Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Angliya » Suaresdan Salohgacha. «Liverpul»ning XXI asrdagi eng omadli transferlari

Suaresdan Salohgacha. «Liverpul»ning XXI asrdagi eng omadli transferlari

Автор: admin

«Liverpul» klubi barcha davrlarning eng kuchli klublari qatorida sanalib kelingan va tabiiyki, jamoada dunyoning eng kuchli futbolchilari to‘p surgan. Klub akademiyasidan Stiven Jerrard kabi yetuk futbolchilar yetishib chiqishiga qaramay, rahbariyat doimo transfer bozorida faol kurash olib borgan va ko‘plab muvaffaqiyatli xaridlarni amalga oshirgan. Quyida Mersisayd klubining XXI asrdagi eng omadli transferlari haqida fikr yuritiladi.

Pepe Reyna
Uzoq yillar mobaynida «Liverpul» darvozasini munosib himoya qilgan Pepe Reyna 2005 yilda Ispaniyaning «Vilyarreal» klubidan o‘sha davrlar uchun juda yuqori bo‘lgan narx — 10 million yevro evaziga APLga ko‘chib o‘tgandi. Reyna mersisaydliklar tarkibida qariyb 400 ta o‘yin o‘tkazadi, biroq u jamoasi bilan maqtanishga arzigulik yutuqlarni qo‘lga kirita olmaydi. Bu natijalarda ispaniyalik posbonning «hissasi» unchalik katta bo‘lmagan, boisi u kamdan kam vaziyatlarda xatoga yo‘l qo‘yardi. Bunga isbot tariqasida Reynaning uch mavsum davomida Premyer Liganing «Oltin qo‘lqop» mukofotini qo‘lga kiritganini misol keltirish mumkin. Umuman olganda, Reynani Jerrard va Alonso singari klub afsonalaridan biri deb atash mumkin.

Rahim Sterling va Filippe Koutinyo
«Liverpul» tarkibida mutlaqo o‘zgacha o‘yin namoyish etgan ikki futbolchi — Sterling va Koutinyoga jamoa muxlislarining mehri bo‘lakcha edi. Sterlingni qisman klub tarbiyalanuvchisi deb hisoblash mumkin, u yoshligida unchalik kamtarona bo‘lmagan 700 ming yevro xarid qilinadi va klubning yoshlar jamoasida to‘p tepadi. Koutinyo esa «Inter»dan 13 million yevro yevroga sotib olingandi. Ularni birlashtirib turadigan jihat ikki iqtidor egasining boshqa klublarga o‘tishdagi transfer summasi. «Liverpul» angliyalik vingerning transferidan («Manchester Siti») 63 million yevro daromad ko‘rgan bo‘lsa, braziliyalik xavbekning tovon puli klub g‘aznasini qariyb 150 million yevroga to‘ldirdi.

Xavyer Maskerano
Argentinalikning futbolchi 2007 yilda «Liverpul»ga «Vest Hem»dan ko‘chib o‘tgan. Uning transfer qiymati 22 million yevroni tashkil qilgan. Biroq to‘rt yildan so‘ng 20 million yevroga «Barselona»ga sotib yuboriladi. Futbol tarixidagi eng yaxshi tayanch yarim himoyachilaridan biri bo‘lgan Maskerano atigi 4 mavsum davomida mersisaydliklar bilan birga bo‘ladi. O‘sha yillarda birorta ham sovrin qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, jamoa «oltin tarkib» deya e’tirof etilar va aynan Maskerona uning miyasi ekani bot-bot ta’kidlanardi. Turli xil mish-mishlarga ko‘ra, Maskeranoning Ispaniyaga yo‘l olishi Torresning «Chelsi»ga ketib qolishiga sabab bo‘lgan ekan.

Dirk Kyoyt
Niderlandiya terma jamoasi sobiq o‘yinchisi top futbolchi bo‘lmasligi mumkin, ammo u yuqori darajadagi o‘yini va mehnatsevarligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la olardi. U «Feyenoord» klubidan bor-yo‘g‘i 18 million yevroga sotib olingandi. Kyoyt Tumanli Albionda 6 ta ajoyib mavsumni o‘tkazdi va muxlislarning suyuklisiga aylandi. Kyoyt maydonning istalgan nuqtasida ortiqcha qiyinchiliklarsiz harakatlana olish qobiliyatiga ega edi. U ham hujumda ham yarim himoyada va himoyada ham asqatardi. Zarurat bo‘lganida hatto darvozani qo‘riqlashi mumkinligiga ham hech kimda shubha bo‘lmasa kerak.

Fernando Torres
Vaqtida dunyoning eng yaxshi hujumchilari orasida e’tirof etilgan Fernando Torres 2007 yilda Madridning «Atletiko»sidan 38 millionga sotib olinadi. Afsuski, futbolchi «Liverpul»ning eng yaxshi davrlarida to‘p surmaydi. Umuman olganda, jamoa yomon o‘yin namoyish etmagan, biroq sovrinlar masalasida omadi yurishmagan. Jamoaning eng yaxshi natijasi 2009/10 yilgi mavsumdagi kumush medallar bo‘lgan. Bu esa Torresdek iqtidorli o‘yinchi uchun juda kamlik qilardi. Buning ustiga Maskeranoning jamoadan ketishi uning hafsalasini pir qiladi va 2010 yilda «Chelsi»ga o‘tib ketadi. Shu bilan Fernandoning karyerasi deyarli yakunlanadi. «Liverpul» esa uning transferidan 60 million yevro daromad orttiradi.

Luis Suares
Shubhasiz, Suaresning transferi klub tarixidagi eng yaxshi bitimlardan biri. Angliyadagi faoliyati davomida Suares nafaqat sayyoraning eng yaxshi hujumchilaridan biriga aylandi, balki mersisaydliklar uning transferidan yaxshigina pul ham ishlab olishdi. Forvard «Ayaks»dan 27 million yevroga sotib olinib, «Barsa»ga 82 million yevroga pullandi. Hanuzgacha ko‘plab muxlislar Torres va Suaresning birgalikda o‘ynashmaganidan afsuslanadi. Suaresning bir o‘zi ham yaxshi natijalarni qayd eta oldi. U Angliyadagi uch mavsumida 82 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan.

Virjil van Deyk
2019 yilgi «Oltin to‘p» sovrinida ikkinchi bo‘lgan, pozisiyasi bo‘yicha esa dunyoning eng yaxshilaridan biri van Deykning transferi «Liverpul» uchun 85 million yevroga tushadi. O‘z navbatida bu uni dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylantiradi. Virjil maydonda haqiqiy «yirtqich»ga aylanadi. Uni dog‘da qoldirish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Alisson Beker
«Liverpul»ning yana bir eng omadli xaridlaridan biri Alisson 2018- yilning yozida 70 million yevro evaziga jamoaga kelib qo‘shiladi. Tan olish lozimki, u bundan ko‘piga ham loyiqdir. Uning ishonchli o‘yini Klopp jamoasining kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, jamoaning mudofaa chizig‘i ham ancha kuchli. Biroq Alisson shunchaki aql bovar qilmas «seyv»larni amalga oshiradi. Agar u eng zo‘ri bo‘lmasa, demak, shunchaki zo‘rlar orasida yetakchi. Braziliyalik posbon bor-yo‘g‘i 27 yoshda va uning eng yaxshi o‘yinlari hali oldinda.

Xabi Alonso
Xabi Alonso «qizillar» safida ajoyib besh mavsum o‘tkazgan va «Enfild»ning sevimli futbolchilaridan biriga aylangan. 2004 yilda «Real Sosedad»dan 16 million yevroga sotib olingan Alonso Rafa Benitesning o‘yin uslubiga juda mos tushardi. Mersisaydliklar safida ikki yuzdan ortiq uchrashuvda maydonga tushib, bir nechta muhim sovrinlarni, shu jumladan 2005 yilgi Chempionlar Ligasidagi g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shadi. U Jerrard bilan maydonda shunday juftlik yarata olgandiki, bu nafaqat muxlislarning, balki raqib jamoalarning ham e’tiboriga sazovor bo‘lgandi. «Liverpul» hatto uning transferidan oz bo‘lsa-da foyda ko‘rdi. 2009 yilda «Real» Alonsoni 35 million yevroga sotib oldi.

Muhammad Saloh
«Liverpul»ning amaldagi yetakchisi, Transfermarkt’ga ko‘ra jamoaning eng qimmat o‘yinchisi Muhammad Saloh «qizillar» safiga 42 million yevro evaziga «Roma»dan kelib qo‘shilgan. Saloh xuddi Messi «Barselona»da yoki Ronaldu «Real»da bo‘lgani kabi «Liverpul»ning ajralmas bir qismiga aylanishga ulgurgan. Misrlik hujumchi jamoaning eng yaxshi to‘purari va Chempionlar Ligasi finalidagi g‘alaba goli muallifi hisoblanadi. Saloh – tezkor hamda texnikasi yuqori bo‘lgan ajoyib futbolchi. Aynan uning kelishi «Liverpul» o‘yinini ijobiy tomonga o‘zgartirdi.

Yurgen Klopp
Gap Mersisayd klubi haqida ketar ekan jamoaning hozirgi bosh murabbiyi Yurgen Kloppni yodga olmaslik mantiqsizlik bo‘lardi. Zero, aynan xizmatlari tufayli jamoa Chempionlar Ligasida g‘oliblikka erishdi va koronavirus tufayli to‘xtab qolgan joriy yilgi Angliya chempionatida peshqadamlik qilmoqda. Ochig‘ini aytganda, Klopp transfer qilinmagan, germaniyalik mutaxassis 2015 yilda jamoaga erkin agent sifatida kelgan. Uning boshqaruvidagi birinchi mavsum «Liverpul» uchun ko‘ngildagidek o‘tmaydi. Jamoa Premyer Ligani sakkizinchi o‘rinda yakunlaydi. Bundan tashqari, Yevropa Ligasi finalida ham imkoniyat boy beriladi. Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, hammasi o‘z iziga tushadi. Klopp «Liverpul» muvaffaqiyatlarining asosiy muallifi hisoblanadi. To‘g‘ri, ba’zi vaziyatlarda jamoaga omad kulib boqdi, biroq uning qanchalik kuchli ekanini payqash uchun mutaxassis bo‘lish shart emas.

193   
Добавить комментарий
Ваше имя: *