Goal24.uz » Jahon » Futboldagi qariyalar

Futboldagi qariyalar

Автор: admin

Hozir 2020 yil. Bu xuddi fantastik filmlardagi kabi eshitiladi shunday emasmi? Futboldagi yangi o‘n yillik ham start olmoqda. To‘g‘ri, futbolchilarning maydondagi umri qisqa bo‘ladi, biroq bu sportda “osonlikcha taslim bo‘lmaydinganlar” ham mavjud. Sezganingizdek, bugun futbol olamidagi bir nechta o‘n yillikni ko‘rgan va ayni damda butsalarini mixga ilmagan futbolchilarni esga olib o‘tamiz.
Iker Kasilyas
 
Futbol olamida deyarli barcha nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqqan afsonaviy darvozabon professional faoliyatini 1999 yilda “Real Madrid” jamoasida boshlaganidan xabaringiz bor. 20 asrning so‘nggi mavsumini Iker zaxira darvozaboni sifatida boshlaydi, biroq Bod Ilgnerning kutilmaganda jarohat olishi qahramonimizning katta arenalarga ilk qadam qo‘yishini ta’minlab beradi. O‘sha paytdagi jamoa murabbiyi Jon Toshek qo‘rqmasdan yosh kipperga darvozani ishonib topshirganini alohida qayd etib o‘tish joiz. O‘sha mavsumdagi startdan so‘ng, Iker 2020-yilga qadar futbol olamini tark etgani yo‘q. To‘g‘ri, o‘tgan yili darvozabon yuragidagi muammolar sababli bir fursat maydondan chetda qoldi, biroq Iker taqdirning zarbasiga mardonavor turib berdi va “Portu”ning yangi mavsumdagi qaydnomasidan joy oldi.
Zlatan Ibrahimovich
Millionlab muxlislarga ega Zlatan ham katta futbolga 1999-yilda kirib kelgani ko‘pchilikning yodidan ham ko‘tarilib ketgan bo‘lsa, ne ajab?! 2018-yilda MLSni zabt etish uchun okean uzra yo‘l olgan Ibrahimovichning kariyerasiga nuqta qo‘yilgandek tuyulgan edi, biroq shved muxlislarni hayron qoldirishni davom ettirishga qaror qildi. Oradan ikki yil o‘tib MLSda 50 gol kiritgan futbolchi ko‘hna qit’aga qaytdi. Cho‘kayotgan “Milan”ni qutqarish uchun kelgan Ibrahimovich hademay 40 yoshni qoralaydi. Shunday bo‘lsada, birorta inson bu so‘zlarni uning yuziga ayta olmasa kerak. Yana kim biladi deysiz?!
Buffon

Afsonalar ichra afsona atamasi aynan Jijiga mos keladi. Mana 25 yildan beri qahramonimiz ishonch so‘zi bilan birga tilga olinib kelmoqda. Darhaqiqat, barchasi 1995(!) yilda boshlanganiga ishonasizmi? 42 yoshni urib qo‘ygan kipper “Yuventus”ning siymosi darajasida hurmat qilinadi. Jamoani eng og‘ir pallalarda millionlar evaziga ham tark etmagan yigit bunga loyiq. Parijni “bir aylanib kelgan” Buffon ayni damda jonajon klubi sharafini himoya qilishda davom etmoqda va katta futbolni tark etish haqida o‘ylamayapdi.
Aris Aduris


Bilbaolik “sherlar”ning uchun tirik afsona maqomini olgan hujumchi top darajada o‘yin ko‘rsatishni qachon yakunlashi noma’lumligicha qolmoqda. Uning futboldagi ilk jamoasi(Aurera) libosini kiyganida ko‘chada 1999 yil shamoli esayotgan edi. Darhaqiqat, hujumchi o‘z faoliyati davomida “Valensiya”, “Burges” va “Malyorka” singari jamoalarda to‘p surgan, biroq uni “Atletik”da o‘zgacha hurmat qilishadi. O‘z faoliyati davomida atigi 1 dona sovrinni boshi uzra ko‘targan futbolchi sevimli klubi uchun 400 oshiq o‘yinda maydonga tushgan kam sonli futbolchilardan biriga aylandi.
Klaudio Pisarro

Janubiy Amerikliklarning futbol bilan xayrlashishi juda mushkul. Klaudio ham shular jumlasidan desak, adashmagan bo‘lamiz. O‘z futbolchilik faoliyatini 1996 yilda boshlaganiga qaramay, mashxurlik unga Bundesligaga o‘tgachgina keldi. Ayniqsa, “Bavariya” safidagi o‘yinlari bilan muxlislar hurmatini qozongan hujumchi ayni damda ikkinchi uyi sanalmush “Verder” sharafini himoya qilmoqda. Bundesliga tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatining 6 o‘rnida ketayotgan perulik futbolchida o‘z o‘rnini yaxshilab olmoqchi, biroq bu mavsumda hozirchagol kiritgani yo‘q.
Barri

APLda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi kim deb berilgan savolga ko‘pchilik Lempard yoki Jerrard deb javob berishi mumkin.Qaysidir ma’noda bu to‘g‘ri, lekin Barri bu ko‘rsatgich borasida qolganlarni quvib o‘tishni uddaladi. O‘zining “Manchester Siti”dagi o‘yinlari bilan barchaga tanish bo‘lgan yulduz futboldagi ilk klubi bilan shartnomani 1998 yilda tuzgan. 10 yil “Aston villa”da, 4 yil “Everton” sharafini himoya qilgan yarim qilgan yarim himoyachi 3 yildan beri “Vest Bromvich”da javlon urmoqda. APLning 633 ta o‘yinida maydonga tushgan futbolchi ayni damda jarohat olgan bo‘lsada, butsalarini mixga ilishdan bosh tortmoqda. U hammasi o‘z xohishi bilan bo‘lishi uchun yana safga qaytishni va chiroyli tarzda futboldan ketishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

272   
Добавить комментарий
Ваше имя: *