Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Biz bilgan va bilmagan Fergyuson

Biz bilgan va bilmagan Fergyuson

Автор: admin

Taqdirning hazilini qarangki, futbol tarixiga so‘nggi daqiqalar qiroli sifatida kirgan, umuman, har qanday o‘yinning oxirlari «Fergie Time» deya atalishi darajasida brendni muhrlagan Aleks Fergyuson o‘z tug‘ilgan kunini bugun nishonlaydi. Ya’ni 1941 yilning so‘nggi daqiqalarida ushbu buyuk murabbiy dunyoga kelgan.
Yaqinda Britaniyaning tarixdagi eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan mutaxassis haqida VVS ko‘pchilik eshitmagan ba’zi voqealarni yig‘ib, havola qildi. O‘z vaqtida buyuk murabbiy bilan birga ishlagan, uning qo‘l ostida o‘ynagan futbolchilardan eshitamiz.
Ouen Koyl: «O‘z so‘zidan qaytmadi»
Ko‘p murabbiylar o‘z vaqtida Ser Aleks ularni qo‘llab quvvatlagani haqida eslashadi. Masalan, 2008 yilning yozida «Byornli» bosh murabbiyi Ouen Koul ham yordam so‘rab Serga murojaat qilgan.
«Men Shveysariya PRO litsenziyasiga o‘qidim. Men bilan birga Jim Fliting va Ser Aleksning ukasi Martin Fergyuson ham bor edi. Bir kuni suhbatlashib o‘tirib, Martinga aytdim: «Akangga qo‘ng‘iroq qila olasanmi? U bilan bir futbolchi haqida gaplashmoqchiman. Boshqalar harakat qilib qolmasidan, ulgurib qolishim kerak»
Qo‘ng‘iroq qilingach, men unga aytdim – «sizda Kris Iglz bor, menga shu futbolchi kerak edi».
«Biz to‘rtinchi iyuldan mashg‘ulotlarga kirishamiz, o‘sha paytda bu haqida gaplashamiz. Ungacha meni bezovta qilmay tur», – dedi Aleks Fergyuson. 
Xuddi kelishganimizdek, o‘sha kuni ertalab, 8:30da yana bog‘landim.
«Sen so‘zingda turding, ammo menga u futbolchi Janubiy Amerikadagi yig‘inlarda kerak bo‘ladi. Qaytib kelganimizdan keyin olishing mumkin. Faqat u ham rozi bo‘lsa kifoya. Qaytib kelganimizdan so‘ng, bu masalani hal qilamiz».
Men Janubiy Amerika yig‘inlaridagi uchrashuvlarni tomosha qildim, Iglz adashmasam, o‘sha turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. U shunday yaxshi o‘ynadiki, endi Fergyuson uni berishiga ishonmay qoldim ham. Aytilgan vaqtda yana murabbiyga telefon qildim.
«Men seni kutayotgandim. Kelishuvmiz hali ham kuchda, va’da beraman, agar futbolchining o‘zi rozi bo‘lsa, seniki»
Keyin ham Ser Aleks bilan juda yaxshi chiqishganmiz. Keyinroq, biz pley-offdan o‘tib, Premer Ligaga chiqqanimizda ham u menga qo‘ng‘iroq qilib tabrikladi. Qachondir jamoasi bilan o‘ynagani kelganida, u va shtabi uchun ikki butilka yaxshi qizil vinodan tayyorlab qo‘yishimni aytdi. Qizig‘i, mavsumning ilk turida «Yunayted»ni qabul qiladigan bo‘ldik va g‘alaba qozondik. Ammo baribir u uchrashuvdan keyin xonamga kirdi, bir yarim soatdan ko‘proq gaplashib o‘tirdik. Men ichmayman, lekin yordamchimga aytib, 300-400 funtga yaxshi vino olib kelib, muzlatgichga qo‘yib qo‘ygandim. Yaxshiyam Fergyuson oldimga kirdi, bo‘lmasa shu bilan qolib ketardi. Menimcha, vino yaxshi bo‘lgan, Ser o‘z shtabi bilan hammasini ichib yuborishgandi».
Darren Fletcher: «Onam go‘shakni osib qo‘ydi»
Besh karra Angliya chempioni va Chempionlar Ligasi g‘olibi Dvarren Fletcher o‘z vaqtida «Nyukasl»ga o‘tib ketishdan boss qaytarib qolganini aytib beradi.
O‘z vaqtida «Nyukasl»ga o‘tishimga sal qolgan. Men 12 yoshimdan «Yunayted»da edim. U paytlarda «Nyukasl» ligadagi ikkinchi kuchli klub edi. Menga doim «MYU»ning yarimhimoyasini qara, sen hech qachon u yerda o‘ynay olmaysan, yaxshisi «Nyukasl»ga o‘t, uying ham o‘sha yerga yaqin», deb maslahat berishardi. Xullas, men shunday qilishga yaqin ham edim, ammo Aleks Fergyuson aralashdi.
U uyimizga qo‘ng‘iroq qildi. Singlim trubkani olib, boss chaqirayotgani va qattiq g‘azabda ekanini aytdi. 15 yoshli bolaman. Fergyuson telefonda baqirar, men oqarib ketgandim. Holatimni ko‘rib, oyim qo‘rqib ketdi va telefonni qo‘limdan olib, biroz eshitib turdida: «bundan keyin hech qachon o‘g‘lim bilan bunaqa gaplashman» deb go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Bir daqiqa o‘tmay, yana telefon jiringladi. Yana Ser Aleks edi: «Missis Fletcher, meni kechiring. O‘g‘lingiz menga juda yoqadi. Eng yaqin reys bilan Edinburgga uchib boraman».
Onam atrofga sekin qaradi-da, menimcha, uyimiz hali yig‘ishtirilmaganidan qo‘rqib ketdi shekilli, buning hojati yo‘qligini, o‘g‘lini, ya’ni meni yuborishini aytdi. Men Manchesterga qaytib bordim va hammasi hal bo‘ldi. Hayotimdagi eng muhim qarorni qabul qildim va bu kelajagimni belgilab berdi».
Billi Stark: «Qayerda va qachon nima deyishni biladi»
Billi Stark «Sent Mirren» va «Aberdin» safida, Fergyuson qo‘l ostida to‘p surgan.
«Aberdin» chempion bo‘lgan 1985 yilda biz «Seltik Park»da mezbonlarga qarshi o‘ynadik va men penaltidan gol ura olmadim. Keyin Deyvi Provan jarima zarbasidan hal qiluvchi golni urdi va «Seltik» bizni 2:1 hisobida yengdi.
Keyingi mashg‘ulot chog‘ida Fergyuson mening yonimdan o‘tib ketayotib, «ishqilib bu mag‘lubiyatni deb mavsumni boy bermasak bo‘ldi edi» deb ming‘irladi. Shunchaki, o‘ziga o‘zi gapirayotgandek, sekin gapirgandi, ammo bu menga qattiq ta’sir qildi. Mavsum davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatdim, ko‘p gollar urdim va yakunda g‘olib bo‘ldik. Uning o‘ziga yarasha psixologik nayranglari bo‘lardi va kerakli so‘zlarni qachon, qanday ishlatishni juda yaxshi bilardi».
Archi Noks: «Har bir personal o‘zini jamoaning bir bo‘lagi deb bilardi» 
Archi Noks – Fergyusonning «Aberdin» va «Manchester Yunayted»dagi yordamchisi. 1980 yilda Noks «Forfar Atletik» jamoasi murabbiyi edi. O‘sha paytda «Aberdin»da ishlab turgan Aleks do‘stiga rad qilib bo‘lmaydigan taklifni beradi.
Biz u bilan juda yaxshi tanish edik. Bir kuni o‘yindan so‘ng, gaplashib olishimiz kerakligini aytdi. Men uni ofisga taklif qildim va u mendan «Aberdin»da uning yordamchisi bo‘lishimni so‘radi. Taklif menga juda yoqdi, rozi bo‘ldim. U qachondan ish boshlashim mumkinligini so‘raganida, «ertagayoq» deb javob berdim.
Uning «Aberdin» va «Yunayted»dagi ishlash prinsiplari farqli edimi? Unday demagan bo‘lardim. U doim yoshlarga e’tibor berardi. U «Old Trafford»da ham skautlar faoliyatini rivojlantirgandi va doim aytardi – «agar kimdir boshqa jamoaga o‘tmoqchi bo‘lsa, buni men bilishim kerak». Ser tufayli jamoaga Bekhem, Batt, Giggz, Skoulz, aka-uka Nevillar kabi yoshlar kelib qo‘shilishgandi.
Agar biz biror yosh futbolchini qo‘lga kiritsak yoki shartnoma tuzishga yaqin bo‘lsak, Aleks o‘yinlarimizga bolaning ota-onasini taklif qilardi, birga tushlik qilardi. Bekhem jamoaga kelishidan oldin ota-onasi va opasi bilan kelgan, hatto o‘yindan oldin mehmonxonada jamoa bilan birga turishgandi.
«Old Trafford»ga ilk kelgan paytlarimizda ham Fergyuson menga shunday degan: «Biz bu yerda ishlaydigan hamma bilan tanishib olishimiz kerak. Styuardlardan tortib, ofis ishchilari, oshpazlargacha».
Mashg‘ulotlardan oldin biz oshxonaga kirib, ikki kir yuvuvchi ayol bilan choy ichib o‘tirardik. U yerda ishlaydigan har bir inson o‘zining muhimligi, jarayonning, jamoaning bir bo‘lagi ekanini his qilishi muhim bo‘lgan. «Aberdin»da ham u har bir xodimning ismini bilardi».
Ole Gunnar Sulsher: «Yaxshimisan, o‘g‘lim?»
«Manchester Yunayted»ning bugungi kundagi bosh murabbiyi 2007 yilda navbatdagi operatsiyasi va faoliyatni tugatmoqchi bo‘layotgani haqida Fergyusonga aytgani cho‘chiganini eslaydi.
Bazaga mashinamni qo‘yishim bilan u oldimga keldi va so‘radi: «Qalaysan, o‘g‘lim?»
«Uncha emas. Operatsiya qilishim kerak ekan. Men rozi bo‘lmayman, futbolni tark etadigan payt keldi»
«Xafa bo‘lma» – dedi Fergyuson, - «sen ajoyib kareraga ega bo‘lding, oilang ham sendan faxrlanishlari kerak. Mavsumni ham zo‘r yakunlading. Jamoaga qaytib, hujumchilarimni shug‘ullantirsang, bo‘lmaydimi? Nima deysan? Uyingga bor, ikki hafta dam ol, keyin tayyor bo‘lsang, qaytib kel»
Uch haftadan keyin qaytib keldim. Asosiy tarkibni shug‘ullantirishni boshladim. Krishtianu, Uazza, Teves... Keyinchalik, qachondir Krishtianu yoki Ueyn raqibning oyoqlari orasidan to‘pni olib o‘tib, gol urishsa, o‘g‘limga qarab maqtanib qo‘yardim – «ularga buni dadang o‘rgatgan!»
Pol Parker: «Shunaqasi ham bo‘lgan...»
Fergyuson aksariyat hollarda qo‘l ostigilarga g‘amxo‘r inson sifatida gavdalansa-da, uning ba’zi paytlardagi g‘azabi haqida afsonalar yuradi. Shu kabi voqealardan biri haqida Pol Parker FourFourTwo uchun bergan intervyusida hikoya qiladi.
«Stiv Bryusning rafiqasi kasalxonada edi. Operatsiya qilishadigan kuni o‘yinimiz bor. Bryus telefonini o‘chirib qo‘ymadi. «Old Trafford»da o‘yinimiz qovushmayotgandi. Hamma, ayniqsa, boss darg‘azab. Tanaffusda qaytganimizda, o‘sha yerda turgan bir telefon jiringlay boshladi. Biz avvaliga, kimniki ekan, deb o‘ylab o‘tirdik. Meniki emasdi, shuningdek, Irvinniki ham emasligini bilaman, chunki u umuman telefonini yoqmasdi.
Katta Pit (Shmayxel) ham uning telefoni emasligini ayta boshladi. Stivdan boshqa hamma xotirjam edi. Bryusning ko‘rinishidan hammasini sezgan boss telefonni ko‘tarib, u tomon yugura boshladi. Stiv bechora qo‘rqib ketib, vaziyatni tushuntirishga harakat qilardi.
«Xotining kasalxonada bo‘ladimi, boshqami, tupurdim», – dedi-da, Fergyuson telefonni devorga qarab otdi. Telefon parchalanib ketdi».
Devid Bekhem: «U men uchun otamdek»
Devid Bekhem aynan Aleks Fergyuson davrida «Manchester Yunayted»da debyut qilgan va futbol faoliyatining eng yorqin davrlarini o‘tkazgan.
«Men ko‘p marta aytganman, boss mening faoliyatimdagi eng yaxshi murabbiygina emas, 11 yoshda klubga kelganimdan buyon, u mening otam ham bo‘lib qolgandi. Men doim mana shunday buyuk murabbiy qo‘l ostida ulg‘ayib, o‘ynaganimdan faxrlanaman va usiz men hech narsaga erisha olmagan bo‘lardim, deb o‘ylayman».
159   
Добавить комментарий
Ваше имя: *