Goal24.uz » O'zbekiston » 14 oligarx. «Paxtakor»lar futbolimizni qutqara oladimi?

14 oligarx. «Paxtakor»lar futbolimizni qutqara oladimi?

Автор: admin


O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish haqida gap ketganda, avvalo, klublarimiz xususiy bo‘lishi kerakligi aytiladi. Bu albatta, juda yaxshi qadam, bu orqali kamida, birinchidan, davlat tomonidan bevosita va bilvosita futbolga sarflanayotgan xarajatlar kamayadi. Ikkinchidan, futbol xo‘jaligida ishlatilayotgan pullarning haqiqiy egasi borligidan, sarf-xarajatlar samarali amalga oshiriladi, qisman bo‘lsa-da. Nazorat paydo bo‘ladi.
To‘g‘ri-da, hozir pul beruvchi boshqa – masalan, xalq, uni taqsimlovchi boshqa – masalan, davlat korxonasi direktori. Uni sarflovchi, yana boshqa – masalan, futbol klubi rahbari bo‘lgach, o‘rtada juda katta pullar «yo‘qolib» ketishiga sharoit ko‘proq.
Xo‘p, aytaylik, «Paxtakor»ni xususiy klub deyishmoqda. Uning xo‘jayini katta tadbirkor, klubga pul tikib, klubni rivojlantirishga intilyapti. «Paxtakor» boshqaruv borasida ham, tarkib, natijalar borasida ham boshqalardan bir bosh baland bo‘lib borayotgani ham shundan, zero men masalan, so‘nggi uch yilda «Paxtakor» ko‘p pul sarfladimi yoki «Lokomotiv»mi, aniq aytolmayman. Menimcha, bu yerda ko‘proq, aniq belgilangan relsda, «Lokomotiv» emas, «Paxtakor» ketayotganidir, kim biladi.
Bu holatga qarab turib, qaniydi, Superligadagi 14 klubni 14 oligarx sotib olsa-da, ajoyib raqobat ostida chempionatimizni kuzatsak, deyish ham mumkin. Rostan ham, agar shunday bo‘lsa, Superliga yanayam kuchayar, yaxshi legionerlar kelar, futbolning sifati ham oshib, mahalliy futbolchilar saviyasi ham oshar, terma jamoa ham hozirgidan ancha ko‘p salohiyatli nomzodlarga ega bo‘lardi, to‘g‘rimi? Demak, futbolimizdagi yechim klublarning xususiylashtirilishi, ya’ni qayerdandir 14 oligarxning topilishi ekan-da, shu qadar osonmi?
Yo‘q. 14 oligarx futbolimizni nari borsa Xitoy Ligasiga o‘xshatib qo‘yishi mumkin, xolos. Bu shunchaki klublarni, raqobatni, futbolchilarni vaqtinchalik rivojlantirishi mumkin, lekin futbolning taraqqiyotida qadamlardan biri bo‘ladi. Ertaga 14 oligarx futboldan zerikib, klublarni moliyalashtirishni to‘xtatsa yoki kamaytirsa, yana muammoga qaytib qolaveramiz. Sababi, masalan, yevropalik oligarxlarning futboldan zerikmasligiga boshqa omillar ham ta’sir qiladi. Sababi, professional klub deganda, xususiy cho‘ntakdan pul oladigan emas, o‘zi futbolda daromad qiladigan klublarni tushunishimiz lozim. Busiz klub hech qachon chinakamiga professional bo‘la olmaydi.
Futbol daromadlari deganda asosan, qo‘yidagi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishimiz mumkin:
  • Translyatsiyalar orqali keladigan daromad. Professional Liga o‘z musobaqasini, ya’ni mahsulotini televideniyega sotadi. Kelgan tushum esa, ishtirokchi klublar o‘rtasida taqsimlanadi. Bu summa klubning futbol daromadlarida yaxshigina qismini tashkil qiladi.
  • Matchday daromadlari. O‘yin kunlari klub stadionga chipta sotishdan, shuningdek, stadion atrofidagi magazinlar, ovqatlanish shoxobchalari orqali, o‘yin kuni tashrif buyurgan muxlislardan daromad qiladi. Yildan-yilga bu yo‘nalishga e’tibor kattalashib, jami daromadlardagi Matchday’larning ulushi ortib bormoqda. Aynan shu maqsadda stadionlar qayta qurilyapti, hatto «Real» va «Barselona» o‘z o‘yingohlarini va uning atrofini rekonstruksiya qilishmoqchi.
  • Transferlardagi musbat farqlar. Klublar futbolchi sotish va sotib olish orqali, qandaydir bozor ishtirokchisi bo‘lishadi va shu orqali ham yaxshigina daromad qilishlari mumkin. Asosan top-klublar emas, Fransiya, Niderlandiya yoki Portugaliya klublari ko‘p futbolchilar uchun top-klublarga tramplin vazifasini bajaradi va shu orqali daromadga ega bo‘ladi.
  • Titul homiylar, brendlar, marketing. Klub ham qaysidir ma’noda brend hisoblanadi va aytaylik, turli kompaniyalar bilan kiyintirish, xizmat ko‘rsatish xizmatlari borasida shartnomalar qilish orqali daromad olish yoki libosidagi yozuvni, stadion nomini, klub atributkalarini sotib ham moliyaviy tushum qilish mumkin. Bu yo‘nalish futbolning o‘zidan ko‘ra, marketing xodimlarining malakasi orqali amalga oshsa-da, futbol daromadlari hisoblanadi, chunki, bu daromadlar ham klubning muvaffaqiyatlari, uning mavjud bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq holda ko‘payadi yoki kamayadi.
Ya’ni, futbol daromadlari bevosita yoki bilvosita o‘sha klubning futbol faoliyati bilan bog‘liq. Aynan mana shu klubning borligi, o‘ynayotgani yoki o‘ynamayotgani, qanday o‘ynayotgani, qanday boshqarilayotganiga bog‘liq holda, klub egasining daromad miqdori oshadi yoki kamayib boradi. Ba’zi klublarimiz bor, masalan, «Qo‘qon 1912»ning ham o‘zini o‘zi ta’minlashi aytiladi. Klub qoshida qanaqadir to‘qimachilik sexlari ochilgan va undan keladigan daromad bilan klub xarajatlari qoplab boriladi. Ammo bu bilan Qo‘qon jamoasi professional klubga aylanib qolmaydi, o‘sha daromadlar jamoa mavjud bo‘lsayam, bo‘lmasayam, ishlab, daromad qilaveradi. Aytaylik, agar sex faqat «Qo‘qon 1912» liboslarini sotib, klubni ta’minlayotgan bo‘lganida boshqa gap.
Endi «Paxtakor» misolida yuqoridagi bandlar bo‘yicha ko‘rib chiqamiz. Translyatsiyalardan daromad kelishi imkonsiz. Bizda «Sport» telekanali musobaqani PFLdan sotib olishi o‘rniga, aksincha, PFL telekanalga pul to‘lasa kerak. Agar OCHLda oxirgi bosqichlargacha borilsa, balki qandaydir summa kelishi mumkin, lekin bu juda oz miqdorda bo‘ladi.
O‘yin kunlaridagi daromadlar haqida ham ijobiy holat yo‘q – «Paxtakor» stadioniga 20 o‘yinda 10 mingdan muxlis 50 ming so‘mdan chipta olib kirsayam, bir yilda jami 10 milliard so‘m bo‘ladi va bu Derdiyo‘qning transferini to‘liq qoplashga ham yetmaydi. Hali bu stadion xarajatlari, IIVga to‘lanadigan pullarni e’tiborga olinmagan holda.

«Paxtakor» O‘zbekistondagi aksariyat yulduzlarni yig‘ib olganini e’tiborga olsak, transferlarda ham musbat farq vujudga kelishiga ishonib bo‘lmaydi.
Demak, aslini olganda, «Paxtakor» xususiy klub sifatida boshqa jamoalarimizdan faqat mablag‘larning manbasi nuqtayi nazaridan farq qiladi, xolos. 14 oligarx kelib, O‘zbekistonda 14ta «Paxtakor» paydo bo‘lishi ham, shunchaki, xarajatlar yoki maoshlar poygasini yuzaga keltiradi. Oligarxlar futboldan daromad olish emas, o‘z klublariga pul tikish bo‘yicha musobaqalashadilar, xolos. Yuqorida aytilganidek, bu qaysidir ma’noda futbol sifatini, raqobatni oshirishi, jamoalarni kuchaytirishi mumkin, ammo tizim baribir oqsayveradi.
Bu holatning salbiy oqibatlari ham bor. Agar futbolimizda 14 «Paxtakor» bo‘lsa, mamlakatimizdagi yuqori malakali futbolchilar 14 boy klub uchun kamlik qiladi. O‘z o‘zidan futbolchi o‘z iqtidoridan ko‘ra ko‘proq pul topa boshlaydi. Rossiya yoki boshqa kuchli ligalarni orzu qilish, harakat qilish yo‘qoladi. Esingizda bo‘lsa, bir paytlar futbolchilar boshqa chempionatga yoki klubga o‘tishdan ko‘ra «Bunyodkor»ning o‘rinbosarlari tarkibida yurishni afzal bilgandi. Yoki Rossiyani oling, «Zenit»dagi maoshlar A Seriyaning aksariyat klublaridan ancha baland, Italiya chempionatidagi saviya esa Rossiya chempionatidagidan yuqori. Yoki Xitoy klublari haqida ham shunday deyish mumkin. Bu nomutanosiblik natijasida hech qaysi rossiyalik futbolchi o‘z saviyasidagi Yevropa klubiga borishni istamaydi, chunki maoshi ikki barobar kamayishini yaxshi biladi.
E’tibor bering, UEFA Fair Play dasturi asosida, futbol xarajatlarini tekshirmoqda, daromadlardan ortiqcha sarflanayotgan pullardan futbolni asrashga harakat qilmoqda. Qizig‘-a, UEFA futbolga kirib kelishidan qo‘rqayotgan holatni biz futbolimizni qutqaradi, deb o‘ylamoqdamiz.
Yechim yo‘q. Qanday qilish kerakligini bilmayman. Bu taqdir. Bu vaziyat biz tug‘ilmasimizdan oldingi voqealarning oqibatidir.
Keling, g‘arbda va bizda futbolning rivojlanish bosqichlarini qaraylik, yuz yil oldinga qaytaylik. U yerda xususiy klublar qachon paydo bo‘lgan? Futbol havaskor ekanida. Oddiy odamlar ozginadan pul tashlashib, futbol klubiga asos solishgan – xarajatlar juda kam, klubni moliyalash juda kamchiqim bo‘lgan. Futbol tizimi ham, uning xarajatlari ham, tabiiy ravishda, klublar bilan birga rivojlanib borgan. Klublar daromadiga mos ravishda xarajatlar ham ko‘payib borgan, demak, klubni ushlab turish u qadar qiyin bo‘lmagan.
Aytaylik, hozir O‘zbekistonda havaskorlar o‘rtasida chempionat tashkil qilinsa, bemalol, xususiy klublar paydo bo‘ladi, chunki bunday klublarni ushlab turish oson, oylik-maoshlar ham shart emas, harajatlar oz. Keyin bu chempionatga qiziqish orta boshlaydi, odamlar tomosha qilish uchun kelib, chipta sotib oladi. Qanchadir daromad kelib, bu pullarni klub egalari o‘sha havaskorlarga taqsimlab bera boshlaydi.
Yevropada futbol aynan mana shundan bugungi holatga keldi. Bizda esa, aksincha, futbol ijtimoiy hodisa edi. Sobiq ittifoqdagi har qanday klub shahar hokimligi yoki komsomol kengashining majlisi yordamida tashkil topgan. Xarajatlar esa, shahar byudjeti yoki biror zavodning daromadidan biriktirilgan. Tamom. Futbol orqali daromad qilish dardi hech qaysi klubda bo‘lmagan.
Albatta, har ikki yo‘nalishda ham kuchli futbol klublari paydo bo‘lgan, ulardan biri yaxshi, unisi yomon demoqchi emasman. Farq shundaki, 90-yillardan keyin ular bizning tizimga emas, biz ularning tizimiga o‘tdik. Yuz yillik poydevor bizda emas endi, ularda bo‘ldi, sobiq ittifoq klublari esa, hammasini noldan boshlashlariga to‘g‘ri kelardi. Agar butun dunyo futboli ijtimoiylikka qadam qo‘yganida, biz emas ular qiynalishardi. Masalan, «Vest Hem» rahbari London shahar hokimiyatiga kirib, «biz ham shu shahar jamoasimiz, bizgayam pul ajratib bering» deb, tushuntira olmay, o‘lib ketardi. Hozir esa, biz, futbol orqali daromad ham qilish mumkinligini klublarga tushuntira olmaymiz. Shunaqa.
O‘sha paytlardan hammasini noldan boshlash, ya’ni davlat pullarini futboldan tortib olish orqali, g‘arbning yuz yillik holatiga qaytish, aslida, mantiqan to‘g‘ri qaror bo‘lardi. Barcha klublarni o‘z aravasini tortuvchi havaksor jamoalarga aylantirib qo‘yish kifoya edi. Futbol o‘ziga yarasha saviyali bo‘lgan, muxlislar oqimi hozirgidan ancha yuqori bo‘lgan, demak o‘shanda jamoalarimiz qisqa vaqtda o‘z xo‘jaligiga ega bo‘lgan xususiy klublarga aylanib olishlari u qadar qiyin kechmasdi, nazarimda. Balkim shu tariqa, o‘tgan o‘ttiz yilda biz qandaydir darajadagi xususiy futbol tizimiga ega bo‘lardik ham. Lekin hech qayerda unday bo‘lmadi, bo‘lmasdi ham, chunki rahbarlar iqtisodiy munosabatlardagi bu o‘zgarishlar futbolga ham ta’sir qilishini istashmadi. Futbol aholini qaysidir ma’noda chalg‘itish, mamlakatdagi ko‘p ishlar to‘g‘ri yo‘lda ekanini ko‘rsatish uchun bir oynadek tuyular, iqtisodiy tizim o‘zgargan bo‘lsa-da, davlat futbolga pul sarflashda davom etardi. Bu esa, tabiiyki, investorlarni ortga suradi.
Ana endi, bugungi sharoitda xususiy klublarning tabiiy yo‘l bilan paydo bo‘lishini kutish qiyin, o‘sha o‘ttiz yil oldingi investor bugun Superligadan klub sotib oladigan bo‘lsa, juda katta pul yo‘qotadi. Hech qaysi punkt bo‘yicha futbol daromadlariga ega bo‘lmagan holda, har yili kamida o‘n milliarddan havoga pul sarflashga majbur.
Ha, 14 oligarx futbolimizni hozirgidan yaxshi qiladi. Agar olimpiadaga bir g‘alaba, jahon chempionatiga bir gol yetmay turgan bo‘lsa, bu qadamni ham bir kuni bosib o‘tishimizga ishonaman. Klublarimiz Osiyoda raqobat ko‘rsatishni shu yildan boshlashi ham hech gap emas.
Ammo professional futbol klubi degani, futbolga pul sarflaydigan emas, futboldan pul topadigan klubdir. Biz har bir klubimiz nomiga «professional» nomini qo‘yib olib, yiliga milliardlab sarflashni bas qilishimiz kerak. Mayli, havaskor jamoaga aylansin, baribir hozir ham professional emas, mayli, futbolchilar pulsiz qolsin, shunda o‘z ustida ko‘proq ishlashi, tabiiy ravishda skautlik faoliyatlari rivojlanib, turli mamlakatlarda legionerlarga aylanishlari mumkin. Iqtidori kami esa, futboldan ketadi, boshqa kasb egasiga aylanadi, taksichilik qiladi – axir ko‘chaga chiqing, hamma sohaning «mag‘lublari» ko‘chada taksi qilib yuribdi. Futbolning shoxi bormi? Mayli.
«Perezagruzka» qilmasdan, futbolni vaqtinchalik pulsiz qoldirmasdan turib, orzudagi futbol tizimiga va munosabatlariga erisha olmaymiz. Mayli, bu uzoq muddat talab qilsin, bir muddat futbol o‘yini yo‘qlik tubiga singib ham ketsin, lekin qachondir chinakamiga haqiqiy futbolga erishish uchun boshqa yo‘l yo‘q.  
Aks holda, klublarimizga milliardlarni sarflaydigan haqiqiy investorlar chiqishi uchun futbolimiz iqtisodiy jihatidan jozibador bo‘lishi kerak. Futbolimiz iqtisodiy jihatdan jozibador bo‘lishi uchun esa, uning ichidagi munosabat shakllari, egalik tuyg‘usi o‘zgarishi, ya’ni ular xususiy bo‘lishi lozim.
13     
Реклама
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *