Goal24.uz » Yevropa jamoalari » “Yuventus”dan PSJgacha. Serxio Ramosning keyingi manzili qayer bo‘ladi?

“Yuventus”dan PSJgacha. Serxio Ramosning keyingi manzili qayer bo‘ladi?

Автор: admin

Kundan kunga Serxio Ramosning “Santyago Bernabeu”ni tark etishi va boshqa jamoaga o‘tib ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar tobora ko‘payib bormoqda. “Qaymoqranglilar”da muzokara o‘tkazish uchun atigi besh oy vaqt qolmoqda, yangi shartnomadan esa hamon darak yo‘q.
2020-yilning noyabr oyidayoq Ramosga ingliz klublari tomonidan qiziqish bildirilgani va ularning bu darajadagi futbolchini o‘z safiga bepul qo‘shib olishdan faqat xursand bo‘lishi aytilgandi. Garchi “Real” muxlislari uning ketishini istamasa-da, hammasi uning jamoani tark etishiga qarab ketmoqda. Shunday ekan, ispaniyalikni kelajakda nima kutayotgani haqida o‘ylashning vaqti yetdi. Quyida aynan Serxio Ramosni kelajakda nimalar kutayotganiga atroflicha to‘xtalib o‘tiladi.

Foto: Twitter/@realmadrid
MLS
Ramosning “qirollik klubi” bilan shartnomasi yakuniga yetganida u 35 yoshda bo‘ladi. To‘g‘ri, bu hali hammasi tugadi degani emas, ammo ko‘pchilik aynan shu yoshda o‘zining so‘nggi shov-shuvli transferi haqida o‘ylashni boshlaydi. Va shunda aksariyat yulduzlar nisbatan o‘ynash oson va yengilroq bo‘lgan Amerika ligasini tanlaydi. Buning ustiga u yerdagi maosh masalasi ham Yevropadan qolishmaydi. Mayami kabi shaharlarning birida o‘ziga to‘g‘ri keladigan jamoani topish — ideal variant emasmi?
Umuman olganda ko‘p jihatlar mos kelmoqda, ammo Ramosning bunga rozi bo‘lmasligi aniq, chunki u har doim jangchi bo‘lib kelgan. U sovrinlarga tashna, doimo nimanidir isbotlashi kerak. Shu sababli uning okean ortiga yo‘l olish varianti ehtimoli juda pastdir.
“Manchester Siti”
Anchayin taniqli bo‘lgan va yuqori maosh talab qiladigan himoyachi o‘ziga yangi klub qidirmoqda? Unda nega “Manchester Siti” eslanmasligi kerak? Ammo bu safar hammasi avvalgidek emas.
“Siti”da bugunga kelib, himoya borasida muammolar bartaraf etilgandek, bunday deyishga sabab Ruben Diash va Jon Stounz tandemi juda yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Aymerik Lyaportni ham unutmaslik kerak. Ushbu holatda Pep Gvardiola Ramosga tarkibdan joy topib berishda qiynalishi aniq.
“Tottenhem”
Angliyaning boshqa bir klubi “Tottenhem” esa yangi himoyachiga ehtiyoj sezmoqda. Mourinyo jamoaga chempionlik ambitsiyalarini olib kelgan bo‘lsa ham hozircha “shporlar”ning ishlari unchalik yaxshi emas. Jamoa hujumda yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bir paytda himoyada Ramosdek o‘yinchining bo‘lishi faqat foydaga ishlagan bo‘lardi.

Foto: Google Images
Buning ustiga Joze va Ramos avval ham birga ishlagan. Yaqinda Madrid klubidan “Tottenhem”ga yo‘l olgan Serxio Regilonning Ramos bilan telefon orqali bog‘langani va ehtimoliy transferni muhokama qilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lganiga qaramay, hozircha bunday kelishuvning amalga oshishiga ishonish qiyin.
“Yuventus”
Krishtianu Ronaldu “Real”ni tark etganida hamma poytaxt klubining qoqilishini kutgan edi, ammo jamoa Ramos boshchiligida chempionlikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
“Yuventus” esa doimo o‘zining mahoratli transferlari, asosan tekinga qo‘lga kiritilgan yulduz futbolchilari bilan tanilgan — bir paytlar Pol Pogba, Aaron Remzi, Adrian Rabyo va Daniyel Alves kabi nomdor o‘yinchilar Turinga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tgan. Yuqoridagi klublarga qaraganda Ramosning aynan turinliklar safiga o‘tish ehtimoli yuqoridir. Buning ustiga “keksa sinyora” uzoq yillardan beri Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishni istagida yonmoqda. Ramos esa bu borada yaxshigina tajribaga ega.
“Real Madrid”

Foto: Twitter/@realmadrid
Ha, Serxio Madridda qolishi ham mumkin. Ochig‘ini aytganda, agar kimnidir Ispaniya futbol qiroli deb atash mumkin bo‘lsa, shubhasiz, bu Serxio Ramosdir. Ramos har doim o‘z klubini yaxshi ko‘rgan va jamoa ham o‘z davrining eng yaxshi himoyachilaridan birini qadrlagan va hurmat qilgan. Agar Serxio qolsa, bundan hamma g‘alaba qozonadi. Muammo? Pandemiya sababli tomonlar bir to‘xtamga kela olmayapti. Serxio o‘zi munosib bo‘lgan maoshli shartnoma talab qilayotgan bo‘lsa, klub rahbariyati inqirozlar davrida bunga qurbi yetmasligini aytmoqda. Ammo baribir murosaga kelish mumkin va hozirda millionlab muxlislar shunga umid bog‘lamoqda.
“Manchester Yunayted”
Ramos bundan oldin ham shartnomasiz qolib ketishiga bir baxya qolganida aynan “Manchester Yunayted” uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun asosiy da’vogar hisoblangandi.
Ingliz klubining o‘sha paytdagi murabbiyi Lui van Gal ispaniyalik futbolchini ko‘ndirishga urinib ko‘rgandi, hatto o‘shanda o‘yinchining o‘zi ham “qizil iblislar” libosini kiyishni xohlaganligini tan olgandi.
Hozir ham Ramosning Manchesterga yo‘l olish ehtimoli ancha yuqoridir. “Yunayted” mudofaada yetakchi futbolchiga juda muhtoj . Ramosning esa u yerda daromadli shartnoma olishi va asosiy tarkib o‘yinchisi bo‘lishiga hech qanday shubha yo‘q.
PSJ
“Manchester Siti” singari PSJ atrofida ham doimo shov-shuvli kelishuvlar haqida gap borgan. Hozirgi kunda fransuz mudofaasida hammasi ham yaxshi ketmayapti, shu sababli Ramos varianti ehtimoldan xoli emas.

Foto: Google Images
O‘tgan mavsumda parijliklar Tiago Silvani qo‘yib yubordi, Ramos esa unga har tomonlama o‘xshashi hech kimga sir emas. Shuningdek, Serxio ko‘p marotaba Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan. Aynan Ramosning kelishi PSJga uzoq vaqtdan beri kutilayotgan sovrinni taqdim etishi mumkin. Yuqoridagilar shunchaki ehtimollar nazariyasi edi, voqealar rivoji qanday yakunlanishini esa faqat vaqt ko‘rsatadi.
168   
Добавить комментарий
Ваше имя: *