Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Germaniya » Rekordmeysterning rekordlari: “Bavariya” tarixidagi eng qimmat transferlar

Rekordmeysterning rekordlari: “Bavariya” tarixidagi eng qimmat transferlar

Автор: admin

Myunxenning “Bavariya” klubi 2021-yilning 15-fevral kuni “Leypsig” himoyachisi Dayo Upamekano transferini rasman e’lon qildi. Fransiyalik futbolchi 2020/21-yilgi mavsum so‘ngida “Bavariya” safiga borib qo‘shiladi. Ushbu xabarlar fonida FootballHD nashri “Bavariya” (“rekordmeyster”) tarixidagi eng qimmat transferlar haqida material tayyorladi. Quyida ushbu maqola o‘zbek tilida taqdim etiladi.
Benjamin Pavar — 35 million yevro

Foto: Bild
2018-yilning yozida Pavar Fransiya safida Jahon Kubogida g‘olib bo‘ldi. Bir yil o‘tib, “Bavariya” Pavarni “Shtutgart”dan 35 million yevroga sotib oldi. Futbolchi birinchi mavsumdayoq yangi jamoasi safida barcha musobaqalarda g‘olib bo‘ldi, shu jumladan, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham. Fransiyalikning transferi qanchalik darajada o‘zini oqlaganligini aytishga hali erta, boisi Benjaminda o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasida deyarli raqobatchi yo‘q. Ammo myunxenliklar allaqachon bu borada ish olib borishmoqda. Yozda “rekordmeyster” Pavarning bo‘shashmasligi uchun yana bir himoyachi bilan shartnoma imzolaydi.
Renatu Sanchesh — 35 million yevro

Foto: Getty Images
2016-yilning yozida “Bavariya” umidli markaziy yarim himoyachi sifatida Renatuni sotib oldi. Myunxenliklar buning uchun “Benfika”ga 35 million yevro to‘ladi. Ammo portugaliyalik Bundesligada o‘ynab keta olmadi. Bir yil o‘tib, “rekordmeyster” futbolchini “Suonsi”ga (Angliya) ijaraga berib yubordi. Shundan so‘ng yarim himoyachi Myunxen klubida yana bir mavsum o‘tkazdi, ammo natija o‘sha-o‘sha edi. 2019-yilning avgust oyiga kelib, “Bavariya” Sancheshni “Lill”ga 20 million yevroga sotib yubordi. Fransiyada futbolchi sezilarli darajada yaxshi harakat qilishni boshladi. Ammo Germaniya chempionlari uchun bu transferni bemalol muvaffaqiyatsiz bo‘ldi deb aytish mumkin. Birinchidan, portugaliyalik jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lolmadi. Ikkinchidan, “Bavariya” bunda 15 million zararga kirdi.
Mats Hummels — 35 million yevro

Foto: Google Images
Hummelsning faoliyatida faqatgina 2 ta klub bo‘lgan — “Bavariya” va “Borussiya Dortmund”. Myunxen klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Mats 2009—2016-yillarda “Borussiya”da o‘ynagan. 2016-yilda esa qadrdon klubi uni qaytarish uchun Dortmund klubiga 35 million yevro to‘laydi. Germaniyalik futbolchi “Bavariya”da uchta yaxshi mavsum o‘tkazadi. Shu vaqt ichida u uch martadan Germaniya chempionati va mamlakat Superkubogida g‘olib bo‘ldi, shuningdek, bir bor Germaniya Kubogida ham zafar quchdi. 2019-yilning yozida esa myunxenliklar uni yana “Borussiya”ga 30 million yevroga transfer qildi. Umuman, Hummelsning transferini “Bavariya” uchun foydali bo‘lgan deyish mumkin. Shuning uchun ham tomonlar do‘stona kayfiyatda xayrlashdi.
Mario Gyotse — 37 million yevro

Foto: Soccersouls
2013-yil yozida “Bavariya” “Borussiya D” yarim himoyachisi Mario Gyotseni o‘z safiga qo‘shib olib, shov-shuvli transferni amalga oshirdi. Dortmundda Marioning Myunxenga ko‘chib o‘tgani yaxshi qabul qilinmadi, chunki u “arilar” tarbiyalanuvchisi edi va jamoaning asosiy raqobatchisi safiga o‘tish sotqinlikka tenglashtirilardi. Gyotse bilan birgalikda futbolchi ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Yarim himoyachi Bundesligada uch marta, Germaniya Superkubogida ikki marta va yana bir martadan UEFA Superkubogi hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Shunga qaramay, Mario “myunxenlik”ka aylana olmadi. Uch yildan so‘ng Gyotse “Borussiya”ga qaytadi. Dortmundda ma’lum vaqt davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchi hozirda Niderlandiyaning PSV klubida faoliyat yuritmoqda.
Arturo Vidal — 39,3 million yevro

Foto: Getty Images
Vidal “Bavariya”ga “Yuventus”dan 2015-yilning yozida deyarli 40 million yevro evaziga o‘tadi. Uch yildan so‘ng Germaniya chempionlari chililik futbolchini 18 millionga “Barselona”ga transfer qiladi. Miqdordagi farq sezilarli, ammo klub uchun futbolchining transferini muvaffaqiyatsiz deb atash qiyin. Arturo singari futbolchilar istalgan jamoada qadrlanadi, chunki u har bir uchrashuvga o‘zini 100 foiz bag‘ishlaydi. Vidal “Bavariya”ga o‘z xohishi, kuchi, jangovar ruhiyati va tajribasi bilan yordam berib kelgan. Chililik futbolchi hozirda aynan shu xislatlari bilan “Inter”ning yosh futbolchilariga o‘rnak bo‘lmoqda.
Xavi Martines

Foto: Goal
Martines o‘zining “Bavariya”dagi to‘qqizinchi va so‘nggi mavsumini o‘tkazmoqda. Xavi 2012-yilning yozidan boshlab Myunxen klubi sharafini himoya qiladi. O‘sha paytda nemislar Martines uchun “Atletik”ga 40 million yevro to‘lagandi. Bu o‘sha vaqt o‘lchovlari uchun anchayin jiddiy mablag‘dir, ammo Xavi o‘ziga sarflangan pullarni oxirgi yevrosigacha oqladi. Yarim himoyachi muvaffaqiyat jihatidan har xil mavsumlarni o‘tkazdi, ammo u har doim o‘z ishini vijdonan bajarar, ba’zan esa g‘alaba gollarini ham urar edi. Martines “Bavariya”ning tarixiy yutuqlarida o‘zining beqiyos hissasini qo‘shdi. Shunday ekan, nemis klubi yozda u bilan munosib xayrlashishga majbur.
Korentin Tolisso (41,5 million yevro)

Foto: “Bavariya” FK
2017-yilning yozida “Bavariya” “Lion” tarbiyalanuvchisi uchun 40 million yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi. Myunxenda Tolissoga katta umidlar bog‘langandi, ammo u hamon rotatsiya futbolchiligicha qolmoqda. Fransuzga jamoadoshlari bilan raqobatlashish qiyin bo‘lmoqda, ayniqsa, hozirgi dahshatli “Bavariya”da. Yarim himoyachining o‘zi vaziyatni o‘zgartirish istagini bildirgan vaqtlar bo‘lgan, klub ham uni qo‘yib yuborishga tayyor edi. Shunga qaramay, Tolisso Myunxenda qoldi va ushbu mavsumda ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Buning sababi ushbu mavsumda har bir jamoa rotatsiya ehtiyoj sezayotgani bilan bog‘lanmoqda. Shunday ekan, yozda fransuzning ketishi mumkinligi haqidagi gaplarning paydo bo‘lish ehtimoli yo‘q emas.
Dayo Upamekano — 42,5 million yevro

Foto: “Bavariya” FK
Upamekano “Bavariya”ning eng oxirgi transferi hisoblanadi. “Rekordmeyster” bir necha kun oldin futbolchining transferini e’lon qildi. Unga “Liverpul” va “Chelsi” ham da’vogarlik qilayotgandi, ammo Dayoning o‘zi Myunxenga o‘tishga qaror qildi. Dayoning “Bavariya”da mavsum so‘nggida jamoani tark etadigan David Alabaning o‘rnini egallashi kutilmoqda. Ushbu transferdan har ikkala tomon ham foyda ko‘radi. Myunxeliklar Bundesliga va Chempionlar Ligasida tajribaga ega bo‘lgan yuqori darajali himoyachiga ega bo‘lsa, Upamekano esa klub darajasida barcha sovrinlar uchun kurashishi mumkin bo‘ladi.
Leroy Sane — 45 million yevro

Foto: Twitter
“Bavariya” juda uzoq vaqt davomida Saneni Germaniyaga qaytarish ustida ish olib bordi. Myunxenliklar futbolchini “Manchester Siti” bilan shartnomani uzaytirmaslikka ishontirdi. Natijada, futbolchi 2020-yilning yozida “Bavariya”ga o‘tdi. Myunxen klubi safidagi dastlabki mavsum Leroy uchun omadli chiqmayapti. Klubdagilar ham vingerning o‘z imkoniyatlaridan past darajada harakat harakat qilayotganligini aytmoqda. Shunga qaramay nemislar vatandoshini qo‘llab-quvvatlashda va uning Angliyada ko‘rsatgan darajasiga qaytishiga ishonmoqda. Sane vaqti-vaqti bilan kuchli bosimga ham duch kelmoqda, ammo u buni yengib o‘tishi kerak bo‘ladi. Chunki dunyoning eng yaxshi klublaridan birida o‘ynashning boshqa usuli yo‘q.
Lukas Ernandes — 80 million yevro

Foto: Bundesliga
“Bavariya” tarixidagi eng qimmat futbolchi chap qanot himoyachisi bo‘ladi deb kim ham o‘ylabdi. 2019-yilning yozida myunxenliklar Ernandes uchun rekord darajadagi 80 million yevro to‘ladi. Lukas esa qiyin vaziyatga tushib qoldi. Bir tomondan fransuz o‘zining transfer narxi va bildirilgan katta umidlar tufayli jiddiy bosimga duch keldi. Boshqa tomondan futbolchiga nihoyatda kuchli raqobatchi — Alfonso Devis paydo bo‘ldi. Hozirda kanadalik futbolchi dunyoning eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri hisoblanadi. “Bavariya” esa Devisni atigi 10 million yevroga olgan. 80 million yevroga sotib olingan Ernandesning “Bavariya”dagi kelgusi faoliyati qanday kechish esa so‘roq ostida qolmoqda.
137   
Добавить комментарий
Ваше имя: *