Goal24.uz » Jahon » Messi, Neymar, Allison va boshqalar. Lotin Amerikasining eng qimmat futbolchilari

Messi, Neymar, Allison va boshqalar. Lotin Amerikasining eng qimmat futbolchilari

Автор: admin

Hech kimga sir emaski, Janubiy Amerika mamlakatlari aholisi futbolni shunchaki yoqtirmaydi, balki u bilan yashaydi. Braziliya, Argentina, Urugvay kabi jamoalar esa o‘zlarining yulduz futbolchilari bilan maqtana oladi. O‘z navbatida yuqoridagi mamlakat o‘yinchilari doimiy ravishda Yevropa maydonlarini zabt etib kelgan. Quyida aynan ushbu mintaqaning eng qimmat futbolchilari haqida fikr yuritiladi.
Xose Mariya Ximenes — 65 million yevro, Urugvay, “Atletiko”

Foto: Twitter
Ro‘yxatdan ikki nafar himoyachi o‘rin olgan, ulardan biri “Atletiko” himoya qo‘rg‘oni Xose Mariya Ximenesdir.
2013-yilda “matraschilar” 26 yoshli himoyachi uchun 900 ming yevro sarflagan, u esa ortda qolgan yillar davomida o‘zining ishonchli o‘yini orqali klub tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilaridan biriga aylandi. Ammo so‘nggi paytlarda u jarohatlar borasida juda ko‘p muammolarga duch kelmoqda, hozircha bu uning transfer qiymatiga ta’sir o‘tkazmay turibdi.
Federiko Valverde — 70 million yevro, Urugvay, “Real”

Foto: Getty Images
Ximenesning vatandoshi ro‘yxatda to‘qqizinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. 22 yoshli Federiko Valverde uchun 2019/20-yilgi mavsum omadli kechdi.
Federiko 2017-yildan beri Urugvay terma jamoasida o‘ynab kelmoqda, hozirda u tarkibdagi eng ishonchli o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Garchi kamroq o‘ynayotgan bo‘lsa-da, bu mavsum ham Valverde uchun yomon o‘tmayapti deb aytish mumkin.
Markinyos — 70 million yevro, Braziliya, PSJ

Foto: Getty Images
Ro‘yxatdagi ikkinchi himoyachi Markinyosdir. Braziliyalik futbolchi 2013-yildan beri PSJ safida to‘p surib keladi va o‘shandan keyin o‘z o‘rnini hech kimga bermayapti. O‘shanda Parij klubi uning transferi uchun 31,4 million yevro to‘lagandi.
Markinyos — ko‘p qirrali futbolchi bo‘lib, tayanch zonasida ham bekam-u ko‘st o‘ynashi mumkin. Tiago Silva “Chelsi”ga ketganidan keyin u parijliklar himoyasidagi eng muhim o‘yinchiga aylandi.
Kazemiro — 70 million yevro, Braziliya, “Real”

Foto: Twitter
Ko‘pincha futbolda tayanch yarim himoyachilari o‘zlari loyiq bo‘lgan e’tirofga sazovor bo‘lmaydi, ammo ularsiz hech qaysi jamoa ma’lum yutuqqa erishmagan bo‘lardi. Kazemironi esa o‘z pozitsiyasining eng yaxshilaridan biri deb hisoblash mumkin. U 2013-yildan beri “Real”ga ketma-ket sovrinlarni qo‘lga kiritishda yordam berib kelmoqda. Kazemiro o‘zining texnik xususiyatlari bilan maqtana olmasa ham, o‘yinni o‘qiy olish va maydonni yaxshi ko‘rish qobiliyati bilan istalgan futbolchiga raqobatchi bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Kazemiro o‘z pozitsiyasining ham eng qimmat futbolchilaridandir. U transfer qiymati borasida faqat “Bavariya” futbolchisi Yozua Kimmixdan (90 million yevro) orqada.
Lautaro Martines — 70 million yevro, Argentina, “Inter”

Foto: Twitter
2018-yilda Argentinaning “Rasing” klubidan “Inter”ga yo‘l olgan Lautaro Martines darhol “San Siro”ning sevimli futbolchisiga aylandi va “nerazurri” tarkibida 39 ta gol urishga ulgurdi. 23 yoshli hujumchi o‘z pozitsiyasida Yevropaning eng zo‘rlaridan biri hisoblanadi. O‘z vaqtida unga 22,7 million yevro sarflangani ko‘plab tanqidlarga uchragandi, ammo u o‘z o‘yini bilan bu tanqidlarning barchasi noo‘rin ekanligini isbotladi.
2020-yilning yozida Ispaniya grandlari safiga qo‘shilishi kutilgan Martines katta ehtimol bilan 2023-yilda nihoyasiga yetadigan shartnomasini uzaytirsa kerak.
Paulo Dibala — 70 million yevro, Argentina, “Yuventus”

Foto: “Yuventus” FK
Bir necha yillardan buyon Paulo Dibalaning futbol olamidagi yangi yulduz bo‘lishi va’da qilinadi. Ammo bu hamon quruq gapligicha qolmoqda.
Dibala bu mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti, shunga qaramay uning iste’dodini inkor etib bo‘lmaydi. U “Yuventus” safida 2015-yildan beri 244 uchrashuvda 98 ta gol va 40 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ro‘yxatdagi boshqa futbolchilardan farqli o‘laroq, Dibalaning narxi asta-sekin pasayib bormoqda. 2018-yilda u 110 million yevroga baholangandi, hozir esa “atigi” 70 million.
Roberto Firmino — 72 million yevro, Braziliya, “Liverpul

Foto: Twitter
Ko‘pincha Janubiy Amerika vakillarini La Ligada ko‘rish mumkin. Ammo so‘nggi paytlarda Angliyada ham janubliklar ko‘payib borayotganini inkor etib bo‘lmaydi.
O‘tgan yili “Liverpul” bilan chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan Firmino kam gol urayotganiga qaramay Yurgen Klopp jamoasining asosiy o‘yinchisi bo‘lib qolmoqda. Braziliyalik “qizillar” safiga qo‘shilganida, uning transfer qiymati 33 million yevroni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu bir necha baravarga oshgan. Biroq bundan keyin narxning ko‘tarilishi dargumon, boisi uning yoshi 30 ga yaqinlashib qoldi.
Alisson — 80 million, Braziliya, “Liverpul”

Foto: AP
“Liverpul”ning yana bir braziliyalik futbolchisi Alisson Mersisayd klubining asosiy va almashtirib bo‘lmas darvozaboni hisoblanadi.
2018-yilda 62,5 million yevro evaziga “qizillar” safiga qo‘shilgan Alisson dunyoning eng qimmat darvozabonlar ro‘yxatida ikkinchi pog‘onani (birinchi o‘rinda Yan Oblak 90 million yevro) band etdi. Uning hozirgi transfer narxi 80 million yevroni tashkil qildi.
Shu vaqtdan boshlab u FIFA talqini bo‘yicha eng yaxshi darvozabon bo‘lishga va Lev Yashin mukofotini qo‘lga kiritishga ulgurdi.
Lionel Messi — 80 million yevro, Argentina, “Barselona

Foto: Getty Images
Messi futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri hisoblanadi. Bugungi “Barselona”ni usiz tasavvur qilish imkonsizdir.
Ammo ortda qolgan yillar barcha narsalar qatori Messining narxiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Uning amaldagi transfer narxi 80 million yevroga baholangan. 2020-yilning eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun kurashda esa u Robert Levandovski va Krishtianu Ronaldudan keyin 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Neymar — 128 million yevro, Braziliya, PSJ

Foto: Goal
Neymarning ushbu ro‘yxatga kiritilganidan hech kim ajablanmasa kerak. Boisi braziliyalik 222 million yevro evaziga “Barselona”dan PSJga o‘tganida butun transfer bozorini ostin-ustun qilib yuborgandi.
Parijda ham Neymar gol urishda davom etmoqda: u 102 uchrashuvda 83 ta gol urdi va 46 ta assistni amalga oshirdi. Ammo Fransiya poytaxtida uni jarohatlar tinch qo‘ymayapti. Shu bois u aksariyat hollarda o‘yinlarda qatnashish o‘rniga ularni tomosha qilish bilan cheklanmoqda.
128 million yevroga baholanayotgan hujumchidan oldinda faqat bir o‘yinchi bor, bu uning jamoadoshi Kilian Mbappe (180 million yevro).
162   
Добавить комментарий
Ваше имя: *