Goal24.uz » Transfer » Ramos «Real»dan ketadimi, Keyn — «Manchester Siti»ga o‘tadimi? So‘nggi transfer xabarlari

Ramos «Real»dan ketadimi, Keyn — «Manchester Siti»ga o‘tadimi? So‘nggi transfer xabarlari

Автор: admin

1 yanvardan Yevropada qishki transferlar darchasi ochildi va bir qator transferlar amalga oshib ham bo‘ldi. Quyida so‘nggi kunlarda muhokamalar markazida bo‘lib turgan transfer yangiliklari keltiriladi.
Ramos «Real»dan ketishga yaqin
«Real» sardori Serxio Ramos hamon madridliklar rahbariyati bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishmadi. Hozirgi shartnoma muddati yarim yildan keyin tugaydi, ya’ni himoyachi hozirda boshqa jamoalar bilan muzokaralar o‘tkazish huquqiga ega hisoblanadi.
AS nashri ma’lumotiga ko‘ra, Ramos «Qirollik klubi»da qolishni istamoqda, ammo klubda pandemiya tufayli moliyaviy muammolar yuzaga kelgan. Shu tufayli Ispaniyaning amaldagi chempionlari futbolchilarning maoshlarini yana kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bu yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarda aks etadi.
Agar Serxio baribir «Real»dan ketsa, madridliklar quyidagi uch futbolchidan birini qo‘lga kiritishga harakat qiladi: David Alaba («Bavariya»), Erik Garsiya («Manchester Siti») yoki Pau Torres («Vilyarreal»).
Parijda o‘zgarishlar davri

2 yanvar kuni «PSJ» Maurisio Pochettinoni yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirdi, buning ortidan jamoa tarkibidagi bo‘lajak o‘zgarishlar haqida turli mish-mishlar bolaladi.
Qisqacha:
1. Di Mariya yarim yildan keyin tugaydigan shartnomasini uzaytirmoqchi. Ammo, Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bir sharti bor: ayni vaqtda 32 yoshda bo‘lgan argentinalik jamoa o‘yinida muhim futbolchi bo‘lib qolishni istaydi.
2. «PSJ» qishki transferlar oynasi vaqtida bir qator futbolchilar bilan xayrlashmoqchi. L'Equipe ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar futbolchilar sotuvidan 40 million yevro ishlashni mo‘ljallashgan.
3. Daily Mail «PSJ» futbolchilarining Alli va Lloris bo‘yicha umidlarini chippakka chiqardi: «Tottenhem» bu futbolchilarning birortasini sobiq bosh murabbiyiga bermoqchi emas.
Umtiti «Nitssa»ga o‘tadi
Parij Fransiyadagi transfer hayoti qaynay boshlagan yagona shahar emas. L'Equipe xabariga ko‘ra, «Nitssa» yanvarda katta transferlarni amalga oshirmoqchi. «Barselona» himoyachisi Samyuel Umtiti Kataloniyadan Lojuvard qirg‘oqqa yo‘l olishi mumkin. Fransuzlar klubi jarohat olib safdan chiqqan jamoa sardori Dantega munosib o‘rinbosar qidirmoqda.
Bundan tashqari, «Nitssa» tarkibda boshqa fransuz futbolchilarini ham ko‘rmoqchi. Ular orasida — Vilyam Saliba («Arsenal»), Muhammad Simakan («Strasbur»), Jan-Kler Todibo («Benfika») va Issa Diop («Vest Hem») kabilar bor.
Gvardiola Keynni olmoqchimi?

Shov-shuvlarga o‘ch bo‘lgan The Sun nashri yana bir ishonchsiz xabar tarqatdi: «Tottenhem» forvardi Harri Keyn «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkin. Nashrning tasdiqlashicha, Pep Gvardiola jamoasi shu yanvardayoq 27 yoshli angliyalik hujumchi uchun 90 million funt (100 million yevro) taklif qilmoqchi. Germaniyadagi Bild nashri ham xuddi shu mazmundagi xabarni tarqatgan.
«Portu» — Pepe uchun xaridor

A Bola nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Gremiu» hujumchisi Pepe «Portu»ga o‘tishga yaqin. «Ajdarlar» 23 yoshli braziliyalik uchun 13 million yevro to‘lashga tayyor.
Avvalroq Goal portali ushbu futbolchiga «Zenit» tomonidan jiddiy qiziqish borligi haqida xabar tarqatgandi. Futbolchining «Gremiu» bilan shartnomasi muddati 2024 yil 31 dekabrigacha tuzilgan. Transfermarkt ushbu forvardning transfer qiymatini 9 million yevroga baholagan. Klub esa uni 24 million yevroga sotishga rozi bo‘lishini bildirgandi.
Pepe Braziliya A Seriyasining joriy mavsumida 21 o‘yinda maydonga tushib, 8 gol urgan va 4 golga uzatma bergan.
Alaba «Real»ga o‘tadimi?
Marca nashri xabar berishicha, «Bavariya» himoyachisi David Alaba «Real»ga o‘tishga yaqin. 28 yoshli avstriyalik futbolchining agentlari madridliklar bilan muzokaralar boshlashgan va tomonlar dastlabki kelishuvlarga erishishgan.
2021 yil yozida Alaba erkin agentga aylanadi, shu tufayli «Real»ga tekinga o‘tishi mumkin. Futbolchi «Bavariya»ni qishki transferlar doirasida tark etmoqchi emas.
Alaba myunxenliklar safida 2009 yildan buyon to‘p surib keladi. U — to‘qqiz karra Germaniya chempioni, shuningdek, ikki marta Chempionlar ligasi g‘olibi. Joriy mavsumda himoyachi «Bavariya» uchun 18 o‘yinda maydonga tushib, bir gol urdi va bir golga uzatma berdi.
«Barselona» «Siti»ning yosh himoyachisini xarid qiladimi?

Italiyalik jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Manchester Siti» himoyachisi Erik Garsiya «Barselona»ga o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 19 yoshli ispaniyalik futbolchi yozda katalonlar klubi safiga kelib qo‘shiladi.
Garsiyaning «Siti» bilan shartnomasi 2021 yil 30 iyuniga qadar tuzilgan. Transfermarkt uning transferini 20 million yevroga baholagan.
Garsiya — «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Manchesterga u 2017 yilda kelgandi. Ushbu himoyachi joriy mavsumda «shaharliklar» tarkibida barcha turnirlar doirasida 7 o‘yinda maydonga tushgan.
«Shalke» Kolashinatsni ijaraga oldi

«Arsenal» himoyachisi Sead Kolashinats «Shalke»ga qaytdi. Nemislar klubi 27 yoshli bosniyalikni mavsum oxiriga qadar ijaraga olgan.
Kolashinats 2012-2017 yillarda ham «Shalke» safida to‘p surgan va keyin «Arsenal»ga yo‘l olgandi. Joriy mavsumda Sead «kanonir»lar uchun barcha turnirlar doirasida to‘qqiz o‘yinda maydonga tushgandi.
«Kalyari» Nainggolanni ijaraga oldi

«Inter» yarimhimoyachisi Radja Nainggolan ijara asosida «Kalyari»ga o‘tdi. Avvalroq qora-ko‘klar bosh murabbiyi Antonio Konte ushbu 32 yoshli belgiyalikni rejalariga kiritmaganini ma’lum qilgandi.
Nainggolan mavsum yakuniga qadar ijaraga berilgan. Uning «Inter» bilan shartnomasi 2022 yil 30 iyuniga qadar amal qiladi. A Seriyaning joriy mavsumida u milanliklar safida to‘rt o‘yinda maydonga tushgan.
256   
Добавить комментарий
Ваше имя: *