Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Shakiri «Liverpul»dan ketishi kerakmi?

Shakiri «Liverpul»dan ketishi kerakmi?

Автор: admin

Dunyo futbolida noma’lum muddatga to‘xtalish yuzaga kelgani sabab ba’zi voqealarni tahlil qilish uchun yetarlicha vaqtimiz bor. Asosan rus futbolini tahlil qiladigan telegramdagi «Rubinologiya» kanalida ba’zan Yevropa futboli haqida ham mulohazalar berib boriladi. Masalan, kanalda «Liverpul» futbolchisi Sherdan Shakirining kelajagi borasida post qoldirildi.
Shakirining «Stok Siti»dagi o‘yinlarini eslaysizmi? U «Stok»dagi oxirgi mavsumida (2017/18) har o‘yinda o‘rtacha 3,7 tadan zarba yo‘lladi. Bu futbol statistikasida xG ko‘rsatkichi deyiladi. xG2 ko‘rsatkichi bo‘yicha natijalar esa shunchaki hayratlanarli: 6,5. Bunda futbolchining raqib himoyasiga qilgan bosimi va yakuniy zarbani amalga oshirishi inobatga olinadi. xG2 ko‘rsatkichi APLda oxirgi yillarda faqat Riyad Mahrez va Kevin De Bryuynedagina 6,5 ga yetgan.
Shakirining «Stok»dagi oxirgi mavsumi yakunida jamoasi APLni tark etganini inobatga olsak, uning ko‘rsatkichlari shunchaki ajoyib. «Stok» ligadan tushib ketdi. Shveysariyalik futbolchining transfer qiymati esa atigi 9 million yervo! Uni olgan jamoa yutardi. Bu omadli «Liverpul» bo‘ldi.
Vaqtida unga rus klublari ham to‘g‘ri baho berishmadi (Rossiya grandlarida Shakirini sotib olish imkoni bo‘lgan). Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionati esa Shakiri uchun yaxshi o‘tdi. U musobaqada Shveysariya yetakchisi bo‘ldi. Xuddi Yevro-2016 kabi. Fransiya maydonlarida o‘tgan oxirgi Yevropa chempionatida uning Polshaga urgan fantastik goli esingizda bo‘lsa kerak. Bu gol oxir-oqibat chempionatning eng zo‘r goli deb topilgandi.
Shakirining transferi «Liverpul» uchun juda foydali bo‘ldi. Ayniqsa «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindagi dubli uning klub uchun naqadar muhim futbolchiga aylanayotganini ko‘rsatdi. 2018 yil dekabrdagi Britaniya derbisida («MYU» – «Liverpul») Shakiri 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushadi. U vaqtda hisob 1:1 edi va Shakiri ikkita gol urib «Liverpul»ga g‘alaba keltirdi. Klopp Shakiridan «sehrli tayoqcha» vazifasida foydalana boshladi. «Burgut» (uni shunday deb atashadi) ko‘p marta zaxiradan o‘yinga qo‘shilib «Liverpul»ga foyda keltirdi.
Shakiri «Liverpul»dagi ilk mavsumida yaxshi harakat qildi, lekin musobaqalarda atigi 30 % o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. U «Liverpul» bilan YeCHLda g‘olib bo‘lgach, Shveysariya bilan Millatlar Ligasida ham yaxshi qatnashib, yarim finalgacha yetib bordi. Shakiri musobaqaning ramziy jamoasiga ham kiritildi.
Klopp Shakirini bir nechta pozitsiyalarda o‘ynatib ko‘rdi. Uning asosiy vazifasi esa Saloh, Mane, Firmino kabi super yigitlardan iborat hujum uchligidan birortasining o‘yini chiqmasa, o‘rniga tushib o‘yinni kuchaytirish. Ya’ni, u doim bosim bilan o‘ynashga majbur. Bugun zaxiradan tushib gol urmasa yoki golli uzatmani amalga oshirmasa, ertaga uni maydonga tushirmasliklari mumkinligini sezgan holda bosimda o‘ynashi kerak. Lekin futbolchi xotirjam o‘ynasagina o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata oladi.
Bunday vaqtda Shakiri uchun eng yaxshi tanlov «Liverpul»dan ketish. Chunki u jamoadagi ikkinchi mavsumida deyarli maydonga tushmayapti. Sherdan xuddi shunday asosiy tarkibda tusha olmay «Bavariya» bilan ham Chempionlar Ligasini yutgandi. «Liverpul»da ham Yevropaning eng zo‘r musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Hozir Shakiri «5 daqiqa kam» Angliya chempioni. Yozda uni «Sevilya», «Roma» kabi jamoalar o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu klublarda Sherdan katta ehtimol bilan asosiy tarkibda o‘ynash va jamoasiga ko‘proq foyda keltirishi mumkinligini isbotlash imkoniga ega bo‘ladi.
Uni Rossiyaga ham taklif qilish mumkin, lekin hozir emas. Unga Yevropaning o‘zida ham yomon pul taklif qilishmayapti. Shakiri oxirgi imkoniyatini Rossiyada qidirgan Shyurle emas axir. Lekin u yana ikki yil Yevropada yuqori darajada o‘ynab o‘yinini saqlab qola olsa va Rossiyaga kelsa, adashmaydi. Birinchidan, u Rossiyada Kloppning jamoasida bo‘lgani kabi yo‘qolib qolmasligi aniq. Bundan tashqari, RPLda yaxshigina pul ishlab olishi mumkin.


157   
Добавить комментарий
Ваше имя: *