Goal24.uz » Transfer » Qishning eng muhim 10 transferi

Qishning eng muhim 10 transferi

Автор: admin


 31 yanvardan 1 fevralga o‘tar kechasi Yevropa kuchli beshlik chempionatlarida qishki transfer darchasi yopildi. Tribuna.uz yakuniga yetgan transfer oynasining eng muhim 10 transferini hukmingizga havola etadi.
10. Fransishku Trinkau

Sobiq klubi: Braga (Portugaliya)
Yangi klubi: Barselona (Ispaniya)
Transfer summasi: 31 million yevro
Luis Suaresning jarohat bois uzoq muddatga safdan chiqqanligi sababli «Barselona» klubi uning o‘rniga yangi hujumchi qidira boshladi. Nomzodlar orasida qator tajribali futbolchilar bo‘lsa-da, oxir-oqibat katalon klubi portugaliyalik 20 yoshli forvard Trinkau variantiga to‘xtaldi. Qizig‘i, hujumchi «Barsa» safiga hali qo‘shilgani yo‘q, kelishuvga binoan u mavsum yakuniga qadar o‘z klubida qolib, Barselonaga yangi mavsum oldidan keladi. «Yangi Ronaldu» deya e’tirof etilayotgan iqtidor bilan 2025 yilgacha shartnoma imzolanib, uning tovon puli 500 million yevro etib belgilangan. Ushbu transfer «Braga» tarixi uchun klubning rekordi sifatida qayd etildi.
9. Reyner Jezus

Sobiq klubi: Flamengo (Braziliya)
Yangi klubi: Real (Ispaniya)
Transfer summasi: 30 million yevro
«Real»ning qishki transfer oynasidagi asosiy xaridi navbatdagi braziliyalik vunderkindning taklif etilgani bo‘ldi. Madrid klubi «Flamengo»dan hujumkor yarimhimoyachi Reynerni qo‘lga kiritdi. Yaqinda 18 yoshni qarshi olgan Rener ushbu mavsumdagi 15 o‘yinda 6ta gol va 2ta golli uzatma berishga ulgurgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «qirollik klubi» braziliyalik iqtidorni «Barsa» ilib ketmasligi uchun «Flamengo» rahbariyatining barcha talablariga ko‘ngan. Aftidan, o‘z vaqtida Neymarni qo‘ldan boy bergan Florentino Peres endi “qatiqni ham puflab ichmoqda”. 6,5 yillik shartnomaga ko‘ra, Reyner dastlab «Kastilo»da to‘p sursa, keyin asosiy jamoaga o‘tishi kutilmoqda.
8. Aleksander Nyubel

Sobiq klubi: Shalke (Germaniya)
Yangi klubi: Bavariya (Germaniya)
Transfer summasi: erkin agent
Bir ko‘rishda ushbu transfer kuchli o‘nlikdan joy olishga arzimaydi. Ammo «Bavariya» 23 yoshiga qaramay, «Shalke» sardoriga aylana olgan Germaniyaning eng yaxshi yosh darvozabonini bepul qo‘lga kiritganligini inobatga olsak, Nyubelni top-10likka kiritishga asoslarimiz yetarli ekanligini anglash mumkin. Gelzenkirxen klubi yetakchisini o‘z safida qoldirishga intildi, ammo 2020 yilning yozida shartnomasi yakunlanadigan posbonni Myunxen klubi tekinga ilib ketdi. Aleksandr mavsum oxiriga qadar «Shalke»da qoladi, yangi mavsumdan esa Manuel Noyerning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Qizig‘i, Noyer ham o‘z vaqtida aynan «Shalke» sardori sifatida klubni tekinga tark etib, «Bavariya»ga yo‘l olgandi.
7. Dani Olmo

Sobiq klubi: Dinamo Zagreb (Xorvatiya)
Yangi klubi: Leypsig (Germaniya)
Transfer summasi: 25 million yevro
Xorvatiyaning amaldagi chempioni «Dinamo» safida mavsum kashfiyotiga aylangan futbolchi – Dani Olma bo‘ldi. «Barselona» tarbiyalanuvchisi «dinamochilar» safida 2014 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Shunga qaramay, so‘nggi mavsumdagi o‘yinlari bilangina barcha klublar e’tiboriga tushgan ispaniyalik hujumchini Kataloniyaga qaytishi haqida gapira boshlashdi. Oxir-oqibat Dani uchun kurashda «Leypsig»ning qo‘li baland keldi va 21 yoshli futbolchi Germaniya Bundesligasi peshqadami bo‘lib turgan jamoa bilan 4,5 yillik shartnoma tuzdi.
6. Deyan Kulusevski

Sobiq klubi: Atalanta (Italiya)
Yangi klubi: Yuventus (Italiya)
Transfer summasi: 35 million yevro
A Seriya debyutanti «Parma»ning muvaffaqiyatini mutaxassislar aynan yarimhimoyachi Deyan Kulusevskining yorqin o‘yini bilan bog‘lashadi. Transfer huquqi «Atalanta»ga tegishli bo‘lgan «Parma» yetakchisi mavsumning dastlabki qismidagi ajoyib o‘yinlari bilan amaldagi chempion «Yuventus» e’tiborini tortdi. Turinliklar taklifini Bergamo klubi rad eta olmadi va 19 yoshli shvetsiyalik futbolchi 35 million yevro evaziga «keksa sinoralar» safiga borib qo‘shildi. Asli makedoniyalik xavbekning muvaffaqiyati «Atalanta»ga qo‘shimcha 9 million yevro bonus keltirishi mumkin.
5. Kshishtof Pyontek

Sobiq klubi: Milan (Italiya)
Yangi klubi: Gerta (Germaniya)
Transfer summasi: 27 million yevro
Polshalik forvard «Milan»dagi faoliyatini qator gollar bilan boshlagan bo‘lsa, ammo sekin-asta klubning natijasi kabi uning ham sermahsulligi pasaya boshladi. 2019 yil yakunida asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qota boshlagan 24 yoshli polshalik hujumchi Zlatan Ibrahimovich kelgach, butkul zaxira o‘rindig‘iga mixlandi. Pyontekning «San-Siro»ni tark etishi oydinlashgach, Kshishtof uchun Angliya, Ispaniya klublari qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, kutilmaganda u «Gerta»ni tanladi. Balki nemis klubi ustozi, taniqli sobiq goleador Yurgen Klinsman polshalik forvardni qaytadan «uyg‘ota» olar?
4. Zlatan Ibrahimovich

Sobiq klubi: «LA Gelaksi» (AQSH)
Yangi klubi: Milan (Italiya)
Transfer summasi: erkin agent
Okean ortidagi ikki yillik faoliyatida 58 uchrashuvda 53ta gol urib, Amerika futbolini ham zabt eta olgan Zlatan Ibrahimovich yanvarda yana Yevropaga qaytdi. Unda Angliya va Ispaniya klublaridan taklif bo‘lsa-da, Zlatan Italiya A Seriyasini tanladi. Milanga yetib kelarkan, dastlabki matbuot anjumanidayoq barchani o‘ziga qarata oldi: «Milan»ni yana oldingi mavqeiga qaytirish uchun uyimga qaytdim» - degandi shvetsiyalik 38 yoshli forvard. Ibrahimovich «rossonerilar» safiga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan bo‘lsa-da, transfer oynasining eng muhim o‘tishlardan biri bo‘ldi.
3. Brunu Fernandesh

Sobiq klubi: Sporting (Portugaliya)
Yangi klubi: Manchester Yunayted (Angliya)
Transfer summasi: 55 million yevro
Qishki transfer oynasining eng qimmat transferini «Manchester Yunayted» amalga oshirdi. Butun transfer darchasi davomida Brunu Fernandesh “seriali” davom etdi. Hattoki portugaliyalik futbolchi shartnomasini uzaytirgani, o‘z klubida qolishi haqida xabarlar e’lon qilingan bo‘lsa-da, dedlaynga bir kun qolganida «MYU» rasman Fernandesh bilan kelishuvga erishilgani haqida e’lon qilib, so‘ng futbolchini tanishtirdi. Ingliz klubi portugal jamoasiga transfer uchun 55 million yevro, bonuslar bilan yana qo‘shimcha 25 million yevro to‘lashi mumkin, deyildi xabarlarda.
2. Erling Holand

Sobiq klubi: Zalsburg (Avstriya)
Yangi klubi: Borussiya D (Germaniya)
Transfer summasi: 20 million yevro
Chempionlar ligasi guruh bosqichida porlagan norvegiyalik yosh goleador Yevropa grandlari tinchini buzgandi. Superklublar navbati bilan Holandga oltin tog‘larni va’da qilgan bo‘lishsa-da, 19 yoshli hujumchi oxir-oqibat Dortmundning «Borussiya» klubi taklifini qabul qildi. «Zalsburg» bilan yarim yillik shartnomasi qolgani sabab Erling bor yo‘g‘i 20 million yevro evaziga Bundesligaga ko‘chib o‘tdi. Agenti Rayola 15 million yevroni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, otasiga 5 million yevro to‘lanishi ma’lum qilingandi. Holand pullarni ortig‘i bilan oqlashni boshladi – 3 o‘yinda 7ta golga mualliflik qilgan goleador qator rekordlarni o‘rnatdi.
1. Kristian Eriksen

Sobiq klubi: Tottenhem (Angliya)
Yangi klubi: Inter (Italiya)
Transfer summasi: 20 million yevro
Hattoki Mourinoning kelishi ham Eriksenni London klubini tark etish fikridan qaytara olmadi. Shartnomani uzaytirish borasidagi har qancha takliflarga qaramay, daniyalik futbolchi «Tottenhem»da qolmadi. Londondagi yetti yillik faoliyati davomida Eriksen aytarli muvaffaqiyatga erisha olmagani bois, unga yangi chaqiruv kerak edi. Kristian dastlab «Real» bilan og‘zaki kelishuvga erishgandi, biroq uning Madridga o‘tish transferini Zidan ma’qullamagach, kelishuv amalga oshmadi. Bundan esa Antonio Konte boshqaruvidagi «Inter» foydalanib qoldi va uzoq kechgan muzkaralardan keyin yozda shartnomasi nihoyasiga yetadigan 27 yoshli yarimhimoyachi 20 million yevro evaziga Italiya A Seriyasiga ko‘chib o‘tdi. Milan klubi bilan 4,5 yillik shartnomaga imzo chekkan Eriksen ma’lumotlarga ko‘ra, yiliga 10 million yevro maosh oladi. Bu Italiyada Ronaldudan keyingi eng yuqori maoshdir. Asl bahosi o‘tish transferidan 3-4 barobar qimmat bo‘lgan Eriksen singari maydon markazidagi yetakchi «Inter»ga «Yuve»ning A Seriyadagi gegemonligini to‘xtatish uchun qay daraja yordam bera olishini vaqt ko‘rsatadi.
31     
Реклама
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *