Goal24.uz » O'zbekiston » O‘zbekistonning eng qimmat yarim himoyachilari (top-10)!

O‘zbekistonning eng qimmat yarim himoyachilari (top-10)!

Автор: admin

Top-10 yarim himoyachilar ro‘yxatida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov peshqadamlik qilmoqda. Transfer narxi 2,5 mln evroni tashkil etib turgan futbolchimiz mamlakatimizning eng qimmat futbolchilari orasida Eldor Shomurodovdan keyin ikkinchi bo‘lsa, "Shanxay SIPG" futbolchilari orasida to‘rttinchi bo‘lib turipti. Xitoy chempionati a’zolari orasida 32-o‘rinda qayd etilgan Ahmedov jahonning 1987 yilda tavallud topgan futbolchilari ichida 83-pog‘onadan joy olgan.

Ikkinchi qatorda turgan Otabek Shukurovning transfer narxi 2 mln evroga teng. Bu borada, yarim himoyachimiz "Sharja" klubining 4-raqamli futbolchisi hisoblanadi. Shukurovni dunyo bo‘ylab, o‘z tengdoshlari orasida 292-o‘rindan topish mumkin. U BAA chempionatining eng qimmat futbolchilari orasida esa 18-o‘rinda bormoqda.

Ro‘yxatimizning uchinchi pog‘onasidan "Paxtakor" va O‘zbekiston Superligasining eng qimmat futbolchisi Jaloliddin Masharipov joy oldi. 1,8 mln evrolik futbolchimiz sayyoramizning chap qanot yarim himoyachilari orasida 324-, 1993 yilda tug‘ilgan futbolchilar ichida 365-o‘rinni egallagan.

"Tokio-2020"ga yo‘llanma beruvchi 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasiga sardorlik qilgan Aziz G‘aniev mamlakatimizning eng qimmat futbolchilari ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinda. G‘anievning Transfermarkt.de saytida keltirilgan tarnsfer narxi 1,1 mln evroni tashkil etadi. Bu 22 yoshli futbolchining BAA chempionatidagi eng qimmat futbolchilar orasida 40-o‘rindaligini bildiradi. Sobiq nasafchini dunyoning markaziy yarim himoyachilari orasida 753-, 1998 yilda tavallud topgan futbolchilar ro‘yxatida esa 291-pog‘onadan topishingiz mumkin.

Beshinchi va oltinchi o‘rinlarni 1 mln evrolik ikki futbolchi – Sardor Rashidov va Oston O‘runov band qilgan. Rashidov Qatar chempionatidagi eng qimmat futbolchilar orasida 40-, O‘runov RPLda 215-raqamli futbolchidir. Jahonning 1991 yilda tavallud topgan futbolchilari ichida Rashidov 474-bo‘lib turipti. E’tiborli tomoni, bu borada O‘runov o‘z tengdoshlari orasida 183-o‘rindan joy olgan va kelajakda yanada, yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etish uchun uning imkoniyatlari yuqori.
                                
Reytingimizning ettinchi pog‘onasini Janubiy Koreyaning "Seul" klubi sharafini himoya qilayotgan Ikrom Aliboev band etdi. 950 ming evrolik yarim himoyachi o‘z klubining eng qimmat futbolchilari orasida uchinchi o‘rinni egallagan.

2017 yilning dekabr oyidan boshlab, 2018 yilning iyunigacha transfer narxi 1 mln evroga teng bo‘lgan Doston Hamdamovning hozirgi paytdagi qiymati 900 ming evro ekan. U o‘zining narxiga ko‘ra, Superliga a’zolari orasida beshinchi va o‘zbekistonlik futbolchilar bo‘yicha 13-o‘rinda qayd etilgan.

Keyin pog‘onalarni 800 ming evrolik Jamshid Iskandarov, Sardor Mirzaev va Odiljon Hamrobekov egallagan. Mamlakatimizning eng qimmat futbolchilari ro‘yxatida 16-pog‘onadan joy olib turgan uchchala futbolchimizning o‘z klublaridagi o‘rinlari turlicha. Iskandarov va Mirzaev o‘z jamoalarining eng qimmat futbolchisi hisoblanishadi. Bu borada, Hamrobekov "Paxtakor"ning oltinchi raqamli futbolchisi sanaladi. "Muangtong Yunayted" yarim himoyachisi Sardor Mirzaev Tailand chempionatining eng qimmat futbolchilari orasida ikkinchi bo‘lib turgani ham e’tiborga molik. Bu borada, Iskandarov Janubiy Koreyaning 33-, Hamrobekov Superliganing 8-o‘rinlarini band etishgan.
                        
Quyida eng qimmat bo‘lgan 10 ta yarim himoyachining ro‘yxati qulay ko‘rinishda keltirilgan:
1. Odil Ahmedov ("Shanxay SIPG", Xitoy) - 2,5 mln evro;
2. Otabek Shukuruv ("Sharja", BAA) - 2 mln evro;
3. Jaloliddin Masharipov ("Paxtakor") - 1,8 mln evro;
4. Aziz G‘aniev ("Shabab Al Ahli", BAA) - 1,1 mln evro;
5-6. Sardor Rashidov ("Qatar SK", Qatar) - 1 mln evro;
5-6. Oston O‘runov ("Ufa", Rossiya) - 1 mln evro;
7. Ikromjon Aliboev ("Seul", Janubiy Koreya) - 950 ming evro;
8. Dostonbek Hamdamov ("Paxtakor") - 900 ming evro;
9-10-11. Jamshid Iskandarov ("Seongnam", Janubiy Koreya) 800 ming evro;
9-10-11. Sardor Mirzaev ("Muangtong Yunayted", Tailand) 800 ming evro;
9-10-11. Odil Hamrobekov ("Paxtakor") - 800 ming evro.
"Paxtakor"dan 3 ta va yana 8 ta legioner yarim himoyachimiz top-10 reytingidan joy olishdi. Ularning umumiy transfer qiymati 13,650 000 evroni hosil qilmoqda.
Top-10 ro‘yxatiga kirmagan, ammo keyingi pog‘onalarni egallab turgan yarim himoyachilarimizga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak, Xurshid G‘iyosov ("Anyang", Janubiy Koreya, 750 ming evro), Vadim Afonin ("Lokomotiv", 700 ming evro), Sanjar Shoahmedov ("Terengganu", Malayziya, 700 ming evro), Sardor Sobirxo‘jaev ("Paxtakor", 600 ming evro), Nurillo To‘xtasinov ("Bunyodkor", 600 ming evro), Azizbek Turg‘unboev ("Navbahor", 550 ming evro) va yana bir qator futbolchilar nomini ko‘rishimiz mumkin.

822   
Добавить комментарий
Ваше имя: *