Goal24.uz » Transfer » Beyldan Neymargacha. Futbol tarixidagi eng qimmat transferlar

Beyldan Neymargacha. Futbol tarixidagi eng qimmat transferlar

Автор: admin

Transfer oynasining ochilishi futbolda katta voqelik sifatida qabul qilinadi. Shu kundan boshlab klub rahbarlari jamoani kuchaytirish uchun intensiv ravishda ish olib borishni boshlaydi. Odatda yanvar oyida shov-shuvli bitimlar nisbatan kamroq bo‘ladi, ammo transfer bozorida voqealar rivoji qanday yakun topishini oldindan aytib bo‘lmaydi va bu allaqachon ko‘p marta isbotlangan. Qishki transferlar oynasidagi natijalar oy oxirida sarhisob qilinadi. Shunday ekan, hozir umuman futbol tarixidagi eng qimmat transferlar haqida fikr yuritishning ayni vaqti.
Garet Beyl, “Tottenhem”dan “Real”ga – 101 million yevro

Foto: Getty Images
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra Beyl futbol tarixida 100 million yevrodan qimmatroqqa sotilgan ilk o‘yinchi. “Real” uelslik futbolchini bundan 7 yil oldin 101 million yevro evaziga xarid qilgandi. “Qaymoqranglilar” kimsan Krishtianu Ronaldu uchun unga qaraganda kamroq to‘lagan (94 million yevro). Umuman olganda, Garet darhol ispan klubiga moslashib ketdi. Madriddagi birinchi mavsumidayoq Beyl barcha musobaqalarda 22 ta gol urdi va 19 ta golli uzatmani amalga oshirdi. So‘nggi yillarda uning ishlari yurishmayotgan va hozirda ijara asosida qaytgan sobiq klubi — “Tottenhem”da ham zaxirada o‘tirgan bo‘lsa-da, uning “Real”dagi faoliyatini muvaffaqiyatli deb atash mumkin. Boisi, Beyl “qirollik klubi” bilan istalgan futbolchi faqat havas qilishi mumkin bo‘lgan sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Pol Pogba, “Yuventus”dan “Manchester Yunayted”ga – 105 million yevro

Foto: Getty Images
2016-yilning avgust oyida “Manchester Yunayted” Pogbani “Yuventus”dan 105 million yevroga sotib oldi. Bu 2012- yilning yozida Turin klubiga tekinga qo‘yib yuborilgan futbolchiga to‘langan pullar edi. Pogba Manchesterga qaytgach, bir necha yaxshi mavsumlarni o‘tkazdi, gol+pas tizimi bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishdi. Biroq shunga qaramay “Manchester Yunayted”da o‘tgan davrni Pogba uchun juda omadli kechdi deb aytish mushkul. Fransiyalik futbolchi 4 yil ichida “Yunayted” bilan faqat Yevropa Ligasi va Angliya Liga Kubogini qo‘lga kiritdi, xolos. Bundan tashqari, futbolchi ketma-ket ikkinchi mavsumda klubda turli muammolarga duch kelmoqda. Katta ehtimol bilan Pol yozda jamoani tark etadi.
Eden Azar, “Chelsi”dan “Real”ga – 115 million yevro

Foto: Twitter
“Real Madrid” ko‘pincha yuqori darajadagi ijrochilarga sarmoya kiritadi, ammo bu har doim ham o‘z samarasini beravermaydi. 2019-yilning iyulida “qaymoqranglilar” Azar uchun “Chelsi”ga 115 million yevro bergandi. Klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, transfer summasi 160 million yevrogacha o‘sishi mumkinligi aytiladi. Ammo samoviy pullar to‘langan belgiyalik hozircha faqat jarohatlari bilan yodda qolmoqda. “Real”dagi bir yarim mavsum davomida Azar barcha turnirlarda atigi 28 uchrashuv o‘tkazib, 3 gol va 7 golli uzatmaga mualliflik qildi. To‘g‘ri, bu havas qiladigan natija emas, ammo Zinedin Zidan futbolchiga ishonishda davom etmoqda.
Krishtianu Ronaldu, “Real”dan “Yuventus”ga – 117 million yevro

Foto: Getty Images
Ronaldu hech qachon “Real”ni tark etmaydigandek tuyulardi. Ammo Madriddagi to‘qqiz yillik faoliyatdan keyin Krishtianu “qirollik klubi”ni tark etishga qaror qildi. 2018-yilning yozida “Yuventus” portugaliyalikni 117 million yevro evaziga sotib oldi. “Keksa sinyora” esa bundan faqat yutdi. Turin klubi tarkibida Ronaldu dastlabki mavsumda gol+pas tizimi bo‘yicha 32 ochko qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchisida bu ko‘rsatkich 37 tani tashkil qildi. Shuningdek, Krishtianu “Yuventus” bilan 2 marta Skudetto va Italiya Superkubogiga ega chiqdi. Ammo har ikkala tomonning asosiy maqsadi, bu Chempionlar Ligasi. “Yuventus” uzoq yillardan beri Yevropaning eng nufuzli musobaqasida g‘alaba qozonishni istayotgan bo‘lsa, portugaliyalik bu ishni “Real”siz ham qila olishini isbotlamoqchi.
Antuan Grizmann, “Atletiko”dan “Barselona”ga – 120 million yevro

Foto: Getty Images
Grizmann, ehtimol, “Atletiko”ning eng yorqin yulduzi bo‘lgan edi. Ammo “Barselona” tomonidan bildirilgan qiziqishlar futbolchiga tinchlik bermasdi. Natijada kataloniyaliklar 2019-yilning yozida 120 million yevro evaziga Jahon chempioni bilan shartnoma imzoladi. Ammo hozirda tomonlarning hech qaysisini ushbu transferdan mamnun deb atash mushkul. “Ko‘k-anorranglilar” forvarddan kutilgan samaradorlikni ololmayotgan bo‘lsa, fransuz murabbiylarning juda tez almashayotganidan jamoada o‘z o‘rnini topa olmayapti. Hatto orada Antuanning PSJga o‘tish mumkinligi haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu gaplar o‘z tasdig‘ini topmadi va yuqolib ham ketdi. Grizmann esa hozircha o‘z kelajagini “Barselona” bilan bog‘lashda davom etmoqda.
Joau Feliks, “Benfika”dan “Atletiko”ga – 127 million yevro

Foto: Twitter
“Atletiko” Grizmann uchun olingan pulga 7 million qo‘shib, “Benfika”dan yosh hujumchi Joau Feliksni sotib oldi. 19 yoshli hujumchi uchun berilgan 127 million yevro “matraschilar” uchun aqldan ozdiruvchi summa edi. Bundan tashqari, butun o‘tgan mavsumda portugaliyalik futbolchi La Ligada atigi 6 ta gol urdi. Biroq 2020/21-yilgi birinchilikda futbolchi jonlandi va barcha turnirlarda 8 ta gol urishga ulgurdi. Noyabr oyida esa hujumchi La Ligada oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shu tariqa u asta-sekin jamoaga moslashib bormoqda. Agar moslashish jarayoni juda tez ketmasa ham, unda buning uchun yetarlicha vaqti bo‘ladi – futbolchining “Atletiko” bilan shartnomasi 2026-yilning iyunigacha amal qiladi.
Usmon Dembele, “Borussiya D”dan “Barselona”ga – 130 million yevro

Foto: Google Images
2016-yilning iyulida Dembele “Renn”dan “Borussiya Dortmund”ga 15 million yevro evaziga ko‘chib o‘tadi. Bir yil o‘tgach esa, nemis klubi vingerni “Barselona”ga 130 million yevroga sotib yuboradi. Fransiyalik futbolchining transferi dortmundliklar uchun o‘ta foydali bo‘lish bilan birga, intizom bilan bog‘liq muammolarga duch keladigan va tez-tez jarohat oladigan futbolchidan qutildi. Kataloniyaliklar Usmonning iste’dodiga ishonch bildirdi, ammo unga o‘zini ko‘rsatishi uchun dangasalik va sog‘liqdagi muammolar (hamon) xalaqit bermoqda. “Ko‘k-anorranglilar” hozirda futbolchini sotish yoki shartnomani uzaytirish borasida bir qarorga kela olmayapti.
Filippe Koutinyo, “Liverpul”dan “Barselona”ga – 145 million yevro

Foto: Getty Images
Koutinyo hozirga qadar “Barselona” tarixidagi eng qimmat futbolchi hisoblanadi. 2018-yilning boshida kataloniyaliklar futbolchini “Liverpul”dan 145 million yevroga sotib oldi. Ammo bu transferni muvaffaqiyatli deb atash qiyin. Braziliyalik futbolchi Ernesto Valverde qo‘l ostida o‘ynab keta olmadi va shu sababli “Bavariya”ga ijaraga yo‘l olishga majbur bo‘ldi. Unga ishongan Kiki Setyen bilan esa ishlashga ulgurmadi. “Ko‘k-anorranglilar”ning hozirgi ustozi haqiqatan ham Koutinyoga ishonmayapti, u asosan boshqa hujumkor yarim himoyachilarni afzal ko‘rmoqda. 145 million yevrolik futbolchi “Barselona”ning rotatsion o‘yinchisi hisoblanadi. Bunday transferni muvaffaqiyatsiz deb hisoblash mumkin. Bugungi kunga kelib, braziliyalikni yarim narxda sotish ham kataloniyaliklar uchun omadli bo‘lardi.
Kilian Mbappe, “Monako”dan PSJga – 145 million yevro

Foto: Getty Images
2018-yilning iyul oyida PSJ 20 yoshli hujumchi uchun “Monako”ga 145 million yevro to‘ladi va bunga sira afsuslanmadi. Mbappe Parij klubiga juda tez moslashdi. Poytaxt klubiga o‘tganidan keyingi birinchi mavsumda Kilian Fransiya chempionatida 13 ta gol urdi, keyingi mavsumda esa bu ko‘rsatkich 33 taga yetdi. Hech shubha yo‘qki, Mbappe PSJning asosiy aktivi hisoblanadi. Biroq u klub bilan shartnomani uzaytiradimi yoki yo‘q degan savol hamon aktualligicha qolmoqda. Futbolchining parijliklar bilan amaldagi kelishuvi 2022-yilning iyunida o‘z nihoyasiga yetadi. Keyingi olti oy parijliklar uchun Kilian borasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ular Mbappeni millionlar bilan ko‘mib tashlashga tayyor, ammo fransuz “Real”da o‘ynash orzusida yonmoqda.
Neymar, “Barselona”dan PSJga – 222 million yevro

Foto: Getty Images
2017-yilning avgust oyida PSJ Neymarni 222 million yevroga sotib olib, transfer bozorini tom ma’noda portlatgandi. Hozirda bu futbol tarixidagi eng qimmat transferdir. Shubhasiz, pandemiya paytida va undan keyin klublar transferlar uchun yevroda yuz millionlab sarflay olmaydi. Shunday ekan, PSJ va Neymarning transfer rekordi hali uzoq vaqt davomida saqlanib qoladi. Braziliyalikning o‘zi haqida gap ketsa, u Parijda hamma narsadan mamnun. “Barselona”ga qaytish haqida gaplar to‘xtadi, maosh yaxshi, shartnomani uzaytirish esa faqat vaqt masalasi.
409   
Добавить комментарий
Ваше имя: *