Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Ular Messining taqdirini hal qiladi. “Barselona” prezidentligiga kimlar da’vogarlik qilmoqda?

Ular Messining taqdirini hal qiladi. “Barselona” prezidentligiga kimlar da’vogarlik qilmoqda?

Автор: admin

Kataloniyaning “Barselona” klubida katta o‘zgarishlar kutilmoqda. O‘tgan 2020-yilda klub prezidentligidan iste’foga chiqarilgan Xosep Bartomeuning o‘rniga kelgan yangi rahbar katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Xo‘sh, ushbu lavozimni egallash uchun kimlar da’vogarlik qilmoqda? Ular nimalarni taklif qilinmoqda, Messining taqdiri qanday kechadi? Quyida aynan mana shu savollarga to‘xtalib o‘tiladi.
Nomzodlar kimlar?
Faqatigina uch kishi Xoan Laporta, Viktor Font va Toni Freysha – saylovlarda ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan imzolarni (klub a’zolarining) taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi.
Laporta 10 272 imzo to‘plashga muvaffaq bo‘ldi (shulardan 9 625 tasi haqiqiy deb topildi), Font 4 713 (4 431 tasi haqiqiy), Freysha esa 2 882 (2 634).
“Barsa” prezidentligiga da’vogarlik qilmoqchi bo‘lgan yana olti nafar nomzod – Agusti Benedito, Xavi Vilaxoana, Xordi Farre, Luis Fernandes Ala, Pere Riyera va Emili Ruzod saylovgacha bo‘lgan jarayondan o‘ta olmadi.
Xo‘sh, kim o‘zi bular?

Foto: Diario Sport
48 yoshli Viktor Font Delta Partners kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori hisoblanadi. Kompaniya strategik konsalting, korporativ moliya va telekommunikatsiya, ommaviy axborot vositalari hamda texnologiyalar sohasiga ixtisoslashgan. Shuningdek, u Ara gazetasining hammuassisi va direktori hamdir.
Font uzoq vaqtdan beri “Barselona” bilan bog‘langan bo‘lib, 2010 va 2015-yillarda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida ham qatnashgan, ammo o‘z nomzodini ilgari surmagan. U hozirgi saylov kampaniyasini 2018-yildayoq “Kelajakka ha” shiori ostida boshlagan. Font jamoasidan taniqli tennischi Rafael Nadalning amakisi va uzoq yillik murabbiyi Toni Nadal ham o‘rin olgan.

Foto: Marca
58 yoshli professional advokat Xoan Laporta esa 2003–2010-yillarda “Barselona”ni boshqargan va hozirda imzolar soni bo‘yicha bo‘lajak saylovlarning favoritiga aylandi. Uning shiori: Biz “Barsa”ni sevamiz. Dekabr oyida u Madriddagi “Santyago Bernabeu”dan 150 metr uzoqlikdagi binoga ulkan banner joylashtirib, unga o‘z portreti va “Siz meni yana ko‘rishni xohlaysiz” yozuvini tushirdi.

Foto:Infobae
52 yoshli advokat Toni Freysha 2015-yilda “Barselona” prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘ygan, ammo u o‘shanda to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalangandi. Freysha o‘z kampaniyasini “Barsaga sodiqmiz” shiori ostida ilgari surmoqda. U “Barselona” direktorlar kengashida Laporta, Sandro Rossel va Xosep Bartomeu rahbarligida ham bo‘lgan.
Ular nimalarni taklif qilmoqda?
Font “Barselona” sobiq sardori Xavini jamoaning bosh menejeri sifatida ko‘rmoqda. Xordi Kroyff (Yoxan Kroyffning o‘g‘li) esa sport direktoriga aylanadi. Yoshlar sektorining sobiq rahbarlaridan biri, Xavi va Karles Puyol singari futbolchilarning karyerasini boshlab bergan Xoan Vila ham ma’lum lavozimni egallaydi.
Fontning biznes-rejasi audiovizual kontent va kibersport kabi yangi daromadlarni o‘z ichiga oladi.
Laporta Yoxan Kroyfning falsafasini afzal biladi. “Ushbu falsafa bilan biz yana g‘alaba qozonishni boshlaymiz. Bizda g‘oliblik ruhiyati bor va biz “Barsa”ning yana quvonch ulashishi uchun juda ko‘p mehnat qilamiz”, – deydi u. Laporta Leo Messi bilan aloqalari juda yaxshi ekanligini va argentinalikni jamoada olib qolish eng ustuvor vazifalardan biriligini ta’kidlaydi.
Iqtisodiy siyosat nuqtayi nazaridan Laporta qarz majburiyatlarini chiqarishni istaydi. Aynan shu orqali “Barselona” hozirda jamoaga kerak bo‘lgan likvidlikni olishi mumkin bo‘ladi.
Freysha esa klub yo‘qotgan qadriyatlarni tiklamoqchi. Shu jumladan, La Masiya – “Barselona” akademiyasining chayqalgan pozitsiyasini ham. Agar u saylovda g‘olib chiqsa, Luis Karreras sport direktori lavozimiga tayinlanadi. Bundan tashqari, Freysha Neymarni qaytarish fikrini umuman ma’qullamaydi.
“Neymar barcha uslubiy parametrlarga javob beradi, ammo u klubdagi faoliyati davomida namoyish etmagan ko‘plab boshqa xususiyatlar ham mavjud”, – deydi braziliyalik futbolchi haqida Freysha.
Messi haqida gap ketganda, u argentinalik bilan futbolchining klubdagi kelajagi haqida muhokama o‘tkazishga tayyor.
“Leo klubdagi ishlar qanday ekanini biladi. U “Barsa”ni hamma narsadan ustun qo‘yadi, u bu yerda o‘ynashni va muvaffaqiyat qozonishni istaydi. Agar men prezident bo‘lsam, unga nima deyishimni bilaman va birinchi navbatda uni tinglayman”, – deydi u.
Freyshaning yana bir muhim g‘oyasi – yangi stadion barpo etishdir.
Saylov qachon o‘tkaziladi?
Aslida ovoz berish jarayonlari 24-yanvarga belgilangandi. Biroq 15-yanvar, juma kuni “ko‘k-anorranglilar” koronavirus tufayli saylov  keyinroq muddatga qoldirilganini e’lon qildi (Marca ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning 7-mart sanasi varianti ma’qullangan). Voqealar rivoji qanday yakun topishini vaqt ko‘rsatadi.
121   
Добавить комментарий
Ваше имя: *