdan joy olish uchun kurasha olishiga umid bildirmoqda.
Genrix Mxitaryan (30,6 million funt)

“Yunayted”dagi faoliyati unchalik omadli chiqmagan Mxitaryan 2018-yilning yanvarida “Arsenal”ga o‘tdi. Ammo Genrix Londonda ham uzoq qola olmadi. “Kanonirlar” safida o‘tkazgan 1,5 mavsum davomida armanistonlik faqat rotatsion futbolchi rolini bajardi, xolos. 2019/20-yilgi mavsum esa yarim himoyachi uchun tom ma’noda dahshatli tush kabi o‘tayotgandi, shu bois to‘pchilar uni “Roma”ga ijaraga berib yubordi. Rimliklar futbolchini “o‘ziniki” deb qabul qilishi bir nechta uchrashuv kerak bo‘ldi, xolos. Mavsumlar oralig‘ida klublar vakillari Mxitaryan transferi borasida uzoq va murakkab muzokaralarni olib bordi va oxir-oqibat “Arsenal” yarim himoyachini qo‘yib yuborishga rozi bo‘ldi.
Shkodran Mustafi (36,9 million funt)

Mustafi 2016-yilning yozida “Valensiya”dan “Arsenal”ga o‘tgan edi. Jahon chempioni uchun Londonga ko‘chib o‘tish oldinga tashlangan qadam deb baholangandi. Nemis haqiqatan ham Angliyada faoliyatining yaxshi davrlarini o‘tkazdi. Mustafi muntazam ravishda Premyer Liga o‘yinlarida qatnashar va dastlabki 3 mavsumida kamida 25 tadan o‘yin o‘tkazardi. Ammo Mikel Artetaning kelishi bilan himoyachi tobora maydonga kam ko‘rina boshladi. Shubhasiz, 2020/21-yilgi mavsum Mustafi uchun “Arsenal”dagi so‘nggisi bo‘ladi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2021-yil iyunigacha amal qiladi. Tomonlar esa shartnomani uzaytirish haqida o‘ylab o‘tirmasa kerak. Shuningdek, agar taklif bo‘lsa, Mustafining yanvar oyidayoq  “Emireyts”ni tark etish ehtimoli bor.
Aleksis Sanches (38,2 million funt)

2014-yilning iyul oyida Aleksis bilan shartnoma imzolanishi “Arsenal” uchun katta muvaffaqiyat bo‘lgandi. Sanches “Barselona”ni faoliyatining yuqori cho‘qqisida tark etdi: katalon klubida o‘zining uchinchi va oxirgi mavsumida forvard La Ligada 34 uchrashuv o‘tkazib, 19 gol va 11 golli uzatmaga mualliflik qilgandi. “Arsenal”da ham chililik futbolchi darhol o‘ynab keta oldi. Ilk mavsumlardan boshlab Sanches Premyer Ligada kamida 30 tadan o‘yin o‘tkazar va ularda 13, 16 va hatto 24 talab gol urardi. Ammo vaqt o‘tishi bilan Sanches “Arsenal”dan zerikdi. “Kanonirlar” faqat Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchungina kurashardi. Bu esa Sanchesga yoqmasdi va to‘g‘ri kelmasdi. 2018-yilga kelib, chililik sovrinlar ketidan quvib, mavsumning qoq o‘rtasida o‘rtasida “Manchester Yunayted”ga o‘tib ketdi. Baxtga qarshi, hujumchi “Yunayted”da muvaffaqiyatli o‘ynab keta olmadi. Hozirda esa futbolchi A Seriya yetakchilaridan biri “Inter” sharafini himoya qilmoqda.
Granit Jaka (40,5 million funt)

Jaka 2016-yilning yozida “Borussiya M”dan “Arsenal”ga ko‘chib o‘tgan. Yarim himoyachi Londonda hozirgacha yaxshi saviyada o‘ynab kelmoqda.  Shveysariyalik futbolchi London klubida sardorlik darajasigacha ko‘tarildi, biroq muxlislar bilan bo‘lgan mojaro tufayli undan mahrum bo‘ldi. Umuman olganda, Jaka Arsen Venger va Unai Emeri davrida ham jamoaning asosi figuralaridan biri edi. Shuningdek, Arteta ham uni asosiy o‘yinchilaridan biri deb biladi. 2018-yilda yarim himoyachi klub bilan shartnomasini 5 yilga uzaytirdi. Hozir Jaka 28 yoshda. U o‘zini Londonda his qilmoqda. Bir-ikki yildan so‘ng tomonlarning yangi kelishuvga imzo chekish ehtimoli ham yo‘q emas.
Mesut O‘zil (42,3 million funt)

O‘zil “Arsenal”ning dastlabki shov-shuvli xaridlaridan edi. Bungacha Mesut “Real”da 3 ta ajoyib mavsumni o‘tkazishga ulgurgandi. “Qaymoqranglilar” bunday “assistlar qirolini” “Arsenal”ga sotib yuborganidan hatto Krishtianu Ronaldu ham g‘azablangandi. Dastavval O‘zil Londonda ham yaxshi mavsumlarni o‘tkazdi. Nemis Angliyadagi eng yaxshi mavsumini 2015/16-yilda o‘tkazgandi: Premyer Liganing 35 o‘yinida 19 golli uzatma. 2018/19-yilgi mavsumdan boshlab esa yarim himoyachining ishlari yomonlasha boshladi. 2019/20-yilgi mavsumning oxirgi qismi esa o‘ta achinarli tus oldi. Arteta shunchaki uning xizmatlaridan voz kechdi, qo‘ydi. Futbolchi oxirgi marta mart oyida maydonga tushgan. Hozirda O‘zil yozda nihoyasiga yetadigan shartnomasini kutish bilan ovora. Unda boshqa yo‘l yo‘q.
Tomas Parti (45 million funt)

Parti – “Arsenal”ning ushbu ro‘yxatdagi eng oxirgi transferi. “Kanonirlar” 2020-yilgi yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunida yarim himoyachining jamoaga qo‘shilganini e’lon qildi. Shu sababli ularning “Atletiko” bilan munosabatlari yomonlashdi. “Matraschilar” bosh murabbiyi Diyego Simeoneni g‘azablantirgan narsa ular futbolchiga o‘rinbosar topishga ulgurmay qoldi. Ammo Artetaga buning zarracha ham qizig‘i yo‘q. Mutaxassis uzoq vaqtdan beri ganalikni o‘z jamoasiga jalb qilishni xohlab yurgandi. Murabbiy xato qilganmi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. Bugungi kunga kelib, Parti “to‘pchilar” safida safida atigi 3 ta o‘yin o‘tkazdi. Nazariy jihatdan ushbu transfer muvaffaqiyatli bo‘lishi kerak, boisi Arteta yarim himoyachini deyarli “Arsenal”ga kelganidan beri sotib olmoqchi edi.
Aleksandr Lyakazett (47,7 million funt)

“Arsenal” Lyakazetni 2017-yilning iyulida o‘z safiga qo‘shib olgan. “Lion” tarbiyalanuvchisi vatandoshi Vengerning yoniga kelgan bo‘lsa-da, allaqachon Emeri va Arteta bilan ishlashga ham ulgurdi. Barcha murabbiylar bilan fransuz o‘z saviyasida harakat qildi. Ortda qolgan uch mavsumning har birida hujumchi Premyerl Ligada 10 va undan ortiq gollar urib kelmoqda. Lyakazett o‘z ishini imkon qadar bajarmoqda va hech kim undan ortiqcha narsani ham talab qilayotgani yo‘q. Mavsumlar oralig‘ida “Arsenal” fransuzni sotish orqali pul ishlab olmoqchi ekani va uning Arteta bilan munosabatlari darz ketgani to‘g‘risida muntazam mish-mishlar tinmadi. Biroq yakunda u Londonda qoldi. Aftidan, tomonlar tushunmovchiliklarni bartaraf etgan va kelishgan holda ishlashda davom etmoqda. Shu bilan birga u haqidagi uzunquloq gaplar ham to‘xtadi. Lyakazett 2020/21-yilgi mavsumda Premyer Liganing 5 ta o‘yinida 3 ta gol urdi.
Pyer-Emerik Obameyang (57,4 million yevro)

Obameyang “Arsenal”ga 2018-yilning yanvar oyida kelib qo‘shilgandi. Gabonlik futbolchi “Borussiya D”dagi besh yillik faoliyatdan so‘ng to‘pchilar safiga o‘tdi. Futbolchi tezda yangi chempionatga moslashib ketdi. Oldingi ikki mavsumda hujumchi APLda 22 tadan gol urib, jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. 2020-yilning sentabr oyiga kelib, “kanonirlar” bilan shartnomasini 2023-yilning iyunigacha uzaytirdi. Garchi hech qayerda Londondagidan yaxshiroq sharoit yo‘qligi aniq bo‘lsa-da, Obameyangning bu qarorga kelishiga uzoq vaqt ketdi. “Arsenal”da futbolchiga hamma narsa berildi: e’tirof, sardorlik bog‘ichi, yuqori maosh va hokazolar. Bunday sharoitga ega bo‘lgan holda va 31 yoshda biron bir yangi joyga borish katta tavakkal hisoblanadi.
Nikolya Pepe (72 million funt)


Venger ketganidan keyin ham “Arsenal” fransuzlarni “sevish”dan to‘xtamayapti. 2019-yilning avgust oyida “kanonirlar” “Lill” vingeri transferini e’lon qildi, bu shu kungacha klub tarixidagi eng qimmat xarid hisoblanadi. “Lill”dagi so‘nggi mavsumida Pepe g‘ayrioddiy natija ko‘rsatgandi: u Fransiya chempionatining 38 o‘yinida 22 ta gol va 14 ta golli uzatmani amalga oshirgan. O‘tgan mavsumda esa fransiyalik futbolchi APLda 31 ta o‘yin o‘tkazib, 5 ta gol va xuddi shuncha golli uzatmani amalga oshirdi. 2020/21-yilgi mavsumda vinger kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Hozircha “Arsenal” tarixidagi eng qimmat futbolchi o‘ziga bildirilgan umidlarni oqlolmayapti. Ammo fransuzda unga ishonmay chakki qilganliklarini isbotlashi uchun hali vaqt bor.
243   
Добавить комментарий
Ваше имя: *