Goal24.uz » O'zbekiston » Top-11: O‘zbekistonning ayni damdagi eng qimmat futbolchilari

Top-11: O‘zbekistonning ayni damdagi eng qimmat futbolchilari

Автор: admin

Futbolga qiziqqan, uni tomosha qilishni yoqtirgan inson borki, o‘yinchilarning transfer bozoridagi narxini kuzatib boradi. Aksariyat hollarda barchamiz dunyo transfer bozoridagi vaziyatni muhokama qilamiz: Kilian Mbappe va Erling Holandning narxi ko‘tarilgani yoki Krishitinu Ronaldu hamda Lionel Messining narxida pasayish kuzatilgani haqida gapiriladi. O‘zbekistonlik futbolchilar-chi? Ularga ham transfer narxi qo‘yiladimi, agar shunday bo‘lsa, eng qimmat o‘zbek futbolchisining bozordagi qiymati qancha? Quyida aynan shu savollarga javob bergan holda O‘zbekistonning eng qimmat futbolchilari haqida fikr yuritamiz.
Hojiakbar Alijonov — 900 ming yevro

Foto: O‘FA
Hojiakbar Alijonov 2016-yildan beri “Paxtakor”ning asosiy tarkibiga jalb etib kelinadi. Alijonov “Paxtakor”dagi kuchli raqobatni yengib o‘ta oldi va hozirda asosiy tarkibning muhim futbolchisi hisoblanadi. Hojiakbarning tezkorligi, muntazam ravishda hujumlarga qo‘shilishi va o‘yinni o‘ziga olishdan cho‘chimasligi poytaxt klubining so‘nggi yillardagi g‘alabalarida muhim rol o‘ynagani hech kimga sir emas. Alijonov agar shu yo‘sinda davom etsa, yaqin yillar ichida terma jamoa uchun ham ko‘p narsa bera olishi mumkin.
Bobur Abduxoliqov — 900 ming yevro

Foto: “Rux” FK
O‘zi tarbiyalangan “Nasaf” tarkibida milliy chempionatdagi yorqin o‘yinlari va gollari orqali yaxshi tanilgan Bobur Abduxoliqov 2021-yilning fevral oyida legionerga aylandi. Hujumchi Ukraina chempionati vakili “Rux” bilan shartnoma imzoladi, endilikda u o‘z omadini Yevropada sinab ko‘radi.
Odiljon Hamrobekov — 1 million yevro

Foto: O‘FA
“Nasaf” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Odiljon Hamrobekov 2013-yildan boshlab qarshiliklarning asosiy jamoasiga jalb etila boshlagan. Shuningdek, u O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalaridagi o‘yini orqali ham muxlis va mutaxassislarning e’tiborini o‘ziga qaratgan. Hamrobekov hozirda “Paxtakor” tarkibida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan asosiy futbolchilardan biri hisoblanadi. Uning maydondagi asosiy vazifasi jamoaning yangi hujumini boshlab berish va raqib o‘yinchilarini zararsizlantirishdan iboratdir.
Doston Hamdamov — 1,20 million yevro

Foto: O‘FA
Doston professional faoliyatini “Bunyodkor” safida boshlab (2014-yilda), qisqa vaqt ichida asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi va yorqin o‘yinlar ko‘rsata boshlaydi. Aynan shu sabab u 2015-yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi mukofotini ham qo‘lga kiritgandi. 2018-yilda esa u Rossiyaning “Anji” klubiga o‘tdi. Afsuski, Maxachqal’ada uning omadi yurishmadi, shundan so‘ng (2019-yilning yanvar oyida) Doston Toshkentning boshqa bir klubi “Paxtakor” safiga kelib qo‘shildi. “Sherlar” bilan shartnomasi yakuniga yetgach, erkin agent sifatida BAA chempionatiga yo‘l oldi. Dubayning “An-Nasr” klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan Doston yangi jamoasida ko‘p vaqt o‘tkazmadi. “An-Nasr” uni mavsum so‘nggigacha autsayder “Hatta“ga ijaraga berib yubordi.
Odil Ahmedov — 1,20 million yevro

Foto: O‘FA
Osiyo Kubogi—2011 dan keyin legionerga aylangan Odil Ahmedov roppa-rosa 10 yildan beri O‘zbekistondan tashqarida to‘p tepmoqda. Bu vaqt oralig‘ida u “Anji”, “Krasnodar”, “Shanxay SIPG” kabi jamoalarda harakat qildi. Hozirda esa O‘zbekiston terma jamoasi sardori ijara asosida “Tyanszin Taygers” (sobiq “Tyanszin Teda”) sharafini himoya qilmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra mazkur klub bankrotlik yoqasida turibdi va katta ehtimol bilan tarqatib yuborilishi kutilmoqda.
Oston O‘runov — 1,50 million yevro

Foto: O‘FA
2020-yilning yozida Rossiya futbolida katta shov-shuv ko‘targan holda “Ufa”dan “Spartak”ka o‘tgan Oston O‘runov Moskva klubi safida o‘zining nimalarga qodir ekanini isbotlay olmadi. Poytaxtliklar esa uni qishki transferlar vaqtida yana eski jamoasiga qaytarib yubordi. To‘g‘ri, Ostonga kam imkoniyat berildi, ammo u bundan foydalanishi va o‘zini ko‘rsatishi shart edi. Boisi istalgan chempionatda legioner futbolchi mahalliy o‘yinchilardan bir bosh ustun bo‘lishi kerak. Shu tariqa Ostonning Rossiya poytaxtidagi sarguzashtlari yakunlandi va u endilikda hammasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi.
Igor Sergeyev — 1,50 million yevro

Foto: O‘FA
Uzoq yillar davomida “Paxtakor” safida (orada ikki bor legioner bo‘lishga ham ulgurdi) to‘p tepgan Sergeyev Samvel Babayan boshchiligidagi terma jamoada muvaffaqiyatsiz o‘yinlar ko‘rsatib, muxlislar bilan “chiqishmay” qolgandi. Ammo bugungi kunga kelib, u o‘z pozitsiyasini tiklab bormoqda. Superliganing o‘tgan mavsumida 16 ta gol bilan to‘purarlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallagan (Dragan Cheran (“Paxtakor”) 20 va Bobur Abduxoliqovdan (“Nasaf”) 17 keyin) futbolchi 2021-yilning fevral oyida Qozog‘istonning “Aktobe” klubi futbolchisiga aylandi. Umuman olganda, Sergeyevni yaxshi darajadagi hujumchi deyish mumkin, shunchaki u o‘ziga mos keladigan jamoa va murabbiy topishi kerak, xolos.
Aziz G‘aniyev — 1,80 million yevro

Foto: O‘FA
Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi “Nasaf” safida anchayin yosh paytida yetishib chiqqan Aziz G‘aniyev Qarshi jamoasining asosiy o‘yinchisi hisoblanardi. O‘yinni o‘ziga olishdan qo‘rqmaydigan va uzoq masofadan zarba berishga tortinmaydigan kam sonli o‘zbekistonlik futbolchilardan biri “Shabob Al-Ahli” klubiga yo‘l oldi. Aziz BAA chempionatida barqaror o‘yin ko‘rsatayotgandi, ammo birinchilikning 16-turidan o‘rin olgan uchrashuvda jarohat olgani tufayli mavsumning qolgan qismini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Jaloliddin Masharipov — 2 million yevro

Foto: O‘FA
O‘zbekiston Superligasining so‘nggi yillardagi eng yorqin o‘yinchisi Jaloliddin Masharipovning Yevropaga ketishi kerakligi haqida juda ko‘p gapirildi. Ammo yashil qit’a klublaridan jo‘yali taklif bo‘lmaganidan keyin (to‘g‘ri, orada Turkiyadan taklif bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu xabardan nariga o‘tmadi) unda arab jamoalaridan birini tanlashdan boshqa chora qolmadi. Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubiga o‘tgan Masharipov yangi jamoasida birorta ham o‘yin o‘tkazmasdan turib, BAAning “Shabob Al-Ahli” jamoasiga 2021-yilgi mavsumning oxiriga qadar ijaraga berib yuborildi. Saudiya klubining bu qarorga kelishiga legionerlarga qo‘yilgan taqiq bo‘lgani aytildi. Shu tariqa bir paytlar katta umid bildirilgan va o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqishi kutilgan futbolchi bugun BAAning o‘rtamiyona jamoasida javlon urmoqda.
Otabek Shukurov — 2,50 million yevro

Foto: O‘FA
Toshkentning “Bunyodkor” va O‘zbekistonning turli yosh toifasidagi terma jamoalaridagi o‘yinlari orqali o‘zini yaxshi tomondan namoyon eta olgan Otabek Shukurov ham mana necha yildirki, BAA chempionatida to‘p surib kelmoqda. Shukurov “Sharja”ning asosiy futbolchilaridan biri hisoblansa-da, muxlislar uning ham nisbatan kuchliroq chempionatlarda o‘ynashini istagandi. Ammo Otabek katta ehtimol bilan legioner sifatidagi faoliyatini Arabiston yarim orolida tugatsa kerak. BAA birinchiligini yerga urmagan holda shuni aytish mumkinki, kreativ uzatmalarni amalga oshirish va maydonni yaxshi ko‘ra olish qobiliyati Otabekka u yerda ortiqcha qiyinchiliklarsiz to‘p surishga imkon bermoqda.
Eldor Shomurodov — 6,50 million yevro

Foto: O‘FA
Bugungi kunda Eldor Shomurodov, shubhasiz, o‘zbek futbolining faxri bo‘lib turibdi. “Rostov”dagi 3 yillik faoliyatdan so‘ng Italiyaga yo‘l olgan Eldor tezda yangi chempionatga moslashib ketdi va mahalliy muxlislarning mehrini qozondi. To‘g‘ri, u 16 ta o‘yinda atigi 3 ta gol urdi, ammo shuning o‘zi ham o‘zbek futboli uchun katta natija hisoblanadi. Eldor ayni paytda O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisi bo‘lib turibdi. JCh—2022 saralash bosqichida Vadim Abramov ham o‘yinni aynan Shomurod atrofida qursa kerak.
327   
Добавить комментарий
Ваше имя: *