Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » Xayr, Raddi...

Xayr, Raddi...

Автор: admin

O'z paytida bir nechta jamoalarni boshqargan Radomir Antich bu yorug' olamni tark etdi va uning o'limiga koronavirusning hech qanday aloqasi yo'q. 71 yoshli mutaxassis uzoq yillardan beri qiynab kelgan oshqozon osti bezi xastaligi tufayli bu olamni tark etdi. 
Radomir Antich kim edi? Uni nima uchun yodga olyapmiz? Quyidagi maqolada shu haqda to'xtalib o'tamiz. 
Avvalo shuni aytish kerak, Antich Ispaniya grandlari - ham "Real", ham "Barselona", ham "Atletiko"ni boshqargan dunyodagi yagona murabbiy hisoblanadi. Bu o'rinda u eng katta yutuqqa "Atletiko" bilan erishgan. Uning qo'l ostida "matraschilar" 1995/96 yilgi mavsum oltin dubl qayd etishgandi. 
Futbolchilik paytida Radomir Antich himoyada o'ynardi. 1948 yil sobiq Yugoslaviyaning Jitishte shahrida dunyoga kelgan Raddi (Radomir Antichning laqabi) 60-yillar oxiri va 70-yillar boshida "Partizan" safida to'p tepgan. Bir marta Yugoslaviya terma jamoasiga ham chaqirilgan. 
Radomir 28 yoshida xorijga yo'l oladi. Dastlab "Fenerbahche"da, undan keyin ikki yil "Saragosa"da faoliyat olib boradi. So'ngra Angliyaga yo'l olib kamtargina "Luton" bilan shartnoma imzolaydi va bu jamoa safida eng yaxshi himoyachiga aylanadi. "Luton" birinchi divizionda o'ynar va ko'p ham yuqoriga harakat qilmasdi. Hatto bir gal "Manchester Siti" bilan bahsda Antichning goli jamoani quyi divizionga tushib ketishdan saqlab qolgan.
 
"Luton" safida o'ynagan kezlari Antich murabbiylik kurslariga ham qatnay boshladi. Buning uchun u doim London - Belgrad - London bo'ylab yo'l bosardi. 36 yoshida murabbiylik diplomini qo'lga kiritgan Raddi Angliyani tark etib vataniga qaytadi va "Partizan" murabbiylar shtabiga ishga kiradi. 
U jamoaning keyingi ikkita chempionligida bosh murabbiy Nenad Bjekovichning yordamchisi sifatida ishlagan. So'ngra klub tizimida o'zgarish yuz berib Bjekovich bosh murabbiylik lavozimini tark etadi, o'rniga kelgan Faxrudin Yusufi o'zi bilan boshqa murabbiylarni olib keladi va shu bilan Antich ham ishsiz qoladi. 
Oradan o'n yil o'tib u yana "Saragosa" klubiga yo'l oladi, faqat bu safar murabbiy sifatida. O'shanda "Saragosa" oson bo'lmagan paytlarni boshdan kechirardi. Yangi murabbiy qo'l ostida jamoa 5-o'ringa ko'tarilib oladi. Bu paytga kelib Madridning "Real" klubi jamoani tark etgan Alfredo Di Stefano o'rniga boshqa nomzod qidirayotgandi. "Real" o'shanda "Spartak" bilan o'yindagi mag'lubiyat uchun bosh murabbiyni istefoga chiqargandi.
 
SHunday qilib 1991 yil Radomir Antichga kimsan "Real"dan taklif tushadi. Avvaliga ishni bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi lavozimida boshlagan Antich yoz oylariga kelib to'liq bosh murabbiyga aylanadi. Raddi qattiq harakat qilgan. O'shanda Yoxan Kroyf boshchiligidagi "Barselona"ni deyarli to'xtatib bo'lmasdi. Lekin Antich mardlik qilib "Barsa"ga qarshi "urush" elon qiladi. 
"Real" o'yindan o'yinga kuchayib borar, hatto UEFA Kubogidagi ishtirok ham zo'r ketayotgandi. Lekin nimadir bo'ladi-yu, "Real" rahbari miyasiga murabbiyni o'zgartirish kerak fikri kelib qoladi va birinchi davradan so'ng Antichga besabab chiqish eshiklari ko'rsatilib, o'rniga gollandiyalik Leo Benxakker taklif etiladi. 
Balki o'shanda rahbariyat 80-yillarda bo'lgani kabi Benxakker jamoaga yana uchta sovrin keltiradi deb o'ylagandir. Amalda esa bunday bo'lib chiqmadi. "Real" UEFA Kubogi yarim finalida "Torino" bilan kechgan bahsda mag'lub bo'lib musobaqani tark etadi. Ichki chempionatda o'rtamiyona "Tenerife"ga yutqazib, "Barsa"ni oldinga o'tkazib yuboradi. Qirol Kubogi finalida esa hamshahari "Atletiko"ga imkoniyatni boy beradi. Balki Antichga oxirigacha imkoniyat berilganida shu sovrinlar qo'lga kiritilgan bo'larmidi.
 
Bu orada Antich ishsiz qolishni xohlamaydi va o'rtamiyona "Ovedo"ga yo'l oladi. U kelishi bilan asturiyaliklarning o'yini ochilib ketadi va jamoa yuqori divizionda bir amallab jon saqlab qoladi. Keyingi mavsum "Ovedo" chempionatni 9-o'rinda yakunlaydi. O'shanda klub safida ko'p ham mashhur futbolchilar o'ynamasdi. Antich jamoaga Slavisha Yokanovich, Nikola Yerkan, Yanko Yankovich kabi o'z hamyurtlarini taklif etgandi. 
Qolaversa "Real" tarkibida o'yini qovushmagan Robert Prosinechkini o'zi bilan olib keladi. Radomir Antich "Ovedo" safida Viktor Onopkoni ko'rishni juda-juda xohlagan. To'g'ri, keyinchalik "Spartak" sardori baribir "Ovedo" safiga yo'l oladi, biroq bu paytga kelib Antich klubda emasdi. 
U 1995 yil yana Madridga qaytib bu safar "Real"ning ashaddiy raqibi "Atletiko" bilan shartnoma imzolaydi. O'sha paytlari "Atletiko"ni murabbiylar qo'nimsizligi bo'lgan jamoa deyishardi. CHunki klub prezidenti Xesus Xil murabbiylarni go'yoki qo'lqop misol tez-tez almashtirardi. Ispaniyada hatto "Atletiko" rahbari xonasiga kirgandan ko'ra, qafasdagi sher oldiga kirgan maqul degan gaplar yurardi. 
Antich yana tavakkal qildi va tavakkali bu safar ham ish berdi. Uning qo'l ostida "Atletiko" Ispaniya chempionatida zafar quchish bilan birga Kubokni ham qo'lga kiritdi. Lekin mana shu uch yil ichida uni bir necha bor jamoadan ketkazishga urinishdi. 
Bilasizmi, odatda Antich xuddi "tez yordam" kabi ishlagan. U mavsum boshida ish boshlamas, balki parokandalik yuz berishni boshlasa klublar shu zahoti Radomir qaerdasan deya qidirib qolishardi. Antich "Atletiko"da ikki marta ishlab ketgan bo'lsa, birinchisida Arrigo Sakkining xatolarini tuzatish, ikkinchisida Klaudio Ranerining muvaffaqiyatsizligini yopish uchun kelgan.
 
2003 yil unga "Barselona" taklif bilan chiqadi. Yana qayta tamirlash ishlari. Bu safar Lui van Gal "Barsa"da qovun tushirib ketgandi. Antich Kataloniyaga kelib buzilib qolgan jamoaning kam-ko'stini yamay boshladi. Birinchi navbatda "Lacio"dan Xuan Pablo Sorinni taklif etdi. SHuningdek eng katta amalga oshirgan ishi klub tarbiyalanuvchilari - Viktor Valdes, Xavi va Inestani qo'rqmay asosiy tarkibga qo'ygani bo'ldi. 
O'shanda "Barsa" juda g'alati o'yin ko'rsatardi: bir yutadi, bir yutqazadi. Lekin Antich "Barsa"da ko'p ishlay olmadi. Bir mavsumdan so'ng unga chiqish eshiklari ko'rsatildi va jamoaga gollandiyalik Frank Raykard taklif etildi. Raddi esa "Selta"ni qutqarish uchun Vigoga yo'l oladi. 9ta o'yinda jamoani maydonga boshlab tushgan murabbiy "Selta" bilan ham xayrlashadi. 
SHundan so'ng Serbiya terma jamoasini boshqargan murabbiy o'z maqsadiga erishib jamoani JCH-2010ga olib chiqadi. Ammo Evro-2012 saralashidagi omadsiz startdan so'ng o'z xohishiga binoan ariza yozib ishdan bo'shaydi va Xitoyga yo'l oladi. U Xitoyning ikkita klubini boshqargan: "SHandon Luneng" bilan "Xubey CHayna Forchun". 
Radomir Antich 2016 yildan beri ishsiz edi va hayotini Madridda o'tkazayotgandi. Matbuotga juda kam ko'rinish berardi. Negaki sog'lig'i bunga yo'l qo'ymasdi. Murabbiyni anchadan beri oshqozon osti bezi kasalligi qiynab kelayotgandi. Raddi og'ir xastalikni enga olmadi va uzoq davom etgan kurashdan so'ng omonatini topshirdi.
150   
Добавить комментарий
Ваше имя: *