Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » «Lids davri». Ingliz klubi va koreys ayollari o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

«Lids davri». Ingliz klubi va koreys ayollari o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

Автор: admin

Agar Janubiy Koreyada yurganingizda, biror ayol «Lids Yunayted» haqida gapirib qolsa, hayron bo‘lmang. Mamlakatda ko‘pchilik futbolga qiziqishi, hatto «Lids Yunayted» kabi o‘tmish jamoalari haqida ham tushunchalari bor ekan deb adashib yurmang. Buning ham o‘z tarixi bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zida, ma’lum bir voqea yoki tushunchadan kelib chiqqan va ibora tariqasida ishlatiladigan so‘zlar bor. Masalan, bir jahon chempionatidan so‘ng, inglizcha gaplashadigan ruslar «to kerjakov» fe’lini hazil tariqasida ishlata boshlashgandi. Sababi, o‘sha turnirda Rossiya terma jamoasi hujumchisi raqib darvozasiga o‘ttizdan ortiq zarba bergan va birortasi ham aniq yetib bormagandi. Shundan kelib chiqib, biror ishni noaniq bajarsa, zarba manzilga aniq yetib bormasa, rus hujumchisi familiyasini ishlatishgan.

Shuningdek, Angliyada «Doing a Leeds» degan ibora ham ishlatiladi. Ma’nosi katta muvaffaqiyatdan keyin, juda tezlik bilan pastga sho‘ng‘ishni bildiradi. Sababi, esingizdan bo‘lsa, asr boshlarida «Lids Yunayted» klubi juda kuchli bo‘lgan, hatto chempionlik uchun kurashgan, ammo yil o‘tib, autsayderga aylanib, Premer Ligani tark etishga majbur bo‘lgandi.
Ammo yanada qiziqroq misol bor ekan. Janubiy Koreyada ham «Lids» bilan bog‘liq ibora bo‘lib, bu shu darajada so‘zlashuv tiliga kirib ketgan ekan-ki, hatto futboldan ancha uzoq bo‘lgan kishilar, ayniqsa, ayollar ishlatishar, «Lids davri» deganda, o‘tmishdagi qanaqadir zo‘r, farovon yillarni nazarda tutishar ekan. Ayniqsa, yoshi o‘tgan ayollar yoshliklarini eslasa, masalan, «bir paytlar go‘zal edim» demoqchi bo‘lishsa, «Lids davrida men ham juda chiroyli bo‘lganman» deb qo‘yishar ekan. Bu iboraning koreyslar tiliga qanday kirib qolgani ham o‘ziga yarasha qiziqarli.
Bu hikoyaning tarixi Alan Smitga borib taqaladi. Ha, o‘sha, 2004 yilda «Lids Yunayted»ni tark etib, «Manchester Yunayted»ga o‘tgan hujumchi. Smitning «Yunayted»dagi jamoadoshlaridan biri esa, janubiy koreyalik yarimhimoyachi Pak Ji Sun bo‘lgandi.

Pak Manchesterga o‘tganidan keyin, tabiiy ravishda Janubiy Koreyada ham «M»ning, umuman ingliz futboli muxlislari bir necha barobar ko‘payib ketgan. Osiyo davlatlarida bunday holat ko‘p kuzatiladi. Ular «MYU»ni, o‘z navbatida Pak Ji Sunning Angliyadagi faoliyatini jiddiy ham kuzata boshladilar.
Gap shundaki, o‘sha paytlarda «Manchester Yunayted»ga o‘tgan Alan Smitning faoliyati u qadar o‘xshamagan. Murabbiy uni turli pozitsiyalarda sinab ko‘rgan, ko‘pincha ishonchni oqlamagan, buning ustiga juda ko‘p jarohatlanib, yaxshi formaga chiqa olmagan. Koreyaliklar mana shunday uquvsiz futbolchining qanday qilib «tengsiz» Pak Ji Sun bilan bir jamoada to‘p surishini hazm qila olmasdilar.
Bunday fikrlar, tabiiyki, futbolni chuqurroq biladigan, Angliya Premer Ligasini Pak Ji Sundan oldin ham kuzatib kelgan haqiqiy bilimdonlarga yoqmasdi. Va har doim, aytaylik, forumlarda kimdir Alan Smitni yerga ursa, albatta, uning himoyachisi ham paydo bo‘lar va «sen o‘zi tasavvur qila olasanmi, Lids davrida u qanaqa zo‘r futbolchi bo‘lganini? «Lids Yunayted» degan jamoa haqida biror narsa bilasanmi?», deb asabiylashardi.
Rostan ham, Alan Smit o‘sha, oldinroq Angliyaning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan «Lids Yunayted»ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri, yetakchisi bo‘lgandi. Vaqt o‘tar, koreys forumlarida bahslar to‘xtamas, natijada, hammasi soddalashib, shunchaki, «Lids davri» degan ibora ishlatiladigan bo‘lib ketdi.
Keyinchalik, bu ibora nafaqat futbol, balki boshqa sohalarga ham kirib keldi va kundalik muloqotlarda ham tez-tez ishlatila boshlandi. Ayniqsa, yuqorida aytilganidek, koreyalik ayollar o‘zlarining chiroyli, yosh va jozibali bo‘lganliklari haqida gap boshlashsa, «Lids davrida...» deydigan bo‘lishdi.
«Men yuz foiz aminman, bu iborani ishlatadigan koreys ayollari «Lids Yunayted» haqida umuman eshitishmagan ham. Hatto Lids degan shahar borligini ham bilishmaydi», – deydi koreyalik internet foydalanuvchilaridan biri.
Xullas, Angliyada yoki Yevropada asosan, ulkan muvaffaqiyatsizlik misolida tilga olinadigan «Lids» Janubiy Koreyada ancha ijobiy tomondan «eslanar ekan».



198   
Добавить комментарий
Ваше имя: *