Goal24.uz » Yevropa jamoalari » Ispaniya » SHafqatsiz general Franko yoxud Kataloniya nega "Real"dan nafratlanadi?

SHafqatsiz general Franko yoxud Kataloniya nega "Real"dan nafratlanadi?

Автор: admin

"Yo'lning narigi tomonidagi uydan xushbo'y bir hid taralardi. U Anselmogacha etib borardi. Fashistlarga u erda mazza, o'yladi u. Ham issiq, ham qulay. Ertaga kechasi esa biz ularni o'ldiramiz. Men ularni kun bo'yi kuzatdim, ular ham xuddi biz kabi odamlar. Men hozir ularning oldiga borib, eshikni taqillatishim mumkin edi. Ular meni ochiq yuz bilan kutib olishar va biz dildan suhbatlashardik, ammo... Ammo bizlarni oramizda buyruqlar turardi. Men bu odamlarni fashist desam ham, aslida ular fashist emas. Ular xuddi men kabi bechoralar. Ular bizga qarshi urush boshlamasliklari kerak edi. Yaxshisi men ularni o'ldirishim kerakligi haqida o'ylamayman".
(Ernest Xemingueyning Ispaniyadagi fuqarolar urushiga atab yozgan romanidan parcha) 
1938 yil Ispaniya terma jamoasi Jahon chempionatiga bormadi. Mamlakatda fuqarolar urushi avj olgandi. General Francisko Franko mamlakat boshqaruvini o'z qo'liga olishni niyat qilgandi. Urush fashistlarning uch yirik etakchisining birlashuviga xizmat qiladi. Gitler va Mussolini ochiqchasiga Frankoni qo'llashdan tortinishmasdi, ular Frankoni har tomonlama taminlab turishardi. SSSR hukumat vakillari yani respublikachilarni qo'llardi. Angliya yoki Franciya kabi qolgan mamlakatlar "chuqur havotirda" bo'lishlariga qaramay, Adolf Gitlerga qarshi chiqishni istashmasdi.

1938 yil yanvar oyida Ispaniyaning deyarli butun hududini qo'lga olgan Franko qo'shini urushsiz Barselonaga kirib borishadi. Deyarli bo'shab qolgan shaharda dabdabali parad o'tkaziladi va Kataloniya avtonom respublika huquqidan mahrum etiladi. Urush deyarli tugagan, ammo taxminan yarim million odamning umriga zavol bo'lgan. Francisko Franko hukmronligi davrida yana bir necha o'n ming odam qatl qilinadi, bir necha yuz ming odam esa mamlakatdan qochib qutuladi.
Bugungi kunda Kataloniya "kattagina avtonomiya"ga ega bo'lsa-da, xalq alohida mamlakat bo'lish umididan voz kechmagan. Fuqarolar urushi davrida Kataloniya hukumat kuchlarini qo'llab-quvvatlagan. SHuning uchun Franko uning har qanday avtonomiyasiga keskin qarshi bo'lgan. Kataloniya madaniyatiga turli yo'llar bilan tazyiq o'tkaziladi. "Barselona" nomi eski ingliz tilidan olingan "Football Club Barcelona"dan "Club de Fútbol Barcelona"ga o'zgartirildi. SHuningdek, klub gerbidan Kataloniya bayrog'i olib tashlangan.
Ikkinchi jahon urishi vaqtida Ispaniya neytrallikni saqlab qolishga uringan. Lekin Francisko Franko amalda Gitler va Mussolinini qo'llagan. Buning oqibatida urush tugagach, mamlakat malum vaqt to'liq izolyaciyada bo'lgan.
General Franko futbolning ijobiy tasirini sezgan va shu yo'l bilan Ispaniyaga xalqaro maydonda ijobiy imijni qaytarishga umid qilgan. Yana futbol xalqni urush oqibatidagi qashshoqlikdan chalg'itishning yaxshi usuli ham edi.
Franko Ispaniya poytaxtining asosiy jamoasi "Real Madrid" uning rejimi buyukligi isboti bo'lishini istardi. Qo'shimchasiga "Real"ning muvaffaqiyatlari kataloniyaliklarni popugini pasaytirib qo'yish uchun yaxshi yo'l edi. Axir ular "Barselona" bilan juda g'ururlanishardi-da... Natijada, "Real" Franko rejimi timsoli, "Barsa" esa katalon madaniyatiga bo'lgan zug'umga qarshi kurash timsoli edi. El Generalísimo shafqatsiz va qasoskor etakchi bo'lgan. U dushmanini ham, o'ziga qarshi chiqqan hamyurtini ham ayab o'tirmagan. Aynan shu sabab "Real" va "Barselona" o'rtasida shunchaki raqobat emas, o'zaro nafrat mavjud bo'lgan.
"Barsa"ning ko'ngilsizliklari Frankoning rasmiy g'alabasigacha, fuqarolar urushi davridayoq boshlangandi. 1936 yil avgust oyida Xosep Sunol "ko'k-anorrang"lilar prezidenti frontga tashrifi chog'ida kichik bir xato tufayli frankistlar tomonidan nazorat qilinuvchi hududga kirib qoladi. O'ziga xos kirish "postida" u qo'lini yuqoriga ko'targancha, respublikachilar oldiga keldim degan fikrda: "Viva la Republica!" deydi. Franko odamlari "Barselona" prezidentini qo'lga olishadi va na sud, na surishtiruvsiz otib tashlashadi. 
Xuddi Gitler va Mussolini kabi, Franko yutqazishni bilmagan. Agar uning "Reali" "Barselona"ga mag'lub bo'lsa, bu faqatgina klubga berilgan zarba emas, balki bevosita Francisko Franko va uning tizimiga zarbadek qabul qilinardi. Generalissimus Kubogi yarim finalida (Qirol Kubogi shunday nomlanardi) 1943 yil Madrid va Kataloniya grandlari to'qnash kelishgan. "Barselona" o'z uyida 3:0 hisobida zafar quchgan va ustunlikka ega bo'lgandi. Mish-mishlarga qaraganda, Madridda "Barsa" futbolchilarini Ispaniya xavfsizlik xizmati vakili kutib oladi. U hukumatning bag'rikengligi, kataloniyaliklarga shunday buyuk davlatning bir bo'lagi bo'lishdek baxtni taqdim etgani va futboldan zavq olish imkonini yaratib berganini takidlaydi. "Ko'k-anorranglilar" "namyok"ni to'g'ri tushunishgan chog'i, Madriddagi javob uchrashuvi 11:1 hisobida "qaymoqranglilar" foydasiga yakunlanadi.
Televideniening paydo bo'lishi Franko uchun targ'ibotning yangi usulini yaratdi. Futbol uchrashuvlari aholi nimadandir norozi bo'lib, ko'ngilsizliklar kelib chiqishi mumkin bo'lgan vaziyatlarda translyaciya qilingan. Ammo shunda ham faqatgina "Real Madrid" o'yinlari. 1980 yillar oxirlariga qadar hukumat teledasturlarni to'liq nazorat qilgan va dam olish kunlari odamlar faqatgina "qaymoqranglilar" ishtirokidagi uchrashuvlarni tomosha qilishlari mumkin edi.
Etiborlisi, Franko hukmronligi davrida "Atletiko Madrid" "rejimga" yanada yaqinroq klub hisoblangan. Fuqarolar urushi oqibatida 8 nafar vakilini yo'qotgan va stadioni bir ahvol bo'lib qolgan "Atletiko" havo-kuchlari jamoasi bilan birlashishga majbur bo'ladi. Malum vaqt davomida hatto klub nomi "Atlético Aviación"ga o'zgartiriladi. O'yinchilarning aksariyati sobiq uchuvchi edi. Qizig'i, Kataloniyada ham frankistlarni qo'llab-quvvatlovchilar topilgan. Ushbu rejim vakili "Espanol" klubi bo'lgan, klub muxlislari fuqarolar urushi vaqtida ham, undan keyin ham frankistlar tomonida bo'lgan.
Avvaliga Frankoning "Real Madrid" bo'yicha rejasi kutilgan natijalarni keltirmagan. 1939 - 1954 yillarda "qaymoqranglilar" Ispaniya ligasida biror marta bosh sovrinni qo'lga kirita olishmaydi. Ammo Alfredo Di Stefanoning poytaxt jamoasiga kelib qo'shilishi barchasini o'zgartirib yuboradi.
50 yillarda Di Stefano dunyoning eng iqtidorli futbolchilaridan va Kolumbiyaning "Milonarios" klubi yulduzi hisoblanardi. Madrid va Kataloniya grandlari futbolchini nishonga olishadi. Ammo "Barsa" tezroq harakat qiladi. Muzokaralar muvaffaqiyatli o'tadi, Di Stefano klub tarkibida hatto bir nechta o'rtoqlik o'yinlarida ishtirok etishga ulguradi. Lekin Franko yana ishga aralashib, argentinalik yulduzni poytaxtga olib kelishni niyat qiladi. "Barselona" prezidenti Enrik Marti Karretoga agar u Di Stefanoni "Real"ga sotmasa, to'qimachilik kompaniyasida soliq hodimlari astoydil tekshiruv ishlari olib borishlarini malum qilishadi. Natijada, "Real" "Barsa"ga kompensaciya pulini to'laydi va Alfredo Di Stefano "qaymoqranglilar" safiga kelib qo'shiladi. Oradan bir oy o'tib, futbolchi kataloniyaliklar darvozasiga 4ta gol uradi. Madrid klubi 23 yil davomida chempionlik sovrinini qo'lga kirita olmasdi. Biroq argentinalik kelgach, qatorasiga 5 marta bu ishni uddalaydi. "Real" nafaqat Ispaniyada, balki butun Evropada engilmas kuchga aylanadi. Franko ham aynan shuni xohlardi. "Real Madrid" Evropa uchun Ispaniyaning o'ziga xos yuziga aylandi.

General Franko SSSRni qanchalik yomon ko'rishi barchaga malum edi. O'sha yillarda sovet terma jamoasi anchagina kuchli edi va yutqazishni istamagan Franko, Ispaniya termasini 1960 yil Franciyadagi Evropa CHempionatidan qaytib kelishini buyuradi. Navbatdagi ECH 1964 yil Ispaniyada bo'lib o'tadi va finalda mezbonlar SSSR ni mag'lub etadi. O'sha o'yinga fashizm va kommunizm to'qnashuvi deb tarif berishadi. G'alabadan so'ng esa odamlar Francisko Frankoni terma azolaridan kam maqtamaydi. Ispaniya tomonidan Ferenc Pushkash va Ladislav Kubala kabi futbolchilarni mahalliylashtirish, vaholanki ular Vengriya va CHexoslovakiya farzandlari edi, kommunizmga qarshi yana bir qadam edi. Francisko Frankoning antisovet ritorikasi unga sovuq urush vaqtida AQSH bilan yaxshi aloqada bo'lishiga ham zamin yaratdi. 
General hayotdan ko'z yumganiga 40 yil bo'ldi, ammo Barselona va Madridning bir-birini yomon ko'rish uchun sabablar etarli. Bu erda gap faqatgina Franko diktaturasi haqida emas. Kataloniyaning 2017 yil mustaqilligini elon qilmoqchi bo'lgani esa birinchi urinish emasdi. To'liq ishonch bilan aytish mumkinki, bu kabi sabablarni qidirsa chiqaveradi.
Ular-ku mayli.... Ammo biz Ispaniyadan minglab kilometr uzoqdamiz, har ikki klubning bazi (hamma emas) muxlislari - sizlar nimani bo'lisha olmaysiz? O'yinidan zavq oling, g'alabasiga quvoning, lekin ularni deb bir-biringizni "shirin" so'zlar bilan siylashingiz, yaqinlaringiz-u, ajdodlaringizni "eslash"ga arzirmikin?      

222   
Добавить комментарий
Ваше имя: *