Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Germaniya » Myunxen fojiasiga 62 yil: Voqea joyidan hikoyalar

Myunxen fojiasiga 62 yil: Voqea joyidan hikoyalar

Автор: admin

1 fevral kuni «Vulverhempton»ga qarshi bahsda «Manchester Yunayted» qora bog‘ichlar bilan o‘yinga tushdi. Shu kuni «Old Trafford» muxlislari ham o‘zgacha kayfiyatda bannerlar tayyorlashdi, uchrashuvning 58-daqiqasida tinmay olqishlab turishdi. 
Yo‘q, o‘sha kuni raqib darvozasini ishg‘ol qila olmayotgan futbolchilarni emas, o‘tmishni, 1958 yilda Myunxen osmoniga ko‘tarila olmay halok bo‘lganlarni olqishlashdi. Bugun futbol tarixidagi o‘sha mudhish voqeaga 62 yil to‘ldi. Angliya Premer Ligasida ikki haftalik tanaffus bo‘lgani tufayli, «Old Trafford» sal vaqtliroq bu tarixni an’anaviy ravishda yodga olgandi.
1958 yilning shu kunida «Manchester Yunayted» jamoasi futbolchilari va personali, shuningdek bir qator jurnalistlar va muxlislar joylashgan samolyot noqulay ob-havo tufayli Myunxen aerodromidan ko‘tarilishda muammoga duch keladi va bort avariyaga uchraydi. Jamoa Chempionlar kubogi doirasida chorak final uchrashuvida Belgradning «Srvena Zvezda» jamoasini dog‘da qoldirib, yarim finalga yo‘l olgan va Myunxenda yoqilg‘i quyib olish uchun qo‘ngandi. 44 yo‘lovchidan 23 nafari olamdan ko‘z yumadi.
VOQEADAN OLDIN
1955 yilning aprelida UEFA Yevropa ligalari chempionlari o‘rtasida Chempionlar kubogi musobaqasini tashkil qildi. Dastlabki mavsumda ingliz jamoalar bu turnirga qatnashishmadi, o‘sha paytdagi Angliya Ligasi rahbari Alan Hardeyker milliy turnirlarga bo‘lgan qiziqish pasayishidan xavotir olgan va «Chelsi»ga ruxsat bermagandi.
Keyingi mavsumda «Manchester Yunayted» chempion bo‘ldi va xuddi «Chelsi» kabi manchesterliklarga ham xalqaro turnirda qatnashishga taqiq qo‘yildi. Ammo bosh murabbiy Mett Basbi va klub raisi Harold Hardman AFA dan o‘z tarafdorlarini topdilar va uzoq urinishlar natijasida bu musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar. Shu tariqa, «Manchester Yunayted» ingliz jamoalari ichida birinchi bo‘lib yevrokuboklarda qatnashgan klub sifatida tarixda qoldi.
Jamoa ilk musobaqadayoq ishonchli qatnashib, yarim finalgacha bordi va faqat o‘sha bo‘lajak g‘olib Madridning «Real»iga imkoniyatni boy berishdi. Qatorasiga ikkinchi chempionlikka ham erishgan «Basbi bolalari» (jamoaning aksariyat o‘yinchilari juda yosh bo‘lganliklari uchun, shunday laqab olgandilar) Yevropa miqyosidagi g‘alaba sari odimlashda davom etishdi.

U paytlarda samolyotda uchish ancha tahlikali sanalardi, ammo shanba kunlari o‘tkaziladigan milliy chempionat o‘yinlariga ulgurish uchun hafta o‘rtasida yevrokubok o‘yinida ishtirok etgan «Yunayted»da samolyotda uchishdan boshqa iloj ham qolmagandi.
6 FEVRAL. 1958 YIL, 

Samolyot nemis yeriga qo‘nganida, hamma juda xotirjam va yaxshi kayfiyatda edi. Kimdir karta o‘ynar, boshqasi so‘nggi yangiliklarni muhokama qilishar, bort turli kitob va jurnallarga to‘la edi. Uchish oldidan kuzatiladigan odatiy muhit: biroz asabiylik bor, ammo karta o‘yini va suhbatlar vaziyatga ancha xotirjamlik olib kirgan. Hatto ba’zilar uxlab ham yotishibdi.
Soat 14.00 ga yaqin G-ALZU AS 57 bort kapitani Kenet Reyment bilan birga uchish uchun tayyor edi. Shu yergacha bortni boshqargan kapitan yordamchisi Jeyms Teyn endi Reyment bilan o‘rin almashgandi.
«Ken ikkimiz uchish uchun barcha richaglarni tortdik va men «qani, olg‘a» deb buyruq berdim. Dvigatellar ishga tushdi, ammo negadir ikkimiz ham nimadir noto‘g‘ri bo‘layotganini his qilib turardik. Dvigatellar juda notekis ishlayotgandi. Samolyot tezlanishni boshlashi hamono, Ken tormozni bosdi. Qirq sekund o‘tmay, samolyot endi joyib to‘xtab turar edi» - deb eslaydi Jeyms Teyn.
Ikkinchi urinish ham muvaffaqiyatsiz chiqqach, samolyotga qayta yoqilg‘i bilan to‘ldirish zarurati tug‘ildi va passajirlar kofe ichish uchun tashqariga chiqishdi. 
«Manchester Yunayted» himoyachisi Bill Foulks hikoya qiladi: «Biz Belgraddan to Myunxengacha karta o‘ynab kelgandik, va esimda, bortdan tashqariga chiqqanimda havo juda sovuq edi. Uchish amalga oshmagach, ba’zilarning asabiylasha boshlaganiga e’tibor berdim. Ikkinchi urinishdan keyin ahvol yanada taranglashdi va bortga qaytganimizda kayfiyat tushib ketgan edi. Endi hech kim karta o‘ynagisi kelmay qoldi, men ham kartalarni cho‘ntagimga soldim-da, uchinchi urinishni kuta boshladim. Men o‘rtaroqda o‘tirgandim, yonimda Mett Basbi va Bert Voley birga o‘tirishar, Mark, Tommi, Dunkan va Eddi sal orqaroqda edilar.  Devid Pegg o‘rnidan turib, «bu yer menga yoqmayapti, xavfliga o‘xshaydi, men ketdim» deb orqadagi futbolchilar safiga qo‘shildi. Sviftning ham ketganini ko‘rdim. Boshqalar shu menga yaqin joylarda o‘tirishgandi».
Yana Jeymsga so‘z beramiz - «Uchinchi urinishda ham dvigatellar yomon ishlayotganini sezdim va Kenga aytdim. Spidometr 105 ni ko‘rsatardi, lekin qandaydir beqaror edi. Raqam 117 ga chiqqach, xavfni seza boshladim va ratsiyada xabar bera boshladim. Birdaniga spidometr avval 112 ga, keyin 105 ga tushayotganini ko‘rdim. «Ey Xudo, eplay olmayapmiz» deb qichqirib yubordi Keyn. Men oldimga qarab qorni, aerodrom yaqinidagi qanaqadir binoni va daraxtni ko‘rdim»
7 FEVRAL. 1958 YIL
Halokatdan so‘ng «Elizabetan»ni (samolyot nomi) tanib bo‘lmasdi. Samolyot uyga urilib ketdi va yonib ketdi. Qanotlar daraxtlarga urilib, ajrab ketgan, bino atrofida bochkalarda turgan yoqilg‘ilar ham portlab ketgandi.

«Samolyotning orqa tarafi umuman yo‘q bo‘lib qolgandek edi. Men imkon qadar juda tez yugurib qocha boshladim. Hech narsani o‘ylamas, faqat uzoqroqqa yugurishga harakat qilardim. Keyin, ortga qarab, samolyot portlamasligini sezdim va qaytdim. Boshqalarni qutqarish kerak edi. Rodjer Bern kreslosiga bog‘lanib qolgan, Bobbi Charlton hech narsani sezmay o‘z o‘rnida o‘tirardi. Keyin qayerdandir Gari Gregg paydo bo‘ldi va ikkimiz yordam berishimiz mumkin bo‘lgan sheriklarimizni qidirib, qutqara boshladik».
«Ikki sherigimiz bilan birga Mett Basbini ko‘tarib olib chiqdik - uning ahvoli juda og‘ir edi. Bobbi Charlton o‘ziga kelib, o‘rnidan turdi va bizga yordam bera boshladi. Hammani Myunxendagi kasalxonaga olib borishdi. Bu o‘sha halokat bo‘lgan kun, ammo biz voqeaning butun dahshatini his qilmasidan bir kun oldingi voqealar edi» - deydi Bill Foulks.
Biz Basbining xonasiga kirganimizda, u kislorod maskasida yotar, Dunkan Edvardning ahvoli esa, yanada og‘irroq edi. Bobbining boshini bog‘lashdi, Jekining yuzi tikilgan, qo‘lini gips qilishgandi. Albert Skanlon ko‘zini yumib yotar, Rey Vuud kantuziya holatiga tushib qolgan, shuningdek, Ken Morgans va Jonni Berri o‘z o‘rinlarida yotar edi. Hamshiraning aytishicha, Dunkanning yashab ketish imkoniyati Jonninikidan ko‘proq ekan. E voh...
Biz Frenk Teylorning yoniga yaqinlashdik. U o‘sha palatadagi yagona jurnalist edi. U bizdan birga pivo ichishimizni so‘radi. Aftidan, Frenk kechagi voqeani hali anglab yetmagan ham edi. Men hamshiradan boshqa bolalarni ham ko‘rishimiz mumkinmikin, shuni so‘radim.
- Boshqalar? Boshqalar yo‘q, shu yerdagilardan boshqa hech kim qolmadi!
Dahshat. Ana o‘shanda biz voqeaning butun foijiasini his qilgandik. «Basbi bolalari» endi yo‘q! Yo‘q ular!»
Rodjer Bern, Geoff Bent, Mark Jons, Devid Plegg, Liam Vilan, Elli Kolman, Tommi Teylor voqea joyidayoq vafot etishdi. Klub kotibi Volter ham murabbiylar Tom Karri va Bert  Volleylar bilan birga halok bo‘ldi. Dunkan va Jons og‘ir ahvolda yotardilar, Mett Basbi ham ko‘p joyidan yaralangan — u klub xodimlaridan yagona tirik qolgan inson edi. 
To‘qqiz sport jurnalistidan sakkiz nafari vafot etdi. Samolyot kapitanlaridan biri, yana ikki passajir – turist va jamoa muxlisi ham. To‘qqiz futbolchi tirik qolishdi, ammo ulardan ikki nafari – Jonni Berri va Jeki Blanchflauer keyin futbol o‘ynay olishmadi.
Ikki fotograf, turfirma agentining rafiqasi, ikki yugoslaviyalik yo‘lovchi (biri chaqaloq) tirik qolishdi. 21 odam halok bo‘ldi va 20 kishi tirik qoldi. Hayot uchun kurashayotgan to‘rt yo‘lovchidan ikki nafarigina tirik qoldi xolos. Oradan uch hafta o‘tib, Dunkan Edvards va Kenett Reyment kasalxonada jon berishdi. 
OQIBAT: OSTONAGA KO‘MILGAN ORZU

O‘sha haftada «Yunayted» Liga peshqadami «Vulverhempton» bilan «Old Trafford»da to‘p surishi ko‘zda tutilgandi. Uzoq yo‘lchilikka qaramay, ko‘pchilik bu o‘yinda g‘alaba kutar, peshqadam bilan o‘rtadagi farq 4 ochkoga kamayishini hamma istar edi. Butun Manchester o‘yinni kutayotgan bir paytda gazetalar sovuq sarlavhalar bilan shaharga kirib bordi: «Manchester Yunayted» avihalokat qurboni... Tiriklar juda oz». Hamma eshitar, o‘qir, bir-biriga gapirib berar, ammo aslida bu qanday voqea ekanini idrok eta olmayotgandi go‘yo.
Mett Basbining do‘sti, Uels terma jamoasi murabbiyi Jimmi Myorfi «MYU»da bosh murabbiyga yordam berardi.
«Men Yevropa safarlarida doim Mett bilan birga yurar, ammo bu safar negadir Mett Belgradga bormasam ham bo‘laverishini aytdi. O‘sha paytlarda xayolim ko‘proq Uels terma jamoasi bilan edi. O‘sha voqea bo‘lgan kuni ertalab, Manchesterga keldim. Kotiba menga samolyot avariyaga uchraganini aytdi. Men faqat u yig‘lab yuborgandagina ishondim. U ko‘pchilik vafot etganini bilar, lekin kim, nech kishi, umuman xabari yo‘q edi. U ketgach, men xonamga kirdim va uzoq vaqt yig‘lab o‘tirdim.
Ertasiga Jimmi Myunxenga uchib bordi va Basbi bilan ko‘rishdi.
«Mett kislorod maskada yotardi. U mening qo‘limni ushlab, «keep the flag flying» dedi. Dunkan ham meni tanidi. Hammasi dahshat edi. Dahshat! Basbi uning ishini davom ettirishimni, «Yunayted» bayrog‘ini qo‘lga olishimni istadi va mening oldimda jamoani yana tiklash vazifasi turardi. Menda endi yanada buyukroq jamoa bor, lekin futbolchilar yo‘q edi», - deb hikoya qiladi Myorfi.
Ertasiga Manchester o‘z qahramonlarini qabul qildi. Ortiqcha muammo tug‘ilmasligi uchun jasadlar kechasi olib kelingan va gimnaziyaga joylashtirilgandi. O‘sha yerda marhumlarning oila-a’zolari va yaqinlari yig‘ilishdi. Minglab muxlislar shu paytgacha olqishlari ostiga javlon urgan navqiron tanalarni so‘nggi bor ko‘rish uchun kelishdi.
Marhumlarning yaqinlarini iltimosiga binoan ta’ziya marosimi begonalardan xoli o‘tkazildi. Ammo begonasi bormi ularning? Muxlislar sal uzoqroq joyda to‘planib, ta’ziyani kuzatib turishdi. Futbol tarixida muxlislar yig‘ilgan joyda bu qadar jimjitlik kuzatilmagandi, balki. Hamma sokin yig‘lardi. Shahardagi taksichilar ham kun davomida tekinga hizmat qilishdi.
Butun futbol mana shunday sokinlashgan, turdagi barcha o‘yinlar motamda o‘tdi. Raqobatchi klublar ham jamoaga yordam qo‘lini cho‘za boshlashdi. «Liverpul» va «Nottingem Forest» bu borada birinchilardan bo‘lishdi. 
«Yunayted»ning ligadagi o‘rni saqlanib qolishi mumkin, Liga taqiqlardan birini bekor qildi va Angliya kubogida bir jamoa safida qatnashgan futbolchiga xuddi shu turnirda boshqa sharafini himoya qilish imkoniyatini berdi. «Yunayted»ga yangi o‘yinchilar kerak edi, Jimmi Myorfi tarkib yig‘a boshladi. Birinchi transfer «Blekpul» a’zosi Erni Teylorning kelib qo‘shilishi bo‘ldi. Asta sekin «Old Trafford»ga futbol qayta boshladi.  
ILK O‘YIN: 59 999 HAMDARD
Halokatdan 13 kun o‘tib, «Manchester Yunayted» Angliya kubogi doirasida «Sheffild Uensdey»ni qabul qildi. Fevralning sovuq kunida stadionga 60 000 muxlis tashrif buyurdi. Balki oradagi vaqt nimanidir unuttirgandir, ammo yana 59 999 hamdardini ko‘rgan inson yana yig‘lab yuborishi tabiiy. Hech kimdan uyalmay, ochiqchasiga hamma yig‘lardi yana. Ko‘pchilik ataylab qizil-oq-qora liboslarda kelgandi va aynan o‘sha kundan boshlab bu ranglar «Manchester Yunayted»ning o‘zgarmas ranglari bo‘lib qoldi. O‘yinoldi programkada fojia haqida maqola e’lon qilingan, jamoa tarkibi yoziladigan yer esa, bo‘sh qoldirilgandi. To‘ldirish muxlislarga havola qilindi – kimdir suxandondan eshitib, tarkibni yozib oldi, kimdir marhum qahramonlarining ismlarini yozdi, kimdir esdalik sifatida bo‘sh qog‘ozni uyiga ko‘tarib ketdi.
Darvozabon Gari Gregg va o‘ng qanot himoyachisi Bill Foulks – eski asosiy tarkibdan shu kuni maydonga tushgan ikki vakil edilar. Boshqa nomlar notanish: chap qanotdagi Yan Grivs shu kungacha o‘smirlar tarkibida o‘ynab yurgan futbolchi Rojer Bernning o‘rnini egallagandi:
«Esimda, yechinish xonasi juda jimjit edi. Men Rojerni xayolimdan chiqarib tashlay olmayotgandim. Men uning formasida, uning o‘rnida o‘tirardim axir»...
Chap qanot yarim himoyachisi Sten Krouterning transferini esa, unutish mumkin emas. U «Aston Villa»da o‘ynagan va umuman Manchesterga kelishni istamagandi. Murabbiy Myorfi eslaydi:
«Erik Hyuton o‘sha paytlarda Villaning murabbiyi edi. U Stenga bizning qiziqayotganimizni aytdi. Sten jamoasini tark etishni istamadi, lekin Erik uning «Old Trafford»dagi «Sheffild»ga qarshi o‘yinimizga birga olib keldi. Yo‘lda ketayotib Erik yana o‘sha mavzuni ochadi va Stenning yordamiga muhtoj ekanimizni aytadi. Sten nima deyishni bilmay, formasi o‘zi bilan emasligini bahona qila boshlaydi. «Xavotir olma, hammasini olganman», - deb javob beradi Erik. Ular o‘yin boshlanishiga bir soat qolganda «Manchester Yunayted» vakillari bilan uchrashishdi va shartnoma imzolandi».
O‘sha kuni «Sheffild»da umuman imkoniyat yo‘q edi. Axir mezbonlar umuman katta narsa uchun maydonga tushishgandi. Tribunadagi ehtirosning ham qiyosi yo‘q edi. 
«O‘sha o‘yinda maydonga tushgan yoki tribunadan tomosha qilgan biror kishining bu kunni unuta olishiga ishonmayman», – deb eslagandi keyinchalik «Manchester Yunayted» tarkibiga qo‘shilgan Albert Kuiksol – «ular butun yurak bilan o‘ynashdi va maydonda butunlay yangi tarkib bo‘lishiga qaramay, har qanday holatda bizni yenggan bo‘lishardi. Go‘yoki bizga qarshi 11 futbolchi emas, 60 000 kishi to‘p surgandek edi»
Kim biladi, balki yurakning tub tubida «Sheffild» futbolchilarining o‘zlari ham o‘zlariga qarshilik qilgandir...
Oradan ikki kun o‘tib, Dunkan Edvards ham kasalxonada jon berdi va yara yangilandi.
YAKUN: UCH KISHI
Ertak bu yerida tugamasligi kerak, albatta.
Kasalxonadan chiqib, reabilitatsiya markaziga qatnay boshlagan, nafaqat futbol, umuman hayot haqida o‘ylamay, tushkunlikka tushib qolgan Mett Basbi rafiqasining bir so‘zidan keyin oyoqqa turadi. «Bilasanmi, bolalaring qaytishingni juda ham xohlashyapti», – degandi o‘shanda Jin Basbi.
1958/59 mavsumda Mett Basbi klubga qaytdi va boshqatdan «Basbi bolalarini» tuzishni boshladi. Keyinchalik, murabbiyning aytishicha, u judayam yaqin kelgan, ammo fojia tufayli qo‘ldan chiqib ketgan Yevropa Chempionlar Kubogida g‘alaba qozonish orzusi bir muddat bo‘lsa ham xayolini tark etmagan, ayniqsa, futbolchilarning aynan o‘sha kayfiyatni saqlab qolish haqida ko‘p qayg‘urgan ekan. 
Oradan yillar o‘tib, 1968 yilda «Manchester Yunayted» Chempionlar kubogi finalida «Benfika» ustidan g‘alaba qozonadi va tarixida ilk bor ushbu sovrin egasiga aylanadi. Taqdirlash marosimi oxirlab borayotganda esa, g‘oliblar orasidan uch kishi ajralib chiqadi va maydon markaziga keladi.
Bu uch kishi – o‘sha samolyotda sherigi bilan jamoadoshlarini qutqargan himoyachi Bill Foulks, avvaliga hushsiz yotib, keyin o‘ziga kelgan Bobbi Charlton va aynan shu kubok tufayli hayotga qaytgan Mett Basbi edi...
Boshlarini bir birining boshiga, qo‘llarini sherigining yelkasiga qo‘yib olgan bu uch kishi uzoq vaqt shu alfozda turib qolishdi. Ular ayni paytda nima haqida, kimlar haqida o‘ylaganliklarini aytish shart emas, albatta.
517   
Добавить комментарий
Ваше имя: *