Goal24.uz » O'zbekiston » O‘zbekiston Liga Kubogida ishtirok etadigan qo‘shni davlatlarning 8 klubi nomi ma’lum

O‘zbekiston Liga Kubogida ishtirok etadigan qo‘shni davlatlarning 8 klubi nomi ma’lum

Автор: admin

O‘tgan yili ilk bor O‘zbekiston Liga Kubogi musobaqasi tashkil etildi. Joriy yildan e’tiboran mazkur musobaqada qo‘shni mamlakatlar jamoalari ham qatnashishlari mumkin ekani e’lon qilinib, bu boradagi xat O‘FA tomonidan Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston futbol federatsiyalariga yuborilgan edi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar bermoqda.

«Liga kubogi musobaqasining 2020 yilgi mavsumida Qirg‘iziston hamda Tojikistondan 4 tadan jamoa qatnashadigan bo‘ldi. Qirg‘izistonning yetakchi klublari – «Dordoy» (Bishkek), «Alay» (O‘sh), shuningdek, «Abdish-ata» (Kant) hamda «Kaganat» (O‘sh) klublari yangi mavsumda Liga Kubogi bahslarida qatnashishini tasdiqlab, rasmiy xat yuborishdi. Shuningdek, Tojikistonning «Xo‘jand» (Xo‘jand), «Regar-TadAZ» (Tursunzoda), «Ko‘ktosh» (Rudaki) hamda «Istaravshon» (Istaravshon) jamoalari ham O‘zbekiston Liga Kubogida ishtirok etish niyatida ekanini tasdiqladi.

Qayd etish joiz, qo‘shni respublika jamoalarining Liga kubogi bahslariga qo‘shilishi muxlislar sog‘ingan derbilarni qaytarishi mumkin. Zero qo‘shni mamlakatlar yetakchi jamoalarining o‘zaro to‘qnashuvlari ham o‘zbekistonlik, ham qirg‘izistonlik, qolaversa tojikistonlik muxlislarning katta qiziqishga sabab bo‘lishi tayin. Shuningdek, xalqaro musobaqalardan chetda qolayotgan klublar uchun ham bunday uchrashuvlar katta tajriba maktabi bo‘lishi mumkin.

Liga kubogi ishtirokchi mamlakatlar hakamlari, komissarlari, inspektorlari uchun ham muhim. Ular xalqaro o‘yinlar orqali OFK musobaqalari uchun dastlabki tayyorgarlik bosqichidan o‘tish imkoniga ega bo‘ladi. Bunda til muammosi deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

Alohida urg‘u berish lozimki, mazkur musobaqada kelasi mavsumlarda Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari jamoalari ham ishtirok etishlari kutilmoqda. Bu bilan biz O‘rta Osiyo jamoalarini birlashtirib turuvchi klublar musobaqasiga ega bo‘lamiz, CAFA mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar yanada iliqlashadi» - deya yoziladi PFL rasmiy sayti xabarida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Liga kubogining amaldagi va ilk g‘olibi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi sanaladi. Kubok bahslarida Superliga va Pro-liga klublari ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
183   
Добавить комментарий
Ваше имя: *