Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Madrid afsonalari: “Atletiko” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar

Madrid afsonalari: “Atletiko” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar

Автор: admin

2020-yilning oxirida Madridning “Atletiko” klubi ustozi Diyego Simeone murabbiylik faoliyatida 2 ta muhim yutuqni qo‘lga kiritdi. Birinchidan, mutaxassis “matraschilar” boshqaruvida 500 ta o‘yinda jamoani maydonga boshlab tushdi. Ikkinchidan, argentinalik g‘alabalar soni bo‘yicha Madrid klubi tarixidagi eng yaxshi murabbiyga aylandi. U 499 uchrashuvda 300 ta g‘alabaga erishdi. Shu tariqa El Cholo jamoaning sobiq ustozi, marhum Luis Aragonesning rekordini yangiladi. Afsonaviy ispaniyalik murabbiyga 300 ta g‘alabani tantana qilish uchun 587 o‘yin kerak bo‘lgandi.
Simeone 9 yildan beri “Atletiko”ni boshqarib kelmoqda. Shu vaqt ichida u klubning o‘ziga xos ramziga aylanib ulgurdi. Ammo “matraschilar” muxlislari faqatgina Diyegoni qadrlash bilan cheklanmaydi. Madrid klubi tarixida undan kam bo‘lmagan shaxslar mavjud bo‘lib, ular o‘zlarining sermahsulligi bilan jamoaga g‘alabalar keltirgan va uni yangi yutuqlar sari yetaklagan. To‘g‘ri anglaganingizdek, quyida “Atletiko” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar haqida mulohaza yuritiladi.
Radamel Falkao (70 ta gol)
Kolumbiyalik yulduz futbolchi 2011-yilning avgust oyida “Atletiko” futbolchisiga aylanadi. O‘shanda “matraschilar” forvard uchun anchayin katta hisoblangan mablag‘ – 40 million yevro to‘lagandi. “Atletiko” Falkaoning Yevropadagi ikkinchi klubiga aylanadi. Bungacha u “Portu” tarkibida 2 mavsum o‘ynagandi. “Ajdarlar” futbolchi uchun “River Pleyt”ga atigi 5,5 million yevro to‘lab, madridliklarga uni 40 million yevroga pullaydi.

Foto: Google Photos
Falkao “Atletiko” safida atigi 2 yil o‘tkazdi, ammo bu davr u uchun juda omadli kechdi. Ikki mavsumda ham u jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylanadi. La Ligada esa jamoaning ishlari o‘shanda uncha yurishmasdi. Shu bilan birga, Falkao Madrid klubi bilan Qirol Kubogi, Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogida g‘olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Kolumbiyalikning transferi “Atletiko” uchun o‘ta muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi. Klub futbolchining o‘yin sifatlaridan maksimal darajada foydalandi, shundan so‘ng ular uni “Monako”ga 43 million yevroga sotib yubordi, yakunda ushbu transfer qo‘shimcha 3 million yevro foyda ham keltirdi. 34 yoshli hujumchi hozirda “Galatasaroy” sharafini himoya qilmoqda.
Diyego Kosta (83 ta gol)
Kostaning “Atletiko” bilan uzoq yillik aloqalari mavjud. 2007-yil yanvar oyida ispanlar uni “Braga”dan 1,5 million yevroga sotib oladi. Shundan so‘ng “matraschilar” darhol uni Portugaliyaga qaytarib yuboradi. Biroz vaqt o‘tib Madridga qaytgach, futbolchi “Selta”, “Albasete”, “Rayo Valyekano” va “Valyadolid” kabi jamoalarda ijarada to‘p surdi. Ispaniyalik futbolchi faoliyati davomida “Chelsi”da ham o‘ynagan, u yerda muvaffaqiyatli 4 yilni o‘tkazadi. E’tiborlisi, London klubi forvardni “matraschilar”dan 38 million yevroga xarid qilib, ularning o‘ziga 60 millionga sotib yuboradi.

Foto: Getty Images
Ijaralarni hisobga olgan holda Kosta “Atletiko”ni 5 marta tark etib, har safar qaytib kelgan. Umuman olganda, ispaniyalik futbolchi Madrid klubi tarkibida 215 ta o‘yin o‘tkazib, 83 ta gol urgan. Diyego bir mavsum hatto jamoaning eng yaxshi to‘purariga ham aylangan edi, ammo “Chelsi”dan qaytganidan keyin La Liga bahslarida beshtadan ko‘p gol ura olmadi. Shunga qaramay, Kosta har doim “Atletiko” uchun muhim ijrochi bo‘lib kelgan. U jamoa bilan birgalikda Ispaniya chempionati, Qirol Kubogi, Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogini yutgan (3 marta). 32 yoshli forvard hozirda erkin agent.
Manolo (86 ta gol)

Foto: Pinterest
Manuel Sanches Delgado (Manolo) “Atletiko”da 7 yil davomida to‘p surgan. “Mursiya” futbolchisi sifatida hujumchi Madrid klubi e’tiborini tortadi va 1988-yilning yozida “Atletiko”ga ko‘chib o‘tadi. Manolo “Atletiko”ga ketma-ket ikki marta Qirol Kubogini yutishda yordam bergan. 1991/92-yilgi mavsumda hujumchi La Liganing eng yaxshi to‘purariga beriladigan Pichichi sovrinini ham qo‘lga kiritadi. O‘shandan keyin futbolchi Ispaniya chempionatining bir mavsumida beshtadan ko‘proq gol urmagan. “Atletiko”dan keyin Manolo “Merida”da 2 yil o‘ynaydi va shundan so‘ng butsilarini mixga ildi. 55 yoshli ispaniyalik mutaxassis qisqa kechgan murabbiylik faoliyatini 11 yil oldin yakunlagan.
Diyego Forlan (96 ta gol)
Forlan “Atletiko”ning ramzlaridan biri hisoblanadi. Diyego jamoaga tajribali futbolchi sifatida kelib qo‘shiladi, u bungacha “Manchester Yunayted” va “Vilyarreal” safida bir qancha sovrinlarni qo‘lga kiritgandi. Futbolchi aynan “sariq suvosti kemasi”dan 2007-yilning yozida Madrid klubiga o‘tadi. Transfer summasi 21 million yevroni tashkil qilgan. “Atletiko” tarkibidagi ikkinchi mavsumda urugvaylik naq 32 ta gol urib, jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi va Pichichi sovrinini o‘ziniki qiladi. Keyingi mavsumda forvard jamoasiga Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogida zafar quchishda ko‘maklashadi.

Foto: Sky Sports
Forlanning “Atletiko”dagi so‘nggi mavsumi omadsiz chiqdi (La Ligada 8 ta gol). Shundan so‘ng “matraschilar” hujumchini “Inter”ga atigi 5 million yevroga evaziga qo‘yib yubordi. Madriddan ketganidan so‘ng futbolchi Braziliya, Yaponiya, Urugvay, Hindiston va hattoki Gonkong chempionatlarida o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi. 2018-yil iyun oyidan buyon Diyego hech qayerda o‘ynamadi, ammo u rasman 2019-yilning avgustiga kelibgina faoliyatini yakunlagani haqida e’lon qildi. Shundan so‘ng Forlan murabbiylik litsenziyasini oldi va sobiq jamoasi “Penyarol”ni (Urugvay) boshqardi. Biroq u jamoani atigi 11 ta uchrashuvda boshqardi, xolos.
Serxio Aguero (100 ta gol)
32 yoshli tajribali Agueroning karyerasida bor-yo‘g‘i 3 ta klub bor: 2006-yil iyul oyida Serxio 21,7 million yevro evaziga “Independyente”dan “Atletiko”ga ko‘chib o‘tadi. Argentinalik futbolchi 5 mavsumni Madridda o‘tkazdi va ikki marta jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Biroq 2009/10-yilgi mavsum hujumchi uchun chinakamiga muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi, unda Aguero jamoasi bilan birgalikda Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogini yutdi. Shuningdek, madridliklar shu yili Ispaniya Kubogining finaliga ham chiqadi.

Foto: Goal
“Atletiko” tarkibida yuzta gol urgan Aguero 2011-yilning yozida “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tadi. Transfer summasi 40 million yevroni tashkil qilgan. Hujumchi Angliyada Ispaniyaga qaraganda ko‘proq sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Bugungi kunga qadar argentinalik “shaharliklar” bilan birga 4 marta Premyer Liga, 5 marta Liga Kubogi, 3 marta Angliya Superkubogi va 1 bor mamlakat Kubogida zafar quchgan. Chempionlar Ligasi – Serxio “Manchester Siti” bilan g‘alaba qozonmagan yagona turnir. Ehtimol, ushbu mavsum futbolchi uchun “shaharliklar” safida Chempionlar Ligasi bosh sovrinini yutish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘lar. Hozirda hamma narsa yozda Agueroning “Etihad”ni tark etishiga qarab ketmoqda.
Fernando Torres (121 ta gol)
Torres bu ro‘yxatda “Atletiko”ning yagona tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2007-yil iyul oyida Fernando qadrdon klubini tark etib, “Liverpul”ga yo‘l oladi. “Qizillar” hujumchi uchun 38 million yevro to‘lab, to‘rt yildan so‘ng uni “Chelsi”ga 58,5 millionga sotadi. El Nino Madridga qaytguniga qadar “Milan”da ham o‘ynashga ulgurgan, ammo ispaniyalikning Italiyaga qilgan safarini muvaffaqiyatli deb atash qiyin. A Seriyada hujumchi atigi 10 ta o‘yin o‘tkazgan va 1 ta gol urgan.

Foto: Cadena SER
Dastlab Torres “Atletiko”ga ijara asosida qaytadi, so‘ngra esa erkin agent sifatida klub bilan to‘laqonli ravishda shartnoma imzolaydi. Fernando “Atletiko” bilan birgalikda faqat Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan, ammo uni Madridda sevishadi. 2000-yillarning boshlarida Torres jamoaning Segundadan La Ligaga qaytishiga yordam beradi. Bundan tashqari, Torres ketma-ket 4-marta “matraschilar”ning eng yaxshi to‘purariga aylangan. Umuman olganda, ispaniyalikning faoliyatiga havas qilsa arziydi. U faqat “Atletiko” bilan 2015/16-yilgi Chempionlar Ligasi finalida g‘alaba qozona olmaganidan afsuslanishi mumkin.
Antuan Grizmann (133 ta gol)
Fransuz bo‘lishiga qaramay, Grizmann deyarli butun faoliyatini Ispaniyada o‘tkazmoqda. 2005-yilda Antuan “Real Sosyedad” akademiyasida paydo bo‘lgan hujumchi San-Sebastyanni 2014-yil yozida tark etadi. “Atletiko” u uchun 54 million yevro sarflaydi. Madridda futbolchining faoliyati ajoyib tus oldi. “Atletiko”da o‘tgan besh mavsumning har birida u jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. Madridliklar bilan birgalikda Grizmann Yevropa Ligasi, UEFA hamda Ispaniya Superkubogini yutgan.

Foto: Google Images
Grizmann – “Atletiko” tarixidagi eng yaxshi to‘purar. Biroq klub muxlislari Antuanni hech qachon o‘zlaridan bo‘lmaganligini aytib, “Barselona”ga uni yaxshi kayfiyatda kuzatmadi. Bu, albatta, klub tarixiga o‘z nomini yozdirib qo‘ygan futbolchiga nisbatan adolatsizlikdir. Fransuz Ispaniya poytaxtini yaxshi kayfiyatda tark etmadi, ammo muxlislar undan norozi bo‘lmasligi kerak. Jahon chempioni klub darajasida Yevropa Ligasidan ko‘ra nufuzliroq musobaqalarda g‘alaba qozonishni xohladi va bu mutlaqo normal holat.
172   
Добавить комментарий
Ваше имя: *