Goal24.uz » Transfer » «PSJ»da o‘zgarishlar davri, Yevropa uchun yana bir Pepe. So‘nggi transfer mish-mishlari

«PSJ»da o‘zgarishlar davri, Yevropa uchun yana bir Pepe. So‘nggi transfer mish-mishlari

Автор: admin

Qishki transferlar darchasi ochilishi arafasida futbol olamida yana yangidan yangi transferlar haqida mish-mishlar va haqiqatga yaqin ma’lumotlar tarqala boshladi. Quyida so‘nggi kunlarda eng ko‘p tarqalgan transfer yangiliklari keltiriladi.
Pochettino Leoni Parijda ko‘rmoqchi

«Pari Sen-Jermen» hali yangi bosh murabbiyni tanishtirmadi, ammo Tuxelning o‘rnini Maurisio Pochettino egallashi kundek ravshan.
Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, «Tottenhem»dan ketgach ishsiz yurgan argentinalik mutaxassis «PSJ» rahbariyatiga o‘z talablarini qo‘ygan — u jamoada «Barselona» hujumchisi,  vatandoshi Lionel Messini ko‘rishni istamoqda. Manba ma’lumotiga ko‘ra, bu shart bajarilmasa, argentinalik mutaxassis parijliklar taklifini rad etmoqchi.
33 yoshli Messining kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2021 yil yozida tugaydi, agar klub u bilan yaqin vaqtlar ichida shartnomani yangilamasa, yozda uni erkin agent sifatida qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi. Transfermarkt uning transfer narxini 100 million yevroga baholagan.
Messi yozda ham klubda ketishi haqida xabarlar tarqlagandi, u shu kunlarda La Sexta uchun bergan intervyusida mavsum oxiriga qadar hech qayerga ketmasligini ma’lum qildi. 
«Men «Barselona»ni sevaman. «Barselona» - mening hayotim, bu menga barchasini bergan klub. Men hozirda qiyin davrni boshdan kechirayotganimizni, avvalgi darajaga qaytishimiz qiyinligini tushunaman. Mavsum yakunigacha boshqa biror klub bilan muzokara olib bormayman. Mavsum so‘ngini kutaman va keyin qaror qabul qilaman», degan u.
Shu bilan birga, u o‘zi hech qachon o‘tmaydigan klublarni ma’lum qilgan. «Men albatta, «Real» yoki «Atletiko»ga o‘tmayman. Bu ilojsiz. «Barselona»ni tark etamanmi yoki yo‘qmi, bilmayman. Bu haqda mavsum oxirida gaplashamiz. Ammo faoliyatimni yakunlagandan keyin klubda qolaman, degan umiddaman», degan Messi.
O‘tgan haftada Messi «Barselona» libosidagi 844-golini urdi va bir klub safida urilgan gollar soni bo‘yicha Peleni ortda qoldirdi. Ammo «Santos»dagilar Messi hech qanday rekord o‘rnatmaganini aytishmoqda: Pele brazillar klubida 1091 gol urgan, ammo uning statistikasiga o‘rtoqlik uchrashuvlarida urilgan 448 gol kiritilmagan.
Messi joriy mavsumda ko‘k-anorranglilar klubi safida 18 o‘yin o‘tkazib, 10 gol urdi va 5 golga uzatma berdi.
Eriksen qayerga o‘tadi?

«Inter» Kristian Eriksenni sotib olganiga bir yil to‘lmasidan uni transferga qo‘ydi. «Eriksen yanvarda jamoani tark etadi, u bizning rejalarimizga kirmaydi», degan  «Inter» klubi bosh direktori Juzeppe Marotta.
Daniyalik futbolchi shu yilning yanvarida  «Tottenhem»dan Italiyaga kelgan, londonliklarning yangi bosh murabbiyi Joze Mourino ham uni rejalariga kiritmagandi. O‘shanda futbolchining transferi uchun milanliklar 27 million yevro sarflashgan. Eriksen Konte jamoasida ham asosiy tarkibga kira olmadi - joriy mavsumda 28 yoshli futbolchi A Seriyaning atigi 8 o‘yinida maydonda paydo bo‘lgan.
Iqtidorli futbolchiga  «Milan», «Bavariya», «Arsenal» va «Manchester Yunayted» klublari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, daniyalik futbolchi Parijda sobiq ustozi Maurisio Pochettino bilan yana birga ishlashi mumkin. Tuttomercatoweb xabariga ko‘ra, transfer doirasida Leandro Paredes «Inter»ga o‘tishi mumkin.
The Sun nashrining yozishicha, «Tottenhem» yarimhimoyachisi Dele Alli ham «PSJ»ga kelishi mumkin. Pochettino ayni vaqtda 24 yoshda bo‘lgan angliyalik futbolchi bilan yaxshi tanish, uning plyuslari va minuslaridan xabardor. Joze Mourino boshqaruvi davrida Alli murabbiy bilan munosabatlarini yomonlashtirib, zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. Bu esa ushbu transfer amalga oshishi haqiqatga yaqin ekanini anglatadi.
«Tottenhem»ning yana bir futbolchisi Serj Ore ham Parijga qaytishi mumkin. «Qaytishdan xursand bo‘lgan bo‘lardim. Men Parij klubidan taklifni hech qachon qaytarmayman. «PSJ» - mening sevimli klubim», degan u Actu Foot nashriga. Ore Parij klubidagi ikki yillik faoliyatidan keyin 2017 yilda 15 million yevro evaziga «Tottenhem» futbolchisiga aylangandi.
Tuxel ketishi haqidagi xabarlardan oldinroq Parij klubi «Chelsi»dan 27 yoshli Antoni Ryudigerni sotib olmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi. Konte davrida klubga taklif etilgan ushbu futbolchi Lempard davrida klubining asosiy tarkibidan tushib qolgan.
«Tottenhem»ga kim boradi?
Bundesliganing eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turgan, bir necha mavsumdan buyon «Leypsig» safida barqaror o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Marsel Zabitser o‘z kuchini boshqa ligalarda ham sinab ko‘rishi mumkin. Ayni vaqtda 27 yoshli avstriyalikka «Tottenhem» qiziqish bildirmoqda. Bild nashri xabariga ko‘ra, Joze Mourino ushbu havbekning o‘yinlariga shaxsan qiziqish bildirgan va Zabitser ham Londonga ko‘chib o‘tishga qarshi emas.
Futbolchi hozirgi klubida yiliga 6 million yevro miqdorida maosh oladi, «Leypsig» esa uning maoshi miqdorini ko‘tarishi dargumon. «Tottenhem» bahordayoq ushbu futbolchi transferini amalga oshirish haqida o‘ylashni boshlagan - uning YeCHLdagi o‘yinlari jamoa bosh murabbiyida katta taassurot qoldirgan.
«Real» Pepe uchun kurashga qo‘shildi

«Gremio» vingeri Pepe top-klubda paydo bo‘lishi mumkin. SporTV nashrining yozishicha, «Real» ushbu 23 yoshli futbolchini kuzatmoqda va uning transferi uchun 20 million yevro to‘lashga tayyor - «Gremio» transfer uchun aynan shuncha mablag‘ so‘ramoqda.
Shu bilan birga, brazillar klubi Pepe bo‘yicha hech qanday taklif kelib tushmaganini ta’kidlamoqda. Avvalroq ushbu braziliyalikka «Zenit», «Sevilya» va «Portu» klublaridan ham qiziqish mavjudligi haqida xabarlar tarqalgandi. «Roma»esa moliyaviy jihati tufayli raqobatdan chiqqan.
Joriy mavsumda 12 gol urib, 8 golga uzatma bergan futbolchining o‘zi ham Yevropaga yo‘l olishni ko‘zlamoqda. Pepening agenti Adriano Spadoto hozirda ruslar klubi bilan ilk maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgani, lekin rasmiy tomondan hech gap yo‘qligini aytgan.
«Zenit» yana bir brazil uchun 40 million yevro tayyorlamoqda

«Zenit»ni Malkomning transferi muvaffaqiyatsiz chiqqani uchun tez-tez tanqid qilib turishadi. Fichajes.net ma’lumotiga ko‘ra, piterliklar klubi shunga o‘xshash yana bir transferga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Bu safar gap «Everton»ning 23 yoshli forvardi Risharlison haqida ketmoqda - klub ushbu futbolchini sotib olish uchun 40 million yevro sarflashga tayyor.  Transfermarkt.de portali futbolchining transfer qiymatini 60 million yevroga baholagan.
Xabarlarga ko‘ra, «Zenit» Braziliya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan futbolchi uchun yiliga 10 million yevrodan maosh to‘lashni nazarda tutuvchi 5 yillik shartnoma taklif qilmoqchi. Risharlison - Malkomning yaqin do‘sti bo‘lib, bu ham transfer amalga oshishiga hissa qo‘shishiga umid bildirilmoqda. 
Risharlison 2018 yilda «Uotford»dan 39 million yevro evaziga «Everton»ga o‘tgandi. Joriy mavsumda u Angliya chempionatida 11 o‘yinda maydonga tushib, 2 gol urdi va 3 golga uzatma berdi.
Marselo «Real» bilan xayrlashadimi?
Madridning «Real» klubi faxriylaridan biri Marselo qishki transferlar oynasi vaqtida klubni tark etishi mumkin.
El Chiringuito manbasi ma’lumotiga ko‘ra, 32 yoshli braziliyalik Ispaniya chempionatining 11-turida «Alaves»ga qarshi kechgan va 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan keyin jamoadoshi Rafael Varan bilan urishib qolgan. Bundan tashqari, futbolchi bosh murabbiy Zinedin Zidanning ishonchini yo‘qotgan, u chap qanot himoyasida Ferlan Mendini o‘ynatishni ma’qul ko‘rmoqda. Shu tufayli Marselo ketish haqida o‘ylay boshlagan.
Yanvar oyida braziliyalik futbolchi «Real»ga kelganiga 14 yil to‘ladi. Uning madridliklar klubi bilan amaldagi shartnomasi muddati 2022 yil iyunida tugaydi.
Iskoning o‘rniga «Real»ga Foden keladimi?

Shu kunlarda «Real»da besaranjomlik hukm surmoqda. Diario Gol ma’lumotiga ko‘ra, Isko o‘zini transferga qo‘yishlarini so‘ragan. Buning sababi u jamoa sardori Serxio Ramos bilan ziddiyatga borgan, sardor uni mashg‘ulotlar vaqtida ishga to‘g‘ri yondashmaslikda ayblagan. Jamoaning boshqa vakillari ham Isko o‘zini bunday tutayotganidan norozi bo‘lishgan. O‘z navbatida, Isko Ispaniya terma jamoasidan chaqiruv olish uchun ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak deb hisoblamoqda va rahbariyatdan o‘zini transferga qo‘yishlarini so‘ragan.
Iskoning o‘rniga «Real»ga angliyalik 20 yoshli Fil Foden kelishi mumkin. Mirror nashri ma’lumotiga ko‘ra, madridliklar klubi futbolchini ancha vaqtdan buyon kuzatib kelmoqda va uni 2021 yilda transfer qilishni mo‘ljallagan. Madriddagilar ushbu yarimhimoyachi «Siti»da yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganidan foydalanib qolishmoqchi. Oktyabr oyidan buyon Foden Angliya chempionati o‘yinlarida biror marta ham boshlang‘ich tarkibdan joy olmadi. Transfermarkt.de futbolchining transfer qiymatini 60 million yevroga baholagan.
«Arsenal» Brandtni sotib olmoqchi

«Arsenal» derbida «Chelsi» ustidan g‘alaba qozondi, o‘yindan oldin esa jamoa muxlislari uchun yoqimli xabar tarqalgandi: Dortmundning «Borussiya» klubi yarimhimoyachisi Yulian Brandt «Arsenal»ga o‘tishi kutilmoqda.
Nufuzli The Athletic nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, «kanonirlar» Dominik Soboslai bilan uzoq vaqt mobaynida muzokara olib borishgan, ammo vengriyalik yosh yulduz «Zalsburg»dan «Leypsig»ga o‘tishga qaror qilgach, London klubi rahbariyati Brandt nomzodiga yuzlangan. Xabar qilinishicha, London klubi 24 yoshli futbolchini qishki transferlar darchasidayoq sotib olishga harakat qiladi.
Alaba Myunxendan ketadi

David Alabaning «Bavariya»dan ketishi, aftidan, aniq bo‘lgan. Myunxenliklar klubi 28 yoshli himoyachisi bilan shartnomani uzaytirmoqchi bo‘ldi, ammo avstriyalik futbolchi ketishga qaror qildi. «Bavariya» bilan shartnoma muddati 30 iyunda tugaydi, shunday ekan, yanvardan Alaba boshqa klublar bilan ochiq muzokaralarni boshlashi mumkin.
Hozirda bu universal futbolchi uchun navbat hosil bo‘lmoqda. Bild jurnalisti Kristian Falk Twitter orqali Alabaning agenti Pini Zahavi hozircha «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» bilan muzokaralarga kirishmagani, ammo yanvarda tomonlar o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi haqida yozdi. Bundan tashqari, Alaba va Zahavi «Real», «Barselona» va «Chelsi» klublaridan ham takliflar kutmoqda. Katta ehtimol bilan, avstriyalik yanvardagi transferlar doirasida boshqa klubga borib qo‘shiladi.
«Chelsi» Holandni sotib olmoqchi
Norvegiyalik hujumchi Erling Holand o‘tgan qishdayoq «Chelsi» a’zosiga aylanishi mumkin edi — London klubi «Zalsburg» bilan muzokaralar olib borgan, ammo vunderkind Dortmundning «Borussiya» klubini tanlagandi (The Telegraph nashri yozishicha, Holand o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirishni afzal ko‘rgan).
Bu qishda «Chelsi» ushbu 20 yoshli forvardni safiga qo‘shib olish uchun yana bir bor urinib ko‘radi. Sky Sport Italia nashrining yozishicha, Holand — ko‘klar klubining yaqin kelajak uchun asosiy nishoni. Xabar qilinishicha, «Chelsi» «Borussiya» bilan barcha masalani yanvarda hal qilib qo‘ymoqchi, futbolchi transferi yozda amalga oshirilishi mumkin. Klublar bu sxemadan ikki yil muqaddam foydalanishgan, o‘shanda Londonga Dortmunddan amerikalik yarimhimoyachi Kristian Pulishich yo‘l olgandi.
«MYU» uchun yangi himoyachi?

«Qizil iblislar» mudofaani kuchaytirish uchun futbolchi izlashda davom etmoqda. Daily Mail nashri «Manchester Yunayted» tarkibga taklif etmoqchi bo‘layotganlar orasida «Shalke»ning 20 yoshli markaziy himoyachisi Ozan Kabakni alohida ajratib ko‘rsatdi. Turkiyalik bu futbolchi avval ham premer-liga klublari nazariga tushgandi: yozda «Shalke» o‘z futbolchisi uchun «Liverpul»dan 44 mln yevro so‘ragandi. Nashrning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi ta’siri tufayli «Shalke» Kabak uchun narxni tushirishga tayyor va uni «MYU»ga 27,5 million yevroga sotishi mumkin.
338   
Добавить комментарий
Ваше имя: *