Goal24.uz » O'zbekiston » Sardor Rashidov nima uchun Portugaliyadan yana Qatarga qaytganiga oydinlik kiritdi (intervyu)

Sardor Rashidov nima uchun Portugaliyadan yana Qatarga qaytganiga oydinlik kiritdi (intervyu)

Автор: admin

Qatarning “Qatar SK” jamoasi hujumchisi Sardor Rashidov muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berib o‘tdi.
Bugungi kunda Qatar chempionati bilan O‘zbekiston Super ligasini taqqoslash mumkinmi? Qaysi jabhalarda ortda qolyapmiz?
- O‘ylashimcha, farq katta emas. Shunday bo‘lsada, Qatarda barcha narsa professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Maydonning chimi, o‘yinlarning translyasiyasi Yevropa darajasida, biroq Qatarda muxlislar barcha uchrashuvlarga ham kelavermaydi.
Korona-tanaffusning yuzaga kelishi futbol rejimingizni buzilib ketishiga sabab bo‘lmadimi?        

- Yuzaga kelgan korona-tanaffus nafaqat futbolga, balki butun dunyoga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Sport formamga keladigan bo‘lsam, barchasi o‘z o‘rnida. Bugungi kunda bir kun mashq qilsak, ikki kun dam olyapmiz. Sport formam a’lo darajada.
Terma jamoadan yana chaqiruv olishingizni muxlislaringiz kutmoqda. Vadim Abramov terma jamoaga murabbiy bo‘lgach, siz bilan aloqaga chiqdimi?        
- Vadim Karlenovich men bilan aloqaga chiqdi. Mart oyidagi uchrashuvlarda maydonga tushish kerak edi. Afsuski, koronavirus sababli barchasi barbod bo‘ldi.        
Portugaliya chempionatidagi omadli debyutdan so‘ng, nima uchun Yevropadagi faoliyatingizni davom ettirmadingiz?        
- To‘g‘risi, Portugaliyada qolishim mumkin edi, biroq u yerdagi viza bilan yuzaga kelgan muammolar sababli oilamni tashlab ketishimga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik, viza bilan muammolar o‘zimda ham paydo bo‘lgach, Qatarga yo‘l oldim. Tan olishim lozim, Qatar men uchun har taraflama qulay shartnoma taklif etdi. Ayni damda, oilam bilan Qatardaman. Bundan tashqari, bugungi kunda bu yerda JCHga tayyorgarlik avjida. Barcha sharoitlar insonning havasini keltiradi. To‘g‘risi, bu yerda to‘p surishdan zavqlanaman.       
-  Qatar chempionatida anchadan beri to‘p surib kelyapsiz. Aytingchi, legioner bo‘lish uchun qaysi omillar juda muhim?        
- Birinchi navbatda jamoadoshlaringizdan ajralib turishingiz lozim. Jismonan, texnik va xatto taktik tomondan ham bir bosh baland bo‘lish talab etiladi. Agar siz klubning yetakchisiga aylansangiz, muxlislar sizga mehr qo‘yishlari mumkin. Boshqachasiga iloji yo‘q.        
Karyerangiz davomida ko‘plab kuchli murabbiylar qo‘l ostida to‘p surgansiz. Xalqaro tajribangiz ham yetarlicha. Aytingchi, Ektor Kuperga O‘zbekistonda nima yetishmadi?        
- To‘g‘risi, bu haqida biror nima deyish mushkul. Unga nima kamlik qilganini faqat uning o‘zi aytishi mumkin.        
Kuchli futbolchi bo‘lish uchun iqtidorli bo‘lishdan tashqari, yana qanday xislat egasi bo‘lish kerak?
- Zamonaviy futbolda faqat iqtidorning o‘zi kamlik qiladi. Avvallari iqtidorli bolalar kuchli futbolchi bo‘lib yetishgan, biroq endilikda barchasi o‘zgardi. Bugungi kunda yosh futbolchilardan talab qilinayotgan eng muhim jihat jismoniy yetuklik. Agar, jismoniy tomondam futbolchi o‘z ustida ishlamasa, faqat iqtidor bilan uzoqqa borish qiyin.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston terma jamoasining ruhiy holati barchani xavotirga solib kelmoqda. Doimo bir qadam qolganda qoqilyapmiz. Nima deb o‘ylaysiz, terma jamoamizga kuchli ruhshunos yordami kerakmi? Futbolchilarning ruhiy holatini bir meyorda ushlab turish uchun?!       
-  Hech qanday ruhshunosga hojat yo‘q. Jamoa Abramov qo‘l ostiga o‘tgach, barchasi joyiga tushdi. Nasib qilsa, oldimizga qo‘ygan maqsadga bu safar erishamiz. Endi jamoamiz avvalgidan yaxshiroq to‘p surishiga iymonim komil.
         
-  So‘nggi savol. O‘zbek futbolidagi barcha zamonlardagi eng kuchli futbolchi?
       
-  So‘zsiz Mirjalol Qosimov. Mirjalol aka futbolimizning tirik afsonasi. U nafaqat kuchli futbolchi, balki mahoratli murabbiy ham sanaladi.
109   
Добавить комментарий
Ваше имя: *