Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » O‘qsiz Mour Lempardga qarshi, maqsadsiz «Siti» «Lester» mehmoni. Hafta o‘yinlari anonsi

O‘qsiz Mour Lempardga qarshi, maqsadsiz «Siti» «Lester» mehmoni. Hafta o‘yinlari anonsi

Автор: admin


Bu hafta yevrokuboklarning pley-off bosqichiga start berildi. Ushbu qiziqarli o‘yinlardagi emotsiyalar tinib ulgurmay, bugundan milliy chempionatlarning navbatdagi turlariga start beriladi. Tabiiyki, bir qator qiziqarli, e’tiborga molik o‘yinlar ham bor.
CHELSI – TOTTENHEM (22 fevral, 17:30)
Angliyada Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash oxirgi turlargacha davom etsa kerak. Ayniqsa, «Manchester Siti»ning kelasi mavsum uchun YeCHLdan chetlashtirilishi mumkinligi 5-o‘ringa ham imkoniyat yaratdi va tabiiyki, da’vogarlar sonini oshirdi. Kuchli to‘rtlik uchun asosiy ikki favorit bo‘lmish London jamoalari, negadir, so‘nggi o‘yinlarda muammolarga o‘ralashib qolishdi.
Mavsumni ajoyib boshlagan «Chelsi» hatto uchinchi o‘ringa ham yaqin kelgandi, lekin so‘nggi ikki oy Lempard uchun omadsiz pallaga aylandi, hatto u yozda iste’foga chiqishi mumkinligi haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. «Chelsi» APLdagi so‘nggi 14 o‘yindan atigi 4tasida g‘alaba qozondi, xolos. Klub undan oldingi 12 o‘yindan 8tasini o‘z foydasiga hal qilgandi. Jamoa uchun o‘z maydonida «Manchester Yunayted»dan qabul qilingan mag‘lubiyat og‘riqli bo‘ldi – shu tariqa 5-8 o‘rindagi jamoalar «Chelsi»ga maksimal darajada yaqinlashib olishdi. Navbatdagi mag‘lubiyat jamoani hatto oltinchi o‘ringa ham tushirib yuborishi ham mumkin.

«Tottenhem»ning ham o‘z muammolari bor. Mourino kelgach jamoa natijalari barqarorlashdi, portugaliyalik mutaxassis kelganidan buyog‘iga hisoblasak, «Tottenhem» faqat «Liverpul»dan kam ochko jamg‘argan. Lekin e’tiborli jihat, «taqachilar» faqat kuchsizroq klublarga qarshi ishonchli o‘ynay olishyapti, top-o‘yinlarni Joze Mourino mag‘lub bo‘lib yakunlayapti. Klub «Manchester Siti»ga qarshi o‘yindagi g‘alabagacha «Liverpul», «Chelsi», «Yunayted», «Bavariya» kabi jamoalarga yutqazdi, kuni-kecha esa, Chempionlar Ligasida «Leypsig» Londondan g‘olib bo‘lib ketdi.
«Biz o‘qsiz urushga chiqdik», – deb izohladi YeCHLdagi mag‘lubiyatni Joze Mourino. Rostan ham, Harri Keynning yo‘qligini bilintirmay, sermahsul o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Son Xon Min ham jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Yanvarda mos hujumchi topa olmagan «Tottenhem» endi oldingi chiziqda Lukas Mouraga tayanishga majbur.
«Chelsi» nihoyat o‘z «o‘qi» bilan maydonga tusha olsa kerak, katta ehtimol bilan Abraham bu uchrashuvga tayyor bo‘ladi. Shuningdek, Pulishich va Ruben Loftus-Chik ham mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Faqat maydon markazida Kantening yo‘qligi bilinishi mumkin. U «MYU»ga qarshi o‘yinda jarohat olib, safdan chiqqandi.
«Tottenhem» chorshanba oqshomida YeCHL o‘yinida maydonga tushdi, demak raqibiga nisbatan jismoniy tomondan imkoniyati pastroq baholanadi. Lekin tanganing boshqa tomoni, «Chelsi»ni kelasi hafta «Bavariya»ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Bu ham balki derbiga tayyorlanishda o‘ziga xos salbiy ta’sirini o‘tkazar.
LESTER – MANCHESTER SITI (22 fevral, 22:30)

APLdagi yana bir markaziy o‘yin Lesterda bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin g‘olibi turni 2-o‘rin egasi sifatida yakunlaydi.
«Manchester Siti»ning turnirdagi motivatsiyasi qolmagandek, birinchidan «Liverpul»gacha juda uzoq, ikkinchidan, UEFA hatto kuchli to‘rtlikdagi o‘rin ham jamoaga hech narsa bermasligi haqida qaror chiqarib, xavf solmoqda. Bor e’tiborini «Real»ga qarshi YeCHL bahslariga qaratishi aniq bo‘lgan Pep Gvardiola, balki bu o‘yinda biroz rotatsiyaga qo‘l urishi mumkin. Bu ham «Lester» uchun o‘ziga yarasha qo‘shimcha imkoniyat.
«Lester»ning kuchli to‘rtlikdagi o‘rni xuddiki, ancha xavfsiz ko‘rinsa-da, so‘nggi natijalardan kelib chiqsak, bugungi holatni saqlab qolish ham oson kechmaydi. Ta’qibchilar barqarorlashayotganidan tashqari, «Lester»ning natijalari ham avvalgidek ishonchli emas – oxirgi 5 o‘yinda Rojers shogirdlari atigi bir marta g‘alaba qozona oldi, xolos. Navbatdagi ochko yo‘qotish «Tottenhem», «Manchester Yunayted», «Sheffild» kabi jamoalarni yanada yaqinlashtirib qo‘yishi turgan gap.
Natijalardagi yomonlashish, katta ehtimol bilan Vilfred Ndidining jarohatdan o‘liq tiklana olmayotgani bilan bog‘liq. Yanvar oyi oxirlarida u tiklanib, safga qaytdi va «Lester» «Vest Hem» ustidan yirik g‘alabaga erishdi. Keyin jarohat yangilandi va qatorasiga omadsiz o‘yinlar o‘tkazildi. Nigeriyalik yarimhimoyachining bu o‘yinda ham maydonga tushmasligi haqiqatga yaqinroq va qachon safga qaytishi ham hozircha ma’lum emas.
«Manchester Siti» tarkibida David Silvaning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Rahim Sterling to‘liq sport formasini tiklab olgani yo‘q. Gvardiola YeCHL o‘yini oldidan yetakchi futbolchisini asrab tursa kerak.
SHALKE – LEYPSIG (22 fevral, 22:30)

Lesterdagi o‘yin bilan parallel ravishda Bundesligada ham qiziqarli o‘yin bo‘lib o‘tadi. Shu paytgacha kuchli beshlikda Germaniya chempionati juda qiziqayotganining sabablaridan biri – «Bavariya» peshqadam emasligida edi. Hozir myunxenliklar safga qaytishdi, lekin ularga qarshilikni davom ettira oladigan asosiy nomzod sifatida «Leypsig»ni tilga olishyapti.
«Leypsig» hozirda 1 ochkoga ortda qolyapti, lekin agar bu o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, o‘rtadagi farq oshishi tayin. Zero, bu turda o‘z maydonida autsayderni qabul qiladigan «Bavariya» g‘alabali seriyani davom ettirishi ehtimoli yuqori. «Shalke»ning ham bu o‘yindan o‘z manfaati bor, albatta. Rurliklar Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda va kuchli to‘rtlik bilan oradagi farq 6 ochkoni tashkil qilib turibdi. Ligada to‘rt o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan «Shalke» kuchli klubni yengib, muxlislar oldida «ayblarini yuvish»ga urinib ko‘rishadi.
Buning ustiga, «Leypsig»ning ushbu mavsumdagi uch mag‘lubiyatidan biri aynan «Shalke»ga qarshi o‘yinda sodir bo‘lganini ham unutmaslik kerak. Faqatgina Forsbergning so‘nggi daqiqalardagi goli mezbonlarni yirik mag‘lubiyatdan saqlab qolgandi, xolos. Shu bilan birga, chorshanba oqshomida «Leypsig» Londonda qiyin o‘yin o‘tkazdi. Ikki kun ichida jamoa qay darajada tiklanadi, «Shalke»ga qarshi ham bor imkoniyatini ishga sola oladimi, noma’lum.
Tarkiblarga kelsak, «Shalke» tarkibida Stambuli, Kalidjuri, Sane kabi futbolchilar uzoq muddatga safdan chiqishgan va ulardan umid yo‘q. Suat Sardor jarohatidan forig‘ bo‘ldi, lekin u ham bu o‘yingacha to‘liq sport formasiga kirib ulgurmasa kerak. Mehmonlardan esa, Konrad Laymerning yo‘qligi jamoa o‘yiniga ta’sir qilishi mumkin. Kevin Kampl, Ibraim Koneta kabi futbolchilar asta sekin safga qaytayotgan bo‘lishsa-da, bu o‘yinda jamoaga yordam berishlari so‘roq ostida.
REAL SOSEDAD – VALENSIYA (22 fevral, 22:30)
Turnir jadvalida qo‘shni bo‘lgan va mavsum oxirida yevrokuboklar uchun ayovsiz kurash olib borishi mumkin bo‘lgan ikki raqib bu prinsipial bahsga turlicha kayfiyatga yetib kelishmoqda.
«Real Sosedad» Qirollik kubogi yarim finalida «Mirandes»ni kichik hisobda bo‘lsa ham mag‘lub etdi va g‘alabali o‘yinlar seriyasini uchtaga yetkazib oldi. Bu o‘yinga ham bir hafta bo‘ldi, demak, «Sosedad» yaxshi kayfiyatda va sport formasida «Valensiya»ga qarshi o‘yinni kutmoqda.
«Valensiya» esa, aksincha, ikki hafta ichida ikki musobaqadagi kurash xavf ostida qoldi. Avvaliga, kubok bahsida «Granada»ning qo‘li baland keldi. Keyin esa, La Ligada yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi asosiy raqiblar – «Xetafe» va «Atletiko» bilan o‘yinlar omadsiz yakunlandi. Kuni kecha esa, Chempionlar Ligasida «Atalanta» maydonida yirik mag‘lubiyat qayd etildi. Shu tariqa, «Valensiya» ham La Ligada, ham Chempionlar Ligasida o‘zini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat esa, Selades shogirdlarini kuchli to‘rtlikdan yanada uzoqlashtirib yuboradi. Ikkinchidan, yuqorida eslanganidek, valensiyaliklar YeCHL safariga borib kelishdi, demak jismoniy jihatdan ham mezbonlarning imkoniyatlari yuqoriroq bo‘ladi.
Tarkiblarga qarasak, «Sosedad»da katta ehtimol bilan Adnan Yanuzay o‘ynay olmaydi. Yetakchi futbolchilardan biri David Surutusa jarohatidan forig‘ bo‘ldi va mashg‘ulotlarda qatnashishni boshladi, lekin qay darajada tayyor ekani ma’lum emas. «Valensiya»da yo‘qotishlar ko‘proq – Ezikel Garay mavsum oxirigacha safdan chiqqach, markaziy himoyadagi asosiy rol Gabriyel Paulistaga topshirilgandi, ammo u ham bu safar jamoaga yordam bera olmaydi. Pichchini va Koklen ham jarohatlanishgan, yanvarda jamoa safiga kelib qo‘shilgan Alessandro Florensi esa, o‘tgan turda diskvalifikatsiya o‘tagandi, bu safar kasal bo‘lib qolgan.
Ushbu jamoalarning birinchi davradagi to‘qnashuvida 1:1 hisobi qayd etilgandi. San-Sebastyanda o‘tgan oxirgi ikki o‘yinda esa, mehmonlarning qo‘li baland kelgan. 
ARSENAL – EVERTON (23 fevral, 21:30)

Mikayel Arteta deganda asosan, «Arsenal»ning sobiq futbolchisi va «Manchester Siti»dagi Gvardiola yordamchisini tushunib kelgan bo‘lsak-da, aslida u bir paytlar «Everton»ni tamsil qilardi. Jamoaning uzoq yillik yetakchisi va sardori, APLdagi eng ko‘p uchrashuvni ham ko‘k kiyimda o‘tkazgan, eng ko‘p golini ham shu libosda urgan. Uning qadrdon stadioniga raqib murabbiyi sifatida tashrif buyurishi ham albatta, o‘ziga yarasha e’tiborli holat. Qizig‘i, Arteta «Arsenal» bosh murabbiyi etib tayinlangach, jamoaning ilk o‘yini ham «Everton»ga qarshi safarda bo‘lib o‘tgan va o‘shanda uchrashuvni u ham liverpulliklarning  yangi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti kabi tribunada turib kuzatgan, o‘yinda hisob ochilmagandi.
Umuman, duranglar bu mavsumda «Arsenal»ning asosiy muammosi bo‘lib turibdi. Bir qaraganda, Arteta jamoasi barcha turnirlar doirasida 9 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda, bunday ko‘rsatkich bilan, hech bo‘lmasa, kuchli to‘rtlikka yaqinlashib olish kerak edi. Ammo bu uchrashuvlarning 4tasi (barchasi APLda) durang bilan yakunlangani «Arsenal» hamon 10-o‘rinda borishiga sabab bo‘lib qolmoqda.
«Everton» esa, nihoyat Anchelottining jamoasiga aylanib bormoqda va mavsum boshidagi yo‘qotilgan ochkolar o‘rni to‘ldirilyapti. So‘nggi besh o‘yinning 3tasini g‘alaba va 2 durang bilan yakunalagan «ko‘klar» APL turnir jadvalida «Arsenal»ni ham quvib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi. Anchelotti tashrif buyurganiga ikki oy vaqt bo‘ldi va bu davrda «Everton» APL o‘yinlarida faqat «Manchester Siti»ga, Angliya Kubogida «Liverpul»ga yutqazdi, xolos. Har ikki o‘yin ham safarda bo‘lib o‘tdi. Qolgan barcha o‘yinlarda jamoa ochko olishga muvaffaq bo‘lyapti.
Bu o‘yinda mehmonlarning imkoniyatlarini oshiradigan yana bir sabab shundaki, «Arsenal» Yevropa Ligasi bahsida Gretsiyaga safar qilishga majbur bo‘ldi. «Everton» esa, faqat bitta turnirda ishtirok etyapti va tabiiyki, tetiklik borasida raqibidan ustun ko‘rinishi tabiiy hol.
Tarkiblarga kelsak, har ikki jamoada ham muammo katta emas. Mezbonlardan Lukas Torreyrada jarohat bor va faqat uning jamoaga yordam bera olishi aniq emas. Kiran Tirni va yanvarda yangi jalb qilingan Sedrik Soaresh kelasi oyda safga qaytadi. Mehmonlardan Teo Uolkotda jarohat bor. Uzoq muddatga safdan chiqqan Andre Gomesh esa, kutilganidan ham tezroq tiklanib bormoqda. Uning bu o‘yinda jamoaga yordam berishi dargumon, lekin juda yaqin kelajakda ushbu yetakchi futbolchini ham «Everton» tarkibida ko‘rib qolsak ajab emas.   
XETAFE – SEVILYA (23 fevral, 22:30)

Pepe Bordalas shogirdlari bu mavsumda nafaqat Ispaniyada, balki Yevropada ham kashfiyot jamoalardan biri bo‘lishi mumkin. Aslida Ispaniyada «Xetafe» bilan o‘tgan yildanoq hisoblasha boshlashgani aniq, zero madridliklar so‘nggi turgacha YeCHL o‘rinlari uchun kurashgan va yakunda faqat Yevropa Ligasi yo‘llanmasi bilan kifoyalanishgandi. Bu turnirda ham «Xetafe» yomon ko‘rinmayapti, shu hafta 1/16 finalning birinchi o‘yinida «Ayaks» ustidan ishonchli g‘alabaga erishildi va nimchorak final uchun yaxshi zamin hozirlandi.
Shunday zamin Primeroda ham mavjud – bu safar «Xetafe» balki kurashni so‘nggi turgacha taqamoqchi emasdek. Jamoa hozirda turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda va «Barselona»dan kichik hisobda yutqazishdan oldin qatorasiga to‘rt o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgandi. Bu o‘yinlarda Bordalas jamoasi birorta ham gol o‘tkazmaganini ham e’tiborga olsak, omadli o‘yinlar seriyasi bu uchrashuvda ham davom etishi mumkin. Buning ustiga, «Sevilya» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda asosiy raqiblardan biri sanaladi. «Xetafe» va «Sevilya» o‘rtasidagi farq atigi 2 ochkoni tashkil qilmoqda.
Lekin farq shundaki, andalusiyaliklar oxirgi o‘yinlarni muvaffaqiyatsiz o‘tkazishmoqda. Yevropa Ligasida CHFR maydonidagi durangdan so‘ng, «Sevilya»ning g‘alabasiz o‘yinlari soni beshtaga yetdi. Qirollik kubogi o‘yinida ayniqsa, qo‘yi liga vakili «Mirandes»dan qabul qilingan mag‘lubiyat Lopetegi jamoasiga yarashmasligi aniq.
Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yin ushbu mavsumda, oktyabr oyida bo‘lib o‘tgandi va unda «Sevilya» o‘z maydonida 2:0 hisobida ustun kelgandi. Umuman, so‘nggi yillardagi o‘zaro o‘yinlarga qarasak, «Xetafe» yaqin yillargacha o‘rtamiyona sanalgan bo‘lsa-da, tenglikni ko‘ramiz. So‘nggi 10 yildagi uchrashuvlarda har ikki tomon ham 7 martadan g‘alaba qozonishgan.
BOSHQA O‘YINLAR
21 fevral. BAVARIYA – Paderborn (22 fevralga o‘tar kechasi, 00:30)
22 fevral. Verder – BORUSSIYA D (19:30), BARSELONA – Eybar (20:00) SPAL – YUVENTUS (22:00), Levante – REAL (23 fevralga o‘tar kechasi, 01:00), Fiorentina – MILAN (23 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)
23 fevral. Jenoa – LASIO (16:30), ATALANTA – SAssuolo (19:00), MANCHESTER YUNAYTED – Uotford (19:00), ROMA – Lechche (22:00), INTER – Sampdoriya (24 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), ATLETIKO – Vilyareal (24 fevralga o‘tar kechasi, 01:00), PSJ – Bordo (24 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)
24 fevral. LIVERPUL – Vest Hem (25 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)


138     
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *