Goal24.uz » Chempionlar ligasi » “Liverpul”dan “Real”gacha. Chempionlar Ligasi o‘yinlarida eng ko‘p g‘alaba qozongan klublar

“Liverpul”dan “Real”gacha. Chempionlar Ligasi o‘yinlarida eng ko‘p g‘alaba qozongan klublar

Автор: admin

Chempionlar Ligasining 2020/21-yilgi mavsumi guruh bosqichi bahslari yakuniga yetdi, natijalar sarhisob qilindi va 1/8 finaldagi barcha juftliklar ma’lum bo‘ldi. Ammo Chempionlar Ligasi shunday turnirki, u haqida to‘xtovsiz gapirish (yozish) mumkin. Xo‘sh, agar Chempionlar Ligasiga statistik nuqtayi nazardan qaralsa, ushbu turnirda qaysi jamoalar g‘alabalar soni bo‘yicha yetakchilik qiladi? Qaysi jamoada g‘alabalar soni ko‘proq? Quyida ushbu savolga javob berib o‘tiladi.
“Liverpul” (64 ta g‘alaba)

“Qizillar” o‘z tarixida 6 marta Chempionlar Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Ulardan birinchisi 1976/77-yilgi mavsumda ro‘y bergan bo‘lsa, oltinchisi 2018/19-yilgi mavsumda qo‘lga kiritildi. Umuman olganda, Mersisayd klubi Yevropaning eng nufuzli turnirida beqaror o‘yin ko‘rsatadi, shuning uchun jamoaning g‘alabalari ham nisbatan kam. Masalan, Chempionlar Ligasining 2019/20-yilgi mavsumida “qizillar” o‘z ishtirokini 1/8 final bosqichida yakunladi. 2020/21-yilgi birinchilikda esa Yurgen Klopp shogirdlari uzoqroqqa borishni maqsad qilmoqda. Buning uchun jamoa dastavval “chaqilmagan yong‘oq” “Leypsig” to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi. Biroq baribir tan olish lozim, “Liverpul” ushbu qarama-qarshilikda favorit sanaladi. Qolaversa, jamoa javob bahsi ya’ni, hal qiluvchi o‘yinni o‘z uyida o‘tkazadi.
“Milan” (82 ta g‘alaba)

“Rossonerilar” Chempionlar Ligasida 7 marta g‘olib chiqqan. Afsonaviy Paolo Maldini Chempionlar Ligasida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha klub rekordchisi hisoblanadi. Milan klubining amaldagi direktori Yevropaning klublar miqyosidagi birinchi raqamli turnirida 139 marta maydonga tushgan. “Milan” oxirgi marta Chempionlar Ligasida 2013/14-yilgi mavsumda o‘ynab, 1/8 finaliga qadar yetib borgandi. O‘shandan keyin Italiya klubi ushbu musobaqada ishtirok etgani yo‘q. Ammo jamoada ushbu mavsum yakunlariga ko‘ra Chempionlar Ligasiga qaytish uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Stefano Pioli jamoasi A Seriya turnir jadvalida yetakchilik qilish bilan birga Yevropa Ligasida ham jadal sur’atlarda odimlab bormoqda.
“Arsenal” (83 ta g‘alaba)

“Kanonirlar” biror marta ham Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonmagan. “Arsenal”ning ushbu turnirdagi eng katta yutug‘i – 2005/2006-yilgi mavsumda finalga qadar yetib borgani. O‘shanda “to‘pchilar” hal qiluvchi bahsda “Barselona”ga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Londonliklar so‘nggi marta 2016/17-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasida o‘ynagan. Jamoaning ushbu turnirdagi so‘nggi yurishi 1/8 final bosqichida “Bavariya”ning qaqshatqich zarbalari bilan yakun topgan. O‘shandan beri London klubi Chempionlar Ligasini sog‘inib yashamoqda. Garchi jamoada Yevropa Ligasi orqali qaytish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, “Arsenal”ning hozirgi o‘yini bilan yaqin orada nufuzli musobaqaga qaytmaslik ehtimoli yuqori.
“Chelsi” (85 ta g‘alaba)

London klubi hamshahari “Arsenal”dan farqli o‘laroq, Chempionlar Ligasida bir bor g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Bu uzoq 2011/12-yilgi mavsumda sodir bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, “Chelsi”ning amaldagi ustozi Frenk Lempard “ko‘klar”ning ushbu musobaqadagi ikkinchi eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Sobiq yarim himoyachi klub safida (Chempionlar Ligasida) 23 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Faqatgina Didye Drogbada undan ko‘proq gol urgan – 36 ta. Hozirda esa aynan Lempard “Chelsi”ni Chempionlar Ligasida muvaffaqiyat sari yetaklamoqda. 2020/21-yilgi mavsumda “aristokratlar” o‘z guruhida 1-o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Albatta, londonliklar 1/8 final bosqichida juda jiddiy raqib “Atletiko”ga duch keldi. Ammo jamoaning hujum salohiyatini hisobga olgan holda aytish mumkinki, imkoniyatlar 50 ga 50.
“Portu” (88 ta g‘alaba)

Portugaliyaning amaldagi chempioni muntazam ravishda Chempionlar Ligasida qatnashib keladi. Boz ustiga “ajdarlar” Chempionlar Ligasi bosh sovrinini ikki marta boshi uzra baland ko‘targan. Bu ilk bor 1986/87-yilgi, oxirgisi esa 2003/04-yilgi mavsumda sodir bo‘lgan. 2004-yilda “Monako”ga qarshi kechgan final o‘yinidagi g‘alabadan keyin jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Joze Mourinyo avtomatik ravishda top-murabbiyga aylangandi. Shundan so‘ng portugal klubiga Chempionlar Ligasida boshqa g‘alaba qozonish nasib etmadi. Biroq joriy mavsumda “ajdarlar”da hech bo‘lmaganda sensatsiya ko‘rsatish imkoniyati mavjud. 1/8 final bosqichida jamoa avvalgi qudratini biroz yo‘qotgan “Yuventus”ga duch keldi.
“Yuventus” (104 ta g‘alaba)

“Keksa sinyora” Chempionlar Ligasida ikki marta g‘alaba qozongan, ammo bu ancha oldin bo‘lgan: birinchisi 1984/95-yilgi mavsumda, ikkinchisi esa 1995/96-yilgi birinchilikda. O‘shandan keyin turinliklar 5 marotaba turnir finaliga qadar yetib keldi, ammo ularning barchasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Jamoaning bu mavsumdagi imkoniyatlari ham unchalik yuqori emas. To‘g‘ri, jamoada o‘yin taqdirini bir o‘zi hal qiloladigan Ronaldu bor, ammo unutmaslik kerakki, futbol 11 kishi bo‘lib o‘ynaladi va Krishtianuga ham yordamchilar kerak. Andrea Pirlo boshchiligidagi “Yuventus” esa hozirda o‘ta beqaror futbol namoyish etmoqda. “Keksa sinyora” Chempionlar Ligasida o‘z guruhida birinchi o‘yinni oldi, ammo hali qilinadigan ishlar bir dunyo ekani kaftdek ko‘rinib turibdi. Yuqorida qayd etilgan o‘sha “Portu” Turin klubiga yetarlicha muammolar tug‘dira oladi.
“Manchester Yunayted” (124 ta g‘alaba)

“Manchester Yunayted”ga so‘nggi yillarda Chempionlar Ligasida barqarorlik yetishmayapti. Kamiga jamoa har doim ham u yerda o‘ynagani yo‘q. “Yunayted” 2020/21-yilgi mavsumda bir necha yillik tanaffusdan keyin Chempionlar Ligasida qatnashdi, ammo o‘z guruhida 3-o‘rinni egallab, Yevropa Ligasiga ravona bo‘ldi. Umuman olganda, “Manchester Yunayted” ushbu musobaqada uch marta g‘olib chiqqan – 1967/68, 1998/99 va 2007/08-yilgi mavsumlarda. So‘nggi g‘alabadan keyin jamoa yana 2 marta finalga yo‘l olgan, ammo har ikkala safar ham “Barselona” undan g‘alabani ilib ketgan. Neytral kuzatuvchi sifatida aytish mumkinki, yaqin yillarda “Yunayted”ning Chempionlar Ligasida yana bu qadar uzoqqa borishi haqiqatdan yiroqdir. Bu amalga oshishi uchun esa jamoa hech bo‘lmaganda, musobaqada qatnashishi kerak.
“Bavariya” (150 ta g‘alaba)

Myunxen klubi o‘z tarixida 6 marta Chempionlar Ligasi bosh sovrinini o‘ziniki qilgan. Shuningdek, jamoa musobaqaning amaldagi g‘olibi hamdir. Kamiga “qizil mashina” 2020/21-yilgi mavsumda ham asosiy da’vogarlar qatorida tilga olinmoqda. E’tiborlisi, Myunxen klubining ushbu musobaqadagi rekordchilari hozirda jamoaning yetakchilari hisoblanadi: Robert Levandovski “Bavariya”ning Chempionlar Ligasidagi eng yaxshi to‘purari (54 ta gol) bo‘lsa, Tomas Myuller turnirdagi o‘yinlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi (123). Jamoaning pley-off bosqichiga chiqqanligini hisobga olib, har ikkala futbolchining o‘z statistikasini yana-da yaxshilab olishiga shubha yo‘q.
“Barselona” (160 g‘alaba)

“Barselona” 5 bor ko‘hna qit’aning eng nufuzli musobaqasida g‘olib bo‘lgan. E’tiborga molik jihati, kataloniyaliklar Chempionlar Ligasi finallarida yutqazishdan ko‘ra ko‘proq g‘alaba qozongan (5 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat). So‘nggi 5 yil ichida esa jamoa chorak final bosqichidan nariga o‘ta olmayapti. Faqatgina 2018/19-yilgi mavsumda katalon klubi yarim finalgacha yetib bordi, u yerda nima bo‘lganini esa ko‘pchilik uzoq vaqt davomida esidan chiqarmasligi aniq. Hozirgi “Barselona” katta yutuqlarga da’vo qilishi biroz qiyinroq: moliyaviy inqirozlar, avlodlar almashinuvi va ziddiyatli ichki muhit bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ha, futbol shunday beshafqat o‘yin. 2020/21-yilgi mavsumda jamoa 1/8 final bosqichida PSJ bilan to‘qnash keladi. Tan olish lozim, ayni damda parijliklar ushbu juftlikning favoriti.
“Real” (162 ta g‘alaba)

“Real Madrid” – Chempionlar Ligasi tarixidagi eng yaxshi klub. “Qaymoqranglilar” ushbu musobaqada naq 13 bor bosh sovringa ega chiqqan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 2-o‘rinda 7 ta kubok bilan “Milan” bormoqda. “Real” ketma-ket uch mavsumda Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan yagona va birinchi klub. Ammo so‘nggi yillarda “qirollik klubi” Chempionlar Ligasida biroz pozitsiyasini boy berdi. O‘tgan mavsumda “qaymoqranglilar” musobaqani 1/8 final bosqichidayoq tark etdi. 2020/21-yilgi musobaqalarda esa klub o‘z tarixida ilk marta guruh bosqichida qolib ketishiga bir baxya qoldi. “Real” so‘nggi vaqtlardagi o‘yinlari bilan muxlislarini biroz shubhalantirmoqda, ammo unutmaslik kerak, YChL aynan Madrid klubining musobaqasidir.
528   
Добавить комментарий
Ваше имя: *