Goal24.uz » O'zbekiston » 10 oyga cho‘zilgan Superliga, A Seriyadagi Shomurodov va bekor bo‘lgan musobaqalar. O‘zbek sportida yil yakunlari

10 oyga cho‘zilgan Superliga, A Seriyadagi Shomurodov va bekor bo‘lgan musobaqalar. O‘zbek sportida yil yakunlari

Автор: admin

2020-yil barcha sohalarda bo‘lgani kabi o‘zbek sportida ham sinovlarga boy bo‘ldi. Butun dunyo aholisini “uyda o‘tirish”ga majbur qilgan koronavirus tufayli bir qator o‘zgarishlar va mushkul vaziyatlar yuzaga keldi. “Goal24” 2020-yil o‘zbek sportida yuz bergan muhim voqealarni yodga oladi.

Murodjon Ahmadaliyevning tarixiy natijasi bilan boshlangan yil

Yanvar oyining so‘nggi kunida boks bo‘yicha yarim yengil vazn toifasida harakat qiluvchi Murodjon Ahmadaliyev WBA va IBF kamarlari sohibi Daniel Romanga qarshi jang qildi. 12 raund davom etgan jangda hakamlar qaroriga ko‘ra (115:113, 115:113, 113:115) o‘zbekistonlik bokschi g‘olib deb topildi.

Professional boksdagi 8-jangidayoq ikkita kamarga ega chiqqan Ahmadaliyev bu borada jahon rekordini takrorladi. 42 yil avval Leon Spinks o‘zining prof ringdagi sakkizinchi jangida afsonaviy Muhammad Alini yengib, ikkita kamarga eng tez erishgan bokschiga aylangandi.
Bokschining bu g‘alabasi O‘zbekistonda ham munosib taqdirlandi. Prezident tomonidan Ahmadaliyev “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Unga Prezident sovg‘asi sifatida Chevrolet Tracker avtomobili va poytaxtdan 3 xonali uy kaliti topshirildi. Shuningdek, Namangan viloyati hokimligi tomonidan bokschiga Damas avtomobili berildi.

Olimpiadaga bir qadam qolganda yoxud U-23 Osiyo chempionati

Tailandda o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga Lyubinko Drulovich qo‘l ostida terma jamoa yo‘l oldi. “O‘lim guruhi”dan joy olgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Eron va Xitoyni ortda qoldirgan holda ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Drulovich shogirdlaridan yuqori o‘rinni Janubiy Koreya qo‘lga kiritdi.

Chorak finalda BAA yoshlari 5:1 hisobida tor-mor etildi. Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tgan yarim final bahsi alamli mag‘lubiyat bilan tugadi. Uchrashuv davomida yomon ko‘rinmagan o‘zbekistonliklar 87-daqiqada gol o‘tkazib yubordi va Olimpiadaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Avstraliya raqib bo‘ldi. Raqib futbolchisining individual mahorati evaziga urilgan va musobaqa kashfiyoti bo‘lgan Oybek Bozorovning chetlatilishi bahs taqdirini hal qildi. Afsuski, O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlari uchinchi kvotasidan ham mahrum bo‘ldi.

Koronavirus o‘chog‘iga tashrif

O‘zbekiston boks terma jamoasi Tokio—2020 Olimpiadasi yo‘llanmalari o‘ynaladigan litsenzion musobaqada qatnashish uchun yanvarning ikkinchi yarmida Xitoyning Uxan shahriga uchib ketdi. Ayni o‘sha vaqtlarda Uxanda koronavirus avj ola boshladi va O‘zbekiston delegatsiyasi tezda ortga qaytarildi. Fevral oyida boshida bo‘lib o‘tishi belgilangan litsenzion musobaqa esa qoldirildi.

Keyinchalik ushbu musobaqa Iordaniyaga ko‘chirildi. Mart oyida Amman shahrida o‘tkazilgan litsenzion musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining yetti nafar bokschisi Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma oldi: Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bobousmon Boturov, Sanjar Tursunov, Bahodir Jalolov va Tursunoy Rahimova. Shuningdek, Mirzaxalilov, Abduraimov va Jalolov litsenzion musobaqa oltin medallariga ega chiqdi. Zoirov, Boturov va Tursunov esa bronza bilan cheklandi.
Biroq Tokio Olimpiadasi koronavirus tufayli 2021-yilga qoldirildi. Musobaqaning 2021-yilda bo‘lib o‘tishi ham katta so‘roq ostida turibdi.

“Humo” xokkey klubi tarkibining tarqatib yuborilishi


Toshkentning “Humo” xokkey klubi 2019-yilda Oliy xokkey Ligasida (OXL, Rossiyaning xokkey bo‘yicha ikkinchi divizioni) ishtirok etishini ma’lum qildi. Qator legionerlar bilan boyitilgan klub mavsum yakunlariga kelib, muammolarga duch kela boshladi. Koronavirus tufayli belgilangan cheklovlar sabab klub bir nechta o‘yinni “Humo-Arena”dan boshqa joyda o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat aprel oyida klub kelasi mavsum OXLda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Keyinchalik jamoa xokkeychilari boshqa klublar sari yo‘l olishni boshladi. Hozirga kelib, “Humo” xokkey klubining taqdiri qanday bo‘lishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Uchga bo‘lingan va qishgacha cho‘zilgan Superliga

Mart oyida start olgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi koronavirus tufayli ikki bor to‘xtab qoldi. Avvaliga dastlabki uch turdan keyin mamlakatda karantin choralari kuchaytirilgach, barcha sport turlari qatori Superliga va bosh futbol musobaqalari ham vaqtincha to‘xtatildi. Restart esa kutilganidan ancha muddatga cho‘zilib ketdi va roppa-rosa uch oy o‘tib, futbol mavsumi qayta tiklandi. Biroq bu hammasi ortda qolganini anglatmas edi, qator cheklovlar sabab iyul oyining yarmida Superliga yana bir oyga to‘xtadi. Avgust oyida birinchi davraning so‘nggi to‘rtta turi markazlashgan tizimda Toshkent va Toshkent viloyatida o‘tkazildi.
FIFA kunlarini aytmaganda sentabrdan boshlab Superliga uchrashuvlar bir maromda o‘tkazildi. So‘nggi tur o‘yinlari 3-dekabr kuni o‘tkazildi va o‘n oyga cho‘zilgan chempionat mavsumi yakun topdi.

“Paxtakor”ning “oltin dubli” va OChLdagi alamli mag‘lubiyat

Koronavirus pandemiyasi davrida barcha kabi katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgan “Paxtakor” restartni yomon o‘tkazmadi. Avgust va sentabr oylarida ketma-ket o‘yinlarda ishtirok etgan Shota Arveladze shogirdlari sentabrning ikkinchi yarmida Osiyo Chempionlar Ligasida qatnashish uchun Qatarga yo‘l oldi.
Dastlabki ikki turdan keyin to‘xtab qolgan musobaqa Dohada markazlashgan tizimda bo‘lib o‘tdi. Unda “sherlar” guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. 1/8 finalda toshkentliklar Eronning “Istiqlol” jamoasini mag‘lub etib, keyingi bosqichga chiqdi. “Persepolis”ga qarshi kechgan chorak final o‘yinini yomon boshlamagan “Paxtakor” Jaloliddin Masharipovning erta qizil kartochkasidan keyin tashabbusni raqibga topshirib qo‘ydi va musobaqadagi ishtirokini erta yakunlashga majbur bo‘ldi.

Bir frontni boy bergandan keyin bor e’tiborni milliy chempionatga qaratgan “sherlar” muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi va 13 marta O‘zbekistonda tengsiz ekanini isbotladi. Superliga yakunlanganidan keyin qisqa muddat ichida O‘zbekiston Kubogi ham o‘tkazildi. Finalda qatorasiga uchinchi mavsum “Paxtakor” va OKMK o‘zaro to‘qnash keldi. Unda poytaxtliklar kutilganidek g‘olib chiqdi va mavsumdagi ikkinchi sovringa ega chiqdi.
Mavsum yakunlangach “Paxtakor” ustozi Shota Arveladze uch yillik faoliyatdan keyin jamoani tark etishini ma’lum qildi.

Intrigaga boy bo‘lgan Pro-Liga va “yakkakurashchi” To‘raqulovning 10 yilga chetlatilishi

Sakkiz jamoa ishtirokida o‘tgan Pro-Liga musobaqasi qiziqligi borasida Superligadan qolishmadi. Ikki davra o‘yinlaridan keyin liga ikkiga bo‘lindi: chempionlik uchun va ligada jon saqlab qolish uchun kurash kechdi. Superligaga yo‘llanma taqdim etadigan chempionlik masalasi so‘nggi turga qoldi. Farg‘onaning ikki klubi “Neftchi” va “Turon” finalga teng o‘yinda o‘zaro bahs yuritdi. Uchrashuv mehmonlarning g‘alabasi bilan tugadi va bu yaypanliklarga chempionlik bilan birga, Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi.

Uchrashuvdan keyin esa hakamlar, mezbon futbolchilar va tomoshabinlar ishtirokida to‘polon bo‘ldi. Vaziyatlarning birida farg‘onaliklar vakili Jamshid To‘raqulov uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayevga oyoq bilan zarba berdi. Albatta, bu O‘FA tartib-intizom qo‘mitasining e’tiboridan chetda qolmadi va futbolchi o‘n yilga futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatildi.

Shomurodov Italiyada, O‘runov Moskvada, Jaloliddinov-chi?

2020-yil o‘zbekistonlik legioner futbolchilar uchun sarguzashtlarga boy o‘tdi. Eldor Shomurodova yozgi transfer oynasida Genuyaning “Jenoa”siga yo‘l oldi. Eldor Italiya futboli va “Jenoa”ning “antifutbol”iga moslashishi uchun birmuncha vaqt kerak bo‘ldi, shuningdek, jarohat ham adaptatsiya jarayonini biroz sekinlashtirdi. Biroq vaqt o‘tib Eldor tarkibda o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladi va A Seriyada gol urgan ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Eldor uchun haqiqiy mavsum endi boshlanmoqda, musobaqaning ikkinchi davrasida Shomurodov tarkibdan muqim o‘rin oladi degan umid bor.

Shomurodovning ishlari “besh” bo‘lsa-da, Rossiyada faoliyat yuritayotgan legionerlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. “Ufa”da yorqin o‘yin namoyish qilib, “Spartak” safiga o‘tgan Oston O‘runov hamon asosiy tarkibdan o‘rin ololmayapti. “Qizil-oqlar” muxlislari Ostonning maydondagi emas, balki, uning tashqarisidagi vaziyatini muhokama qilish bilan band (qimmat brendlar surati va “4-5 yoshga katta” voqealari). Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv M”ga transferi ham muvaffaqiyatli bo‘ldi deb bo‘lmaydi. Moskvaliklar jamoasida hatto RPL qaydnomasiga ham kira olmagan Jasur ijara asosida “Tambov”ga yo‘l oldi. Biroq u yerda ham o‘yin amaliyotisiz qolmoqda.
Belarusga yo‘l olgan Jasur Yaxshiboyev va Shahboz Umarov transferlarini muvaffaqiyatli deb atasa bo‘ladi. Avvaliga “Energetik-BGU”da to‘p surgan futbolchilar, keyinchalik Belarusning nomdor jamoalari safiga o‘tdi. Jasur mavsum o‘rtasidayoq “Shaxtyor Soligorsk”ga yo‘l oldi va bu jamoa bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Umarov esa mavsum yakunida BATE futbolchisiga aylandi.

MMA, UFC

2020-yilda bir qator o‘zbekistonlik yakkakurashchilar dunyoning nomdor promoushenlarida debyut qildi. Zarruh Adashev va Liliya Shokirova UFC’dagi debyut janglarini o‘tkazdi, biroq ularning debyuti muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Adashev ilk raunddayoq nokautga uchragan bo‘lsa, Shokirova tajribali raqibiga qarshi bir yarim raund “turib berdi”. Ta’kidlash joiz, har ikki yakkakurashchi UFC bilan juda tez shartnoma imzoladi va jangga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lmadi.
Muaytay bo‘yicha O‘zbekiston afsonasi Anvar Boynazarov Combat Night Pro promoushenidagi debyut jangida raqibini birinchi raunddayoq nokautga uchratdi.

Koronavirus tufayli amalga oshmagan voqealar

Pandemiya sabab 2020-yilda bir qator musobaqalar qoldirildi yoki bekor qilindi. Xususan, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Liga Kubogi musobaqasidan voz kechildi. Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston klublari ishtirokida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur musobaqa chegaralar yopilgani va taqvim tig‘izligi sabab o‘tkazilmadi.

Oktabr oyidagi yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatiga O‘zbekiston mezbon bo‘lishi belgilangandi. Biroq mazkur musobaqa 2021-yilning bahoriga ko‘chirildi. Avvalroq FIFA yoshlar o‘rtasida 2021-yilgi Jahon chempionati musobaqasini bekor qildi. O‘z navbatida yaqin orada O‘zbekistonda o‘tishi kerak bo‘lgan Osiyo chempionati ham bekor qilinishi mumkin.
Quyida yilning boshqa hodisalari va qahramonlarini o‘ziga xos nominatsiyalarda eslab o‘tamiz:
  • Yil sportchisi — Murodjon Ahmadaliyev (boks);
  • Yilning eng yaxshi yosh sportchisi — Davlat Bobonov (dzyudo);
  • Yil tashkiloti — PFL va Esports;
  • Yil jamoasi — “Paxtakor” futbol klubi;
  • Yil iqtibosi — “U endi yuqorida, biz esa pastroqdamiz” (Boks terma jamoasi murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunovning Shahram G‘iyosovning gaplariga munosabati)
  • Yil o‘yini — “Neftchi” — “Turon” (0:1)
  • Yil yo‘qotishi — Jamshid Asadov (Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan iborat O‘zbekiston terma jamoasini Jahon Chempioni qilgan murabbiy)

  • Yil hazili — “Oston O‘runov aslida 4-5 yoshga katta”;
  • Yil omadsizi — Jasur Jaloliddinov (“Lokomotiv M”);
  • Yil salbiy qahramoni — Shaxmat federatsiyasi;
  • Yil qarama-qarshiligi — Alisher Nikimbayev — PFL.
325   
Добавить комментарий
Ваше имя: *