Goal24.uz » Mourino endi O‘zgacha emas. Uning metodlari zamonaviy futbolda endi ish bermayapti

Mourino endi O‘zgacha emas. Uning metodlari zamonaviy futbolda endi ish bermayapti

Автор: admin

Portugaliyalik mutaxassis endi «Tottenhem»ga murabbiylik qilmaydi.
Superliganing birinchi qurboni
Agar Yevropa Superligasi tashkil etilishi munosabati bilan futbol dunyosida urush boshlanmaganida Joze Mourinoning iste’fosi haftaning asosiy voqeasiga aylangan bo‘lardi. Ayrim manbalar bu ikki voqea o‘zaro bog‘liqligini ham aytib chiqishdi. Gap portugaliyalik mutaxassis «Tottenhem» yangi turnirda jamoasi ishtirok etishiga qarshi norozilik ifodasi sifatida jamoani ertalabki mashg‘ulotlarga olib chiqmagani haqidagi tasdiqlanmagan mish-mishlarda emas, balki pulda.
Agar shartnomani muddatidan avval bekor qilganlik uchun ulkan miqdordagi tovon puli bo‘lmaganida, Mourinoga qishdayoq chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lishardi. Ammo «shpor»lar prezidenti Deniyel Levi — 30 million funt bilan xayrlashishga rozi bo‘ladigan dunyodagi oxirgi inson edi va shu tufayli klub rahbariyati iste’fo masalasini yozga qoldirgandi. Endi esa Superliga turnir ishtirokchilariga shunchalik katta foyda va’da qilmoqdaki, portugaliyalik murabbiy va uning shtabi uchun to‘lash kerak bo‘lgan tovon puli miqdori bu pullar oldida arzimas mablag‘ bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, «Tottenhem»ning rasmiy bayonoti tarkibiga e’tibor qaratish kerak. U yerda ishdan bo‘shatish haqida so‘z yo‘q, barchasi «majburiyatlaridan ozod etish» iborasi bilan ifodalangan. Ya’ni Levining hali ham tovon puli bergisi yo‘q. Bundan kelib chiqadiki, Mourino hech qanday ish qilmasdan, shunchaki shartnoma bo‘yicha maosh olishda davom etadi.
«Yuventus» Massimiliano Allegri va Mauritsio Sarrining ketishini shu tarzda e’lon qilgandi. Bu murabbiylarga kamtarroq takliflar beriladigan yangi ish topgandan ko‘ra, bekor yurgan foydaliroq. Mourinoning o‘rniga nomdor murabbiy izlanmasdan, yoshlar jamoasi murabbiyi Rayan Meysonga ishonch bildirilgani ham bu versiyani tasdiqlaydi.
Faoliyatidagi eng yomon mavsum
Levining iste’foga oddiy qilib izoh berdi. «Joze va uning murabbiylar shtabi klub uchun eng og‘ir davrlardan birida biz bilan birga bo‘lishdi. Joze — haqiqiy professional, u pandemiya vaqtida ulkan qat’iyat ko‘rsatdi. Shaxsan menga u bilan ishlash yoqadi, ammo hamisha biz o‘ylaganimiz bo‘lavermaydi. Uni klubda ko‘rishdan hamisha xursand bo‘laman, biz Joze va uning shtabiga minnatdorchilik bildirishni istaymiz», — dedi «shpor»lar prezidenti.
Qog‘ozda barchasi silliq, amalda esa — ancha qayg‘uli. Maurisio Pochettinodan yorqin va o‘ziga xos jamoani qabul qilib olgan Mourino uni o‘zining pragmatik uslubida qaytadan qurishga besamar urindi. Uning qo‘l ostida yig‘ilgan futbolchilar bilan bunday ishga qo‘l urish kamida g‘alati edi. Ammo bunga ajablanishga hojat yo‘q, portugaliyalik mutaxassis davrida «Manchester Yunayted» qanday zerikarli o‘yin namoyish etardiyu, Ole-Gunnar Sulsher kelgach «qizil iblislar» APLning qanchalar jo‘shqin jamoasiga aylandi?
Mourino «Tottenhem»da nimalargadir erishdi. Masalan, jamoa ideal darajadagi qarshi hujumlar uyushtira boshladi, bu uslubda Son Xin Min va Harri Keynning tezkorligi ham qo‘l keldi. Ularning ikkisida ham fantastik darajadagi statistika, Keyn bu mavsumda o‘zining asosiy ishini unutib qo‘ymasdan, jamoaning eng yaxshi assistenti bo‘ldi. Ammo «shpor»larning umumiy ko‘rsatkichlari va Mourinoning alohida ko‘rsatkichi g‘aribroq ko‘rinadi. Portugaliyalik mutaxassisning bu mavsumdagi statistikasi — uning butun faoliyatidagi eng yomoni bo‘ldi.
Bir o‘yinda o‘rtacha 1,77 ochko — top-murabbiyning emas, o‘rtamiyonalarning darajasi. 86 o‘yinda 23 mag‘lubiyat qayd etilishi — butkul halokatli holat. Bunday ko‘p muvaffaqiyatsizliklar Mourinoning hech qaysi klubida ro‘y bermagandi. «Real»da u 22 o‘yinni yutqazgan, lekin bu 178 o‘yinda qayd etilgan. «Chelsi»dagi mag‘lubiyatlar soni — 21ta, jami o‘yinlar soni 185ta bo‘lgan holda. Bundan tashqari, Mourino hech qachon bir mavsum davomida 13 bor stadionni mag‘lub holda tark etgani kuzatilmagandi.
Pochettino sog‘inchi
Ha, statistika ko‘pincha aldamchi bo‘ladi, ammo «Tottenhem»ning muammolari yanada chuqurroqda va ichki ziddiyat jamoatchilikka faqatgina Yevropa Ligasi nimchorak finalida zagrebliklardan uchralgan sharmandali mag‘lubiyatdan keyingina ma’lum bo‘ldi. O‘shanda Mourino raqibni kiyim almashtirish xonasiga kirib tabriklagandi, ammo uning o‘yindan keyingi intervyulari (u jamoada kuchli futbolchilar bo‘lishi yetarli emasligi, futbolchilarda g‘alaba uchun ishtiyoq bo‘lishi ham kerakligi haqida gapirgandi) va jamoa sardori, darvozabon Yugo Llorisning jamoada birlik yo‘qolganiga ishora qilgan holda aytgan gaplari ko‘p narsadan darak edi.
The Athletic nashrining fevral oyidagi materialida ham jamoa futbolchilari mashg‘ulotlardan noroziliklari haqida insayderlik ma’lumotlari bor edi. Futbolchilarga mashg‘ulotlar haddan tashqari himoyaviyligi va raqibga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani yoqmasdi. Pochettino davridagi bilan solishtirganda, intensivlik deyarli yo‘q edi. Holbuki bir yarim yil avval ularga argentinalik murabbiyning kuniga ikki martalik mashg‘ulotlari va dam olish kunlarini kamaytirgani ham yoqmagandi.
Nashrning jamoadagi manbalari oldingi chiziqdagi futbolchilar raqib jarima maydoni atrofida avvalgi murabbiylar shtabining tajribalaridan foydalanishgan, chunki Mourino uchun asosiysi — xatoga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan, maydonning so‘nggi uchinchi qismidagi murakkab kombinatsiyalarga esa yetarli darajada e’tibor qaratmagan. «To‘pni Keyn yoki Son Xin Minga uzatish» uning hujumdagi universal retsepti bo‘lgan.
Pochettinoning «Tottenhem»i maydonda ustunlik qilishga harakat qilgan bo‘lsa, hozirgi jamoa esa har bir raqibni sinchkovlik bilan o‘rganadi, ammo raqibning o‘yiniga qarab o‘zinikini tashlab qo‘yadi. Xotirjamlik va o‘yindan zavq olish o‘rnini xato qilishdan qo‘rqish egallaydi.
Mourinoning rejalari dastlab «Man Siti» yoki «MYU»ga qarshi o‘yinlarda ish berganida, uning jamoasi yetakchilik qilganida, barcha buni yaxshi qabul qildi. Ammo jamoa turnir jadvali o‘rtasiga qulay boshlagach, murabbiy kiyim almashtirish xonasida nazoratni yo‘qota boshladi. Futbolchilar taktika bilan andarmon bo‘lishdi, faqat top-o‘yinlar uchun emas, barcha o‘yinlar uchun alohida reja ishlab chiqilardi. Ish haqiqiy portlashgacha yetib bormadi, ammo jamoa ortiq «Speyshil van» bo‘lmay qolgan murabbiydan charchagandi.
U yorqin professionalligicha qoladi, ammo zamonaviy futbolda xilma-xillik yo‘qligi — deyarli hukm. «Tottenhem»ga kelishidan oldinroq quyoshi bota boshlagan Mourinoni kuzatish qayg‘uli. Balki, u hech bo‘lmasa «Manchester Siti»ga qarshi Angliya ligasi kubogi finalida o‘ynashga haqli edi. Qolaversa, portugaliyalik mutaxassisdan boshqa biror murabbiy hal qiluvchi final bahsida Xosep Gvardiolani yengishga musharraf bo‘lmagan. Agar u yana bir bor bu ishni qilib, ko‘p vaqtlardan buyon sovrin yuta olmay kelayotgan «Tottenhem»ni sovrindor qilganida ham, bu shunchaki vidolashuv eshigining yopilishi bo‘lgan bo‘lardi. Buyuk Mourinoning davri o‘tdi.
Sport-Ekspress materiali asosida
55   
Добавить комментарий
Ваше имя: *