Goal24.uz » Jahon » Hayotimdagi eng daxshatli va unutilmas kun. Robeto Karlos futbol va pandemiya haqida

Hayotimdagi eng daxshatli va unutilmas kun. Robeto Karlos futbol va pandemiya haqida

Автор: admin

Uyimda hayotimdagi eng unutilmas kundan esdalik bo‘lgan fotosurat bor. U 1996 yil olingan. “Real” meni endigina “Inter”dan sotib olgan paytlari.
Karlos
Undan oldin men umuman Madridda bo‘lmaganman. Samolyot erga qo‘ngach, men yangi uyimni ham ko‘rgani ham, “Santiago Bernabeu”ni ko‘rgani ham shoshmadim. Jurnalistlar qurshovida Plasa-de-Sibeles maydonini tomosha qilgani bordim.
Bu mo‘jizaviy maydonni avval fotosuratlarda ko‘rgandim. Bu maydonda “Real” va Ispaniya terma jamoasi o‘z g‘alabasini nishonlashini futbol muxlislari juda yaxshi bilishadi. Men bu maydonda ekanligimdan juda xursand edim. Atrofni zavq bilan tomosha qilayotgan paytim bir jurnalist meni suratga tushirdi.
 Suratga qaraganimda, “Real”da o‘tgan yillarim yodimga tushadi. Men haligacha bu suratni saqlayman. Madrid haligacha mening uyim. Men shu erda ishlayman. Ammo hozir ofisga bora olmayman. Oxirgi bir oyda men uyimni ikki marta tark etdim. Ikkalasida ham supermarketga borish uchun. Hozirgi vaziyatda uyda qolgan ma’qulroq.
Ko‘chaga chiqqanimda shaharni tanishim qiyin bo‘ldi. Madrid ko‘chalari doimo gavjum bo‘lardi, odamlar sayr qilib yurgan, atrofda bolalar o‘ynab yurishgan. Hayotingizda istagan narsangizni Madriddan topishingiz mumkin: quyosh, sport, madaniyat, tungi hayot, oziq-ovqat… Bu erda yashaydiganlar qanday zavq olishni bilishadi.
Hozir esa ulardan asar ham qolmagan. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Men Madridni hech qachon bunday ahvolda ko‘rmaganman.
Virusdan aziyat chekayotgan oilalar qayg‘usiga sherikman. Shunday oilalarni taniyman. O‘tgan oyda “Real”ning sobiq prezidenti Lorenso Sans koronavirusdan vafot etdi. Aynan u kishi meni jamoaga taklif qilgan edi. Sans 76 yoshda edi. Lorenso koronavirusga chalinganini eshitganimdan so‘ng, uning sog‘ayishini tilaydigan bo‘ldim. Afsuski, virus uni engdi.
Men Lorensoni yodga olsam, yuzimga tabassum yuguradi. To‘g‘ri, u prezident edi, ammo bu uning futbol ishqibozi bo‘lishiga xalaqit qilmasdi. U “Real” uchun yashardi. Lorenso har doim kiyim almashtirish xonasiga tashrif buyurardi. Durrang qayd etsak, yoki mag‘lubiyatga uchrasak, bizga dalda berardi, sovrin yutganimizda esa bizni birinchi bo‘lib bag‘riga bosib tabriklar edi. Biz uning insoniylik xislatlari uchun yaxshi ko‘rardik, u bizga xuddi otadek munosabatda bo‘lardi.
Men Sans bilan har kuni gaplashardim. Mendan hech qachon maslahatlarini ayamagan. Men hech qachon uni Lorenso Sans deb chaqirmasdim, u men uchun har doim prezident yoki oddiygina Presi edi. Men unga qarab: “Presi, ishlar qalay?” derdim. U esa tabassum bilan bag‘riga bosardi.
Karlos
Men debyut o‘yinimni yodimdan chiqarmayman. Mehmonda “Deportivo”ga qarshi o‘yinda maydonga tushib, gol urgandim. Keyin esa ilk bor “Bernaeu”da, 80 ming tomoshabin qarshisida maydonga chiqqanim ham yodimda.
“Men bu erda nima qilyapman? Agarda xato qilsam nima bo‘ladi?” degan o‘ylar meni qamrab olgandi. Men juda qo‘rqqandim. Shu o‘rinda hayotimdagi eng yaxshi kunlardan biri ham “Bernabeu”dagi debyutim bo‘lgan.
Sekin-asta bosimga o‘rganib qoldim. “Real”ga kelib qo‘shilganimdan ikki yil o‘tgach, Chempionlar Ligasi finalida “Yuventus”ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldik. Biz “Real” bu musobaqaning rekordchisi ekanligini bilardik, ammo 32 yildan buyon finalda g‘alaba qozona olmayotgandik. “Yuventus” ketma-ket uchinchi bor finalga chiqayotgan edi. Bu o‘yinda biz favorit emasdik.
O‘yindan bir kun oldin hech qaysimiz uxlay olmadik. Har doim o‘nda yotishga o‘rgangan futbolchilar, o‘sha kuni tungi to‘rtgacha bir-birimiz bilan suhbatlashib o‘tirdik. Biz “Yuve”dan qo‘rqmayotgandik, shunchaki ularni hurmat qilardik.
Finalda biz yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. “Yuventus”da juda yaxshi vaziyatlar bo‘lishiga qaramasdan, biz 1:0 hisobida g‘alaba qozondik. Shunchaki iste’dod evaziga emas, motivatsiya tufayli g‘alaba qozondik. Biz g‘alaba qozonishni ulardan ham ko‘proq istadik.
Bizni Plasa-de-Sibeles maydonida kutishardi. Ko‘chalarda oq futbolka kiygan minglab odamlar yurardi. Barcha g‘alabadan sarmast, hammani yuzida tabassum edi. O‘sha kunni unutmayman. O‘sha kun “Real” safidagi eng baxtli lahzalarim edi.
Madridda qancha uzoq qolsangiz, klub odamlar uchun naqadar muhim ekanligin tushunib etasiz. Nafaqat Madrid, Ispaniya va butun dunyo bu jamoani yaxshi ko‘radi. Biz qayerda o‘ynasak, o‘sha erda jamoa muxlislari topilardi. Oddiy o‘yin bo‘ladimi yoki  “Klacsiko” tribuna har doim muxlislar bilan to‘lardi.
“Galaktikos” nafaqat muxlislarni, balki futbolchilarni ham yodida qolgan. Kiyim almashtirish xonasiga kirsangiz, “Oltin to‘p” egasini, Ispaniyaning yil futbolchisini, La Liganing to‘purarini va dunyoning eng yaxshi darvozabonini ko‘rishingiz mumkin edi. Bu jamoa a’zosi bo‘lish shunchaki faxr edi.
Biz yana ikki marta – 2000 va 2002 yilda Chempionlar Ligasida g‘alaba qozondik. “Real” futbolchisi bo‘lganingizdan so‘ng, xotirjamlikka berilishga haqqingiz yo‘q.
Mening “Real”dagi eng oxirgi o‘yinim 2007 yilning 17 iyun oyida bo‘lib o‘tgandi. Oxirgi turda “Bernabeu”da “Malorka”ga qarshi maydonga tushdik. “Barselona” bilan ochkolarimiz teng edi. Ular “Ximnastik”ga qarshi o‘ynayotgandi. Agarda biz ham, ular ham g‘alaba qozongan taqdirimizda biz La Liga chempioniga aylanardik. Birinchi bo‘limda “Malorka” hisobda oldinga chiqib oldi. Ammo ikkinchi bo‘limda biz 3 ta gol urdik va g‘alaba qozondik. Biz chempionga aylangandik.
Lekin tribuna unchalik ham quvonmadi. Chunki men va Devid Bekxemning jamoadan ketayotgan edik. Mehmonxonadan chiqishimiz bilan bizni muxlislar qurshab oldi. Xuddi tug‘ilgan kunimdek, menga omad tilashardi.
“Omad tilaymiz”
“Biz seni yaxshi ko‘ramiz.”
“Iloji boricha tezroq qayt”
Ana shu lahzada men jamoa uchun nimalar qilganimni angladim. O‘sha lahzada meni qadrlashlarini tushunib etdim.
Bu mening eng unutilmas lahzalarimdan biri edi. Men aytgan narsalar shunchaki bu erning odamlari qanchalik mehribon ekanligi haqida bir misol edi. Madrid shunday yashaydi. Shuning uchun hozirgi voqealar menga og‘riqli tuyuladi.
Nima bo‘lishidan qat’i-nazar oldinga optimizim bilan qarash kerak. Muammolarni tabassum bilan echish kera – mening falsafam shunaqa. Qaddingizni tik tuting va oldinga qarang. O‘zingizga ishoning. Sabrli bo‘ling. Boshqalarga yordam bering.
Biz hammamiz ojiz tomonimiz borligini his qildik. Oila muqaddas ekanligini, do‘stlar qanchalik muhimligini, biz bir-birimizga kerak ekanligimizni tushunib etdik.
Biz uyda qolib, virusga qarshi kurashyapmiz. Barcha singari men ham futbolni sog‘indim, “Real” yana sovrin bilan Sibeles maydoniga borishini intiqlik bilan kutyapman.
Ammo hozir ko‘chada odamlarni ko‘rishni istayman. Aynan shuning uchun biz kurashyapmiz.

208   
Добавить комментарий
Ваше имя: *