Goal24.uz » Transfer » Koutino, Van Deyk, Torres - qishki transfer bozoridagi eng qimmat xaridlar

Koutino, Van Deyk, Torres - qishki transfer bozoridagi eng qimmat xaridlar

Автор: admin

Bu erda sizning sevimli futbolchingiz ham bo‘lishi mumkin.
Yanvar oyidagi transfer oynasida doim ham katta xaridlar amalga oshirilavermaydi. Sababi, aksariyat jamoalar o‘z tarkibini yozdagi transfer bozorida kuchaytirishga harakat qiladi. Aslida, bir tomondan bu yo‘l to‘g‘ri. Yangi mavsumga yangicha hozirlik ko‘radigan jamoalar o‘zlari uchun ma’lum bir yo‘lni tanlab, shu yo‘nalish bo‘ylab harakat qiladi. Biroq tanganing boshqa tomonini ham esdan chiqarmaslik lozim: shundan holatlar bo‘ladi-ki, jamoa etakchilari og‘ir jarohat olib, uzoq vaqt davomida maydonga tusha olmaydi. Yoki klub etakchilari o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmaydi. Natijada, klub bir maromda ketayotgan relsidan chiqib ketadi. Tabiiyki, bu grandlar uchun yoqimsiz va darhol o‘zgartirilishi shart bo‘lgan holat. Ushbu vaziyatda aksariyat klublar qishki transfer bozoridan unumli foydalanishga harakat qiladi. Biz esa yanvar oyidagi eng qimmat xaridlar o‘nligini e’tiboringizga havola etamiz.

10. Aleks Teysheyra. 50 mln evro evaziga "Shaxtyor"dan "Tszyansu Sunin"ga.
O‘zining eng yulduzli davrlarini "konchilar" safida o‘tkazgan Aleks bundan-da kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin edi. Biroq Xitoy klubidan bo‘lgan supertaklif uni gangitib qo‘ydi. Aslida, bu vaziyatda "Shaxtyor" ham ancha foyda ko‘rdi. Asosan, braziliyalik iste’dodlarni sayqallab, yuqori narxga sotadigan donetskliklar deyarli hech nima yo‘qotmadi. 6 mln evroga sotib olgan futbolchisini 50 mlnga pullagan "konchilar" uchun salbiy jihat yo‘q bu erda. Yaxshigina nom chiqarib ulgurgan Teysheyrani o‘z tarkibiga qo‘shib olgan "Tszyansu Sunin" ham zarar ko‘rmadi. Braziliyalik futbolchi 5 yil davomida klub libosida 73 gol va 43 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Ammo hozir u erkin agent. Xitoyliklar qahramonimizga yangi shartnoma taklif qilmadi va u bilan xayrlashdi. Aleks esa, 31 yoshida jamoasiz qolib ketdi.

9. Brunu Fernandesh. 55 mln evro evaziga "Sporting" Lissabondan "Manchester Yunayted"ga.
Bu transfer amalga oshganiga bir necha kundan so‘ng 1 yil to‘ladi. 2020 yil 29 yanvar kuni Brunu MYu libosini kiygan va o‘sha sanasidan beri u juda katta ko‘lamdagi ishni bajarib kelmoqda. Sulsher qurayotgan mashinaning eng zarur murvatiga aylanib ulgurgan portugaliyalik o‘zi ishtirok etgan 49 uchrashuvda 44 ta golda qatnashdi. Natijada, 4 marta APLda oy futbolchisi sovrinini qabul qilib oldi. Bu mavsumda ham ushbu nomga u ketma-ket ikki bor loyiq ko‘rildi. "Qizil iblislar" bugun uning xizmatiga jiddiy ehtiyoj sezmoqda. Hatto, Ser Aleks Fergyuson davridan beri ilk bor Premer-liga karvonboshiligini qo‘lga olgan mankuniyaliklar etakchisini "Boss"ning ishongan shogirdi Runiga qiyoslashmoqda. Balki kim uchundir bu biroz g‘alati tuyular, ammo ularning ikkisi ham "Manchester Yunayted"ni oldinga boshlay oladi. Qizig‘i, Fernandeshda Runidan-da yuqoriroq darajaga chiqish imkoniyati bor. U "qizil iblislar" libosida hali ancha to‘p tepishi mumkin. Voqealar rivojini kuzatish qiziqarli bo‘ladi.

8. Fernando Torres. 58,5 mln evro evaziga "Liverpul"dan "Chelsi"ga.
Bu transfer qishki transfer oynasining eng so‘nggi lahzalarida amalga oshgandi. Londonlik muxlislar o‘shanda o‘zlarida yo‘q quvongani shubhasiz. Biroq ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Mersisaydliklar safida o‘zining to‘purarlik mahoratini namoyish etgan hujumchi "aristokratlar" tarkibida "sinib qoldi". Mavsumning qolgan qismini 1 gol va 2 assist bilan yakunlab qo‘ygan Torres keyin ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. Asosiy tarkib uchun kurashda Dide Drogba qarshiligini sindira olmagan "El nino" zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan futbolchiga aylanib qoldi. Drogbadan keyin Fernando porlashini kutgan muxlislar yana hafsalasi pir bo‘ldi. Shu tariqa, o‘rtamiyona hujumchilar darajasiga sekin-asta tusha boshlagan Torres ijara asosida "Milan"ga o‘tadi. "Rossonerilar" libosida ham o‘zligini topa olmagan qahramonimiz Milanda qoladi. Eng achinarlisi, ular Fernando Torres transferi uchun atigi 1 mln evro to‘laydi. Ispaniya terma jamoasi, "Atletiko" hamda "Liverpul" safidagi yorqin o‘yinlarini hisobga olsak, Torres uchun achinishga arzirli sababimiz bor.

7. Oskar. 60 mln evro evaziga "Chelsi"dan "Shanxay SIPG"ga.
Qahramonimiz Londonga bo‘lajak yulduz sifatida ko‘chib keldi. Dastlabki mavsumlarda yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Biroq keyin yulduzlik kasali sekin-asta bo‘y ko‘rsata boshladi. Boz ustiga, murabbiylar tez-tez almashavergach, braziliyalikning ham o‘yini orqaga torta boshladi. Ketma-ket mavsumlarda statistikasi yomonlashishni boshlagach, yaxshi maosh ko‘zda tutilgan taklif bo‘lishi bilanoq Xitoyga ko‘chib o‘tdi. Legionerlar uchun katta mablag‘dan voz kechish siyosatini boshlagan Shanxay klubi "Chelsi" hisobiga 60 mln evro to‘lab berdi. E’tirof etish lozim, bu har uchchala tomon uchun foydali qaror edi. Braziliyalik Osiyoga vaqtni shunchaki o‘tkazib, millionlarni jamg‘arish uchungina keldi, deb bo‘lmaydi. 5 yil kutilgan chempionlik qo‘lga kiritilishida Oskarning ham xizmati katta. Bugungi kunda u shanxayliklarning eng mashhur futbolchilaridan biri sanaladi.

6. Diego Kosta. 60 mln evro evaziga "Chelsi"dan "Atletiko"ga.
Fernando Torresni ortga qaytargan "Atletiko" endi kech bo‘lganini anglab etdi. "El nino" o‘z darajasiga qayta olmas, klub esa sifatli hujumchiga muhtoj edi. Bunday vaziyatda eski tanishdan qulayroq variant bormi?! Madridliklarning yaxshi-yomon kunida birga bo‘lgan, uzoq kutilgan La Liga bosh sovrini qo‘lga kiritilishiga benazir hissa qo‘shgan Diego Kosta zudlik bilan sotib olindi. Narx ham kattagina: 2,5 mavsum avval sotilgan summaning deyarli ikki barobarida pul to‘lagan Madrid klubi o‘z muammolarini baribir hal eta olmadi. Kosta o‘z sermahsulligini yo‘qotib ulgurgandi. Taqqoslash uchun Kosta 2018 yil yanvar oyidan beri "Atletiko" libosida 19 ta gol urdi. Birgina La Liga chempionlik mavsumidagi aniq zarbalar soni 36 tani tashkil etgandi. Eng achinarlisi, qahramonimiz "matraschilar"ga kerak bo‘lmay qoldi va klub bilan shartnomasini bekor qildi. O‘z vaqtida Ramos, Pike, Kompani, Xummels kabi tajribali himoyachilar bilan elkama-elka olishgan Kosta hozir erkin agent.

5. Per-Emerik Obameyang. 63,75 mln evro evaziga "Borussiya" Dortmunddan "Arsenal"ga.
"Arsenal" prezidentining bir odati bor: transferlar uchun katta pul tikmaydi. Janob Kronke kichik summa tikib, katta daromad ko‘rishga harakat qiladi. Bu doim ham o‘zini oqlamasligi barchaga kundek ravshan, ammo Obameyang borasida bundan deya olmaymiz. Sababi, gabonlik hujumchi yarim mavsumda maydonga tushgan o‘yinlari sonidan ko‘proq golda ishtirok etgan. Ilk to‘liq mavsumini esa, "Oltin butsa" bilan yakunlagan. Hozirgi kunda "kanonirlar" natijalari Obameyangning kayfiyatiga bog‘lanib qoldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Arteta boshchiligida qo‘lga kiritilgan 2 ta sovrinda jamoa sardori benazir hissa qo‘shdi. Faqatgina joriy yilda u biroz beqaror o‘yin ko‘rsatmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, "to‘pchilar" va Obameyang bir butunga aylanib ulgurdi.

4. Kristian Pulishich. 64 mln evro evaziga "Borussiya" Dortmunddan "Chelsi"ga.
"Borussiya" haqiqiy yulduzlar fabrikasi! Ushbu jamoa har yili o‘z iqtidorlarini APL va boshqa kuchli chempionatlarga qo‘yib yuborsa-da, hech oqsoqlanib qolmaydi. Aslida, Pulishich "asalarilar" safini qishda tark etmagan edi. Biroq u 2 yanvar kuni rasman "Chelsi" futbolchisiga aylangan va Dortmund klubiga ijaraga berilgandi. Tan olish lozim, uning transferidan londonlik muxlislarning ko‘ngli to‘lgani yo‘q. Sababi, jarohatga moyil amerikalik vinger "Chelsi"da Eden Azarning o‘rnini to‘ldira olmadi. 22 yoshli futbolchi imkon qadar tezroq o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishi shart. Aks holda, klub prezidenti zaxira o‘rindig‘ini isitib turadigan "billur oyoq"dan ko‘ra, jismonan baquvvat vinger xarid qilishi hech gap emas. Ayniqsa, bunday holat "Chelsi" bilan ko‘p bor sodir bo‘lgan.

3. Aymerik Lyaport. 65 mln evro evaziga "Atletik"dan "Manchester Siti"ga.
"Va nihoyat, Gvardiola o‘ziga kerakli himoyachini topdi",-deya jar solgan edi jahon matbuoti Lyaport "tumanli albion"ga ko‘chib o‘tganida. Bir tomondan jismonan baquvvat, tezkor, qisqa uzatmalar bilan o‘yinda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan fulbek Pep uchun ideal variant edi. Ammo jarohatlar frantsuzga o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini stabil namoyish etishiga halal berdi. Ilk to‘liq mavsumida jamoa ustuni Vensan Kompani bilan ishonchli himoya qo‘rg‘oni tashkil eta olgan futbolchi belgiyalik sherigiga ancha suyanib qolgan ekan. Sababi, keyingi mavsum u APLda atigi 15 ta o‘yinda maydonga tushdi. 65 mln evrolik himoyachi uchun yomon ko‘rsatkich, albatta. Shuning uchun ham Gvardiola hamon markaziy himoyachi izlash ishlarini to‘xtatganicha yo‘q. Darvoqe, so‘nggi paytlarda Diash-Stounz tandemi yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Balki bu Lyaport uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i vazifasini o‘tab, qahramonimiz transfer narxiga yarashadigan darajaga chiqar.

2. Virjil van Deyk. 84,65 mln evro evaziga "Sautgempton"dan "Liverpul"ga.
O‘zi uchun to‘langan pullarni 100% oqlagan ro‘yxatimizdagi kamsonli futbolchilardan biri aynan Van Deyk. Harajatsiz harakat nolga tengligini his qilgan Klopp katta summa evaziga uni o‘z jamoasiga olib kelganida, Virjil o‘rtamiyona himoyachi edi. Ammo mersisaydliklar safida o‘z ishining haqiqiy ustasiga aylangan qahramonimiz "Liverpul"ning APL va EChLdagi g‘alabalarida juda katta o‘rin tutdi. "Qizillar" libosida o‘tkazgan ilk mavsumida u biror marta raqiblaridan aldanmadi. O‘shanda jamoasi Evropa taxtini zabt etgandi va Virjil "Oltin to‘p" uchun eng munosib nomzod edi, nazarimizda. Ammo...
Faqatgina bu mavsum "Mersisayd derbisi"da Pikford uni qanday zararsizlantirish usulini topa oldi. Darvozabon bilan to‘qnashuvda og‘ir jarohat olgan Van Deyk uzoq muddatga safdan chiqdi va hamon formasini tiklash bilan ovora.

1. Filippe Koutino. 145 mln evro evaziga "Liverpul"dan "Barselona"ga.
"Liverpul" muxlislari g‘azabiga uchragan Koutino hamon o‘ziga kela olmyapti. Yildan yilga o‘yinida pasayish kuzatilayotgan futbolchining transfer narxi ham mos ravishda pastlab bormoqda. APL darvozabonlari tushlariga kirib chiquvchi shedevr zarbalarni so‘nggi bor qachon ko‘rganingiz esingizdami? Ma’lumot uchun, qahramonimiz "Barsa" safida so‘nggi bor 2019 yilning 17 aprelida o‘z uslubida shedevr ko‘rsatib, muxlislarini xursand qilgandi. O‘tgan mavsumni "Bavariya"da o‘tkazgan futbolchi har tomonlama yaxshi tomonga o‘sdi. Aslida, myunxenliklarning bu qadar sermahsullik namoyish etganini hisobga olsak, Koutino transferi o‘zini oqlamaganiga amin bo‘lamiz. "Barselona" sobiq prezidenti Xosep Bartomeu jamoa uchun qo‘lidan kelgan barcha yomonlikni qilib ulgurdi. Ular ichida eng ko‘zga ko‘rinadiganlaridan biri havoga uchgan 145 mln evro bo‘ldi.

Yuqorida nomi tilga olingan futbolchilar butun dunyoga hali kech emasligini isbotlay olishi mumkin. Buning uchun ulardan faqat mehnat talab etiladi. Biz esa eng so‘nggi yangiliklarni siz aziz muxlislarga etkazib berishda davom etamiz.
347   
Добавить комментарий
Ваше имя: *