Goal24.uz » Chempionlar ligasi » Tog‘ tog‘ bilan uchrashmoqda: Messi va Ronaldu 947 kun o‘tib yana to‘qnashadi

Tog‘ tog‘ bilan uchrashmoqda: Messi va Ronaldu 947 kun o‘tib yana to‘qnashadi

Автор: admin

Bugun zamonaviy futbolning eng yetuk ikki namoyandasi Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu yana o‘zaro to‘qnash keladi. Bu katta voqelik bo‘ladi. Chunki ikki daho ming kunga yaqin bir biriga qarshi maydonga tushmagandi (947 kun). Oxirgi marta Ronaldu va Messi 2018 yil 6 may kuni La Liga uchrashuvida to‘qnash kelgandi. 2:2 hisobida yakunlangan o‘sha o‘yinda Ronaldu va Messi bittadan gol urgan.
Ikki yildan buyon Ronaldu va Messi «Oltin to‘p»ni ham qo‘lga kiritgani yo‘q. Bu fakt futbolning yangi qirollari paydo bo‘layotganini anglatishi haqida gapira boshlashdi. Bunday fikrning xato ekanini esa boshqa bir fakt yopib yubordi: Messi va Ronalduning maydonda to‘qnash kelmayotgani butun boshi el klasikoning darajasini tushirib yubordi. La Liga Ronaldu «Real»ga o‘tganda qanchalik ommalashgan bo‘lsa, u «Yuventus»ga ketgach, shunchalik ommaviyligini yo‘qotdi.
Ronaldu La Ligaga o‘tgach, u ham, Messi ham keskin o‘sishga erishdi. Chunki dunyoning eng zo‘r ikki futbolchisi bitta chempionatda o‘ynashi raqobatning maksimal darajada ko‘tarilishiga olib keldi. Ular har mavsumda kamida ikki marta, o‘xshab qolsa 4 martalab bir biriga qarshi maydonga tushardi. Shuningdek, La Ligada g‘olib bo‘lish, La Liga chempionligini qo‘lga kiritish, mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish kabi intrigalar Messi va Ronalduning bir daqiqa ham bo‘shashmasligiga sabab bo‘ldi. Ha, ularning ikkisi ham shaxsiy mukofotlar muhim emasligini aytardi, lekin inson ruhiyatida uning o‘zi ham tan olgisi kelmaydigan narsalar bor. Ronaldu va Messi bir biridan o‘zishga intilmaganda bu qadar kuchli bo‘lishmasdi.

Ronaldu va Messining raqobati shunchalik samimiy ediki, ular bir birini yengilroq troll qilishsa ham yarashib ketaverardi. Masalan, Ronaldu Kataloniyadagi zaxiradan tushgan o‘yinida gol urib, futbolkasini xuddi Messi oldinroq bo‘lgan klasikoda qilgani kabi muxlislarga ko‘rsatganini eslasangiz kerak. Yanada eslashingiz oson bo‘lishi uchun qo‘shimcha ma’lumot: Ronaldu o‘sha o‘yinda hakam bilan tortishib, qizil kartochka olgandi. Agar o‘sha ishni boshqa futbolchi qilganida u tanqid qilinardi, lekin Ronaldu Messining ishini takrorlagani hech kimga g‘alati tuyulmadi. Chunki dunyoda bir biriga teng ikki futbolchi bor va ularning bir biriga nisbatan qilgan hazillari ham chiroyli ko‘rinadi.
JCH-2018 o‘yinida Ronaldu gol urgach, soqolini ushlab, bu harakati bilan echkini eslatgandi. Inglizchada echki (ya’ni goat) barcha davrlarning eng yaxshisi ma’nosini beruvchi (goat – greatest of all time) abbrivatsiyasi sifatida ishlatilishini bilasiz. Qizig‘i, oldinroq bir jurnalda Messining echkini ushlab tushgan rasmlari chop etilgandi.
Xo‘sh, ikki dahoning deyarli ming kun ichidagi ilk to‘qnashuvchi nimasi bilan muhim? Bugungi o‘yinda Messi va Ronaldu o‘zlari bilmagan holda bir narsani isbotlashga urinadi: ular hamon eng yaxshi ekanini isbotlashga. Ular bitta chempionatda o‘ynaganida qay biri zo‘r degan savol aktual bo‘lardi, lekin endi ularning ikkalasi ham futbol taxtidan uzoqlasha boshladi. Bunday holatda Ronaldu va Messi ruhan o‘sha maqsad – hamon ikkisi eng yaxshi ekanini isbotlash yo‘lida birlashsa kerak.

Qisqacha statistika
Messi va Ronaldu o‘zaro 35 marta to‘qnash kelgan. Ularning dastlabki o‘zaro o‘yinlari YeCHL bahslariga to‘g‘ri kelgan. 2007-2008 yilgi YeCHL yarim finalida «Barselona» va «MYU» to‘qnash kelib, unga inglizlar g‘olib bo‘lgan. To‘qnashuv taqdirini Pol Skoulzning yagona super goli hal qilgandi. Biroq 2009 yilda Messi qasos olib, YeCHL finalida Ronalduning «MYU»sini mag‘lub etadi. O‘shandan keyin Ronaldu «Real»ga o‘tdi va ikki daho tez-tez to‘qnasha boshladi.
Ronaldu ilk marta Messining jamoasiga 2011 yil gol urgan. O‘shanda maxsus Messi va Ronaldu uchun Shveysariyada Portugaliya hamda Argentina milliy jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilingandi. U o‘yinda har ikki futbolchi bittadan gol urgan. Ronalduning Messiga qarshi Ispaniyadagi dastlabki o‘yinlari muvaffaqiyatsiz chiqdi. Biroq shunday davrlar bo‘ldiki, Ronaldu «Barselona» darvozasiga oltitalab o‘yinda ketma-ket gol urdi.
Ronaldu Messiga qarshi o‘yinlarda umumiy 18 marta gol urgan. Messida esa o‘zaro o‘yinlarda urilgan 21 ta gol bor. Golli uzatmalar bo‘yicha Messi yaqqol ustun – 12:1. O‘zaro o‘yinlarda ustunlik ham Messi tomonda – 16 ga 10. Yana 9 o‘yin durang bilan yakunlangan.
Bugun yana bir voqea sodir bo‘ladi: Messi va Ronaldu to‘rtinchi kombinatsiyadagi to‘qnashuvda maydonga tushadi. Shu vaqtgacha ular Portugaliya – Argentina, «MYU» – «Barselona» va «Real» – «Barselona» to‘qnashuvlarida o‘zaro maydonga tushgan. Endi bu seperto‘qnashuvlar qatoriga «Yuventus» – «Barselona» bahsi ham qo‘shiladi. Qizig‘i, futbolchilar oldinroq ham to‘qnash kelishi mumkin edi, biroq 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda Ronaldu koronavirus yuqtirib olgani sabab qatnasha olmadi.
Shu tariqa bugun dunyo futbolining eng zo‘r ikki vakili yana to‘qnash kelmoqda. Bu o‘yin dunyo futboliga ta’riflash qiyin bo‘lgan ajoyib hissiyotni qaytaradi. Unda Ronaldu yutadimi yoki Messimi aniq emas, biroq muxlislar yutishi aniq.
484   
Добавить комментарий
Ваше имя: *