Goal24.uz » Yevropa jamoalari » “Real”dan “Bavariya”gacha. Yevropaning 2020-yilda eng ko‘p gol urgan jamoalari

“Real”dan “Bavariya”gacha. Yevropaning 2020-yilda eng ko‘p gol urgan jamoalari

Автор: admin

Ortda qolgan 2020-yil barcha, shu qatori futbol uchun ham juda og‘ir kechdi. Mazkur yilda deyarli barcha chempionatlar ma’lum muddatlarga to‘xtab qoldi. Tabiiyki, bundan manaman degan klublar ham zarar ko‘rdi va turli darajadagi inqirozlarni boshdan kechirdi. Shunga qaramay grand jamoalar bu yilda ham yetarli darajada sermahsullik ko‘rsata oldi. Quyida esa 2020-yilda eng ko‘p gol urgan jamoalar haqida mulohaza yuritiladi.
“Real” — 91 ta gol

Foto: Twitter / @realmadrid
Zinedin Zidan ixtiyoridagi o‘yinchilar doimiy ravishda ko‘p gol urib kelgan. Ammo o‘tgan mavsumda “qaymoqranglilar” ko‘proq ishonchli himoyasi tufayli uch yil ichidagi dastlabki chempionlikni tantana qildi. Ammo 2020/21-yilgi mavsumda madridliklar himoyasi unchalik ham ishonchli o‘yin namoyish eta olmayapti.
O‘ta qimmat bo‘lgan hujum chizig‘i esa 2020-yil davomida barcha musobaqalarda 91 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Yuventus” — 94 ta gol

Foto: Twitter
“Yuventus” so‘nggi o‘n yil davomida Italiya yakka hukmronlik qilmoqda. “Keksa sinyora” doimo o‘zining ishonchli himoyasi bilan maqtanib kelgan, ammo so‘nggi paytlarda jamoa hujum chizig‘iga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, Krishtianu Ronaldu bo‘lgan joyda shunday bo‘lishi ham kerak. Portugaliyalik 36 yoshda bo‘lishiga qaramay hamon A Seriyani yondirishda davom etmoqda.
Ronaldu o‘tgan mavsumda 33 ta gol urib, chempionatning eng yaxshi to‘purariga aylandi. “Yuventus”ning umumiy gollari soni esa 94 tani tashkil qildi.
“Borussiya Dortmund” — 94 ta gol

Foto: Twitter
“Arilar” hamon “Bavariya”ning Bundesligadagi gegemonligini tugatishga harakat qilmoqda, ammo 2020/21-yilgi mavsumda ham bu imkonsiz ishga aylanishga ulgurdi. Boisi jamoalarning ochkolari o‘rtasidagi tafovut juda katta.
2019/20-yilgi mavsumda “Borussiya” bir muncha vaqt turnir jadvalini boshqardi ham, ammo yakunda Myunxen klubi baribir chempionlikni tantana qildi. Shunga qaramay Dortmund jamoasi yil davomida urilgan gollar soni bo‘yicha “Chelsi” va “Manchester Yunayted” kabi gigantlardan oshib ketib, 94 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Liverpul” — 99 ta gol

Foto: “Liverpul”
“Liverpul” so‘nggi ikki yil ichida o‘z tarixidagi eng yaxshi davrlarni o‘tkazdi. Mersisayd klubi 1970—80-yillardagi mavsumlardan beri Angliya chempionatida bunday mavqega ega bo‘lmay qo‘ygandi. Mersisayd klubi gollar qancha ko‘p bo‘lsa, g‘alaba qozonish shuncha oson bo‘ladi degan iborani yana bir isbotladi. Mane, Saloh va Firminodan iborat bo‘lgan hujumchilar triosi esa istalgan o‘yin natijasini hal qilishga qodir.
Yurgen Klopp shogirdlari o‘tgan mavsumda eng ko‘p gol urgan jamoaga aylana olmagan bo‘lsa-da, asosiy vazifa, ya’ni chempionlik masalasi ortig‘i bilan hal etildi. 2020-yilda “Liverpul” barcha musobaqalarda 99 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol qildi.
“Barselona” — 99 ta gol

Foto: “Barselona”
Ortda qolgan yil katalon klubi uchun muvaffaqiyatli kechmadi. “Barsa” mavsum davomida birorta ham sovrin qo‘lga kirita olmadi. Shuningdek, jamoa bir qancha yulduzlarini tekinga qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi. Buning ustiga koronavirus pandemiyasi tufayli vujudga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar ham klubga yaxshigina zarar keltirdi.
Shunga qaramay “ko‘k-anorranglilar” 2019/20-yilgi mavsumda La Ligada eng ko‘p gol urgan jamoaga aylandi. Messi yetakchiligidagi jamoaning 2020-yildagi jami gollari soni 99 tani tashkil qildi. Katalonlar chempionat bahslarida azaliy raqibi ”Real”dan 16 taga ko‘proq gol urdi. 2020/21-yilgi mavsumda ham jamoa gollar soni bo‘yicha La Ligada eng yaxshi natijani qayd etib turibdi.
“Atalanta” — 103 ta gol

Foto: Twitter
“Atalanta” so‘nggi yillarda A Seriyaning eng hissiyotlarga boy jamoalaridan biriga aylandi. Bergamoliklar o‘zining jozibali va hujumkor o‘yini, ajoyib pressingi tufayli ko‘plab muxlislarga ega bo‘ldi.
2020-yilda Jan Pyero Gasperini shogirdlari 103 ta gol urib, Italiyada bir kalendar yili davomida eng gol urgan ikkinchi jamoaga aylandi. Ammo bu natija A Seriyani diqqat bilan kuzatayotganlarni umuman ajablantirmasligi kerak.
“Inter” — 108 ta gol

Foto: Twitter
Milanning “Inter” klubi Antonio Konte kelishi (2019-yil) bilan ajoyib o‘yin namoyish etishni boshladi. Italiyalik murabbiy jamoada hujumkor mentalitetni shakllantirdi va 3-5-2 sxemasidan juda samarali foydalanishni boshladi. Shu bilan birga Konte himoyada ham muvozanatni yo‘lga qo‘ydi.
Klub 2010-yildan beri sovrin qo‘lga kirita olmayapti, jamoa avgust oyida Yevropa Ligasida g‘alaba qozonishga juda yaqin kelgandi, ammo “qora-ko‘klar” finalda “Sevilya” to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Milanliklarning hujum chizig‘ida Lautaro Martines va Romelu Lukaku tandemi qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatmoqda va hech qaysi raqibini ayab o‘tirmayapti. Jamoa hozirda Skudetto uchun kurashda “Yuventus” va “Milan”ni ortda qoldirmoqda.
“Neradzurri” 2020-yilda 108 gol urib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Italiyadagi eng yaxshi natijani qayd etdi.
“Manchester Siti” — 112 ta gol

Foto: Twitter
“Manchester Siti” oxirgi mavsumlarda gollar soni bo‘yicha eng sermahsul jamoalardan biri bo‘lib turibdi. “Shaharliklar” Premyer Liganing 2016/17-yilgi mavsumida 106 ta gol urib, musobaqa rekordini o‘rnatgandi. “Siti” hanuzgacha o‘z darajasini ushlab turibdi va 2019/20-yilgi birinchilikda ham 102 ta gol bilan APLning eng sermahsul jamoasiga aylandi. Pep Gvardiola boshchiligidagi “Siti” istalgan Yevropa jamoasini cho‘chitadigan darajaga yetdi, ammo Chempionlar Ligasida muvaffaqiyat qozonish hamon orzuligicha qolmoqda.
2020-yilda esa “Siti” barcha musobaqalarda 112 marta raqiblari darvozasini ishg‘ol etib, ushbu davr mobaynida eng ko‘p gol urgan ingliz klubiga aylandi.
PSJ — 122 ta gol

Foto: Twitter
O‘z ligasidagi eng yaxshi klublar haqida gap ketar ekan, albatta, birinchi navbatda PSJ esga tushadi. Parijliklar hozircha fransuz futbolidagi asosiy kuch bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, PSJ o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l oldi va haqli ravishda qit’aning elita klublari qatoridan joy olishga munosib ekanini yana bir bor isbotladi.
Neymar, Mbappe, di Mariya va Ikardi kabi hujumkor o‘yinchilarga ega bo‘lgan jamoa hujumda juda muvaffaqiyatli harakat qiladi. Parij klubi va Liga 1 dagi boshqa jamoalar o‘rtasidagi farqni hisobga olib, aytish mumkinki, PSJ istalgan raqibi darvozasiga osonlikcha gol urishi mumkin. Gap isboti bilan deganlaridek, PSJ 2020-yilda barcha musobaqalar doirasida naq 122 bor raqib darvozani ishg‘ol etdi va bu borada faqat bir jamoadan ortda qoldi.
“Bavariya” — 149 ta gol

Foto: “Bavariya”
2020-yil futbolda “Bavariya” yili sifatida qoladigan bo‘ldi. O‘tgan yilning avgustiga qadar 5 ta mavsumda g‘alaba qozongan jamoa 2021-yilning fevral oyiga kelib, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘am zafar quchdi. Jamoada ajoyib hujumkor o‘yinchilardan tashqari yuqori darajali himoyachilar ham jamlangan.
Robert Levandovskining hozirgi sport formasi ham a’lo darajada, ammo 2020-yilda polshalik haqiqatan ham g‘ayrioddiy mavsum o‘tkazdi va haqli ravishda dunyoning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Jamoa 149 ta gol urgan kalendar yilida Robert o‘z hisobiga 45 ta gol yozdirib qo‘ydi. “Bavariya” 2021-yilgi mavsumda ham anchayin yaxshi harakat qilmoqda, shunday ekan, bu raqamning ko‘tarilish ehtimoli ancha yuqori.
114   
Добавить комментарий
Ваше имя: *