Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » “Prezident”ning gapini ikki qilolmaydigan, “Barselona”ga o‘tish uchun maoshi kamayishiga rozi bo‘lgan, penaltidan gol urishni yoqtirmaydigan Xavyer Maskerano haqida

“Prezident”ning gapini ikki qilolmaydigan, “Barselona”ga o‘tish uchun maoshi kamayishiga rozi bo‘lgan, penaltidan gol urishni yoqtirmaydigan Xavyer Maskerano haqida

Автор: admin

Argentinalik taniqli futbolchi Xavyer Maskerano 8-iyun sanasida 37 yoshni qarshiladi. “Kichkina hukmdor”ning faoliyatidagi yorqin lahzalar “Barselona”da kechgan. Quyida Maskeranoning kataloniyaliklar safidagi eng esda qolarli lahzalari yodga olinadi.

“Barselona”ga o‘tish uchun maoshining 20 foizdan voz kechgan

2010-yilning yozida “Liverpul” murabbiyi Rafael Benites jamoani tark etadi. Xavyer Maskerano Benitesni judayam hurmat qilardi, shu o‘rinda murabbiy ham futbolchiga ishonardi. Benites “Inter”ga o‘tgach argentinalik futbolchini ham Italiyaga chaqirdi. Ammo o‘sha yilgi mundialdan so‘ng Maskeranoning terma jamoadagi sherigi Lionel Messi bilan birga to‘p surishi mumkinligi haqidagi xabarlar ko‘payib ketgandi. Chindan ham Xavyer “Barselona” bilan muzokara o‘tkazayotgandi. Ispaniya jamoasi futbolchining transfer narxini tushirishga urinardi, mersisaydliklar esa Maskeranoni yaxshiroq narxga sotishni o‘ylardi. Oxir-oqibat argentinalik futbolchi 24 million yevro evaziga “Barselona” safiga o‘tdi. Bir nechta ispan nashri Maskerano transferning 4 millionini o‘z cho‘ntagidan to‘laganini yozdi. O‘sha vaqtda “Barselona” vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Xosep Bartomeu futbolchi ispan grandiga o‘tish uchun maoshi 20 foizga qisqarishiga rozi bo‘lganini aytgandi. “Asosiy tarkibda maydonga tushish qiyin bo‘lgan jamoaga kelayotganimni bilardim, ammo Yevropada qandaydir sovrin qo‘lga kiritishga bo‘lgan ishtiyoqim meni shu yerga yetakladi” – deb aytib o‘tgandi Maskerano intervyularining birida.

Debyut o‘yinidayoq sariq kartochka oladi

Xavyerning kataloniyaliklar safidagi debyuti 2010/11-yilgi mavsum La Liganing 2-turida quyi diviziondan elitaga chiqqan “Erkules”ga qarshi o‘yinda bo‘lib o‘tdi. Jamoalar o‘rtasidagi bahs 11-sentabr, Kataloniya Milliy kuniga to‘g‘ri keldi. O‘sha kuni “Kamp Nou”da yig‘ilganlarning kayfiyatini buzish kerak emasdi. Ammo barchasi aksincha bo‘ldi: Maskerano 20-daqiqada raqibga yeta olmadi va qo‘pollik ishlatdi. Hakam uni sariq kartochka bilan siyladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach esa yana bir bor qo‘pollik ishlatdi, bu safar hakam uni kechirdi. “Erkules” futbolchisi Nelson Valdes esa hisobni ochdi. “Barsa” raqibga qarshi hech narsa qila olmayotgandi. O‘yin tugashiga yarim soat qolganda Valdes dubl qayd etdi. O‘yin 0:2 hisobida yakuniga yetdi va “Erkules” o‘z tarixida ikkinchi bor kataloniyaliklar ustidan mehmondagi bahsda g‘alaba qozondi (birinchisi 1996/97-yilgi mavsumda edi).

Tayanch yarim himoyachisidan markaziy himoyachiga aylanishi 

“Barselona” “Manchester Siti”ga ketgan Yaya Turening o‘rnini bosish uchun Maskeranoni xarid qilgani hech kimga sir emasdi. Futbolchi tayanch zonada Serxio Busketsga yordam berishi kerak edi. Xavyerning o‘zi ham asosiy tarkibda joy bo‘lmasligini bilgan holda tashrif buyurgan. “Doimiy maydonda bo‘lishimni tasavvur qilish ahmoqlik bo‘ladi. Chunki markazda uch nafar Jahon chempioni — Xavi, Inyesta va Buskets bor edi. Ular bilan raqobat qilish juda mushkul vazifa. Men ulardan ko‘p narsa o‘rganishga harakat qilaman” — degan edi Xavyer taqdimot marosimida.
Buskets doimiy ravishda maydonda bo‘lgani uchun Maskerano juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgandi. Himoya chizig‘ida muammolar yuzaga kelgani tufayli Xavyer markaziy himoyachi pozitsiyasida maydonga tusha boshladi. “2011-yil aprel oyida “Almeriya”ga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida Gabriel Milito jarohat oldi. Men esa markaziy himoyachi vazifasini bajarishga majbur bo‘ldim. Keyingi o‘yin “Shaxtyor”ga qarshi Chempionlar Ligasining chorak finali edi. Birinchi o‘yinda 5:1 hisobida g‘alaba qozondik, o‘shanda men tayanchda harakat qildim, Buskets esa himoyachi vazifasini o‘tadi. Chunki Erik Abidal jarohat olgandi. Donetskdagi o‘yindan oldin esa Gvardiola markaziy himoyada men harakat qilishimni aytdi. Biz mashg‘ulotlarda bunga tayyorgarlik ko‘rmagandik. Aynan pozitsiyamni o‘zgartirishim, “Barselona”da uzoqroq qolishimning kafolati deya o‘ylab qoldim” — deydi Maskerano.

Xavyer yangi pozitsiyada o‘zini ko‘rsata oldi va Pep yangi himoyachi olish qaroridan voz kechdi. Muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ldi. Maskerano keyingi 7 yil davomida himoyachi pozitsiyasida o‘ynadi.

Bendtnerga qarshi harakat

2011-yilgi Chempionlar Ligasi nimchorak finali “Barselona” uchun og‘ir kechdi. “Arsenal” bilan bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yinda kataloniyaliklar 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. “Kamp Nou”dagi javob o‘yinida esa himoyani unutmagan holda hujumkor futbol namoyish etish zarur edi. Birinchi bo‘limda “Barselona” hisobni ochdi, tanaffusdan so‘ng esa Buskets o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Robin van Persi hakam hushtak chalganidan so‘ng to‘pni tepgani uchun ikkinchi sariq kartochkani oldi va u qizilga aylanib, maydonni tark etdi. “Arsenal” o‘z jarima maydoniga qamalib oldi. Lekin “Barsa” hujum ketidan hujum qilib, yana 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganda esa londonliklar hujumga o‘ta boshladi. Bitta gol ularni keyingi bosqichga olib chiqardi. 87-daqiqada Jek Uilsher Niklas Bendtnerga to‘pni uzatdi. Bendter Viktor Valdes bilan bir-bir vaziyatga chiqib oldi. Daniyalik futbolchi gol urishiga ishongan edi. Davomini esa o‘zingiz ko‘ring:

3:1 hisobi o‘yin yakunigacha o‘zgarmadi va “Barselona” keyingi bosqichga chiqdi. 2,5 oydan so‘ng esa Chempionlar Ligasida zafar quchdi.

319-o‘yinida “Barselona” uchun birinchi golini urdi

Maskerano hech qachon gol urishga qiziqmagan: “River”da 46 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urgan, “Korintians” va “Vest Hem”da umuman gol urmagan, “Liverpul”da esa 139 o‘yinda 2 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. “Barselona”da esa 318 ta o‘yinda maydonga tushib, umuman gol urmadi. Unga doimo penalti tepish taklif qilingan. “Gol ursam ham o‘yindan uraman” – deb javob berardi. Lekin 2017-yil aprel oyida bu taklifni rad eta olmadi. Aniqrog‘i Pike uni penalti tepishga majburladi. “Prezident (jamoadoshlari hazillashib Pikeni shunday chaqiradi) tepish kerakligini aytdi. Kim bo‘libmanki, prezidentni gapini ikki qilsam?” – tabassum bilan javob berdi Xavyer. Rakitich penaltini tepmoqchi edi. Ammo Pike Ivanga penaltini Maskerano tepishi kerakligini aytdi. Xavyer imkoniyatidan foydalandi.

Xitoyni zabt etishga ketdi

Xavyer “ko‘k-anorranglilar” safida 300 dan ortiq o‘yinda maydonga tushib, 19 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. “Barselona”dagi 8 yillik faoliyatidan so‘ng Maskerano Xitoyga yo‘l oldi. Xavyer “Xebey Chayna Forchun” a’zosiga aylandi. “Barselona” argentinalik futbolchi uchun xayrlashuv marosimini tashkillashtirib berdi. “Barsa” futbolchilari esa Maskeranoga atalgan videorolikda suratga tushishdi.

Xitoydagi 2 yillik faoliyati davomida Xavyer 54 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
135   
Добавить комментарий
Ваше имя: *