Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Qirollik davri: “Real”ning Florentino Peres davridagi eng qimmat transferlari

Qirollik davri: “Real”ning Florentino Peres davridagi eng qimmat transferlari

Автор: admin

Florentino Peres shaxsiyati “Real” uchun juda muhim bo‘lib, u klub va uning tashqarisida sodir bo‘ladigan barcha narsalarni shaxsan o‘zi nazorat qilishga harakat qiladi. Florentino 2009-yildan beri jamoani boshqarayotgan bo‘lsa ham, u “qirollik klubi”ni xuddi asrlar davomida nazorat qilayotganga o‘xshaydi. Yaqinda u uchinchi marta prezidentlikka tasdiqlandi. Funksionerning birinchi muddati 2000-yildan 2006-yilga qadar davom etgan. Ikkinchi muddat esa shu kungacha, aniqrog‘i 12 yildan beri davom etayotgandi. Florentinoning asosiy maqsadi har doim dunyoning eng yaxshi futbolchilari “Real”da o‘ynashini ta’minlash bo‘lgan. Ushbu maqsadga erishish uchun funksioner haligacha hech narsani ayamaydi. Quyida aynan “qirollik klubi”ning Peres davrida amalga oshirilgan eng qimmat transferlari haqida fikr yuritiladi.
Ferlan Mendi — 2019-yil, 48 million yevro

Foto: Twitter
Mendi “Real”ga 2019-yilning iyulida kelib qo‘shilgan. “Qaymoqranglilar” fransiyalik futbolchi uchun “Lion”ga 48 million yevro to‘lagan. Zinedin Zidan darhol vatandoshini o‘z qanotiga oldi, bundan hatto Serxio Regilon jabr ham ko‘rdi. Madrid klubi o‘z tarbiyalanuvchisini dastlab “Sevilya”ga ijaraga berdi, keyinroq esa “Tottenhem”ga sotib yubordi. Ammo Mendi murabbiyning ishonchini oqladi. Hozirda u “qirollik klubi”ning asosiy chap qanot himoyachisi bo‘lib, Marselodek o‘yinchini zaxiraga “mixlab qo‘ygan”. Umuman olganda, ushbu transferni Peres va klub direktorlar kengashi uchun muvaffaqiyatli deb hisoblash mumkin.
Eder Militao — 2019-yil, 50 million yevro

Foto: Twitter
“Real” doimiy ravishda iqtidorli braziliyaliklarni qidirib kelgan, ularning ko‘pchiligi esa birinchi imkoniyatdayoq sotib olinadi. Ulardan biri Militaodir. U “San-Paulu”ni tark etgach, “Portu”ga ko‘chib o‘tadi, himoyachi u yerda atigi 1 yil o‘ynaydi. Shundan so‘ng uni 50 million yevro evaziga “qirollik klubi” sotib oldi. Militao “Real”da o‘zining ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Hozircha braziliyalikni barqaror harakat qilmoqda deb aytish qiyin, boisi u kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Ammo shunday bo‘lishi kutilgan edi. U asosiy tarkibdan joy olishi uchun Rafael Varan va Serxio Ramosdan birini zaxirada qoldirishi kerak bo‘ladi. Bu esa deyarli imkonsiz ish. Militao asosiy himoyachilar safdan chiqqan taqdirdagina maydonga tushishi mumkin. So‘nggi o‘yinlarda esa aynan shunday holat yuz berib turibdi. Varan koronavirus bilan kasallangan, Ramosda esa jarohat. Himoya markazida esa Militao va Nacho tandemi “Real”ga qo‘rg‘on vazifasini o‘tamoqda.
Luish Figu — 2000-yil, 60 million yevro

Foto: Getty Images
Figuning transferi “Real”da Peres davrini boshlab bergan. Aynan Figuning transferi Florentinoning saylovlardagi g‘alabasini ta’minlagan. O‘sha davrda butun Ispaniyani rostdan ham portugaliyalik “Barselona”dan “Real”ga o‘tadimi degan savol qiziqtirardi. Yakunda haqiqatan ham Peres va’da qilganidek, Figu Madrid klubi futbolchisiga aylanadi.
Madridda Figu faoliyatining yaxshi qismini o‘tkazdi deyish mumkin. U “qaymoqranglilar” bilan birgalikda 2 martadan La Liga va Ispaniya Superkubogida, shuningdek, 1 martadan Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va Qit’alararo kubokda g‘olib chiqqan. Ispaniyadagi missiyasini yakunlagach, Figu Italiyaga yo‘l oladi va “Inter”da faoliyatini yakunlaydi.
Luka Yovich — 2019-yil, 63 million yevro

Foto: “Real”
Yovich bundan 2 yil oldin “Real”ga o‘tgan, ammo uning kelajagi hamon so‘roq ostida qolmoqda. Serbiyalik “qirollik klubi” safida 32 ta o‘yin o‘tkazib, atigi 2 tadan gol va golli uzatmani amalga oshirgan. Bu markaziy hujumchi uchun o‘ta past ko‘rsatkich hisoblanadi. Qishki transferlar oynasi vaqtida Yovich ijara asosida “Ayntraxt”ga qaytdi. Frankfurt klubida serbiyalik futbolchining ishlari yomon ketmayapti – Bundesliganing 12 uchrashuvida 3 ta gol. Hujumchi kelasi mavsumni qayerda boshlashi noma’lum. Futbolchining o‘zi “Ayntraxt”da qolish imkoniyatini istisno etmayapti, ammo “Real”ga qaytish ehtimoli ham yo‘q emas. Bu yerda hammasi Florentino boshliq klub rahbariyatining rejalariga bog‘liq.
Kaka — 2009-yil, 67 million yevro

Foto: Getty Images
Kakaning transferi Peresning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanishiga to‘g‘ri kelgan. “Qaymoqranglilar” o‘shanda futbolchi uchun “Milan”ga 67 million yevro to‘lagandi. Kaka Madrid klubida 4 yilini o‘tkazdi, ammo bu davrni futbolchi uchun juda muvaffaqiyatli o‘tgan deb bo‘lmaydi. Yarim himoyachi jamoa bilan birgalikda atigi 1 martadan Ispaniya chempionati va mamlakat Kubogida zafar quchgan. Kaka “Milan”da ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgandi, braziliyalik “Real”dagi faoliyatidan keyin aynan yana eski klubiga qaytadi, ammo uning Italiyadagi keyingi “yurishi” atigi 1 yil davom etadi, xolos. Kaka haqida gap ketganida yana bir faktni alohida ta’kidlash kerak, aynan u Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi davri boshlanishidan oldin “Oltin to‘p”ga ega chiqqan so‘nggi futbolchi hisoblanadi.
Xames Rodriges — 2014-yil, 75 million yevro

Foto: Google Images
Xamesni Peres Karlo Anchelottining talabiga binoan sotib olgan. “Qaymoqranglilar” hujumkor yarim himoyachi uchun “Monako”ga 75 million yevro to‘lagan. Italiyalik mutaxassis qo‘l ostida Rodriges yomon harakat qilmadi. Ammo Anchelotti ishdan bo‘shatilgandan so‘ng kolumbiyalikda o‘yin amaliyoti bilan birgalikda samaradorlik ham sezilarli darajada kamaya boshladi. Shundan so‘ng Xames ikki mavsumni “Bavariya”da ijara asosida o‘tkazdi. Ammo Myunxen klubi uni sotib olishni xohlamadi, madridliklar ham unga ortiq ishonishni istamasdi. Ammo shu vaqtda yana Anchelotti paydo bo‘ldi va yarim himoyachini “Everton”ga olib keldi. Angliyada futbolchining ishlari ancha yaxshilandi. Mersisayd klubi hali Chempionlar Ligasi darajasiga chiqmagan bo‘lsa ham, jamoa istiqbolli loyihalarga ega.
Zinedin Zidan — 2001-yil, 77,5 million yevro

Foto: Google Photos
Zidan Peresning qimmat transferlarini boshlab bergan xaridlardan biridir. “Qirollik klubi”ning amaldagi murabbiyi jamoaga 2001-yilning yozida “Yuventus”dan 77,5 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan. Fransuz Madridga tajribali va sovrindor futbolchi sifatida kelgandi. Zizu futbolchi sifatida 5 yil ichida ikki bor Ispaniya Superkubogini, shuningdek, bir martadan La Liga, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi, qit’alararo Kubok va Intertoto Kubogini qo‘lga kiritgan. Murabbiy Zidan nimalar qilgani esa hammaga yaxshi ma’lum. Fransiyalik ketma-ket uch marta bir klub bilan Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan birinchi va yagona mutaxassis hisoblanadi. So‘nggi paytlarda Zidaning jamoani tark etishi, rahbariyat uning ishidan qoniqmayotgani haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Ammo Zidan hamon jamoa bosh murabbiyiligicha qolmoqda va jamoasini olg‘a boshlashda davom etmoqda.
Krishtianu Ronaldu — 2009-yil, 94 million yevro

Foto: Getty Images
Ronalduning transferi “Real” uchun Peres davridagi eng muvaffaqiyatli xaridlardan biri hisoblanadi. Krishtianu Madridda nafaqat “gol mashinasi” vazifasini bajarar, balki “qirollik klubi”ga qo‘shimcha millionlarni olib keladigan brend ham edi. Ispaniya poytaxtida portugaliyalik shunchaki mo‘jizaviy statistika ko‘rsatardi. U faqat La Liganing o‘zida 40, 46 va hatto 48 talab gol urgan mavsumlar bo‘lgan. To‘qqiz yillik muvaffaqiyatli hamkorlikdan so‘ng klub va futbolchining yo‘llari ayro tushdi: 2018-yilning yozida Ronaldu “Yuventus”ga o‘tib ketdi, “qaymoqranglilar” esa shundan beri o‘zi xohlaganidek hujumchiga ega bo‘la olmayapti. Umuman olganda, Ronaldu ham “Real”dan ketgach, (klub miqyosida) katta g‘alabalarga erishgani yo‘q. Uzunquloq gaplarga ko‘ra tomonlar kamida yana 1 mavsumga birlashishi mumkin, ammo hozircha bu mish-mishdan nariga o‘tmayapti.
Garet Beyl — 2013-yil, 101 million yevro

Foto: Google Images
Beyl “Real” 100 million yevrodan ko‘proq to‘lagan birinchi futbolchi bo‘lgan. Garchi so‘nggi vaqtlar jarohatlarga o‘ralashib qolgan bo‘lsa-da, Garetning transferi o‘zini oqlagan deyish mumkin. Beyl optimal sport formasida bo‘lgan vaqtda ko‘plab uchrashuvlarda “Real”ga katta yordam bergan va mavsumiga 16 va 19 talab gol urgan. Shuningdek, Garet eng muhim uchrashuvlar, xususan, Chempionlar Ligasi bahslarida ham doim o‘ziga xos harakatlari bilan ajralib turgan. Uelslik hozirda “Tottenhem”da faoliyatini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Beyldagi tajriba va mahorat (agar o‘zi xohlasa) yana bir necha yil unga yuqori darajada o‘ynash imkoniyatini taqdim etadi.
Eden Azar — 2019-yil, 115 million yevro

Foto: Twitter
Azar — “Real” tarixidagi eng qimmat va, ehtimol eng omadsiz transfer hisoblanadi. Ammo uning Madridga kelib, lazaret “mehmon”iga aylanishini kim ham o‘ylabdi. Belgiyalik “qirollik klubi”ga o‘tganidan so‘ng 1,5 yil ichida barcha musobaqalarda atigi 36 uchrashuv o‘tkazib, 4 gol va 7 golli uzatmani amalga oshirdi. U odatda eski jarohati tiklanib ulgurmasidan yana boshqasini (yangisini) orttirib oladi. Hozircha Zidan qo‘lidan kelganicha uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda, ammo bu yana qancha davom etishiga aniq javob yo‘q. Azarning avvalgi holatiga qaytishi nafaqat Zidan va “Real” muxlislari, balki futbol uchun ham o‘ta quvonarli hodisa bo‘lardi.
221   
Добавить комментарий
Ваше имя: *