Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Rossiya » Maksim Shatskix va Vitaliy Denisov klubi Premer-Ligaga chiqishga yaqin

Maksim Shatskix va Vitaliy Denisov klubi Premer-Ligaga chiqishga yaqin

Автор: admin

Rossiyaning nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rinda turuvchi Milliy Futbol Ligasi (MFL) tarkibiga kiruvchi klublar 30 aprel kuni koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan mavsumning taqdiri bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishdi.
«Chempionat.ru» xabariga ko‘ra, MFL tarkibiga kiruvchi 20ta klubdan 17tasi mavsumni muddatidan oldin yakunlashni yoqlab ovoz berishgan. 
Manbaning ta’kidlashicha, bu qarorning amalga oshishiga shubha yo‘q. Avvalroq, Rossiya Futbol Ittifoqi bosh kotibi Aleksandr Alayev quyi liga o‘yinlarini davom ettirish maqsadga muvofiq emasligini aytgan, MFL rahbari Igor Yefremov bu fikrni ma’qullagan edi.
MFL 2019/20 mavsumi to‘xtatilgan paytda jamoalar 27ta tur o‘tkazishgan va yana 11ta turda maydonga tushishi lozim edi. Musobaqa jadvalida Volgogradning «Rotor» klubi 56 ochko bilan peshqadamlik qilyapti. Eslatib o‘tamiz, bu jamoada O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq hujumchisi Maksim Shatskix bosh murabbiy Aleksandr Xatskevichning yordamchisi sifatida ishlamoqda. O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov yanvar oyidan beri ushbu klub sharafini himoya qilyapti. 
Agar RFI ijroqo‘mi MFL mavsumini muddatidan oldin yakunlashni rasman ma’qullasa, «Rotor» klubi «Ximki» bilan birgalikda Rossiya Premer-Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
MFL rahbari Igor Yefremov nega mavsumni muddatidan oldin yakunlash lozimligini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavsum davom ettirilgan taqdirda ham o‘yinlar 21 iyundan boshlab o‘tkazilishi mumkin. UEFA esa 3 avgustgacha barcha ichki musobaqalarni yakunlab olish talabini qo‘ygan. MFL esa 1 oydan sal ortiq vaqt ichida 11ta turni o‘tkaza olmaydi.
Agar Rossiya Premer-Ligasi mavsumni davom ettirish haqida qaror qabul qilsa, u holda so‘nggi 2ta o‘rinni egallagan jamoa MFLga tushib ketadi. Agar mavsumni muddatidan oldin yakunlasa, u holda quyi ligaga hech kim tushib ketmaydi va Premer-Liganing keyingi mavsumida 18ta klub ishtirok etadi. Har ikkala variantda ham «Rotor» bilan «Ximki» Premer-Ligaga yo‘l oladi. Yakuniy qaror RFI ijroqo‘mi yig‘ilishida qabul qilinadi.
Qayd qilish joizki, Maksim Shatskix va Vitaliy Denisov «Rotor» tarkibiga qo‘shilganidan keyin klub atigi 2ta o‘yinni o‘tkazdi va 1ta g‘alaba bilan 1ta durangga erishdi.


104   
Добавить комментарий
Ваше имя: *