Goal24.uz » Jahon » «Benazir»ning 20 yillik faoliyatiga nazar

«Benazir»ning 20 yillik faoliyatiga nazar

Автор: admin


U ikki bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan, Italiya, Ispaniya, Angliya, Purtugaliya chempioni. Stadion.uz Portugaliya futbolida o‘zidan iz qoldirgan Joze Mourinyoning 20 yillik faoliyatiga qisqacha nazar tashlab o‘tadi.
2000/01-“Benfika”
Sovrin: yo‘q
2000-yilning sentyabr oyida Joze o‘zining birinchi jamoasini qabul qilib oladi. Endigina katta futbolga kirib kelgan murabbiy “Benfika”da YuppHaynkesni almashtirgani e’tiborga molik. U o‘zining ilk ish kunidayoqbir nechta murabbiylarni bo‘shatib yuboradi. Jozeni mashhur qilgan: “Eshakni 30 yil boqsang ham u otga aylanmaydi” iqtibosi “Benfika” jamoasi murabbiylar shtabiga qarata aytilganidan ko‘pchilik bexabar bo‘lsa, ajab emas. Joze “Benfika” bilan birin-ketin g‘alabalar qozonishi bilan jamoadan uzoq muddatga mo‘ljallangan shartnoma talab qiladi. Rad javobini olishi bilan dekabryoyida jamoani tark etadi. Eng qizig‘i shundaki, u sentyabr oyida postni qabul qilib olgan edi. Jozening ilk “qo‘shig‘i” atigi 2 oy yangragan xolos.
2001/02- “Liveyra”/”Portu”
Sovrin: yo‘q
Yangi mavsumni qahramonimiz kamtarin “Liveyra”da boshlagan bo‘lsa-da, mavsum o‘rtasida klubni chempionatda 3-o‘ringacha olib chiqadi. Uning yutuqlaridan ilhomlangan “Portu” murabbiyga taklif bilan chiqadi. Qarabsizki, Joze mavsumning ikkinchi qismini “ajdarlar” safida o‘tkazmoqda. O‘sha mavsumda Joze “Portu” bilan chempionatning kumush medallariga ega chiqadi, biroq muxlislarga kelasi mavsumda chempionlikni va’da beradi.
2002-03-“Portu”

Sovrin: UEFA kubogi, Portugaliya chempioni, Portugaliya kubogi, UEFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi sovrini egasi
Yosh mutaxassis “Portu”ni Deko, Karvalyo, Manisha, Derley, Viktor Bayya singari tajribali futbolchilar atrofida quradi. Chempionlik yo‘lida “Benfika”ni 11 ochko ortda qoldirgan Joze mamlakat kubogi finalida “Liveyra”ni mag‘lub etadi.
2003/04-“Portu”

Sovrin: YECHL, Portugaliya chempioni, Portugaliya superkubogi, UEFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi sovrini egasi
O‘sha mavsum butunlay ideal yakunlanishiga “Benfika” Kubok finalida to‘sqinlik qilib qoladi. Overtaymlarda Simao kiritgan gol “Portu”ni trebldan mahrum qilgan bo‘lsa-da, jamoa xalqaro maydonda katta o‘sishni amalga oshiradi. Ayniqsa, Joze YECHLdagi g‘alabadan so‘ng, juda mashhur bo‘lib ketadi. Uning “urushqoq” “Portu”si Chempionlar ligasi chorak finalida Aleks Fergyusonning “qizil iblislar”ini musobaqadan chiqarib yuborgach, barcha zamonaviy futbolga kuchli mutaxassis kirib kelganini anglab yetgan edi.
2004/05-“Chelsi”
Sovrin: APL chempioni, Angliya kubogi

Portugaliyadagi g‘alabalardan so‘ng, Jozega grand klublardan bo‘lgan talab keskin ko‘tarilib ketdi. Uzoq tanlovlardan so‘ng, “benazir” o‘sha davrning eng moliyaviy qudratli jamoasi – “Chelsi”ni tanlaydi. Londonga ko‘chib kelishi bilan o‘zini “Benazir” deb atashlarini talab qilgan Mourinyo birinchi urunishdayoq APL chempionligini qo‘lga kiritadi. Kiritganda ham 95 ochko va atigi 15 ta gol o‘tkazib! O‘sha davrdagi “Arsenal” va “Manchester Yunayted”ning qudratidan kelib chiqib fikrlaydigan bo‘lsak, u haqiqatdan ham “benazir” bo‘lgan! Yana bilmadim?!
2005/06-“Chelsi”
Sovrin: Angliya kubogi, Angliya liga kubogi
Jamoaga Abramovich Andrey Shevchenkoni olib keldi va murabbiy bilan o‘rtadagi munosabat keskinlashdi. Joze Drogbani ko‘proq maydonga tashlash orqali Abramovich bilan nizoni keskinlashtirdi. To‘g‘ri, Joze chempionlik poygasida “Manchester Yunayted”dan qolib ketdi, biroq ichki birinchilikdagi barcha kuboklarni o‘ziniki qilib oldi.
2007/08-“Chelsi”
Sovrin: yo‘q
Abramovich va Joze bir komandada qolishni istamay qolishdi. Oqibatda, 20-sentyabr sanasida Joze sensasion tarzda “Chelsi”nitark etdi. Jozedan so‘ng, Avraam Grand jamoa tepasiga keladi va klubni ilk bor YECHL finaliga qadar yetaklaydi. Undan kattaroq natijaga Grandning darajasi yetmasligini barcha anglab turgani bois, u ham Londonda uzoq ushlanib qolmaydi.
2008/09-“Inter”

Sovrin: Italiya chempioni, Italiya superkubogi.
Biroz tanaffusdan so‘ng, yana katta futbolga qaytgan Joze “Inter”ni katta maqsadlar sari yetaklashni boshlaydi. Italiyadagi o‘zining ilk matbuot anjumanida italyancha erkin so‘zlashga o‘tgan Joze A seriyaning barchamurabbiylarini o‘qqa tutishni boshlaydi va ular ichki birinchilikdagi birorta musobaqada g‘olib chiqa olmasliklarini aytib hammani ishontiradi.
2009/10-“Inter”
Sovrin: YECHL, Italiya kubogi, Italiya chempioni, UEFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi sovrini
Taniqli jamoa va fantastik murabbiy. Tarkib ham barchaga yaxshi tanish: Snayder, Eto’O, Milito, Lusio, Maykon, Kivu va Jozening oratorlik qobiliyati. YECHL pley-offlarida “Chelsi”, “Barselona” singari jamoalari musobaqadan chiqarib yuborildi. Final uchrashuvida esa, “Inter” “Bavariya”ni “shunchaki” yengib qo‘ya qoldi. Ichki birinchilikda ham “ko‘k-qora”larga teng keladigani topilmadi. Mavsumning so‘nggi uchrashuvini “Santyago Bernabeu”da o‘tkazgan Joze o‘sha stadionda “qolib ketdi”.
2010/11-“Real Madrid”
Sovrin: Ispaniya kubogi
O‘zini maqtashni o‘rniga qo‘yuvchi qahramonimiz o‘zi singari “o‘zgacha” Gvardiolaga to‘qnash keladi. Achinarlisi shundaki, Pep ilk el-klasikodayoq Jozening yuziga tarsaki (5:0) tortdi va barchaga Joze yengilmas murabbiy emasligini ko‘rsatib beradi. Boz ustiga, Joze “Real Madrid”ni uzoq kutilgan YECHL yarim finaliga qadar boshlab borganini ham “Barselona” “xushlamaydi” va ularni Madridga jo‘natib yuboradi. Yaxshiyam-ki, Ispaniya kubogi bor ekan. Aks xolda, “benazir”ning Madriddagi ilk mavsumi to‘liqligicha boy berilgan sifatida tarixda qolishi mumkin edi.
2011/12-“Real Madrid”
Sovrin: Ispaniya chempioni
“Real” Ispaniya chempionligini 100 ochko va 121 ta gol bilan qo‘lga kiritdi, biroq yana YECHL yarim finalida to‘xtatildi. Bu safar “Bavariya” Madrid jamoasini qattiq “xafa qildi”.
2012/13-“Real Madrid”
Sovrin: Ispaniya Superkubogi
Madriddagi 3-mavsum Joze uchun so‘nggisi bo‘lib qoldi. Avgust oyida qo‘lga kiritilgan sovrin Joze uchun yagonaligicha qoldi. Qo‘shimchasiga, Joze va “Real Madrid” yetakchilari o‘rtasida nizolar kelib chiqishni boshladi. “Barselona”ga qarshi uchrashuvlar 3-jahon urushiga aylanib ketishni boshladi. Futbolchilar xuddi so‘nggi bor maydonga chiqqandek harakatlanishar, yakunda baribir “Barsa” g‘alaba qozonaverar edi. Eng achinarlisi, uning jamoasi busafar ham Chempionlar ligasi yarim finalidan ortga qaytdi. Levandovskining “pokeri”barcha masalaga oydinlik kiritdi-qo‘ydi. Ispaniya kubogi finalida “Atletiko Madrid”dan qabul qilingan mag‘lubiyat so‘nggi va qalin nuqtani qo‘ydi.
2013/14-“Chelsi”
Sovrin:yo‘q
Jozening APLga qaytishi jurnalistlar uchun chinakam bayramga aylanib ketdi. Uning har bir so‘zi gazzeta va jurnallarning birinchi sahifasi uchun sarlavhaga aylanib ketgach, Joze sekin-asta o‘z imidjini o‘nglab oldi. To‘g‘ri, uning jamoasi sovrin yutmadi, biroq “Liverpul”ning oyog‘idan tortib qolishi bilan barchaning yodida qoldi.
2014/15-“Chelsi”
Sovrin: Angliya chempioni, Angliya kubogi
London klubi Diyego Kosta va Sesk Fabregasni jamoaga olib kelgach, Jozening taktikasi ish berishni boshladi. Joze ham raqiblari manziliga o‘z uslubida “tosh otishni” kanda qilmagani e’tiborga molik. “Vest Hem”ni 19 asr futbolini o‘ynashini “yuziga solgan” Joze “Chelsi”ni yana taxtga qaytardi. Moliyaviy qudratli “Manchester Siti”ni ham 8 ochkoga ortda qoldirgan Joze yana o‘ziga o‘xshashni boshladi. U ijrosidagi matbuot anjumanlari qizg‘inroq ko‘rinish ola boshladi, biroq…
2015/16-“Chelsi”
Sovrin: yo‘q
“3-mavsum sindromi” yana katta sahnaga chiqdi. Avvaliga Joze jamoa shifokori Yeva Karneyro bilan janjallashib oldi. Keyin navbat futbolchilarga keldi. Uning nishonida barcha-barcha bor edi. Oqibatda, dekabryoyi boshida o‘tgan mavsumdagi chempion xavfli zonadagi klublardan atigi 1 ochko ko‘proq to‘playdi va Joze ikkinchi bora “Chelsi”dan “o‘z xohishi bilan” ketadi.
2016/17-“Manchester Yunayted”

Sovrin: Yevropa ligasi g‘olibi, Angliya superkubogi, Angliya liga kubogi
Joze ustozi – Lui Van Galning o‘rnini egalladi va tezda ishga kirishib ketdi. Kelishi bilan jamoa tarixidagi eng katta transferga (Pol Pogba 105 million yevro) qo‘l uradi. Jamoa yaxshi formada bo‘lmasa-da, Joze turli sovrinlar bilan mavsumni muvoffaqiyatli yakunlaydi. APLdagi 6-o‘rin ham sovrinlar sababli “eyforiya”ga berilgan muxlislar ko‘ziga ko‘rinmay ketdi.
2017/18-“Manchester Yunayted”
Sovrin: yo‘q
“Manchester Yunayted” bor e’tiborini APLga qaratadi, biroq sira “Manchester Siti”ni quvib yetishning iloji bo‘lmaydi. O‘sha mavsumda 100 ochko jamg‘argan Pep busafar ham portugaliyalik hamkambini ortda qoldiradi. Mavsum davomida Joze 3 bor APLda g‘olib chiqqanini barchaga “pesh” qilishdan charchamagan bo‘lsada, birorta sovringa ega chiqmaydi.
2018/19-“Manchester Yunayted”
Sovrin: yo‘q
Yana o‘sha “3-mavsum sindromi” katta sahnaga chiqib kelgani yodingizda bo‘lsa, ajab emas. U shunchalik futbolchilarningjoniga tekkan ediki, barcha unga qarshi “qo‘zg‘olon” ko‘tarish arafasida edi. Boz ustiga, APLda unga yangi raqib – Antonio Konte ko‘rinish beradi. O‘zidan badtar emosional murabbiyga tanbeh bergan Joze ikki qo‘lini “cho‘ntakka” solgancha Manchester shahrini tark etadi.
2019/20-“Tottenhem”
Sovrin:yo‘q
Pochettino Chempionlar ligasi finalini boy bergach, shu qadar tushkunlikka tushib qoldiki, oqibatda jamoani kelasi mavsumga yaxshi tayyorlay olmadi. Ko‘p o‘may iste’foga chiqqan argentinalik murabbiyning o‘rnini 20 yillik qadrdonimiz – Jozejon Mourinyo egalladi. Londonga ko‘chib o‘tgan mutaxassibarchasini boshidan o‘ylab ko‘rganini ko‘p ta’kidlagan bo‘lsa-da, o‘zini g‘alati (aslida hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan) tutishda davom etmoqda. To‘g‘ri, natijalar kishini quvontirmaydi, biroq jarohatlar qurshovida qolgan Joze tajribasini ishga solmoqda. Unda hali-hamon Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoni mavud. Boz ustiga, korona-tanaffus unga qo‘l kelishi aniq. Sababi, jamoaning yuragi Keyn va Son Xyong Min lazaretdan chiqib “jang”gakirishadi.
 
Muallifdan:
Nima bo‘lgan taqdirda ham Joze futbolning ommalashishi uchun 21-asrda eng katta hissa qo‘shgan mediashaxs bo‘lib qolaveradi. Uning mag‘lubiyatdan so‘ng aybni boshqalarga ag‘darishi, futbolchilar haqidagi hazillari, matbuot anjumanidagi qizg‘in suhbatlarini hali sog‘inib qolishimiz aniq. Vaqt bor ekan, uning futbol olamidagi har bir harakatidan va har bir “qilig‘i”dan zavqlanishga harakat qilaylik. Uning so‘nggi yillardagi natijalari yaxshi bo‘lmasligi mumkin, biroq u Joze Mourinyo va “BENAZIR” sifatida yodimizda abadiy qoladi!
81     
Добавить комментарий
Ваше имя: *
Ваш e-mail: *